Bashorat qilish «murakkab narsani oddiy narsaga aylantirish»ning oliy darajasini
tashkil etadi. Ilmiy bilim taraqqiyoti ilmiy bashorat kuchining o’sishi va mazkur hodisa
chegaralarining kengayishi bilan bog’liq. Bashorat qilish jarayonlarni nazorat qilish va
boshqarish imkonini beradi. Ilmiy bilish nafaqat kelajakni bashorat qilish, balki bu kelajakni
ongli ravishda shakllantirish uchun imkoniyat yaratadi. Har qanday fanning hayot mazmunini
shunday tavsiflash mumkin: bashorat qilish uchun bilish, ish ko’rish uchun bashorat qilish kerak.
Masalan, D.I.Mendeleyev yuz yil keyin kashf etilgan kimyoviy elementlarning mavjudligini
bashorat qilgan edi.
Hissiy, empirik va ratsional bilish birligi. Ko’p sonli ma’lumotlar sezgi a’zolari
orqali va oqilona bilish nafaqat bir-biri bilan bog’liq, balki bir-birini taqozo etishidan dalolat
beradi. Inson ruhiyati bir-birini belgilashning ko’p sonli zanjirlariga ega bo’lgan murakkab
tizimidir. SHu sababli, sezgining mazmuni nafaqat tashqi ta’sirlantiruvchi kuch, balki tafakkur,
xotira, xayolning holati bilan ham belgilanadi. Sezish va tafakkur mumkin bo’lgan narsalar
o’zaro mushtarakdir.
Aytaylik, bizni - sariq, yumaloq va shirin «olma»ning ruhiy obrazi qiziqtiradi. Bu yerda
uch tushuncha: rang tushunchasi, geometrik shakl tushunchasi va ta’m tushunchasi aniq-ravshan
ko’rinib turibdi. Rang tushunchasi har xil ranglarni qamrab oladi, biroq ayni holda ularning
orasida faqat sariq rang mavjud. Ta’m tushunchasi ayni holda «shirin» tushunchasi bilan
ifodalangan. Olmaning ruhiy obrazi ko’p sonli tushunchalar va ularning sezgi darajasida aniqlash
mumkin bo’lgan ko’rsatkichlarining kesishuvi sifatida amal qiladi.
Agar tushunchalarni chiziqlar, sezgi shakllarini – nuqtalar bilan ifodalasak, har qanday
ob’yektning ruhiy obrazi chiziqlar va nuqtalarning kesishish markazi sifatida amal qiladi.
Bilishning sezish va tafakkur shakllari kesishish nuqtasida yaxlit bir butun narsani hosil
qiladi. «Bu olma»ning yaxlit ruhiy obrazi sifatida «olma» tushunchasi bilan olma haqidagi
tasavvurning sintezi amal qiladi. Olma tushunchasi aynan «shu» olmaning yaxlit ruhiy obrazi
emas. Olma haqidagi tasavvur olma obrazini yaratmaydi. Faqat birgalikda, bir-biri bilan
chatishgan holda olma tushunchasi va olma haqidagi tasavvur «bu olma»ning yaxlit ruhiy
obrazini yaratadi.
Sezgi a’zolari orqali va oqilona bilishning birligini ifodalash uchun alohida atama
kerak. Antik falsafa va adabiyotda qo’llanilgan «eydos» atamasi, bizningcha, sezgi a’zolari
orqali va oqilona bilishning birligini ifodalash uchun eng qulay va aniq atamadir. Eydos
«ko’rinish, obraz» degan ma’noni anglatadi. Antik falsafada eydos deganda ko’pincha tafakkur
va ko’rish mumkin bo’lgan narsalar tushunilgan. «Eydos» atamasi odatda sezgi a’zolari orqali va
aql bilan bilish mumkin bo’lgan narsalar to’g’risida so’z yuritilgan hollarda qo’llaniladi.
Bilish nafaqat sezish va anglash mumkin bo’lgan narsalar, balki eydoslardan ham
iborat. Hodisaning eng yaxlit ruhiy obrazi eydosdir.