1. Fe’l-kesim quyidagicha ifodalanadi:
1) sof fe’l bilan: Karimjon maktabdan keldi.
2) sifatdosh bilan: Bu kitoblarning barchasi o’qilgan.
3) ravishdosh bilan: Bolta tushguncha, to’nka dam oladi. (Maqol)
2. Ot-kesim quyidagicha ifodalanadi:
1) bosh, jo’nalish, o’rin-payt, chiqish kelishigidagi otlar bilan: O’zbekistonning poytaxti - Toshkent. Bu sovg’a ukamga. Uyning kaliti onamda. Bularning hammasi sevinchdan.
2) sifat bilan: SHahar go’zal.
3) olmosh bilan: Bu narsa o’z-o’zimniki.
4) otlashgan son bilan: Ikki o’n besh - bir o’ttiz.
5) ravish bilan: Dangasaning vaji ko’p.
6) undov so’z bilan: Buyruqni bajarmaganning holi voy.
7) modal so’z bilan: Uning ezgu niyatlari bor.
Kesimlar tuzilishiga ko’ra ham ikki turga bo’linadi:
1. Sodda kesim bir so’zdan iborat bo’ladi:
1) sodda fe’l-kesim: Men keldim.
2) sodda ot-kesim: Uyat o’limdan qattiq.
2. Murakkab kesim kamida ikkita so’zdan tuzilgan bo’ladi:
1) murakkab fe’l-kesim quyidagicha tuziladi:
a) ko’makchi fe’lli so’z qo’shilmasidan iborat bo’ladi: Odamlar tarqala boshladi.
b) sifatdosh va to’liqsiz fe’ldan iborat bo’ladi. Mashg’ulot haftada bir marta o’tadigan bo’ldi. U kelgan edi.
v) ibora bilan ifodalanadi: Sobir so’zining ustidan chiqdi.
2) murakkab ot-kesim quyidagicha tuziladi: a) ot, sifat, son, olmosh, ravish hamda "bo’lmoq" fe’li yoki to’liqsiz fe’ldan iborat bo’ladi: Mehnat qancha qiyin bo’lsa, noni shuncha shirin bo’ladi.
b) yo’q, bor, oz, ko’p, zarur, lozim, kerak, darkor kabi so’zlar hamda bo’lmoq fe’li yoki to’liqsiz fe’ldan iborat bo’ladi: Uzoqda ko’ringan sharpa bir zumda yo’q bo’ldi.
v) harakat nomi hamda kerak, lozim kabi so’zlardan iborat bo’ladi, bunda kesimni ega bilan moslashtiruvchi shaxs-son qo’shimchalari harakat nomiga qo’shiladi: CHoyxona yangi solingan qishki binoga ko’chib kirishi va bayramda ochilishi kerak edi.
Ot-kesimni ega bilan bog’lovchi vosita bog’lama deb ataladi. Bog’lama -dir kesimlik qo’shimchasi ( Mehnatning noni shirindir), shu qo’shimchaga sinonim bo’lgan bo’lmoq, hisoblanadi, sanaladi fe’llari (U kishi mening ustozim hisoblanadi.), to’liqsiz fe’llar (U mening do’stim edi.), shuningdek, ot-kesimlarga qo’shilgan shaxs-son qo’shimchalari (Men o’quvchiman.) bilan ifodalanadi.
Dostları ilə paylaş: |