www.ziyouz.com кутубхонаси
7
yo‘liqtirishi, nafs va uning istagi orasida vositachi bo‘lgan kishining firoq va jahannam olovida kuyishi
anglansa; dunyo istaklariga qul bo‘lish, bu dunyo bilan do‘st tutinish, bevafo matohlarga butun mehru
muhabbatni berib bog‘lanish Alloh taoloning diydoridan uzoqlashtiruvchi narsalar ekani anglansa,
shubhasiz, o‘shanda uzoqlashish yo‘lidan kechib, yaqinlik yo‘liga qadam qo‘yish vojibligi ayon bo‘ladi.
Qachonki, qalb bilan bu olam ziynatlari orasidagi aloqa barham topib, uning o‘rnini davomli zikr
egallasa, banda bilan Yaratuvchi o‘rtasidagi uns va muhabbat yanada ortadi. Muhabbat kuchaygan
sayin har kim toqatiga yarasha ulug‘lik va qudrat egasi bo‘lmish Zotga yaqinlasha boradi, gunoh
neligini anglaydi. Gunoh Allohdan yuz o‘girish va shaytonga ergashish ekanini, shayton Dargohdan
to‘silgani sabab Allohdan uzoqlashtiruvchi dushman ekanini ichdan his etadi. Oqibat, uzoqlashishni
tark etib, yaqinlashish yo‘liga o‘tish vojib ekaniga zarracha shubha qilmaydi.
Bu kechish ilm (gunoh neligini anglash), nadomat va azm bilan mukammal bo‘ladi. Kimki
gunohlar mahbubdan uzoqlashishga sabab bo‘lishini anglamas ekan, nadomat neligini anglamaydi.
Nadomat chekmagan kishi dard neligin anglamaydi. Kimki dard chekmas ekan, demak, qaytmaydi.
"Qaytish"ning ma’nosi gunohlarni tark etish va ularni qayta qilmaslikka azmdir. Shubhasiz, bu
uch ma’no, ya’ni ilm, nadomat va azm mahbubga yetish yo‘lidagi zaruratlardir. Xullas, basirat nuridan
hosil bo‘lgan iymon quvvati shu tarzda namoyon bo‘ladi.
Aksar xalq bu baland cho‘qqiga ko‘tarila olmaydi. Taqlid va ergashish ularning najot qal’asidir.
Keling, tavba haqida Alloh taoloning kalomi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va
salaflarimizning so‘zlariga diqqat qilaylik:
َنﻮُﺤِﻠْﻔُﺗ ْﻢُﻜﱠﻠَﻌَﻟ َنﻮُﻨِﻣْﺆُﻤْﻟا ﺎَﻬﱡﻳَأ ﺎًﻌﻴِﻤَﺟ ِﻪﱠﻠﻟا ﻰَﻟِإ اﻮُﺑﻮُﺗَو