407
Gemoksidaza fermentining ta’siri natijasida gemning tetrapirrol
o‘zagidagi alfametin ko‘prikchasida uzilish ro‘y berib, natijada,
verdoglobin hosil bo‘ladi.
Verdoglobindan temirning ajralishi natijasida to‘rtta bir-biri bilan
to‘g‘ri bog‘langan pirrol halqasidan iborat biliverdin hosil bo‘ladi.
Sitoplazmadagi NADga bog‘liq biliverdinreduktaza fermenti ta’siri
natijasida biliverdindan bilirubin hosil bo‘ladi. Bir kecha-kunduzda
odam organizmida 100-300 mg har xil izomerdagi bilirubin hosil
bo‘ladi.
Bunday bilirubin erkin bilirubin deyiladi. Makrofaglardan ajralgan
bunday bilirubin qon tomirlarda albumin bilan bog‘lanadi. Odatda 1 g
albumin 14,4 mol bilirubinni bog‘laydi. Albumin bilan bog‘langan
bilirubin konyugatsiya qilinmagan yoki bilvosita bilirubin deyiladi.
Bunday bilirubin odam organizmi uchun zararli emas. U miya
to‘qimalariga singmaydi, shuning uchun bilirubinga xos ensefalopatiya
kelib chiqishiga sabab bo‘la olmaydi. Van-den-Berg reaksiyasi-
diazosulfoxlorid (Erlixning diazoreaktivi) bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri
reaksiyaga kirishmagani uchun bilvosita bilirubin deb nom berilgan.
Albumin bilan bog‘lanmagan bilirubin gematoensefal to‘siqdan o‘ta
oladi, natijada u miya to‘qimalari pardasidagi fosfolipidlar bilan umumiy
birikma hosil qiladi. Markaziy nerv sistemasidagi markazlarga ta’sir
qilib, ularni zaharlaydi.
Albuminning bilirubin bilan maksimal bog‘lanish xususiyati yuqori
bo‘lib, bu qondagi albumin miqdoriga va u bilan raqobatlashuvchi
moddalarga bog‘liq. Odatda erkin bilirubinning qondagi miqdori 1%
dan oshmaydi va albumin miqdori 100 ml plazmada 3 g dan kam bo‘lsa
erkin bilirubinning miqdori ko‘payib ketadi.
Dostları ilə paylaş: