ABU BAKR SHOSHIY, Muhammad ibn Ahmad Shoshiy (1038-1114)-fiqhshunos.
Shoshda tug‘ilib o‘sgan, Bag‘dodda ta’lim olgan. Madrasani tugatgach, Nizomiya
madrasasida mudarrislik qilgan. Asarlari ichida eng mashxuri "Xilyat al-ulamo"("Olimlar
chiroyi") bo‘lib, olim bu asarini abbosiylar xalifalaridan Mustazhir (vafoti 1118 y.)ga
bag‘ishlagan. Shu kitobi tufayli A.B.Sh. "Mustazhiriy", ya’ni Mustazhir tarafdori degan
nom taratgan. Asariga sharh sifatida Shoshiy "al-Mu’tamad" ("Ishonchli") kitobini
yozgan. Olimning fiqhshunoslikka oid yana bir yirik asari "ash-Shofiy"("Shifo beruvchi")
bo‘lib, u arab olimi Abu Ibrohim Ismoil ibn Yahyo al-Muzaniy (791-878)ning "al-
Muxtasar"("Qisqacha") asariga sharhdir. Bu sharh 20 jilddan iborat bo‘lib, olim uni 5 yil
davomida yozib tugatgan. A.B.Sh. ning "ash-Shofiya shoxobchasining ustuni", "Taloqqa
oid masala" kabi asarlari ham bo‘lgan. Shoshiy arab adabiyoti, she’riyati, tilshunosligi,
Qur’on, hadisni puxta egallagan. Fiqhshunoslikdagi bilimi, tutgan mavqei jihatidan uni
barcha arabiynavis entsiklopedik kitoblarda nomi zikr qilinganda "Islom
mamlakatlarining faxri" deb ataydilar. A.B.Sh. Bag‘dodda vafot etgan, qabri shaharning
Bob al-Sheroz maqbarasida, ustozi va mashhur olim Abu Ishoq Sheroziy qabri yonida.
ABU DOVUD Sijistoniy, to‘liq ismi Sulaymon ibn Ash’as ibn Ishoq ibn Bashir ibn
Shaddod ibn Amr al-Azdiy as-Sijistoniy (817-888/889) - muhaddis, imom. Yoshligadan
hadis ilmini o‘rgangan. O’smirlik chog‘laridayoq hadis to‘plash niyatida sayohatga chiqib,
Xuroson, Iroq, Suriya, Misr, Hijoz kabi yurtlarda bo‘lgan. Bir qancha ulug‘ muhaddislar
(Buxoriy, Ahmad ibn Hanbal, Qutayba ibn Said, Termiziy) bilan uchrashgan. Abul Faraj
ibn Javziyning guvohlik berishicha, u hadislarni naql qilish va ularning sabablarini
ko‘rsatish bo‘yicha muhaddis ulamolarning eng ulug‘laridan biri sanaladi. A.D. o‘zining
aytishicha, 500 ming hadis yozib olgan. Shulardan 4800 tasini ma’lum bir shartlar
asosida ajratib, hadislar to‘plami tuzgan. Bu to‘plam "Sunan" ("Sunnatlar") nomi ila
mashhur bo‘lib, sahihligi jihatidan imom Buxoriy va Muslimlarning asarlaridan keyinga
o‘rinda turadi, ya’ni "Kutubus sitta" ("Oltita ishonchli") hadis to‘plamlaridan biri
hisoblanadi va shuning uchun ham keyinchalik uni imom A.D. deb yodga olinadigan
bo‘ldi. A.D. umrining so‘nggi yillarini Bag‘dodda o‘tkazgan va Basrada vafot etgan. Uning
"Nosix ul-Qur’on va mansux" ("Qur’onning nasx qiluvchi va qilingan oyatlari") va "Daloil
al-nubuvvat" ("Payg‘ambarlik dalillari") asari ham bor. Ibn Nadim uning "Kitob ixtilof al-
masohif" ("Ilk mushaflar (Qur’on qo‘lyozmalari)ning bir- biridan farqi haqida kitob")
nomli asarini eslatib o‘tadi. A.D.ning asarlari "axli sunna val-jamoa"ning muhim
hujjatlaridan hisoblanganligi uchun azaldan Movarounnahrda ham keng tarqalgan.