Haqiqat manzaralari. 96 mumtoz faylasuf [uzsmart.uz]
www.ziyouz.com кутубхонаси
12
PIFAGOR (Miloddan avvalgi 576-496 yillar)
Janubiy Italiyaning Regiya shahrida tug‘ilib o‘sgan qadimgi yunon faylasufi Pifagor Mnesarx ismli kishining farzandi bo‘lgan. Otasi uni xizmat safariga doimo o‘zi bilan olib yurgan. Oqibatda Pifagor qiziquvchan va yangi narsalarni bilishga intiluvchan bo‘lib o‘sadi. U faylasuflar Anaksimandr va Ferekidning shogirdi bo‘lgan. Pifagor uzoq vaqt davomida Misrda tahsil olgan. Zardushtiylik diniga juda qiziqqan. U Misrda ilm sirlarini o‘rganish uchun hatto xatna qildirishga ham rozi bo‘lgan. Aks holda uni kitoblarga yaqinlashtirishmasdi. U hech qachon yig‘lamagan va umuman ehtiros hamda his-hayajonga berilmagan. Pifagorning quyidagi asarlari ma’lum: «Tabiat haqida», «Davlat haqida», «Tarbiya haqida», «Jon haqida», «Olam haqida», «Ilohiy kalom» . Pifagor miloddan avvalgi 496 yilda dushmanlari tomonidan o‘ldirilgan. Pifagor hayotning mazmuniga oid qarashlarga «falsafa», deb nom bergan birinchi donishmand edi. * * *
Rivoyat qilishlaricha, Fliunt shahriga safari chog‘ida hokim Leon Pifagordan so‘radi: «Sen qaysi ilm
bilimdonisan?» — «Hech qaysi, — deb javob berdi Pifagor. — Men shunchaki bir faylasufman». —
«Falsafa degani nima o‘zi?» — taajjublanib so‘radi hokim. Pifagor shunday javob berdi: «Inson umrini
bozor va olimpiya o‘yinlariga qiyoslash mumkin. Bozordagi sotuvchilar ham, xaridorlar ham doimo o‘z
foydalarini ko‘zlaydilar. Olimpiya o‘yinlari ishtirokchilari esa shon-shuhrat va mashhurlik payida
bo‘ladilar. O’yingohdagi tomoshabinlar esa ularni diqqat bilan kuzatadilar. Hayotda ham shunday.
Odamlarning katta bir guruhi boylik va shon-shuhrat orttirish maqsadida yelib-yuguradilar. Ana shu
olomon orasida kamchilikdan iborat bir guruh borkim, ular chetdan turib atrofdagilarni jimgina
kuzatadilar. Voqea-hodisalarni, inson tabiatini tadqiq etadilar. Haqiqatni anglash ularning eng sevimli
amalidir. Ana shu toifadagi odamlar faylasuflar — donolikni sevuvchilar, deb ataladi. Ular sofoslar,
ya’ni donishmandlar emas. Chunki tom ma’nodagi donishmandlik yolg‘iz Allohga xos sifat. Bandalar
esa donishmandlikka intilish bilan kifoyalanadilar, xolos».
* * *
Donishmandlik ibtidosi: fikrlashni o‘rganish, vaysaqilikka barham berish.
* * *
O’tgan kun haqidagi: «Men uni qanday o‘tkazdim, nimalar qildim-u, nimalarga ulgurolmadim?» —
degan savollarga javob topilmaguncha ko‘zlaring uyquga ketmasin.
* * *
Odamlar! Eng avvalo ezgu axloqqa ega bo‘lishga harakat qiling, zero axloq qonunning asosidir.
* * *
Tartib sening muqaddas maqsading bo‘lsin. Sen bu maqsad yo‘lida astoydil xizmat qil. Chunki
tartib hamma narsaning majmuasidir. Tabiatning mavjudligi asosida ham tartib yotadi.
* * *
Agar sendan ezgulik nima, deb so‘rasalar: amalda foydalanilgan donishmandlikdir, deb javob ber.
* * *