O'rta Osiyoda antik davr memorchiligi
Reja:
Aleksandr Makedonskiy davrida asos solingan shaharlar.
Salavkiylar davri shaharsozligi.
Yunon-Baqtriya shaharlari.
Kushon davri Shimoliy Baqtriya shaharlari.
O‘tgan asrning 40-50 yillaridan boshlab mil.avv. IV – milodiy IV asrlar davri O‘rta Osiyo tarixini o‘rganish jarayonida «antik», «antik davr» jumlalari muomalaga kirgan edi. Ayrim tadqiqotchilar bu jumlalarni faqat Gretsiya va Rim tarixiga nisbatan ishlatish lozim degan g‘oyani ilgari surgan bo‘lishlariga qaramay, O‘rta Osiyo qadimgi davri bilan shug‘ullanuvchi tadqiqotchi olimlar-arxeologlar, tarixchilar, antropologlar, san’atshunoslar kabilarning ko‘pchiligi bu atamani O‘rta Osiyo tarixiga nisbatan ham ishlatish mumkin degan nuqtai nazar tarafdori bo‘ldilar.
Mil. avv. IV asrdan boshlab O‘rta Osiyoning asosiy dehqonchilik vohalari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning batamom yangi, faol yo‘liga o‘tdiki, bu rivojlanish milodiy III-IV asrlarda inqirozga uchray boshlaydi. Shaharsozlik madaniyati va sug‘orish tartibi, yozuv va pul muomalasi, moddiy va badiiy madaniyatga oid ko‘p sonli va turli-tuman yodgorliklar aynan mana shu rivojlanish jarayonidan dalolat beradi. Ta’kidlash joizki, bu davr - qadimgi dunyo ko‘pgina davlatlari jamiyati taraqqiyotining ijtimoiy-iqtisodiy va umummadaniy jabhalarida namoyon bo‘lgan yangi bosqichi bilan izohlanadi. Bu yangi bosqich turli davlatlarda o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Undan tashqari, bu davr butun Qadimgi dunyo davlatlarini qamrab olgan jahon tarixidagi hodisalarning ba’zi belgi va xususiyatlari jihatdan bir-biriga o‘xshashligi jarayonlaridan biri edi. «Antik» jumlasi yevropa tillarida “antiguite”, “antigutiy, antigue” qabilida ishlatilib, «uzoq o‘tmish», «o‘tmish qadimiyat», «qadimgi» deb tarjima qilinishi mumkin. Biz ushbu darslikda ko‘pchilik olimlar tomonidan e’tirof etilgan «antik» jumlasini qo‘llashni lozim topdik.
Mil. avv. IV asrdan boshlab O‘rta Osiyo sivilizatsiyasi rivojlanishida sifatiy yangilanish davri boshlanadi. Bu davr madaniyati taraqqiyotining muhim ko‘rinishlari jamiyatning doimiy rivojlanishida o‘z aksini topadi. Mil. avv. IV asrning o‘rtalaridan boshlab so‘nggi Ahamoniylar o‘rtasidagi o‘zaro kurash va keyinroq makedoniyalik Aleksandrning bosqinchilik yurishlari ham bu rivojlanishni batamom to‘xtata olmadi. Ushbu rivojlanishning eng ko‘zga ko‘ringan tomoni turli rejaviy tuzilishga ega bo‘lgan yirik shaharlar bo‘lib, ular sonining ortib borishi jamiyat taraqqiyotida shaharsozlik ishlariga alohida e’tibor qaratilganidan dalolat beradi. Bu holat Sharqdagi Uruk, Shahri So‘xta, Xarappa, Mundigak, Oltindepa, Sopollitepa, Jarqo‘ton kabi shaharmonand yoki ilk shaharlar shakllanishidan tubdan farqlanib o‘ziga xos xususiyatlarga egadir.
Antik davr urbanizatsiyasi o‘zining rivojlanish bosqichida ikkita katta davrni bosib o‘tdi. Bular: mil. avv. IV-I asrlar va milodiy I-IV asrlardir. Ushbu davrlar ijtimoiy munosabatlar va mahalliy ko‘rinishdagi davlatchilik rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lib, ularga xos siyosiy va mafkuraviy tomonlari bilan ajralib turadi. Antik davr davlatchiligida butun madaniy hayotda bo‘lgani kabi shaharlar hayotining o‘ziga xos tomonlari mahalliy va ellinistik, ayrim hollarda Hind shaharsozlik an’analarining o‘zaro uyg‘unlashuvi bilan izohlanadi. Bu holat ma’lum ma’noda siyosiy voqealar bilan ham bog‘liq edi. Chunonchi, Aleksandr Makedonskiyning yurishlari, Salavkiylar va Yunon-Baqtriya podsholiklarining paydo bo‘lishi keyinroq Qang‘, Davan va Kushonlar davlati ham shaharlar taraqqiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.
Yaqin va O‘rta Sharqning turli davlatlari, jumladan O‘rta Osiyo hududlarida katta xronologik davr yunon-makedon sulolalari siyosiy hukmronligi davri sifatida izohlanib fanda bu davr – ellinizm davri deb ataladi. Ellinizm – (Bolqon yarim orolidagi Ellada shahri nomi bilan bog‘liq) bu aniq tarixiy mavjudlik bo‘lib, iqtisodiy hayotda, ijtimoiy va siyosiy to‘zumda, mafkura va madaniyatda ellin (yunon) hamda Sharq an’analarining o‘zaro uyg‘unlashuvi ifodasidir.
Qadimgi (antik) davrda ellin dunyosi Yunonistondan Hind daryosi vodiysigacha bo‘lgan ulkan hududni qamrab olgan edi. Tadqiqotchilar, ellinlashuv darajasiga qarab bu hududni uchta mintaqaga bo‘ladilar. 1. Ellada; 2. Kichik Osiyo, Suriya va Misr; 3. Yefrat daryosining sharqidagi viloyatlar. Bu hududlar tarixiy adabiyotlarda «Ellinlashgan Sharq» tushunchasida aks etgan bo‘lib, uning tarkibiga Mesopotamiya, Eron, O‘rta Osiyoning janubiy viloyatlari, Afg‘oniston, Pokiston va Hindistonning Aleksandr bosib olgan hududlari kirgan.
Aleksandr Makedonskiy yurishlari natijasida keng miqyosda boshlangan ellinizm madaniyatining kirib kelishi Baqtriya, Parfiya va Sug‘diyona shaharlari, hunarmandchiligi va badiiy-amaliy san’atiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Yozma manbalar Aleksandr nomi bilan bog‘liq uchta shahar: Aleksandriya Oksiana (Oks bo‘yidagi Aleksandriya), Aleksandriya Marg‘iyona (Marg‘iyona Aleksandriyasi), Aleksandriya Esxata (Uzoq yoki Chekkadagi Aleksandriya) haqida ma’lumotlar beradi. Ulardan tashqari ”katoykiyalar” deb nomlangan yunon harbiylari manzilgohlari ham mavjud edi.
Olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida O‘rta Osiyoning janubiy hududlaridan ellinizm madaniyati bilan bog‘liq bo‘lgan turar-joylar, moddiy-ma’naviy madaniyat buyumlari, tanga pullarning topilishi bu hududlardagi mahalliy madaniyatga ellin an’analari (shaharsozlik, haykaltaroshlik, badiiy-amaliy san’at, alifbo va boshq.) kuchli ta’sir etganidan dalolat beradi. Shu bilan birgalikda bu topilmalar mahalliy madaniyatdagi rivojlanish qadimgi (antik) davr Sharq va G‘arb madaniyatining o‘zaro uyg‘unlashuvi natijasida o‘ziga xos madaniyat darajasiga ko‘tarilishining ham guvohidir.
Dostları ilə paylaş: |