Yosh psixologiyasining predmeti – inson psixikasining Yosh jihatdan taraqqiyoti, psixik jarayonlar hamda inson shaxsi xislatlarining ontogenezini o‘rganishdan iborat.
Yosh psixologiyasi o‘z navbatida bir qancha sohalarga bo‘linadi. Bular :
1.Bolalar psixologiyasi
2.Kichik maktab yoshidagi o‘quvchilar psixologiyasi.
3.O‘smir psixologiyasi.
4.Ilk o‘spirinlik yoshi psixologiyasi.
5.Katta yoshdagilar psixologiyasi.
6.Gerontopsixologiya ( qarilik) psixologiyasi.
Yosh psixologiyasining umumiy vazifalarisifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:
1) Psixik jarayonlarning, bilimlarni o‘zlashtirishning yosh imkoniyatlarini tadqiq qilish.
2) Shaxs rivojlanishining muhim omillarini o‘rganish.
3) Psixik taraqqiyotning umumiy qonuniyatlarini hamda bosqichlarini tadqiq etish.
4) Har bir yoshning psixologik va individual xususiyatlarini o‘rganadi.
Yosh psixologiyasining asoslarini bilmay turib, ta’lim-tarbiyaning
hech qanday nazariy hamda amaliy masalalarini muvaffaqiyatli hal qilib bo‘lmaydi.
Ta’lim-tarbiya jarayonini to‘g‘ri, ilmiy asosda tashkil qilish uchun ta’lim jarayonining o‘ziga xos psixologik qonuniyatlarini, ya’ni bilimlarni o‘zlashtirish jarayonini, ko‘nikma va malakalarni, faol, mustaqil hamda ijobiy tafakkur jarayonlarini tarkib toptirishni yaxshi bilish lozim bo‘ladi. Psixolog L.S. Vigotskiy ko‘rsatib o‘tganidek, ular ma’lum hodisalarga nisbatan o‘zlarining kundalik hayotdagi oddiy tushunishlari bo‘ladi. Bu esa ilmiy tushunchalarning tarkib topishiga ma’lum darajada ta’sir qiladi. Bundan keyin, tushunchalarni tarkib toptirishda hissiy negizga qay darajada tayanish lozimligini, qaysi paytda ko‘rgazmalilikdan va yakka hodisalardan qutilib, mavhumlik hamda umumiylikka o‘tish maqsadga muvofiqligini bilish kerak. Ko‘rgazmali tayanchdan barvaqt voz kechish ham ana shu bosqichda sun’iy ravishda to‘xtab qolish ham bir xil xatodir. Shuning bilan birga ko‘rib va eshitib idrok qilish xususiyatlarini hamda ularning o‘zaro munosabat xarakterini bilish kerak. O‘tilgan materiallarni qanday yo‘l bilan psixologik jihatdan samarali qilib mustahkamlash mumkin? O‘quvchiga savolni qanday berish mumkin: umumiy qilibmi yoki qonkret shakldami? Bir xil savollarni beraverish to‘g‘rimi? Yordamchi savollarning roli qanday? (Psixologiyada shu narsa ma’lumki, javob beriladigan savolning ifodalanishiga ham bog‘liq bo‘ladi).
Pedagogik psixologiyani bilish tarbiya ishlarida ham zarurdir. Shaxs tarkib topishi jarayonining psixologik qonuniyatlarini, jumladan, axloqiy odatlar va ishonch-e’tiqod tarkib topishining qonuniyatlarini bilmay turib, to‘g‘ri tarbiya berish mumkin emas.