Adabiyot 6 (I qism) 2017. p65



Yüklə 1,83 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə9/74
tarix02.01.2022
ölçüsü1,83 Mb.
#42372
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   74
S. ahmedov, R. Qo‘chqorov, sh. Rizayev a d a b I y o t umumiy o‘ (1)

SHUM BOLA
(qissadan parchalar)
...Bu qishloqda Sariboy bo‘lis degan katta yer egasi bor
ekan. Uning ming tanoblab hisoblangan olmazoriga epchil qo‘lli
xizmatkor doim zarur bo‘lib turar ekan. Ayniqsa, hozir olmalar
pishgan vaqti bo‘lgani uchun menga o‘xshash oshtomog‘iga
yuradigan arzonqo‘l kishilarni eshigidan quvlamas ekan. Bu
kecha uning xizmatkorlari yotadigan qo‘shxonada yotishga qaror
berdim. Uzumchi menga yo‘lboshlovchi bo‘lib ko‘rsatib qo‘ydi.
Boyning qari-qartang aralash yigirma choq xizmatkorlari kechki
juvari go‘ja ustida edilar.
– Assalomu alaykum, – deb kirib bordim. Juda mehribonlik
bilan o‘z o‘rtalariga qabul qildilar. Arz-dodimni ularga aytdim.
Ulardan bitta keksarog‘i:
– Asil umring Sariboyda bekorga o‘tib ketadi, uka, yosh
ekansan. Bironta boshqa kasbning payidan bo‘lganingda yaxshi
bo‘lar edi. Ha, mayli, sal o‘zingni tutib olguningcha o‘n-o‘n
besh kun ishlab tur. Keyin yo‘lingni topib olarsan... – degan
dudmal maslahat berdi. Bitta bo‘sh sopol tovoqqa bir cho‘mich
go‘ja quyib berdilar. Ikki burda jaydari non bilan shu oshni
maza qilib ichib oldim.
Yotishda ham shular o‘rtasida qoldim. Yaxshi olmalarni joy-
lab uzoq shaharlarga yuboradigan yashiklardan ikkitasini


1 6
yonma-yon karavot qildim. Boshimga olma o‘raydigan yog‘och
qirindisidan yostiq qilib rohat-rohat uyquga ketdim.
Bu uyqu eshon xonaqosiga qaraganda juda shohona edi.
Hech bo‘lmasa, bu yerda tong azonda avrodchi
1
 so‘filarning
qichqirib g‘o‘ldiraydigan har xil duolari kishini uyqudan bezov-
ta qilmas edi. Erta bilan bo‘lisning oldiga bordim. Bir qancha
silkillashishlardan keyin boy menga xizmat haqi uchun oyiga
xom-pishiq aralash, ona sutidan halol ikki pud o‘n yetti qadoq-
dan olma beradigan bo‘ldi. Shu paytda boyning avzoyini ko‘rib
mening ham haromzoda tomirim urib qoldi. «Mendan nima
ketdi, bir shart qo‘yib qo‘yay, bir kun boshimga biror ish tushib
qolsa, shu bahona qutulib ketarman» degan xayol bilan: «Boy
buva, – dedim, – endi-ku, savdoyimiz pishdi. Shariat yuzasidan
mol sotganda, hamma aybini aytib sotsa halol bo‘lar ekan.
Mening ham bir aybim bor, shuni boshdan aytib qo‘yganim
yaxshi».
– Xo‘sh, nima aybing bor? Siyg‘oqmisan, tutqanoqmisan?
– Yo‘q, aybim bu emas, aybim shuki, yoshligimdan odat
bo‘lib qolgan, har zamon-har zamonda beixtiyor yolg‘on gapirib
qo‘yaman, shunda koyimasangiz bas. Xizmat haqi, mayli, siz
aytgancha bo‘lsin.
– Obbo bachchag‘ar-ey, quv ko‘rinasan-a, ha, mayli-mayli.
Lekin ko‘p yolg‘onlamagin!
Qiladigan ishlarim uncha ham qiyin emas. Olmalarga tirgo-
vich qo‘yaman, to‘kilgan olmalarni terib qoqi qilaman. Bog‘
qo‘riyman. Ba’zida xo‘jayinga pul zarur bo‘lib qolsa, xom-
xatala olmalarni aravaga ortib Darvoza, Sariog‘och atroflardagi
bug‘doykor qishloqlarga olib borib sotib kelaman. Molga to‘g‘-
rab bersa, mol yemaydigan olmalarni cho‘lda, bug‘doy o‘rib
turgan dehqonlarga bir qadog‘ini ikki qadoqdan bug‘doyga
alishaman.
Sariboy bo‘lis haligacha xo‘jayinlarimning ichida eng xudo
urgan badbaxti, ziqnasi edi.
1
  Avrodchi – duolar, oyatlar o‘quvchi.


1 7
Uning oldiga bir ish bilan borsangiz, bo‘lar-bo‘lmas yerda
«innaykeyin» deb so‘raydigan odati bor edi. Ana shu «innay-
keyin»ga javob topib bera olmasangiz, onangizni Uchqo‘rg‘onda
ko‘rasiz. Qamchi bilan yelkaga tushirib qolguvchi edi. Chu-
nonchi, borsangiz-da, «qandil olma pishibdi» deb aytsangiz, u
sizga «innaykeyin» deb savol beradi. Siz albatta: «Shu pishgan
olmani terish kerak», – deysiz. Yana xudo qarg‘agan «innayke-
yin» deydi. Xayr, «sotish kerak», deysiz. Yana «innaykeyin»
deb so‘rab qoladi. Vaholanki, shu yerda gapning o‘zi tamom.
«Innaykeyin» degan savolga hech hojat yo‘q. Ana shunaqa
o‘rinda javob topib bera olmaysiz-da, boydan kaltak yeysiz.
Sariboy Chuvalachidagi Yusuf kontor bilan qimor o‘ynab,
uning mevazorlari, ichki-tashqi qo‘rg‘onchasi, butun dov-dast-
gohining hammasini yutib olibdi. Yusuf kontorning bog‘i, ay-
niqsa, uning bahavo shiyponi bizning xo‘jayinga ma’qul tushib
qolib, darrov o‘sha yerdan bitta do‘ndiqqina qirg‘iz xotinni olib,
bir borgancha o‘n-o‘n besh kunlab Kalasga qaytmaydigan bo‘lib
qoldi. Olmalar pishib to‘kilib ketayotibdi, xo‘jayindan ruxsatsiz
terishga hech kim botina olmaydi. Otlarga yem-xashak yo‘q.
Xizmatkorlar och, lekin boyning oldiga borishga hech kimning
yuragi dov bermaydi. Har gapdan keyin beriladigan «innay-
keyin» savolidan hamma qo‘rqadi.
Bir kun kechqurun xizmatkorlar bilan o‘tirib qanday qilib
boyni o‘z joyiga chaqirib kelish to‘g‘risida maslahatlashdik ham
kim borishini o‘ylashdik, nima deb chaqirib kelishni fikrlashdik.
Toinki «innaykeyin» dardidan keyin boyning o‘zining tinkasi
quriydigan bo‘lsin.
Chek menga chiqdi.
Erta bilan bir otga minib boyning oldiga qarab yo‘l soldim.
Yo‘l-yo‘lakay ming xil xayollarga botib o‘ylayman. Qanday qi-
lib «innaykeyin»iga javob topish kerak?
Yetib borib otdan tushdim. Boy shiyponda kalla go‘shti bilan
nonushta qilib o‘tirgan ekan. Salom berib sekingina poygakka
tushib o‘tirdim.


1 8
– Xo‘sh?!
– Shunday o‘zim, sizni sog‘inib bir ko‘rib kelay deb kelgan
edim.
– Yaxshi, yaxshi, barakalla, juda ham quruq kelmagandursan,
biror ishing bordur, xo‘sh, nimaga kelding?
Shu paytda boyga xizmatkor yurishda qo‘ygan shartim
esimga tushib qoldi. «Shart qilgan yolg‘onni endi gapirmasang,
qachon gapirasan?» – dedim-da, gap boshladim:
– Anavi, haligi, dandon sopli pichog‘ingiz sinib qolib edi,
shuning xabarini bergani keldim.
Ana shu so‘zdan keyin menga «innaykeyin» savoli yog‘ila
boshladi.
– Xo‘sh, innaykeyin, qanday qilib sindi? Ro‘zg‘orda mening
pichog‘imdan boshqa pichoq qurib ketgan ekanmi?
– Tozi itingizning terisini shilayotgan edim, suyakka tegib
sinib qoldi.
– Iyya?! – dedi boy. – Tozining terisini mening dandon sopli
pichog‘imda shilasanlarmi, o‘zing ayt-chi, nimaga shildilaring?
– Shoshib qoldik-da, o‘lib qolgandan keyin bekor ketmasin
deb terisini shilib oldik.
– Nima qilib o‘ldi?
– Harom o‘lgan otning go‘shtini ko‘p yeb qo‘ygan ekan, bo‘-
kib o‘ldi.
– Harom o‘lgan ot go‘shti qayoqda ekan?
– Ha, o‘zimizning to‘riq qashqaning go‘shtini yeb o‘ldi-da,
begona ot emas.
Boy alanglab qoldi.
– Hay-hay, bola, og‘zingga qarab gapir, to‘riq qashqa o‘ldi
dedingmi? Xo‘sh, to‘riq qashqa nima qilib o‘ldi?
– Xomlik qilib o‘ldi.
– Nimaga xomlik qiladi?
– Hech aravaga qo‘shilmagan ekan, biz uni aravaga qo‘shib
suv tashigan edik, zo‘riqib o‘ldi.


1 9


2 0
– Nima deyapsan, haromi, boshqa shuncha aravakash otlar
turib, kelib-kelib mening birdan bir boqib qo‘ygan uloqchi otim
bilan suv tashiysanlarmi, padarla’natilar?
– Ha, o‘t tushgandan keyin uning uloqchiligiga qarab o‘ti-
radimi, duch kelganini qo‘shib, ishqilib bir chelak bo‘lsa ham
suv tashiy beradi-da!
Boyning chaynab turgan yaxna tilni yutishga ham darmoni
qolmadi. Og‘zidan olib qo‘ydi-da, baqraygancha menga tikilib:
– O‘zing jinni-pinni bo‘ldingmi? O‘t tushdi deganing nima
deganing, qayerga o‘t tushdi, nimaga tushadi?
– Sog‘man, xo‘jayin, o‘t, avvalo, og‘ilxonaga tushdi. Ot
sho‘rliklarning hammasi nobud bo‘lib ketdi-da, xo‘jayin.
– Iyya, og‘ilxonada o‘t nima qiladi?
– Mening ham fikrim shu, boshqa xizmatkorlaringizning ham
fikri shuki, o‘t ombordan o‘tgan bo‘lsa kerak.
– Axir, omborda o‘t chiqadigan narsa yo‘q-ku? Bug‘doy bor
edi, to‘g‘ri, guruch bor edi, to‘g‘ri, yog‘ bor edi, gazmol bor
edi, to‘g‘ri, shulardan o‘t chiqadimi?
– Berdisini aytguncha shoshmang, xo‘jayin, omborga qo‘r-
g‘ondan o‘tibdi. Og‘ilxonaga ombordan o‘tgan bo‘lsa kerak.
Shunaqa qilib bir-biriga tutashib ketgan-da.
– Iyya, hali qo‘rg‘on ham yondi degin!
– Qo‘rg‘on ham yondi, ombor ham yondi, og‘ilxona ham
yondi, otlar ham o‘ldi, pichog‘ingiz ham sindi.
– Qo‘rg‘onga qayerdan o‘t ketibdi?
– Shamdan tutashib ketibdi, shamdan.
– Hoy, o‘zing jinni bo‘lib qolibsan, o‘g‘lim! Axir, mening
dargohimda shamga kun qoldimi? Qator-qator lampalar, o‘zim
Toshkentdan atay sotib olib kelgan qirqinchi fanorlar qayoqqa
ketibdi? Kerosin bo‘lsa bir yilga yetarliligini bochka-bochka za-
pas qilib qo‘ygan edim. Nimaga sham yoqasanlar?!
– Xo‘jayin, – deyman, – o‘zingiz ham odamni juda xit qilib
yuborar ekansiz-da! Butun boshlik o‘likning arvohiga sham
yoqmay lampa yoqiladimi? Kelgan arvoh nimaning shu’lasi


2 1
bilan o‘ynashadi? Axir, kosaga suv quyib, ustiga olma shoxi
qo‘yiladi. Kelgan arvoh avval shoxga qo‘nib o‘tiradi. Bir nafas
damini rostlagandan keyin haligi shamning pirpirab turgan
shu’lasi bilan o‘ynashadi.
Mening entak-tentak so‘zlarimdan boy talmovsirab qoldi.
Go‘yo shu gaplarni eshitgisi kelmaganday, sekin, qo‘rqa-pisa
so‘radi:
– Kim o‘ldi?
Shu yerda men yuzimga qalbaki qayg‘ular chiqarib, ho‘ngrab
yig‘lab yubordim.
– Kenjatoy o‘g‘lingiz Bo‘riboyvachcha, terakka chiqib chum-
chuq bolasini olaman deb yiqilib tushib, bir marta «dada» de-
di-yu «g‘iyq...» etib jon berdi.
Boy gaplarimning keyingi jumlalarini eshitdimi, eshitmadimi
– bilmayman, choy ichib turgan piyolasini boshiga urib chak-
kasini yordi-yu, soqolini yulib dodlab yig‘lamoqqa boshladi.
Men ham qo‘shilib yig‘lar edim.
Bir nafas ayyuhannos solib yig‘lagandan keyin men to‘x-
tadim, boy ham to‘xtadi. Boyning juda ham o‘pkasini uzib
yuborganimdan endi uni yupatish uchun o‘zimdan bir gap
to‘qimoqchi bo‘ldim.
– Xo‘jayin, – dedim, – xudo berardan qismasin, xafa bo‘l-
mang, bordi-yu, o‘g‘lingiz o‘lib, uyingizga o‘t tushgan bo‘lsa,
it nobud bo‘lgan bo‘lsa, pichoq singan bo‘lsa, hammasining
o‘rnini bosadigan bitta xushxabar ham topib kelganman.
Boy hiqillab turib so‘radi:
– Xushxabaring qursin, padarla’nat, qanaqa xushxabar?
– O‘rtancha qizingiz Adol opam dunyoga arziydigan bitta
o‘g‘ilcha tug‘dilar.
– Iyya! – dedi boy ko‘zlarining shox soqqasi chiqquday, –
Adol opang hali erga chiqmagan-ku!
– Biz ham shunisiga hayronmiz-da, xo‘jayin. Xudo beraman
desa, erga tegmasa ham berar ekan. Bolani ayting-a, xo‘jayin.


2 2
Badal aravakashingiz bor-ku, quyib qo‘yganday o‘shaning o‘z-
ginasi.
Boy ortiq chidab tura olmadi. Hushidan ketib yiqildi. Men
ham qamchi o‘rimidan yeydigan kaltakni nasiya qilib jo‘nab
qoldim. Mendan biror soatlardan keyin tulpor saman otda
barlari osilib ketgan alpang-talpang, bir ko‘zi yerda, bir ko‘zi
osmonda, egar qoshiga qamchi dastani tirab yig‘lab boy kelib
qoldi.
«Yana biron falokat yuz berib qolmasin», deb o‘zimni chetga
oldim. Boyning yig‘lab kelishini uy ichlari eshitib, ular ham
«bir balo bo‘libdi shekilli», deb uydan yig‘lab chiqa boshladilar.
Bir-birlarini quchoqlab arosat boshlanib ketdi.
Yig‘i tamom bo‘lgandan keyin bir-birlarini anglashib surish-
tira boshladilar. Keyin ma’lum bo‘lishiga qaraganda, na ot, na
it o‘lgan, na qo‘rg‘onchaga o‘t tushgan, na pichoq singan. Bo‘-
riboyvachcha bo‘lsa so‘lakayini oqizib o‘zi chiqib qoldi.
O‘sha kuni men ko‘rinmay yurdim. Ertasiga boy meni qidirib
chalpak qilib ko‘tartirib olib keldi. Avval qurttakkina qilib yigir-
ma qamchini bosh-ko‘z aralash yedik. So‘ngra so‘radi:
– Hoy itdan tarqagan, bu qilig‘ing nimasi?!
– Axir, boshida bay qilishgan edik-ku, aylanay xo‘jayin, har
zamonda bir yolg‘on gapiraman deb.
– Bu o‘sha yolg‘oningmi?
– Lekin hammasi emas edi.
– Agar hammasi bo‘lmasa, butun yolg‘on qilsang, men xona-
vayron bo‘lar ekanman-da, tur-ey, padaringga la’nat seni, qor-
ning oshga to‘ymasin, juvonmarg bo‘l! Haydang bu kazzobni.
Haydab chiqarmoqchi bo‘ldilar. Ketish oldidan boydan haq
talab qildim. Chunki boyning eshigida bir oy-u o‘n to‘qqiz kun
ishlagan ekanman. Haligacha bergan yigirma ikki tiyin choy-
chaqani bosib qolib, qayoqdagi sasigan, qurt tushgan olmalardan
ikki pud olmani bitta chipta qopga solib berdi. Men shunga ham
shukr qilib namozshom yo‘lga tushdim.


2 3
Yana o‘sha darbadarlik, yana o‘sha makonsizlik balosi. Qo‘n-
doqdan ajragan kakku bolasiday qo‘narga shox-butoqsiz. Kalas-
dan yuqoriroq tomon o‘rlab ketar edim.
Qirga chiqqandan keyin uzoqda bir o‘tov ko‘rindi. Shunga
qarab bordim. O‘tovning eshigini qoqib «xudoyi qo‘noq» de-
dim. Bu kecha tunab ketishga ijozat so‘radim. Avval menga bir
sidra shubha bilan qarab chiqqanlaridan keyin, qabul qildilar.
Orqamdagi yukni ko‘rib o‘g‘ri deb xayol qilgan bo‘lsalar kerak.
Qopning og‘zini ochib bolalarga ikkita-ikkitadan olma olib
berdim. Boshlari ko‘kka yetib ketdi. Ular meni tuya suti – qim-
ron bilan mehmon qildilar. Qozonga yopilgan nondan yarim-
tasini oldimga ushatib qo‘ydilar. Qorin to‘ygandan keyin qopni
boshga qo‘yib uyquga ketdim.
Tong azonda turib o‘tov egalari, er-xotin bilan xayrlashib
«Sariog‘och qaydasan?» deb yo‘lga tushdim. O‘sha kezlarda
mening toleyim juda ham sho‘r edi. Qaysi qishloqqa borsam,
bozorning ustidan chiqar edim. Aksiga olib bugun Sariog‘och-
ning bozor kuni edi.
Mendan boshqa ham bozorga olma keltirganlar ko‘p edi.
– Kep qoling, armonda qolasiz, sotaman-u ketaman! Buni
yeganlar non yemaydi, shinavandaga sotaman, – deb javrab,
maqtab peshinda arang sotib tugatdim. G‘aladonni hisoblab
ko‘rsam, olti tanga bir miri bo‘pti. Keyingi bir necha oy mo-
baynida belbog‘ga tugilgan naqdina shundan iborat edi.
Pul ko‘p, qayg‘u yo‘q. Bozorni aylanib yurib hamma narsaga
xaridor bo‘lib ko‘raman. Hamma narsaning narxini bilgim
keladi. Bir kishining tunuka vannasiga xaridor bo‘lib kam so‘ra-
ganim uchun undan yaxshigina so‘kish ham eshitib oldim. Ki-
yim bozorga kirib qunduz yoqalik bobrik paltolarga xaridor
bo‘lib ko‘raman.
Qo‘y bozoriga kirib shoxlari mullavachchalarning sallasiday
buralib-buralib ketgan do‘ngpeshonalik, katta bir qo‘chqorga
xaridor bo‘lib turganimda ko‘zim tanish bir basharaga uchradi.


2 4
U qo‘shoqlangan bir qo‘ra qo‘y ustida kuzatib turar edi. Bu
kim, qayerda ko‘rgan ekanman?
Chang bosgan kipriklar tagidagi qo‘y ko‘zlar menga juda
tanish.
Yo‘lning gard-g‘ubori qoqilmagan namatdek qilib yuborgan
bu bashara ko‘zimga issiq-issiq ko‘rinadi. Lekin egnidagi qozo-
qi chakmon bilan boshidagi teskari ag‘darilgan telpak, qo‘lidagi
boshi cho‘qmor kaltagi menga tanish emas. Undan ko‘zimni uz-
may tikilib turaman. U ham menga g‘ilt-g‘ilt etib tikilib turadi.
Birdan qichqirib yubordim:
– Omon!!
Bir-birovimizning quchog‘imizga otildik, yalab-yulqashdik,
hol-ahvol so‘rashdik. O‘z boshimdan kechirganlarimni bir
chetdan hikoya qilib berdim. Sarguzashtimning oxiri yonimdagi
tanga-chaqa aralash olti tanga bir miri pulni jaraqlatib qo‘yish
bilan tamom bo‘ldi.
U ham boshidan o‘tganlarini so‘zlab ketdi...
Xayr, bu achchiq-tiziqlar ham uzoqqa cho‘zilmadi. Yana
yurib ketdik. Lekin Omonning ba’zi harakatlaridan uning menga
jiddiy kek saqlaganligi sezilib turar edi. Kun og‘ib, peshin
bo‘ldi. Uvat yoqalab yo‘lga chiqib olishni mo‘ljallar ekanmiz,
bir paykalda uch-to‘rtta odam uymalashib yurgan ekan.
– Hormanglar-ov!
Yonlariga bordik. Yo‘l so‘ramoqchi bo‘ldik. Bu kishilar sabzi
kavlab qoplamoqda edilar. Ulardan Qorasaroyning yo‘lini so‘ra-
dik. Ular bizning ust-bosh, g‘arib vaziyatimizni ko‘rdilar. Ora-
laridan bir mo‘ysafid kishi:
– Bolalarim, bozor-o‘charing bo‘lmagandan keyin shaharda
pishirib qo‘yibdimi, bizga ko‘maklashinglar, sabzi kavlashinglar,
bir-ikki kun ishlab biror qop sabzi qilib ketsalaring, choychaqa
bo‘ladi, – dedi.
Bizning ko‘zimizga chol xuddi karomati bordek ko‘rindi.
«Yopiray, bu chol bizning sanqib yurgan darbadarligimizni qa-
yerdan bildiykin?» deb o‘yladik. Omon:


2 5
– Shaharda ham uncha ishimiz yo‘q. Shunchaki ish-pish
qidirib kelayotibmiz-da, – dedi.
– Ey bolalarim-ey, ishni qidirib yurmaydilar, ish deganning
o‘zi oyoqning tagidan o‘rmalab chiqadi. Bu yerdagi cho‘pni bu
yerga olib qo‘ysang ham ish-da, kelinglar, sabzi kavlashinglar,
inshoollo, sizlarga ham bo‘ladi, bizga ham bo‘ladi, – dedi chol.
Bu gap ikkovimizga ham ma’qul tushdi. To‘n-telpakni push-
taga qo‘yib, sabzi kavlashga tushib ketdik. Sabzisi qurg‘ur juda
ham bitgan ekan, eng kichkinasi qayroqtoshday. Biroz kavla-
gandan keyin bitta-ikkitadan sabzini etakka artib, tozalab, qar-
sillatib maza qilib yeb oldik. Qorin ochligidanmi, bilmadim,
juda mazali tatib ketdi. Besh-olti ketmon urib, bir sabzini cho‘-
tal qilib turar edik. Shu xilda qilib sabzi kavlab dehqonning
qoplaridan bir nechtasini tikladik. Shu qatorda o‘zimizning
«qop»larimiz ham xiyla tiklandi.
Kechga yaqin otga minib xo‘jayin kelib qoldi. Xo‘jayinning
qorasini ko‘rgandan keyin biz yana g‘ayratga minib ketdik. Xo‘-
jayin kelib «horma, bor bo‘l» qilishgandan keyin, ishboshi
choldan bizning kim ekanligimizni so‘radi. Chol bizni ta’rif-
tavsiflab ketdi:
– Bu baraka topkurlarni bizga Xudo yetkazdi. Yo‘l ketib tur-
gan juda ham qobil yigitlar ekan. Bir og‘iz gapimni siylab ikko-
vi ham peshindan buyon talay sabzi kavlab tashladi.
Boy bizga mehribonchilik bilan qaradi:
– Unday bo‘lsa, bu yigitlarni qo‘rg‘onga olib boringlar, ovqat
qilishsin. Bunday halol yigitlarga har kim ham non beraveradi,
– dedi.
Boy ketgandan keyin yana bir nafas ishladik. Sabzilarni
aravaga yuklab qo‘rg‘onga ketdik. Omonning rangi sal bo‘za-
ribroq turibdi, ora-chora qornini silab qo‘yar edi.
Kechki ovqatga xo‘jayinnikida moshxo‘rda qilingan ekan.
Boyning himmati tutib ketib moshxo‘rdani beo‘lchov tog‘orada
olib chiqib o‘rtaga qo‘ydi. Omon bilan mening qo‘limga uzun
dastali, barakaligina, no‘g‘oy qoshiqqa qaraganda ikki baravar


2 6
«yuk» ko‘taradigan qo‘lbola yog‘och qoshiq to‘g‘ri kelib qo-
libdi. Moshxo‘rda biz uchun juda ham tansiq edi. Boshqalarga
gal bermasdan hash-pash deguncha tog‘orani bo‘shatdik. Biz
bilan sabzi kavlaganlar hasharchi qo‘ni-qo‘shnilar ekan. Ular
ovqatdan keyin fotiha o‘qishib o‘z uylariga tarqalishib ketdilar.
Biz boynikida qo‘nadigan bo‘ldik. Og‘ilxonaga kiradigan yo‘lak
yonidagi g‘ulom gardish
1
dan yotishga joy ko‘rsatdi. Biz yotadi-
gan joyda bitta eski arqon karavot turar edi. Ko‘p vaqtdan beri
karavotda yotishni orzu qilib yurgan Omon tagiga bir po‘stak
solib, chakmonini ustiga yopib, karavotga cho‘zildi. Mening
yoshim undan kichikroq bo‘lgani uchun yerda yotdim. Lekin
Omonning karavot g‘ijirlatishi menga uyqu bermas edi. Dam
o‘tmay o‘rnidan turib, ingrab tashqariga chopib chiqib kelar edi.
Chamasi, ovqatlar ichida «xushhazm» bo‘lgan mushak sabzi
hunarini ko‘rsatmoqda edi. Men bo‘lsam, eshik sanab yurib har
xil xashaki ovqatlarga o‘rganib qolganim uchun moshxo‘rda
mening qornimda o‘z uyida yotganday tinch, rohatda edi. Omon
tong otguncha shu xilda yugur-yugur bilan g‘ingshib chiqdi.
Erta bilan vaqtli hovuzdan yuz-ko‘zimizni yuvib, xo‘jayin-
ning xizmatiga hozir bo‘lib turdik. Lekin Omon bechoraning
ancha rangi olingan edi.
Xo‘jayin bir qumg‘onda jiyda po‘stloq solingan choy dam-
lab ikkita non bilan olib chiqdi. Choy o‘rtasida xo‘jayin bizni
gapga soldi:
– Xo‘sh, yigitlar, endi nima qilmoqchi bo‘lasizlar? Mana shu
qo‘rg‘onchada sizlardan boshqa yana bir-ikkita xizmatkorlarim
bor, ular kecha qirga somonga ketishgan edi. Agar qolaman
desalaring, oldi qish, ovqat-oziqlaring bemalol, qishda unchalik
ish ham bo‘lmaydi, mol-holga qarab, mana shu yerda gulxan
yoqib maza qilib yotasizlar, kiyim-boshlaringni chaqmoqday
1
  G‘ulom gardish – xizmatkorlar (qadim o‘tmishda qullar) yashashi uchun
qurilgan boshpana.


2 7
qilib qo‘yaman. Boringki, haftada choychaqangizni ham berib
turay, illo boshqa pul vajidan uzr...
– Xo‘p, xo‘jayin, o‘ylashib ko‘ramiz, – dedi Omon. Xo‘jayin
ichkariga kirib ketgandan keyin Omon ikkovimiz maslahat-
lashdik. Darvoqe, xo‘jayinning aytgani to‘g‘ri, oldi qish, boradi-
gan, yotadigan makonimiz yo‘q. Bundan ko‘ra durust joyning
topilishi ham gumon. Mendagi olti tanga bir miri bilan qish
chiqarish qiyin.
Shu yerda qolishga rozi bo‘ldik.
– Bo‘lmasa, – dedi xo‘jayin, – cho‘zilib choy ichishib o‘tir-
manglar, ukalar. Bittang bu yerda qol, bittang, otameros, bo-
shing toshdan bo‘lgur sigirim bor, shuni olib chiqib ekindan
bo‘shagan yerning uvatlarida yetaklab yurib boqib kelasan, bu
yerda qolganing bitta-yarimta mehmon-izlom kelsa, choy-poyga
qarab turasan, – dedi.
Omon uyda qolishni yoqtirib qoldi. Chunki samovarning ja-
g‘illaganiga quloq solib, mehmonlarning gapini tinglab o‘tirish-
ni yaxshi ko‘rar edi. Undan tashqari, bugun kechasi bechora
besh-olti marta «qatnaganidan» dalaga chiqib sigir o‘tlatib
yurish unga xiyla jabr bo‘lar edi.
Shunday qilib, sigirni men boqadigan bo‘ldim. U uyda qola-
digan bo‘ldi. Xo‘jayin og‘ilxonadagi ola sigirni ko‘rsatib olib
chiqishni buyurdi. Sigir jonivor og‘ilxonadan olib chiqishda juda
yuvosh ko‘rindi. Yetaklab olib ketdim. Sigir orqamdan ergashib
kelardi. Biroz yo‘l yurib to‘qayga yaqinlashganda sigirning
qadami sustlashib qoldi. Orqaga tortildi. Jonivor charchab qoldi,
shekilli, deb o‘ylab, orqasiga qo‘limdagi xipchin bilan bir urar-
manmi, sigir o‘zini yerga ko‘tarib urdi. Ko‘zlari olayib ketgan,
og‘zidan ko‘pik chiqarib, dag‘-dag‘ titrab, oyoqlarini silkitar
edi. Juda ham kayfim uchib ketgan, nima qilishimni bilmasdan
sigirning atrofida parvona bo‘lib aylanar edim. Yordamga
chaqiray desam, hech kim yo‘q...


2 8
Shu ahvolda tipirchilab yotgan, tering sangob
1
da chirigur
sigir birdan irg‘ib o‘rnidan turib dumini xoda qilib bir qochib
berdi. Qani endi bu harom o‘lgur o‘ziga yetkazsa. Xo‘jayinning
otameros, qadrdon sigiri bo‘lgani uchun ko‘zdan yo‘qolmasin
deb men ham oyoq-poyoqlarimga tikan-cho‘kirtak kirganiga
qaramasdan jonimning boricha uni quvlar edim. Go‘shting
olaqarg‘aga xomtalash bo‘lgur, men yetib borgunimcha o‘t
chimdib turadi, yetib borganimdan keyin, menga bir qarab
qo‘yadi-da, xuddi sag‘risiga bo‘ka
2
 tushganday yana o‘ynoqlab
qochadi. Kechgacha shu zaylda sigir quvlab umrim o‘tdi. Kun
bo‘yi uning boshbog‘ini qo‘lga kirita olmadim. It quvlagan
tulkiday holdan toygan edim. Kun botishga og‘ganda butun
kuchimni oyog‘imga to‘plab, astoydil chopib boshbog‘ini qo‘lga
kirgizdim. Ming siltashiga qaramasdan mahkam ushlab siltay
boshladim. Ming mashaqqatlar bilan qo‘rg‘onga yetkazib og‘il-
xonaga bog‘ladim.
Rangim o‘chib ketgan bir holatda Omonning yoniga keldim.
Omon o‘zining muhabbat qo‘ygan arqon karavotida yonboshlab
yotar edi. Hol-ahvol so‘radim:
– Ha, ishing qalay, Omon og‘ayni?
– E, so‘rama, o‘rtoq, – dedi, – bo‘kib qoldim.
– Iye, nimaga bo‘kasan?
– Sen ketganingdan keyin xo‘jayinning bir-ikki qur oshnalari
mehmon bo‘lib kelishdi, uyda desang, yangalarim tushmagur
juda ham pazanda ekan, ming turli noz-ne’matlarni pishirib
chiqarib turibdi, hali manti, hali tandir kabob, hali lag‘mon, hali
holvaytar deysanmi, ishqilib, noz-ne’matlarning ichiga ko‘milib
ketdim. Bitta-bitta cho‘qilab, qornim yorilguday bo‘lib ketdi.
Kechagi sabzixo‘rlikning bugun hissasi chiqdi. Undan keyin
mehmonlar tarqalishdi. Xo‘jayinning uch-to‘rtta qo‘shni deh-
1
  Sangob – teri oshlash uchun qilingan ohak yoki qum eritmasi.
2
  Bo‘ka – hayvonlar terisi ustiga tushadigan parazit hasharot.


2 9
qonlardan olasi
1
 bor ekan, menga cho‘tni
2
 qo‘ltiqlatib oldilar,
orqalaridan ergashib yurdim. U qarzdor dehqonnikiga boramiz,
bu qarzdor dehqonnikiga boramiz. Hammasi ham: «Qani, bu
yoqqa, bu yoqqa», – deb taklif qilishadi. Cho‘t ko‘targanimni
ko‘rib, «boyning mirzasi» deb bechoralar meni ham siylashadi.
Palov deysanmi, sho‘rva deysanmi, qo‘y-chi, og‘ayni, meni
gapga solma, juda og‘ir bir ahvolda bo‘lib, bo‘kib yotibman,
ovqat bosdi, ovqat!
Bu noz-ne’matlarning ko‘pini men faqat otinigina eshitgan
edim. Juda ham Omonning baxtidan kunlashar
3
 edim. Endi
qanday bo‘lsa ham Omonni laqillatish kerak edi. Chunki ertaga
egang o‘lgur, tutqaloqlik sigirni u o‘tlatgani olib borsa, cho‘t
qo‘ltiqlab mehmondorchilikda yursam degan fikr boshimdan
ketmas edi.
– Xo‘sh, sening ishing qalay? – deb so‘radi Omon.
– E, meniki ham, qo‘yaver, tozayam maza qildim-da, bu
jonivor sigir shunday yuvvosh, shunday bir baraka topgur
ekanki, yetaklab olib yurib, bir uvatga qo‘yaman, xuddi qoziqqa
bog‘lab qo‘yganday o‘sha yerdan bir qarich qimirlamasdan
o‘tlaydi, o‘tlab turgan joyida o‘t sob bo‘lib qolsa, «naryoqqa
o‘tsam mumkinmi», deganday qilib menga sekin qiya qarab
qo‘yadi. «Ha, jonivorgina» deb yetaklab nariroqqa jildirib
qo‘yaman. Shunday qilib, qarasam, sigir emas, jonning rohati
ekan, keyin bir sero‘troq uvatga yetaklab olib borib qo‘ydim-
da, ariq bo‘yidagi tolning salqinida maza qilib uyquni urdim.
Ikki-uch kundan buyon bo‘lgan hamma hordiqlarim chiqib
ketdi. Yaxshi ham bu yerda qolmaganim, mehmonlarga xizmat
qilaverib toza ham charchagan bo‘lar ekanman.
Omon ham mening gapimga «puk» uchgan bo‘lsa kerak, ikki
gapning birida «haha-haha» deb qo‘yar edi.
1
  Olasi – oladigani, undiradigan haqi.
2
  Cho‘t – to‘rtburchak ramkaga mahkamlangan temir simlarga tizilgan
donalarni surib, qo‘shuv va ayiruv amallari bajariladigan sodda hisob moslamasi.
3
  Kunlashmoq – hasad, rashk qilmoq.


3 0
Kechqurungi ovqatga xo‘jayinnikidan ayron-atala chiqdi. Ov-
qatning sal «xashaki»roqligidan taajjublanib Omonga qaradim.
Omon fahmladi shekilli:
– Bu ovqat lekin menga to‘g‘ri keladi, – dedi. – Bu kungi
yegan ovqatlarimning hammasi ham zo‘r, issiq mijoz ovqatlar
edi, endi shuni ichib olsam, bas, shu bilan ichimda qalashib
qolgan haligi ovqatlarni hazm qilib yuboraman, – deb icha
boshladi.
Men ham:
– Xayr, bizning nasibamiz ham shu ekan, kun bo‘yi uxlagan-
dan keyin zo‘r ovqatni ham ko‘tarmaydi, – dedim-da icha-
verdim.
Erta bilan uyqudan turib xizmatga qoim
1
 turganimizda, xo‘ja-
yin yana kechagiday ikki non, bir choydish jiyda po‘stloq choy
ko‘tarib chiqdi.
– Xo‘sh, yigitlar, – dedi u, – bugun nima qilamiz? Kim nima
ish qiladi?
– Xo‘jayin, bir maslahati bo‘lar, – dedi Omon.
Xo‘jayin ichkariga kirib ketgandan keyin Omon:
– Insof ham kerak, – dedi, – bugun sen ziyofatda qol. Men
sigir boqishga bora qolay, lekin senga aytib qo‘yadigan bir nasi-
hatim bor, uka. Xo‘jayin hali mehmondorchilikka borish oldidan
yarimta nonga suzma surtib chiqarib beradi. Sen uni yema.
Buning ma’nosi shuki, «Agar mehmonga olib borishda to‘ydirib
olib bormasam, suqlik qilib meni uyaltirib qo‘yadi, ne qilsa
tagipast, badnafs ochko‘z-da» degani bo‘ladi. Sen xo‘jayinga
rahmat degin-u suzma nonni yemagin, – dedi.
Men ham unga sigir boqish to‘g‘risida ba’zi maslahatlarni
berdim.
– Omon, – dedim, – mening fikrimcha, arqon karavotingni
ola ket. Kecha zaxda yotaverib mening belim og‘rib qopti.
Hozir kuz tushib qolgan vaqt, ayniqsa, to‘qay yer, zaxkash,
1
  Xizmatga qoim – xizmatga tayyor.


3 1
sigirni o‘tlatib qo‘yasan-da, o‘zing karavotni bir salqin joyga
qo‘yib maza qilib uxlayverasan.
Mening maslahatimga Omon, Omonning maslahatiga men
unadim. Omon borib og‘ilxonadan sigirni yechdi. G‘ulom gar-
dishdan arqon karavotni orqalab olib chiqib ketdi. Bir nafasdan
keyin ichkaridan xo‘jayin chiqdi.
– Omonboy qani?
– Xo‘jayin, bugun sigirni u boqqani olib ketdi.
– Yaxshi, yaxshi, – dedi xo‘jayin, – choyni maza qilib ichib
oldingizmi, qani bo‘lmasa turing!
O‘rnimdan turdim, qo‘limga ketmon bilan bolta-teshani ber-
di. Qo‘rg‘onning orqasiga olib chiqib tepasi yer baravar kesil-
gan ikkita terak to‘nkasini ko‘rsatib:
– Qani, bir g‘ayrat qilib mana shu to‘nkalarni kavlab chiqarib
bering, qishda o‘zlaringiz maza qilib gulxan qilasizlar. Kecha
Omonboy baraka topkur ham toza g‘ayrat ko‘rsatdi-da, bundan
ham katta ikki to‘nkani kavlab chiqardi. Halol yigit ekansizlar,
baraka topkurlar, – dedi.
Men dilimda: «Mehmonlar kelguncha bittasini kavlar ekan-
man-da», – deb o‘yladim. Tamom g‘ayrat bilan ishga tushib ket-
dim. Kun qiyomdan og‘ganda qo‘lida yarimta nonning yuziga
suzma surtib xo‘jayin chiqib qoldi.
– Ha, barakalla, azamat, barakalla! Qani, mana buni bir maza
qilib yeb oling.
«Bugun xo‘jayinnikiga mehmonlar kelishmaydiganga
o‘xshaydi. Endi cho‘t qo‘ltiqlab qarz qistagani borar ekanmiz-
da», – deb o‘yladim.
– Yo‘q, xo‘jayin, qorin to‘q. Hech nima yegim kelmay turib-
di, – deb suzma surtilgan nonni olmadim.
Xo‘jayin ko‘p qistab ham o‘tirmadi:
– Mayling bo‘lmasa, sizlar hali yosh, ichlaringizda moy
qaynaydigan yigitlarsiz, – deb nonni qaytarib qo‘rg‘onga olib
kirib ketdi.
«Yo qarz qistashga boramiz, yo mehmondorchilikka bora-
miz», – deb umidvor edim. Hali kutaman-hali kutaman, hech


3 2
gapning daragi yo‘q. Mehmondorchilikka borishning shirin
xayolida, ochligimga ham qaramasdan, birinchi to‘nkani kavlab
chiqarib, ikkinchisining ham bir tarafini ochib qo‘ydim. To‘nka-
lar juda ham chatoq, serildiz ekan. «Endi bo‘ldi», deganingizda
tagidan yana bitta yo‘g‘on ildiz chiqib qoladi.
Kun botishga yaqin ikkinchi to‘nkani ham qulatdim. Juda
tinkadan qolgan edim. «Uh» deb borib o‘rnimga cho‘zildim.
Shu paytda Omon ham kelib qoldi. Yelkasida karavot, rangi
bo‘zday oqarib ketgan, sigirni mahkam ushlagan, «horma-bor
bo‘l» ham qilmasdan karavotni yerga qo‘yib sigirni olib borib
og‘ilxonaga bog‘ladi.
Har ikkovimiz bir-birimizni aldaganimiz uchun andisha qilar
edik. Omon meni eski keki yuzasidan aldagan ekan, men uni
shunchaki qiziqchilik qilib aldagan edim. Chamasi, devona sigir
kechagi menga qilgan «hunar»ini ikki baravar oshirib Omonga
ham ko‘rsatibdi. Karavotni qo‘yib sigirga qaray desa, birov
o‘g‘irlab ketishi mumkin, sigirni qo‘yib karavotga qaray desa,
sigir bir zumda ko‘zdan yo‘qoladi. Xullas, bechora Omon kara-
votni orqalab olib kun bo‘yi sigir quvlabdi. Yelkalari shilinib
ketibdi. Oyoqlariga tikanlar qadalib to‘libdi.
U menga gapirmas edi. Men biyronlik qilib uni yupatdim:
– Shukur qil, og‘ayni, yaxshi ham karavoting temir karavot
emas ekan.
Bir nafas tersayishib o‘tirdik.
– Ko‘zdak og‘aynimiz, Omon! – dedim. – Bunday bir-biri-
mizni aldab yurishimiz yaxshi emas. Kel, hali ham kekni tash-
laylik. «Maslahatli to‘n tor kelmas», – deganlar. Bir ish bo‘lsa
maslahat bilan qilaylik. Men ham bugun «ziyofat» yeyaverib
juda ham sassiqkekirdak bo‘lib ketdim. Rostini aytsam, xo‘ja-
yinga «mirza»lik qilishdan ham bo‘larim bo‘ldi.
– Durust, – dedi Omon. – Kel, uka, shaharga tushib ketaylik,
axir, ochdan o‘lmasmiz. Bu xo‘jayining juda xudo urgan odam
ko‘rinadi... Bugun kechasi bir amallab qochamiz.
– Quruqdan-qurug‘-a?


3 3
– Ha, bo‘lmasa nima qilar eding, tom teshib, tim urarmidik?
– Muzdini
1
 chiqarib ketsak bo‘lar edi.
Boyagi, men domlanikida, eshonnikida yuraverib xiyla qo‘li
egrilikka o‘rganib qolganman. Egasi yo‘q mol afandiniki, degan
ma’qul gapga ko‘nikib ketganman. Omonni yo‘ldan chiqarib,
boyning birorta molini o‘lja qilib ketish payida edim.
Uzoq tortishuvlardan keyin Omon ham ko‘ndi. Bizni ikki
kundan buyon sargardon qilgan tentak sigirni so‘yib, uning
go‘shtini ko‘targanimizcha olib, shuni sotib tirikchilik qilmoqchi
bo‘ldik.
Kechki ovqatga xo‘jayin shirqovoq qildirgan ekan, olib
chiqib oldimizga qo‘ydi va qovoqning mo‘jiza ekanini maqtab-
maqtab, buni ichgan kishi do‘zax betini ko‘rmasligi to‘g‘risida
gapirib ketdi.
Ovqatdan keyin xo‘jayin darvozani qulflab ichkariga kirib
ketdi. Biz yana joyimizda yotib uyquga ketdik...
Yarim kechadan o‘tganda Omon uyg‘otdi. Ikkovlashib oyoq
uchi bilan og‘ilxonaga kirdik. Men ne qilsa ham eshak so‘yib
korafta
2
 bo‘lib qolgan sallox
3
. Jinni sigirni yiqitib oyog‘ini boy-
ladik. Omon yonidan pichoqni olib berdi. Pichoqni bir-ikki
yonimga qayradim-da: «Bismillo, Ollohu akbar», – deb sigir-
ning bo‘g‘ziga pichoq tortib yubordim.
Naridan-beri ichak-chovog‘ini ag‘darib tashlab, terisini shilib,
eng yaxshi joylaridan suyaksiz qilib uch pudcha
4
 go‘shtni og‘il-
xonadagi kunjara solib qo‘yilgan qopni bo‘shatib, o‘sha qopga
to‘ldirdik. Men to‘nka bo‘lib turdim. Omon tomga chiqdi. Avval
qopdagi go‘shtni, undan keyin arqon bilan meni tortib olmoqchi
bo‘ldi.
Oy botib, kecha qorong‘ilashib qolgan. Juda avaylab, tusmol
bilan harakat qilamiz. Omon tomda. Lekin mening ko‘nglimga
1
  Muzd – xizmat haqi, to‘lov.
2
  Korafta – tajribali, ko‘pni ko‘rgan.
3
  Sallox – qassob, teri shiluvchi.
4
  Pud – 16,38 kilogrammga teng og‘irlik o‘lchov birligi.


3 4
sal shubha kelib qoldi. «Balki bu gal rostakam qilib mendan
o‘chini olar, o‘zi ketib qolar-da, men bu yerda xumchaga tush-
gan sichqonday qamalib qolarman», – deb o‘yladim-da, darrov
qopdagi go‘shtni bo‘shatib, ichiga o‘zim tushib oldim. Qopning
labiga bitta kesak o‘rab, arqonni mahkam qilib bog‘lab «tort»
dedim. Omon zo‘r bilan tortib oldi. Men o‘sha paytlarda uch
puddan ortiq kelmas edim. Omon meni go‘sht deb o‘yladi. Dar-
haqiqat, mening fikrim to‘g‘ri chiqdi. Qopni tortib olgandan ke-
yin pastga qarab:
– Qo‘lga tushding-ku, qani endi xo‘jayinga javob berib ko‘r,
ha, nomard! – dedi-da, inqillab-sinqillab, sekin, avaylab qopni
arqon bilan ko‘chaga tushirdi. O‘zi tomning pastroq joyini
mo‘ljallab sakrab tushdi-da, qopni ko‘tarib jo‘nab qoldi.
Shunday qilib, bir butun sigir go‘shtidan bir chaynam ham
bizga nasib bo‘lmadi. Shuncha ovoragarchilik boshimizga yuk
bo‘ldi.
Omonning orqasida juda sekinlik bilan nafas olib borar edim.
Yo‘lda «uh» deb qopni yerga qo‘yib, bir-ikki joyda dam ham
oldi. Bilmayman, qaysi qishloqqadir kirib borar edik. Men qop-
ning ichida bo‘lsam ham kun yorishayotganligini sezar edim.
Yo‘ldan bir it chiqib qoldi. Omonni taladi, qishloqning har to-
monidan vovillashib boshqa itlar yetib keldi. Omonni o‘rab olib
atrofida turar edilar. Itlardan biri kelib qopni tishladi. Itning
tishi qop, kiyim-bosh aralash bo‘ksamga xanjar urganday botgan
edi. Chidab turolmadim:
– Voydod, Omon, yuqoriroq ko‘tarib ol! – deb qichqirib
yuborganimni o‘zim ham sezmay qoldim. Omon sigir go‘shti
tilga kirganligidan qo‘rqib ketib, qopni tashlab yubordi. Ana
shunda bir qop go‘shtday yerga shilqillab tushdim.
– Bu senmisan, go‘shtmisan? Go‘sht bo‘lsang, o‘zing qani,
o‘zing bo‘lsang, go‘sht qani?
Omon dovdirab, nima deyayotganini ham bilmas edi. Qopdan
chiqdim. Ikki kishi bo‘lib qolganimizni ko‘rgan itlar asta-sekin
chekina boshladilar.


3 5
– Qani, yuraver, berdisini keyin aytaman.
Omon xomush edi. Bir-birimizga qaramay tong azonda qish-
loq yo‘lida ketib borar edik...

Yüklə 1,83 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   74




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin