www.ziyouz.com kutubxonasi
17
butunlay qutulsagina, ko‘ngilni uzil-kesil tajalliyot ziyosiga ro‘baro‘ eta oladi, «tiyra hijrondan»
qutuladi.
To‘rtinchi bayt:
Dudi ohimdin qororg‘ay, hajr shomidin batar,
Bo‘lsa hijron qat’ida bir kun manga hamroh subh.
«Dudi oh» ham yor ishqida yonayotgan bezovta, betoqat oshiq ahvolining nochorligini anglatuvchi
mubolag‘ali istioralardan: oshiq yor ishqida shunday o‘rtanib yonayaptiki, go‘yo uning ichidan olov
gurillab chiqayapti, bu olov uning ohu nolasidirkim, tutunidan olam qorong‘ilashadi, hatto ziyo
taratadigan tong yuzi ham bu tutundan qora tusga kiradi. Bu esa hajr shomidan ham batar. Shoir so‘zu
gudoz, yonish-o‘rtanishning, ishq tortishlari, qiynoqlari, ruhiy-ma’naviy talpinish va kurashlarni
shunday dardli satrlarda ta’rif etadi. Xullas: «Agar tong hijron paytida (avjida) men bilan bir kun birga
bo‘lsa, ohim tutuniyu hajrim shiddatidan o‘zi ham qora rangga bo‘yaladi». Dunyo ishlari, moddiy olam
talablariga qarab yuraversang — tongni ham sezmaysan, ilohiy nur ham qorong‘ilikni yorib
o‘tolmaydi.
Beshinchi bayt:
Tiyra shomim daf’ qildi mehr zohir aylabon,
Yaxshi bordi mehribonliklarda shay’illoh subh.
«Mehr» bilan «mehribonlik» so‘zlari o‘zaro tajnis — so‘z o‘yinini tashkil etgan: mehrning bir
ma’nosi quyosh, yana bir ma’nosi esa muhabbat, mehr. «Shay’illoh» — Allohning karomati, ne’mati
demak. Baytning mazmuni: «Xudoning ne’mati bo‘lgan tong mehribonlik ko‘rsatib, yaxshi natija olib
keldi, qorong‘i shomimni daf’ etib, quyoshni boshlab keldi». Va yana: «Vahdat nuri ziyosi — tong
barakatidan kasrat — dunyo shug‘li ko‘nglimdan ketdi, ko‘nglim tozalandi, ilohiy nur chashmasi —
quyoshga yetishish imkoni topildi».
Oltinchi bayt:
Xushdurur jomi sabuh, ey shayx, sen ham ichgasen
Tutsa may soqiy bo‘lib bir mehryuzlik mohe subh.
Bu baytdagi «mehr» so‘zi boshqa ma’noda, ya’ni mashuqa sifati bo‘lib kelgan. Shoir umumlashma
tasvirlardan bir qadar aniqroq tasvirga ko‘chadi, yuzi quyoshday porlagan sohibjamol soqiy haqida
yozadi. Lekin bu bilan Navoiy g‘azalning orifona, botiniy ma’nolarini davom ettirishdan voz kechdi,
deya olmaymiz. Aksincha, an’anaviy tamsillar — soqiy, jom, may so‘zlari shoir aynan ilohiy
muhabbat haqida gapirayotganini bildirib turadi. Bu baytda yana bir an’anaviy obraz bor — bu shayx
obrazi. Shayxni shoir bu o‘rinda taqvodor shaxs, zohid ma’nosida qo‘llagan, aslida esa shayx komil
inson, piri murshid ma’nosida ham keladi. Mashhur so‘filarning ko‘pi shayx deb e’tirof etilgan.
Navoiy o‘zlarini bilimdon hisoblab, oriflarning botiniy olamidan bexabar, zavqu shavqdan mahrum
dunyoparast shayxlarni nazarda tutgan. Shunday qilib, baytning ma’nosi: «Ey taqvodor shayx, tong
payti komil inson ma’naviyotdan so‘z boshlasa yoki Qur’on tilovat qilsa, ilohiy kashf zuhurroti,
mushohada sarxushligida muhabbatga limmo-lim yuragidan roz aytsa, sen ham quloq sol va sarxush
bo‘l, chunki tonggi suhbatning sururi o‘zgacha, lazzatli, benihoya va yoqimli». Nega bunday ma’no
kelib chiqdi? Chunki, tasavvuf talqinida jom — «ilohiy tajalliyot mavji va bepoyon nurning porlashi»
(Mir’ot-ul ushshoq»), soqiy — «fayz manbaikim, vujud zarrotini borliqning bodasidan sarxush
qilgandir» («Mir’ot-ul ush-shoq»), may — «g‘alaboti ishq» (Sajjoddiy, 400), «ilohiy tajalliyot...
(«Mir’ot-ul ushshoq»), ya’ni: mehryuzlik soqiy — orif inson ilohiyot tajallisining fayzidan tongda
Alisher Navoiy g‘azallariga sharhlar
Dostları ilə paylaş: |