Paxta tolasining rangi va tashqi ko‘rinishini aniqlash maxsus jihozlangan klassyor xonalarida bajariladi. Operator sinalayotgan namunani klassifikator stoliga, tashqi ko‘rinish etalon namunalari (34- rasm) joylashgan quti bilan yonma-yon qo‘yadi va solishtirma yo‘li bilan ko‘proq yaqin keluvchi etalon namuna topiladi. Keyin operator sinalayotgan namunani yuqori va pastki bo‘laklarga ajratadi (kitob shaklida ochib) va namunaning ichki yuzasini etalon namunalar bilan solishtiradi. Agar namunaning tashqi va ichki yuzalar rangi hamda tashqi ko‘rinishi muvofiq kelmasa, baholash natijasi sifatida past ko‘rsatkich olinadi.
Tabiiy yorug‘likda sinash usuli
Paxta tolasining rangi va tashqi ko‘rinishini tabiiy yorug‘likda aniqlashda operator soya joyda bo‘lishi kerak. Klassifikatsiya stoli shunday joylashgan bo‘lishi kerakki, operator namunalarni tekshirayotgan vaqtida yorug‘lik manbaiga teskari qarab turishi kerak. Operator atrofida nur taratuvchi, nur qaytaruvchi ko‘zgu va yaltiroq bo‘yalgan jismlar bo‘lmasligi kerak. Tolaning shtapel uzunligi klassyor qo‘lda aniqlaydi.
Namunani etalon namunalar bilan solishtirish arbitraj usuli bilan bajariladi.
Shtapel uzunlikni aniqlashning klassyor usuli
6-10 g massali qatlam tola ikkala qo‘lning bosh va ko‘rsatkich barmoqlar orasiga shunday qisiladiki, bunda qatlamning chetki erkin qismi musht orasida bo‘ladi, bosh barmoqlar orasida 1-1,5 sm masofa bo‘lishi kerak (13- rasm).
Mahkam qisilgan qatlam sekin-astalik bilan tolalar uzilishiga yo‘l qo‘ymay ikki qismga bo‘linadi. O‘ng qo‘ldagi qism tashlab yuborilib, chap qo‘lda qisilgan qismdan ozod tolalar olib tashlanadi va bir vaqtda qisilgan tolalar uzunlik bo‘yicha silliqlanadi.
Chetki qismi tekislanib, o‘ng qo‘lning bosh va ko‘rsatkich barmoqlari bilan taramchadan uchlari 2-3 mm chiqib turgan tolalar tortiladi. Taramcha sekin-astalik bilan tortiladi, natijada tolalar to‘g‘rilanadi. Taram tayyorlash uchun asosan uch-to‘rt taramcha tortiladi, bunda tola chekkalari bir chiziqda yotishi kerak.
3-rasm. Qo‘lda shtapel tayyorlash
Chap qo‘ldagi tolalar tashlab yuboriladi va shu qo‘l bilan o‘ng qo‘ldagi taram tolalar silliqlanib, qisilmagan erkin tolalar olib tashlanadi.
So‘ngra o‘ng qo‘ldan chap qo‘lga tola uchlari tekislangan holatda taram olinadi.
Tayyorlangan taramning shtapel uzunligi shu operator tomoni-dan standart namunalardan tayyorlangan taramlar bilan solishtirib aniqlanadi yoki taramning o‘rtasidan chizg‘ichda o‘lchanadi.
Klassyor usulida uzunlikni aniqlash uchun ikki marta shtapel tayyorlanadi va uzunligi o‘lchanadi, agar natija bir-biridan farqli chiqsa, uchinchi bor o‘lchanadi va yakuniy natija qilib uchta o‘lchashning o‘rtachasi olinadi.