www.ziyouz.com kutubxonasi
29
ishlarni, endi bo‘ladigan ishlarni, xoh katta, xoh kichik, barchasini biladi; A. "murid",
ya’ni xohlaguvchidir - dunyodagi ishlarning har biri A. taoloning irodasi va xohishi ila
bo‘ladi, u xohlagan ish bo‘lmay qolmas va xohlamagan ish aslo bo‘lmas; A. "qadir", ya’ni
har ishga qudrati yetuvchidir; A. "basir", ya’ni ko‘ruvchi yer va osmondagi, qorong‘u va
yorug‘dagi, katta va kichik narsalarning barchasini ko‘radi; A. "sami’", ya’ni eshituvchi -
baland bo‘lsin, sekin bo‘lsin har qanday ovozlarni eshitadi; A. "mutakallim", ya’ni
so‘zlaguvchi - Qur’oni karimdagi barcha oyatlar, shuningdek, Tavrot, Injil, Zabur
kitoblari A. taoloning so‘zidir; A. "mukavvin", ya’ni bo‘ldirguvchi - dunyodagi barcha
narsalar uning bo‘ldirmog‘i ila bo‘lgandir; A. "rabbun", ya’ni tarbiya qiluvchi - barcha
jonli va jonsiz narsalarni tarbiya qiladi; A. taolo "odil", ya’ni to‘g‘rilik qiluvchi - har bir
hukmni va har bir ishni to‘g‘rilik ila qiladi, hech kimga jabr va zulm qilmaydi. U mehribon
va kechirimli. Odamlar butunlay unga itoat etishlari (islomga kirishlari), xudodan qo‘rqib
vijdonli bo‘lishlari, barcha narsada A.ga va uning irodasiga ishonishlari lozim. A. o‘zi
xohlagan paytda yerdagi barcha narsani barbod etadi, o‘liklarni tiriltiradi va ularni o‘z
huzuriga hukm qilish uchun yig‘adi: u yerda har kishining qilgan amaliga ko‘ra yo
jahannam (do‘zax) azobiga duchor qiladi yoki jannat bilan mukofotlaydi. A. haqidagi
ta’limot musulmon dini va ilohiyot fanining asosi bo‘lib qoldi. A. tabiatining turli qirralari
hadis, tafsir va ilohiyotga oid maxsus asarlarda tilga olinib, tushuntiriladi. Shunga ko‘ra,
U inson sifatlaridan tubdan farq qiladi. Islom ta’limotiga ko‘ra, A. taoloning zoti va
sifatlari to‘g‘risida chuqur bahs yuritish shar’an man etiladi. A. biror narsaga
o‘xshatilmaydi va biror narsa ham A.ga o‘xshatilmaydi. A.ning ism va sifatlari Qur’oni
karimda tilga olingan 99 ismlarida yaqqol ko‘rinadi (q. Al-asmo al-husno).