Xorijiy operatsiyalarda kadrlar joyini o’zgartirish. Xalqaro firmalar
boshqaruv xodimlarini odatda mahalliy fuqarolar va ekspatriantlar (xorijdan kelgan
kadrlar)ga bo’lishadi. Ekspatriantlar o’z navbatida kelib chiqish mamlakati
fuqarolariga va uchinchi davlat fuqarolariga bo’linadi. Bosh kompaniyadagidek,
uning xorijiy filiallarida ham boshqarish lavozimlarining katta qismini, xorijdan
ko’chib kelganlar emas, balki mahalliy fuqarolar egallaydi. Yuqori malakali mahalliy
kadrlar yetishmovchiligi sezilganda ekspatriantlar taklif etiladi. Masalan, Saudiya
Arabistoni kabi mamlakatlarda shunday hol kuzatiladi.
Harakatchanlik. Ko’pchilik odamlar, ayniqsa, ular doimiy yoki juda uzoq
muddatga tayinlangan bo’lsa, millatidan qat’iy nazar begona davlatga borib ishlashni
hohlamaydi. Ko’pchilik hollarda kompaniyalar xorijga borishni hohlamaydiganlar
uchun sharoit yaratish maqsadida ish joylarida yangi bo’linmalar barpo qilishga
majbur bo’ladilar. Masalan, mahalliy kadrlarning bosh shtab-kvartira joylashgan
davlatga borishni rad etishi, korporatsiyalarni ilmiy-tekshiruv laboratoriya va hududiy
idoralarni xorijda qurishiga sabab bo’ladi. Rahbarlar boshqarish lavozimiga xodim
tanlaganda ekspatriant mehnatidan foydalanish qiymatini ham hisobga olishi lozim.
Odatda firmalarga ekspatriantlarning xizmati, mahalliy boshqarish xodimlariga
nisbatan qimmatga tushadi. Mamlakat tashqarisida professional tayyorgarlikni
olganlar uchun yurist va buxgalterlik xizmatlaridan foydalanishga yo’l qo’ymaydigan
litsenzion talablar kabi huquqiy to’siqlar, shuningdek immigratsion cheklashlar ham
mavjud. Hukumatning yo’riqnomalari to’satdan va tez-tez o’zgarib turishi tufayli
firmalar yetarlicha aniq bo’lmagan sharoitda ishlaydilar.
Mahalliy raqobatbardoshlik. Mahalliy sharoitlarga moslashish qanchalik
qiyin bo’lsa, firmalar uchun mahalliy kadrlardan foydalanish shunchalik samarali
bo’ladi, negaki ular mahalliy sharoitlarni yaxshiroq tushunadilar. Bu zaruratning
kelib chiqishiga atrof-muhitning noyob xarakteri, bojxona to’siqlari, kuchli mahalliy
raqobatchilar yoki manfaatli buyurtmachilarning mavjudligi sabab bo’lishi mumkin.