Sadduqiy oqimining nomi miloddan avvalgi o’n birinchi asrlarda yashab o’tgan
Dovud payg’ambar davrida yashagan ruhoniy Sadduq ismidan olingan. O’sha
paytlarda mansabdor ruhoniylarning ko’pi sadduqiy bo’lganlar. Ular faqat Tavrot
kitobining tarkibiga kiruvchi Muso payg’ambarning besh kitobini tan olganlar. Bu
kitobda oxirat va qiyomat haqida hech narsa deyilmagani uchun sadduqiylar oxirat,
qiyomat va o’lganlarning qayta tirilishiga ishonmaganlar.
Farziy degan nom qadimiy ibroniy tilidagi “tushuntirish”, “ajratib ko’rsatish”
so’zidan olingan. Farziylar muqaddas manba sifatida Muso qonuni va boshqa
payg’ambarlarning muqaddas bitiklarini, hatto o’zlarining urf-odatlarini ham qabul
qilganlar va ularning hammasiga sinchkovlik bilan amal qilganlar. Ular
qiyomatning albatta yuz beriishiga va o’lganlarning qayta tirilishiga, u dunyoda
hisob-kitobning bo’lishiga ishonganlar.
Yesseylar. Miloddan avvalgi ikkinchi va milodning birinchi asrlarida
Quddusdagi ko’pgina ruhoniylar Xudo talab qilgan tarzda yashamas edilar. Undan
tashqari rimliklar diniy mansablarga nomunosib shaxslarni tayinlar edilar. Bundan
norozi bo’lgan bir guruh ruhoniylar Quddusni tashlab sahrolarga bosh olib
ketishgan va o’sha yerlarda o’z jamoalarini tashkil etganlar. Ularni Yesseylar deb
atashgan. Ular dualizm g’oyalari-ezgulik va yovuzlik o’rtasidagi kurashning
muqarrarligiga, pirovardida ezgulikning g’olib chiqishiga va taqdirga ishonganlar.
Mulkning umumiy bo’lishiga va asketizmni targ’ib qilganlar.
Veda va veda dinlari.
Vedalar dini miloddan avvalgi I ming yillikda Hindiston aholisi ko’pchiligi
e’tiqod qilgan din bo’lib, unda dastlab tabiat hodisalari ilohiylashtirilgan. Vedalar
dinida ularning xudolari ilk bor tabiat kuchlari va hodisalari inson qiyofasiga
o’xshatib tasavvur etilgan: Agni-olov xudosi, Indra-atmosfera, yomg’ir va
momoqaldiroq xudosi, Sur’ya-quyosh, Varuna(D’yaus) - osmon, Soma - oy hamda
kayf qildiradigan ichimliklar xudosi, Britra-qurg’oqchilik xudosi. Bulardan
tashqari ularning Mitra, Adita, Vishnu, Krishna va h.k. kabi xudolari bor.
Ijtimoiy tengsizliklar kuchayganidan keyin, xudolarning vazifasi va ahamiyatlari
ham o’zgardi, chunonchi: Indra urush xudosiga, Varuna oliy hakam va adolat
posboniga aylandi. Keyinchalik Indra xudolar podshohiga va Yerdagi xudolar
homiysiga aylangan.
Bu dinda xudolarga qurbonlik qilish, sig’inish asosiy ibodat hisoblanib,
xudolarga ovqat, hayvonlar, maxsus ichimliklar (soma) ehson qilish va boshqa
rasm-rusmlarni bajarishdan iborat bo’lgan.
Dastlab alohida ruhoniylar va ibodatxonalar bo’lmagan. Keyinchalik kohinlar,
ularning yuqori tabaqalari-brahmanlar kelib chiqdi. Ruh, narigi dunyo ruhlari,
xudolari orasidan joy oldi va ular bilan birga Yerdagi insonlardan qurbonliklar
qabul qiladigan bo’ldi. Gunohkorning ruhi esa duzahga(naraka)ga tushadi, ularga
Yama xudosi jazo belgilaydi.
Bu dinda ijtimoiy adolatsizlik Xudo tomonidan abadiy o’rnatilgan tartibdir deb
e’tirof etiladi.
Vedalar dinidan keyinchalik brahmanlik dini kelib chiqdi.
Vedalar (Sanskritcha) “muqaddas bilim” degan ma’noni bildiradi.
Eramizdan taxmiman bir yarim, ikki ming yillar avval Hindistonga bizga
noma’lum sabablarga ko’ra Shimoldan yerlik aholidan tillari va ranglari bilan farq
qiluvchi xalqlar kirib kela boshladilar. Ular Yevropa tillariga o’xshash bo’lgan
sanskrit tilida so’zlashar, o’zlarini oriylar, ya’ni aslzodalar deb atar edilar. Ular
o’zlari bilan birga muqaddas bitiklari-yozuvlarini ham olib keldilar. U bitiklar
sanskrit tilida “muqaddas bilim”, “muqaddas bashorat” degan ma’noni bildiruvchi
“Vedalar” deb atalar edi. Bu so’z ayni mahalda “muqaddas kitob”, “oliy
donishmandlik” degan ma’nolarga ham ega bo’lgan.
Vedalar tarkibiga turli davrlarda yozilgan bir qancha kitoblar kirgan bo’lib, ular
ibodat, marosimlar, falsafiy ta’limotlar, tarixiy axborotlarni o’z ichiga olgan.
Vedalarning boshqa muqaddas kitoblardan farqli tomoni shunda bo’lganki, ular
nihoyasiga yetkazilmagan va oxiri ochiq-tamomlanmagan holda qolgan. Unga
keyinchalik ruhoniylar tomonidan ham qo’shimchalar qo’shish imkoni bo’lgan.
Shuning uchun keyinchalik bu yozuv-bitiklar juda ham kengayib ketdi. Ammo bu
muqaddas bitiklarning asosiylari to’rtta-“Rig” veda, “Yajur” veda, “Sama” veda va
“Atxarba” veda bo’lgan.
Upanishad (sanskritcha) ustozning yonida haqiqatni bilish uchun o’tirmoq degan
ma’noga ega bo’lib, Vedalarga yozilgan diniy-falsafiy izohlardir. Upanishadlar
miloddan avvalgi VII-III asrlardan boshlab, milodiy XIV-XV asrlargacha tuzib
borilgan, 250 ga yaqin asarlar kiritilgan. Upanishadlar nasriy va she’riy uslubda
yozilgan dastlabki va so’nggi izohlarga bo’linadi.
Upanishadlarning asosiy vazifasi brahmanlik va buddaviylikka asos bo’lgan bir
qancha g’oyalar, xususan, insonlarga yomonlikni ravo ko’rmaslik, chunki
hayotning o’zi azoblardan iborat ekanligi haqidagi ta’limotni asoslab berishdir.
Bunda inson umrining o’zi qurbonlikdir degan tasavvur olg’a suriladi. Yakka jon
va ilohiy jonning qo’shilishi to’g’risidagi ta’limot, yakka tug’ilishlar zanjiridan
xalos bo’lish aqidasini vujudga keltiradi.
Upanishadlarda Brahma oliy ibtido, jism va hodisalar asosi va sababi, barcha
borliqning boshi va oxiri deb talqin qilinadi (Brahma-qiyofasiz xudo, mutlaq
kuch). Barcha narsalar o’shandan paydo bo’lgan, o’sha bilan yashaydi va o’lgach,
yana o’shanga qaytadi. Barcha narsalar Brahmadir, Brahma esa Atmandir deyiladi
(Atman-nafas, ruh, jon, umumiy-ilohiy jon). Shunday ekan, aytishimiz mumkinki,
barcha narsalar xudodir, xudo esa nafas, ruh, jon, umumiy jondir.
Bu ta’limotga ko’ra, moddiy dunyo, jumladan, inson ham, atman-brahmadan
paydo bo’lgan va yana o’shanga aylanadi, insonning joni avvalgi mohiyatiga
butunlay qaytib, u bilan yana qo’shilib ketadi.
Har bir inson ilohiy kuch tomonidan belgilangan hayot kechirish tarzi-qonuniga
muvofiq yashashi kerak, kimki bu qonunni buzsa, uning joni kelgusida biron
hayvon yoki hashorat tanasida qayta dunyoga keladi, bu qonunni buzmagan
odamning joni esa kelgusida yuqori tabaqa vakillariga mansub inson tanasida qayta
paydo bo’ladi, deb ta’lim beriladi. Insonning yashashdan maqsadi ham ana shunda
deb tushuntiriladi.
Upanishadlar keyingi davrlarda shakllangan barcha hind falsafiy tizimlar,
maktablar va ularning vakillari dunyoqarashlariga o’z ta’sirini ko’rsatgan.
Dostları ilə paylaş: |