boʻyniga xoch taqtirishgacha borildi. Oʻsha davr ahvolini Muhammadali xalfa Sobir oʻgʻli (Dukchi eshon) xalqqa qarata oʻz „Xitobnoma“si (1898)da yaxshi bayon qilgan.
Jadidchilikning asosiy gʻoya va maqsadlari quyidagilar edi: Turkistonni oʻrta asrlarga xos qoloqlik va diniy xurofotdan ozod etish, shariatni isloh qilish, xalqqa maʼrifat tarqatish, Turkistonda muxtoriyat hukumatini barpo etish uchun kurash, Buxoro va Xivada konstitutsiyaviy monarxiya va parlament, keyinchalik demokratik respublika tuzumini oʻrnatish orqali ozod va farovon jamiyat qurish, barqaror milliy valyutani joriy qilish va milliy qoʻshin tuzish. Toshkent, Fargʻona, Buxoro, Samarqand va Xivada hur fikrli va taraqqiyparvar kishilarning ayrim guruhlari tomonidan ochilgan madaniy- maʼrifiy yoʻnalishdagi jamiyat va uyushmalardan jadidchilik harakati shakllandi.
1904 —1905-yillardagi rus-yapon urushi, 1905—1907-yillarda boʻlgan 1-rus inqilobi, 1905—1911-yillardagi Eron inqilobi, 1908-yil Turkiyada boʻlgan Yosh turklar inqilobi jadidlar dunyoqarashiga kuchli taʼsir koʻrsatdi. Jadidlar oʻz gazeta va jurnallari, yangi usul maktablari, turli kutubxona va qiroatxonalar, havaskor teatr truppalari tevaragida toʻplanishar edi. Ularning koʻpchiligi shu davrning koʻzga koʻringan ijodkorlari — shoir-u yozuvchilar edi. Ular oʻz asarlari bilan tarixan yangi milliy adabiyot yaratdilar. Adabiyot davr voqealariga hamohang bordi. 1910- yillardayoq maʼrifat va ozodlik gʻoyalari uning