Qurilish tashkilotlarida buxgalteriya hisobining xususiyatlari
Mavzu 8. QURILISH TASHKILOTLARIDA HISOBOT Ma’ruza rejasi: 1.Qurilish tashkilotlarida tuziladigan hisobotlarning turlari va
ularni taqdim etish muddatlari
2.Qurilish tashkilotlarida moliyaviy hisobot shakllarini to‘lg‘azish
xususiyatlari
1. Qurilish tashkilotlarida hisobotlarning turlari va ularni taqdim etish muddatlari Qurilish tashkilotlarida, boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar singari, hisob
jarayonining yakuniy bosqichi bo‘lib moliyaviy va statistik hisobotlarni tuzish
hisoblanadi. Ushbu hisobotlar respublikamizda milliy valyutada ming so‘m
birligida tuziladi.
Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida qonun (16-modda)ga muvofiq qurilish
tashkilotlarining moliyaviy hisoboti o‘z ichiga quyidagilarni oladi:
buxgalteriya balansi;
moliyaviy natijalar to‘g‘risida hisobot;
asosiy vositalar harakati to‘g‘risida hisobot;
pul oqimlari to‘g‘risida hisobot;
xususiy kapital to‘g‘risida hisobot;
izohlar, hisob-kitoblar va tushuntirishlar.
Kichik biznes sub’ektlari hisoblangan qurilish tashkilotlariga moliyaviy
hisobotni ixchamlashtirilgan tarzda tuzish va taqdim etishga ruxsat etiladi. Ushbu
ixchamlashtirilgan moliyaviy hisobot o‘z ichiga buxgalteriya balansi, moliyaviy
natijalar to‘g‘risida hisobot hamda izohlar, hisob-kitoblar va tushuntirishlarni
oladi.
Qurilish tashkilotlarida barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlaridagidek hisobot
davri bo‘lib taqvim yilning 1 yanvaridan 31 dekabrigacha bo‘lgan davr
hisoblanadi. Taqvim yilining 1 oktyabridan keyin davlat ro‘yxatidan o‘tgan
qurilish tashkilotlari uchun birinchi hisobot yili bo‘lib davlat ro‘yxatidan o‘tgan
sanadan kelgusi yilning 31 dekabrigacha bo‘lgan davr hisoblanadi. Ushbu davrda
yuz bergan xo‘jalik jarayonlari birinchi hisobot yiliga doir, deb tan olinadi va mos
ravishda shu davrning moliyaviy hisobotiga kiritiladi.
Qurilish tashkilotlarining moliyaviy hisoboti quyidagilarga majburiy tarzda
taqdim etiladi:
soliq idoralariga;
ta’sis hujjatlariga muvofiq mulk egalariga;
davlat statistika organlariga;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa organlarga.
Moliyaviy hisobotni taqdim etish muddatlari ularning tashkiliy-huquqiy
maqomiga bog‘liq. Chunonchi, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi qurilish
tashkilotlari faqat yillik yillik moliyaviy hisobotni tuzadilar va uni keyingi yilning
25 martigacha taqdim etadilar. Aksiyadorlik jamiyati, ma’suliyati cheklangan
jamiyat va xususiy korxonalar maqomidagi qurilish tashkilotlari yillik moliyaviy
hisobotni keyingi yilning 15 fevraligacha taqdim etishlari lozim.
Kichik biznes sub’ektlariga kiruvchi qurilish tashkilotlari moliyaviy hisobotni
faqat hisobot yili yakuni bo‘yicha taqdim etadilar. Ushbu maqomga ega bo‘lmagan
boshqa turdagi tashkilotlar (xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalardan
tashqari) yillik hisobotdan tashqari choraklik hisobotlarni ham tuzishlari va ularni
choraklikdan keyingi oyning 25 sanasigacha tegishli organlarga taqdim etishlari
kerak.
Qurilish tashkilotlari ularning maqomi va tashkiliy shakllariga qarab
moliyaviy hisobotdan tashqari turli statistika hisobotlarini ham tuzadilar.
Chunonchi, kichik biznes sub’ektlari hisoblangan qurilish tashkilotlari har
chorakda 1-MB shaklda «Mikrofirma va kichik korxonaning hisoboti»ni tuzishlari
va statistika organlariga taqdim etishlari lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 24 sentyabrda
qabul qilingan «Qurilish sohasida hisobotni yanada takomillashtirish chora-
tadbirlari to‘g‘risida»gi 409-son qarori bilan qurilish tashkilotlari uchun statistika
hisobotlarining birxillash-tiriladigan va qisqartiriladigan shakllarining yangi
ro‘yxati, ularni tuzish va taqdim etish muddatlari tasdiqlangan. Ushbu statistika
hisobotlarining birxillashtirilgan ayrim shakllarining ro‘yxati 8.1-jadvalda
keltirilgan.