tovarlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish faqat qishloq xo‘jaligining holatiga emas, balki sanoat
tarmoqlari bilan uyg‘un rivojlanishiga ham bog‘liq bo‘ladi. Xuddi ana shu holat iqtisodiyot
tarkibida agrosanoat majmuasini bitta pirovard natijani ro‘yobga chiqarishga bo‘ysundirilgan
tarmoqlarning yagona, yaxlit tizimini keltirib chiqarish uchun asos bo‘ladi.
Agrosanoat integratsiyasi-qishloq xo‘jaligi bilan unga xizmat qiluvchi va mahsulotni
iste’molchiga yetkazib beruvchi tutash tarmoqlar o‘rtasida ishlab chiqarish aloqalarining
rivojlanishi hamda ularning uzviy birikish jarayonidir.
Agrosanoat integratsiyasi ko‘p qirrali bo‘lib, u g‘oyat xilma-xil shakllarda namoyon
bo‘ladi. Bular eng avvalo ana shu jarayon qaysi darajada, ya’ni butun mamlakat ko‘lamida,
viloyat doirasi yoki korxona darajasida yuz berishiga bog‘liq.
Butun mamlakat va mintaqalar ko‘lamida agrosanoat integratsiyasi qishloq xo‘jaligining
tarmoqlararo aloqalari kuchayishida, oziq-ovqat va mintaqa agrosanoat integratsiyalari tashkil
bo‘lishi va rivojlanishida ifodalanadi.
Agrosanoat majmuasi (ASM)-bu qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish, uni saqlash,
qayta ishlash va iste’molchilarga yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi iqtisodiyot
tarmoqlaridir. ASM to‘rtta sohani o‘z ichiga oladi. Birinchi soha-qishloq xo‘jaligiga ishlab
chiqarish vositalari yetkazib beradigan sanoat tarmoqlari, shuningdek, qishloq xo‘jaligi ishlab
chiqarishiga texnika xizmati ko‘rsatish bilan band bo‘lgan tarmoqlar; ikkinchi soha-qishloq
xo‘jaligi; uchinchi soha-qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini iste’molchiga yetkazib berishni
ta’minlaydigan tarmoqlar: tayyorlash, qayta ishlash, saqlash, tashish, sotish; to‘rtinchi soha-
insonlar hayoti va faoliyatining umumiy sharoitlarini ta’minlaydigan infratuzilma: yo‘l-
transport xo‘jaligi, aloqa, moddiy-texnika xizmati, mahsulotni saqlash tizimi, ombor va shisha
xo‘jaligidan iborat.
Ishlab chiqarish infratuzilmasi bevosita ishlab chiqarishga xizmat qiladigan tarmoqlarni,
ijtimoiy infratuzilma insonlar turmush faoliyatining umumiy sharoitlarini ta’minlaydigan
sohalarni: uy-joy, madaniy-maishiy xizmat, savdo, umumiy ovqatlanish va h.z.larni o‘z ichiga
oladi.
Dostları ilə paylaş: