Saylanma. Abdulla Oripov
www.ziyouz.com kutubxonasi
108
O’tganlarni
yod etmoq qolgandir shariatdan,
Inson sharafi yuksak millatu tariqatdan,
O’zbekka bul fazilat yuqmishdir tabiatdan.
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.
Olimmi yo paxtakor, kim bo‘lmasin - odamdir,
Ya’ni Alloh bandasi - har biri bir olamdir,
O’zbegim o‘z volidam, o‘zbegim o‘z otamdir,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.
Ayon gapki, adolat elning ko‘z, qoshi bo‘lur.
Urgani
un oshi-yu, so‘ksa so‘k oshi bo‘lur,
Yurt og‘irin tortolgan asli yurt boshi bo‘lur,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.
Kattakon yo‘lga chiqding, yo‘ldoshing bo‘lay, xalqim,
Farzandingman, qo‘llaysan, qo‘ldoshing bo‘lay, xalqim,
Hasrating ko‘p dilingda, dildoshing bo‘lay, xalqim,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.
1994
BURGUT QISMATI
Quloqqa chalinar gohi-gohida
Shunday bir rivoyat, shunday bir o‘git:
Nochoru noiloj qolgan chog‘ida
O’zini toshlarga urarmish burgut.
Men
senga iltijo qilurman, egam,
Agar-chi tilimda shukronang bisyor.
Mehringdan mosuvo etma meni ham,
Do‘stlarga zor etma, dushmanlarga xor.
Oqil bo‘lsa hamki, bo‘lsa-da nodon,
Roziman, beribsan farzand yaratib.
Qartaygan chog‘imda, tilanchisimon
Sen ular qo‘liga qo‘yma qaratib.
Kulbai vayronam yetar menga, bas,
Yashayman sabrning koshonasida.
Iloyo,
bosh egib yurmayin besas
Takabbur zotlarning ostonasida.
Qarayman sarg‘aygan tund quyoshimga,
Sekin og‘ib borar umrning tuni.
Magar rahm etmasang, tushsin boshimga,
Mayli, o‘sha nochor burgutning kuni.
1994