Bozor munosabatlari sharoitlarida korxonani boshqarishning tamoyillari, maqsad va vazifalari
Korxonani boshqarishda samaradorlikka erishish uchun, avvalo, boshqaruvning maqsadlari, shuningdek, vositalari va unga erishish usullarini aniq belgilab olish zarur. Yuqori sifatli va raqbotbardosh mahsulotlarni eng kam xarajatlar asosida ishlab chiqarish eng ko’p daromad olishni ta’minlab, inqirozga uchrashdan saqlaydi hamda har bir korxonaning asosiy vazifasi hisoblanadi. Boshqaruvning barcha vazifalari ushbu maqsad amalga oshishiga xizmat qilishi lozim. Boshqaruvning samaradorligiga ko’p jihatdan korxona oldiga qo’yilgan maqsadlar va bajariluvchi vazifalarning o’zaro munosabatlari yordamida erishiladi. Korxonani boshqarishning maqsadlarini quyidagi turlarga bo’lib tasniflashimiz mumkin: * amalga oshirish muddatiga ko’ra - joriy va istiqbolli; * ahamiyat darajasiga ko’ra - asosiy (strategik) va ikkinchi darajali (taktik); * boshqaruv ob’ektiga munosabatiga ko’ra - xususiy va umumiy; * natijaga erishish darajasiga ko’ra - yakuniy va oraliq yoki bosqichli.