Sahihi Buxoriy. 1-jild. Imom Ismoil al-Buxoriy
www.ziyouz.com kutubxonasi
255
Anas ibn Molik rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam qizlarining
(Ummu Gulsumning) janozasida erdik. Qarasam, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam
qabr yonida o‘tiribdirlar-u, ko‘zlaridan duv-duv yosh oqayotir. Nogahon, Rasululloh
sallallohu alayhi va sallam: «Orangizda bu kecha xotiniga yaqinlik qilmagan biror kishi
bordirmi?»-deb so‘radilar. Shunda Talha: «Men»,-dedilar. Rasululloh
sallallohu alayhi va
sallam: «Undoq bo‘lsa, qabrga tushg‘il!»-dedilar. Talha (mayyitni qo‘ygani) qabrga
tushdilar».
Abdulloh ibn Ubaydulloh ibn Abu Mulayka raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Makkada
Usmon raziyallohu anhuning qizlari vafot etdi, janozasiga qatnashgani bordik. Janozaga
Ibn Umar va Ibn Abbos raziyallohu anhular ham kelishdi. Ikkinchilari mening yonimga
kelib o‘tirdilar. Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu Usmonning o‘g‘li Amrga: «Xotinlarni
yig‘idan to‘xtatsangiz-chi! Axir, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Mayyit o‘z
ahlining yig‘isidan (qabrda) azoblang‘aydir, deganlar-ku!» - dedilar. Shu yerda o‘tirib Ibn
Abbos menga bir voqeani aytib berdilar:
«Hazrat Umar birlan birga Makkai Mukarramadan (Madinaga) qaytib kelayotib Baydo’
degan yerga yetganimizda, nogahon samura daraxtining
soyasida turgan bkr jamoaga
Hazrat Umarning ko‘zlari tushdi. Hazrat Umar menga: «Borib qarag‘ilchi, anavi jamoa
kimlar erkan?» - dedilar. Borib qarasam, Suhayb (jamoasi) erkan. Hazrat Umarga kelib
buni aytdim. «Menga chaqirib berg‘il uni!» - dedilar, Men Suhaybning oldiga borib:
«Turingiz, Amir ul-mo‘‘mininga yetib olingiz!» - dedim. Hazrat Umar Madinaga
borganlaridan so‘ng, musibat sodir bo‘lib (Hazrat Umarga bir odam pichoq urgan erdi)
Suhayb «voy birodarim, voy do‘stim»lab yig‘lab kirdi. Shunda
Hazrat Umar raziyallohu
anhu: «Ey Suhayb, sen meni deb (dod solib) yig‘layotirmisen? Vaholanki, Rasululloh
sallallohu alayhi va sallam: «Mayyit o‘z ahlining (ba’zi bir) yig‘isi sababli azoblang‘aydir,
deb aytganlar»,- dedilar.
«Hazrat Umar raziyallohu anhuning vafotlaridan so‘ng, bu so‘zni Oisha onamizga
aytdim,- dedilar Ibn abbos raziyalloxu anhu,- shunda Oisha onamiz: «Hazrat Umarri
Olloh rahmat qilsin! Olloh taologa
qasamyod qilib ayturmenkim, Rasululloh sallallohu
alayhi va sallam: «Mo‘‘min odam o‘lganda, ahli yig‘lasa, Olloh taolo uni azoblag‘aydir» -
demaganlar. Lekin, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kofir odam o‘lganda, ahli
yig‘lasa, uni Olloh qattiq azoblag‘aydir»»-deganlar. Sizlarga Qur’onning o‘zi dalildir,
birov birovning gunohi uchun azoblanmag‘aydir»,- deb aytdilar. «Kuldirgan ham,
yig‘latgan ham Ollohning o‘zidir!» - dedim. Ollohga qasamyod qilib ayturmenkim, Ibn
Umar raziyallohu anhu (Ibn Abbosning ushbu rivoyatini eshitib) hech narsa demadilar».
Amra binti Abdurrahmon Oisha onamizdan bundoq deb eshitgan erkanlar: «Rasululloh
sallallohu alayhi va sallam bir yahudiy xotinning qabri yonidan o‘tayotib, o‘shal yerda
uning qarindoshlari yig‘lab o‘tirganini ko‘rdilar. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va
sallam: «Bular xotinga aza tutib yig‘lashmakda, xotin ersa, qabrda azoblanmakdadir»,-
dedilar».
Abu Burdaning otalari bunday degan erkanlar: «Umar
raziyallohu anhuga musibat
(pichoq urilgan erdi) yetganda Suhayb raziyallohu anhu «voy birodarim» lab yig‘lay
boshladi. Shunda Umar raziyallohu anhu: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning
«Mayyit tirikning yig‘isi sababli azoblang‘aydir, deganlarini bilmasmisen?» — dedilar».