Pul mablag’lari va hisob-kitoblar hisobi Bugungi kunda xo’jalik yurituvchi sub’ektlarda pul mablag’lari hisobini xalqaro miqyosda qabul qilingan andozalar darajasida bo’lishini taqozo qiladi. Xo’jalik yurituvchi sub’ektlarda pul mablag’lari hisobini to’g’ri va aniq tashkil qilinishi hamda uni takomillashtirish hozirgi kunning dolzarb vazifasidan biri hisoblanadi. Bundan tashqari xo’jalik yurituvchi sub’ektlarda pul mablag’lari harakati jarayonlarini takomillashtirish masalasi ustida izlanishlar olib borilish lozim. Chunki republikamizda bu jarayonlarda ayrim muammolar mavjud.
O’zbekiston Respublikasi iqtisodiyotida bozor munosabatlarining rivojlanishi shartnomaviy munosabatlar asoslarda mehnat vositalari va kreditlarini xarid qilish, mahsulot (ishlar, xizmatlar) ni sotish-sotib olish bitimlar tuzilayotgan xo’jalik yurituvchi sub’ektlar o’rtasida kengayib bormoqda. Bundan tashqari, byudjet, banklar, sug’urta organlari, turli jamoat tashkilotlari, xayriya fondlari, bevosita xodimlar va hokazolar bilan to’lov muomalalari amalga oshirilmoqda. Xo’jalik yurituvchi sub’ektlar, fuqarolarning g’oyatda keng va xilma-xil doirasi bilan amaliy aloqalari xo’jalik yurituvchi sub’ekt faoliyatining muntazam va ob’ektiv jihatdan muqarrar shartiga aylanmoqda. Xo’jalik yurituvchi sub’ektlar o’rtasidagi har xil to’lovlar va o’zaro hisob-kitoblar natijasida pul qarzi tusini olgan mulkiy majburiyat ko’rinishida namoyon bo’ladi.
Barcha mulkchilik shaklidagi xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning pul mablag’lari, xoh u xususiy bo’lsin, xoh qarzga olingan bo’lsin, kassadan o’tuvchi pul qoldiqlari va aylanishdan foydalaniladigan tushumning bir qismidan tashqari, uning bankdagi hisob-kitob schyotida saqlanishi lozim. Bank xo’jalik yurituvchi sub’ektning schyotlardan pulni o’tkazish va berish to’g’risidagi hamda bank qoidalari va bank bilan xo’jalik yurituvchi sub’ekt o’rtasidagi shartnomada ko’zda tutilgan boshqa muomalalarni o’tkazish haqidagi farmoyishlarini bajaradi.
Hisob-kitoblar ushbu ikki shaklda: naqd pulsiz o’tkazishlar yo’li bilan va naqd pulli to’lovlar tarzida amalga oshirilishi mumkin. Xo’jalik yurituvchi sub’ektlar hisob-kitob schyotini ochish uchun bankka ariza, notarius tomonidan tasdiqlangan ta’sis shartnomasi va ustavini taqdim etadi. Ushbu hujjatlar asosida bank vaqtinchalik hisob-kitob schyotini ochadi va xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning kapital badallari summasini qabul qiladi. Xo’jalik yurituvchi sub’ekt tuman xokimligida, adliya boshqarmalarida, auditorlik firmalari va xorijiy kompaniyalar Adliya vazirligi va soliq inspektsiyasida ro’yxatga olinganidan so’ng bankka ma’lumotnoma taqdim qiladi so’ng xo’jalik yurituvchi sub’ekt rahbari hamda bosh buxgalterning notarius tasdiqlagan imzolari namunalari bo’lgan varaqa doimiy hisob- kitob schyotini ochish uchun taqdim etiladi. Bank muassasasi bosh buxgalteri xo’jalik yurituvchi sub’ekt ustavining asl nusxasida hisob raqamini ko’rsatgan holda schyot ochilgani to’g’risida belgi qo’yadi va ushbu faktni gerbli muhr bilan tasdiqlaydi. Xo’jalik yurituvchi sub’ekt o’zining hisob-kitob schyotida bo’lgan barcha mablag’larini unga amaldagi qoidalariga muvofiq berilgan huquqlar doirasida erkin tasarruf etadi. (“O’zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar qoidalari”O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 1995 yil 19 avgustdagi majlisida 22-son bayonnoma bilan tasdiqlangan.)
Hisob-kitob varag’idan to’lovlar mol etkazib beruvchilardan olingan TMZ va asosiy vositalar, byudjet va sug’urtaga bo’lgan qarzlarini to’lash uchun, ish haqi berish uchun kassadan naqd pul mablag’lari olinadi va boshqa maqsadlar uchun amalga oshiriladi. Har bir to’lov xo’jalik yurituvchi sub’ekt bilan, ya’ni hisob-kitob varag’i egasi bilan kelishgan holda amalga oshiriladi, lekin quyidagi hollarda bank xo’jalik yurituvchi sub’ektning hisob- kitob schyotidan mablag’larni boshqa tashkilotlardan majburiy asosda echib oladi: moliya organlarining buyruqlari asosida, agar soliqlarning to’lash muddati o’tib ketgan bo’lsa; kreditdan foydalanganlik uchun foiz; bank xizmati uchun va hokazo.
Naqd pulsiz to’lovlarni amalga oshirishda tomonlarning mas’uliyati har bir ishtirokchi uchun belgilanadi. Masalan, mol etkazib beruvchi uchun bu – shartnomaga va yuklab jo’natilgan mahsulotga muvofiq amalga oshirilgan pul ekvivalentini o’z vaqtida olish, xaridor uchun – mol etkazib beruvchi tomonidan shartnoma shartlari bajarilishi.
Shu bilan birga banklar ham mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, mijozlar oldida qabul qilgan majburiyatlar bajarilmagani uchun shartnoma asosida moddiy javobgar bo’ladi; ularning vazifalari – to’lov muomalalarini o’tkazishning belgilangan qoidalariga qat’iy rioya etilishini amalda ta’minlash, xizmat ko’rsatayotgan xo’jalik yurituvchi sub’ekt va tashkilotlarning ishlab chiqish va to’lov muomalalarini tartibini yanada takomillashtirish bo’yicha takliflar kiritishdir.
Bank orqali naqd pulsiz o’tkazishlar yo’li bilan to’lovlar shakli yordamida nafaqat mol etkazib beruvchilar bilan ulardan sotib olingan moddiy boyliklar uchun yoki xaridorlar bilan ular sotgan mahsulotlar, bajargan ishlar va xizmatlar uchun hisob-kitoblar, balki shuningdek byudjet bilan soliqlar bo’yicha, turli xil debitor va kreditorlar, bosh (asosiy) kompaniya yoki birlashma bilan (ichki doiraviy, ichki xo’jalik hisob-kitoblar), kasaba uyushma tashkiloti bilan hisob-kitoblar hamda bir qancha boshqa to’lovlar amalga oshiriladi.
«Sariosiyo Dizel Imkon» MCHJning buxgalteriyasi, odatda, barcha to’lov va hisob-kitob muomalalarini amalga oshiradi hamda ushbu muomalalarni qonunlarga muvofiq, o’z vaqtida va to’g’ri rasmiylashtirish ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Moliyaviy hisoboldida pul mablag’lari, to’lovlar, hisob-kitoblar va kreditlarni hisobga olish borasida quyidagi asosiy vazifalar turadi:
xo’jalik yurituvchi sub’ektning pul mablag’larini samarali boshqarish maqsadlari uchun kerakli axborot bilan ta’minlash;
naqd pulsiz hisob-kitoblarni tartibga soluvchi me’yoriy hujjatlar talablariga rioya etgan holda naqd pulsiz hisob-kitoblarni o’z vaqtida amalga oshirish;
hisob registrlarida to’lov va hisob-kitob muomalalari pul mablag’larining mavjudligi hamda harakatini to’liq va tezkor aks ettirish;
naqd pul mablag’laridan xo’jalik yurituvchi sub’ektda ishlab chiqilgan limitlar va smetalarga muvofiq foydalanishning amaldagi qoidalariga rioya qilish;
pul mablag’lari va o’zaro hisob-kitoblar holatining inventarlanishini tashkil etish hamda belgilangan muddatlarda o’tkazish, debitorlik va kreditorlik qarzlarini uzish muddatlari o’tib ketishiga yo’l qo’ymaslik;
kassada, banklardagi hisob-kitob, valyuta va boshqa schyotlarda pullar mavjudligi va butligini nazorat qilish;
pul resurslarining harakat oqimini bashorat qilish va pul mablag’larining harakat oqimini maqbul holga keltirishni tartibga solish bo’yicha tegishli boshqaruv qarorlarini tayyorlash.
Bosh buxgalter xo’jalik yurituvchi sub’ekt rahbari bilan birgalikda quyidagilarni ta’minlashi kerak: kelib tushayotgan barcha pul mablag’larining to’liq hisobi, shuningdek, boshqa xizmatlar (yuridik, moliyaviy va hokazo) rahbarlari bilan birgalikda debitorlik qarzlarini undirish va kreditorlik qarzlarini uzish, to’lov intizomiga rioya etish, pul mablag’lari, to’lovlar bo’yicha o’zaro hisob-kitoblar va majburiyatlar holatini belgilangan muddatlarda inventarlash, amaldagi qonunchilikka muvofiq undirish mumkin bo’lmagan, da’vo qo’zg’ash muddati o’tib ketgan qarzlarni buxgalteriya balanslaridan o’chirish.
Xo’jalik yurituvchi sub’ekt kassasidan naqd pulni olish va xarajatlash bilan bog’liq bo’lgan muomalalar kassa muomalalari deb yuritiladi. Xo’jalik yurituvchi sub’ektning bu boradagi xatti-harakatlari O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan “Kassa muomalalarini olib borish tartibi ”da belgilab berilgan.
Kassa muomalalarining Moliyaviy hisob5000-“Kassa”hisobvarag’ida yuritiladi. Mazkur schyot xo’jalik yurituvchi sub’ekt kassalarida turgan pul mablag’lari va ularning harakati to’g’risidagi ma’lumotlarni umumlashtirish uchun mo’ljallangan.
Xo’jalik yurituvchi sub’ektlar o’z kassalarida ularga belgilangan limitdan ortiq naqd pullarni faqat ish haqi, mukofot, ijtimoiy sug’urta bo’yicha nafaqalar, stipendiya va pensiyalarni to’lash uchun, bank muassasasidan pul olingan kunni ham qo’shib hisoblaganda 3 bank ish kunidan oshmaydigan muddatda (bank muassasasidan ancha olisda joylashgan xo’jalik yurituvchi sub’ektlar uchun 5 ish kuni) saqlab turishlari mumkin.
Xo’jalik yurituvchi sub’ektlar naqd pullarni hisobot topshirish sharti bilan xizmat safarlariga xo’jalik xarajatlari ekspeditsiyalar, geologiya-razvedka guruhlari, xo’jalik yurituvchi sub’ekt rahbarlari ularga kassa xizmatlari ko’rsatuvchi tijorat banki bilan kelishgan holda belgilagan miqdorlarda beradilar.
Xizmat safarlari xarajatlari uchun naqd pullar xizmat safariga yuborilayotganlarga respublika hududida amal qiluvchi tartibga asosan belgilangan summalar miqdorida beriladi.
Hisobot topshirish sharti bilan berilgan, lekin xarajatlanmagan naqd pullar shu mablag’ berilgan muddat tugaganidan keyin 3 ish kuni mobaynida xo’jalik yurituvchi sub’ekt kassasiga qaytarilishi kerak.
Hisobot topshirish sharti bilan naqd pul olgan shaxslar xarajatlangan summalar to’g’risida xo’jalik yurituvchi sub’ekt buxgalteriyasiga (avtobus, yo’l pattalari, mehmonxona pattalari, poezd pattalari, samolyot pattalari) hisobot berishlari shart.
Ilgari hisobot topshirish sharti bilan berilgan summalar yuzasidan to’liq hisobot berilganidan keyingina yana hisobot topshirish sharti bilan naqd pul berilishi mumkin.
Xo’jalik yurituvchi sub’ektlar kassasidan naqd pullar chiqim kassa orderlari asosida yoki tegishlicha rasmiylashtirilgan boshqa hujjatlar (to’lov vedomostlari, pul berish to’g’risidagi arizalar, to’lovnoma va boshqalar) ga asosan beriladi. Bu hujjatlarda chiqim kassa orderi rekvizitlari tushirilgan shtamp izi bo’lishi lozim. Naqd pul olish uchun to’ldirilgan hujjatlarda xo’jalik yurituvchi sub’ekt rahbari va bosh buxgalterning yoki ular vakolat bergan shaxslarning imzosi bo’lishi kerak.
Chiqim kassa orderlariga ilova qilinadigan hujjatlar, arizalar, to’lovnomalar (schyotlar) va boshqalarda xo’jalik yurituvchi sub’ekt rahbarining ijozat beruvchi imzosi bo’lgan hollarda chiqim kassa orderlarida rahbar imzosi bo’lishi shart emas.
Chiqim kassa orderi yoki uning o’rnini bosuvchi hujjat bo’yicha alohida shaxsga pul berayotganda kassir pul oluvchidan uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat ko’rsatilishini talab qiladi, hujjatning nomi va raqamini, u kim tomonidan va qachon berilganini yozib oladi hamda olinayotgan pulning miqdorini so’z bilan yozdiradi va pul oluvchiga imzo chektiradi. Agar chiqim kassa orderining o’rnini bosuvchi hujjat bir necha shaxsga pul berish uchun
tuzilgan bo’lsa, u holda oluvchilar ham yuqorida aytilgan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarini ko’rsatadilar hamda to’lov hujjatlarining tegishli ustuniga imzo chekadilar.
Xo’jalik yurituvchi sub’ektning xodimlari ro’yxatida turmaydigan shaxslarga pul tuzilgan shartnomalar asosida har bir shaxs uchun alohida yoziladigan chiqim kassa orderi bo’yicha beriladi.
Kassir pulni faqat chiqim kassa orderida yoki uning o’rnini bosuvchi hujjatda ko’rsatilgan shaxsga beradi. Ayrim hollarda pul ko’rsatilgan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma asosida olinadigan bo’lsa, chiqim orderi matnida pul oluvchining familiyasi, ismi, otasining ismidan keyin pul olish uchun ishonch bildirilgan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi yozib qo’yiladi. Agar pul vedomosti bo’yicha berilayotgan bo’lsa, pul olinganini tasdiqlovchi imzo oldidan kassir “Ishonchnoma asosida” deb yozib qo’yadi. Ishonchnomani kassir olib qoladi va chiqim kassa orderiga yoki ishonchnomaga tikib qo’yadi.
Kassir ish haqi, ish qobiliyatini vaqtincha yo’qotish nafaqasi, stipendiya, pensiya va mukofotlarni har bir oluvchi uchun chiqim kassa orderi tuzmasdan, to’lov (hisob-kitob- to’lov) vedomostlari bo’yicha beradi.
To’lov (hisob-kitob-to’lov) vedomostining yuzida pul berishga ruxsat etuvchi ustxat yozilib, xo’jalik yurituvchi sub’ekt rahbari va bosh buxgalterining yoki ular vakolat bergan shaxslarning imzolari, pul berish muddatlari hamda so’z bilan yozilgan summa bo’lishi shart.
Ish haqi sifatida bir marta to’lanadigan pullar (ta’tilga chiqayotganda, kasal bo’lganda va hokazo), shuningdek, deponentdagi summalar, bir necha shaxslarga xizmat safari xarajatlari uchun hisobot topshirish sharti bilan beriladigan pullar ham shu tartibda rasmiylashtiriladi.
Buxgalteriya kassir tomonidan to’lov vedomostlariga kiritgan yozuvlarni tekshirib berilgan va deponentga qo’yilgan summalarni inventarizatsiyalaydi. Deponentlashtirilgan summalar bankka topshiriladi va ushbu topshirilgan summalar uchun bitta umumiy chiqim kassa orderi tuziladi.
Buxgalteriya kirim kassa orderlari, ularning kvitantsiyalarni, shuningdek, chiqim kassa orderlari va ular o’rnini bosuvchi hujjatlarni siyohli yoki sharikli ruchkada aniq-ravshan qilib yozishi kerak. Kassa hujjatlarda biror yozuvlar o’chirilishi, chaplanishi yoki o’zgartarilishiga, hatto tuzatish to’g’riligi qayd etilgan bo’lsa ham, yo’l qo’yilmaydi. Quyidagi qoidaga rioya qilish tavsiya etiladi:
kirim va chiqim kassa orderlarida ularni tuzish uchun asos bo’lgan hamda ilova qilingan hujjatlar ko’rsatiladi;
kirim va chiqim kassa orderlarini yoxud ular o’rnini bosuvchi hujjatlarni pul topshirayotgan yoki olayotgan shaxslar qo’liga berish taqiqlanadi;
kassa orderlari bo’yicha naqd pul faqat ular tuzilgan kuni qabul qilinishi va berilishi mumkin;
kirim va chiqim kassa orderlarini yoki ular o’rnini bosuvchi hujjatlarni olayotganda kassir quyidagilarni tekshirishi shart;
hujjatlarda bosh buxgalter imzosi, chiqim kassa orderi yoki uning o’rnini bosuvchi hujjatda esa xo’jalik yurituvchi sub’ekt rahbari yoki u vakolat bergan shaxsning ijozat ustxati borligi va haqiqiyligi;
hujjatlar to’g’ri rasmiylashtirilgani;
hujjatlarda qayd etilgan ilovalar mavjudligi.
Yuqoridagi talablardan birortasiga rioya etilmagan bo’lsa, kassir bu hujjatlarni tegishlicha rasmiylashtirish uchun buxgalteriyaga qaytaradi.
Kassa kirim va chiqim orderlari bo’yicha pul berilgan zahoti kassir tomonidan imzolanadi, ularga ilova qilingan hujjatlar esa tegishli shtamp asosida “Puli to’langan” deb yozib, sana (kun, oy, yil) ni ko’rsatish yo’li bilan hujjat yopiladi.
Kassa kirim va chiqim orderlari yoki ularning o’rnini bosuvchi hujjatlar kassaga yuborilishidan oldin buxgalter tomonidan kirim va chiqim kassa orderlarini ro’yxatga olish daftarida qayd etiladi. Ish haqi to’lash uchun mo’ljallangan to’lov (hisob-kitob-to’lov) vedomostlarida rasmiylashtirilgan chiqim kassa orderlari pul to’langanidan keyin ro’yxatga olinadi.
Kassa kirim va chiqim hujjatlarini hisoblash texnikasi yordamida ro’yxatga olib borish mumkin. Bunda tegishli kun uchun tuziladigan “Kassa kirim va chiqim orderlarini ro’yxatga olish daftarining qistirma varag’i” mashinagrammasida pul mablag’lari ko’zlangan maqsadlar bo’yicha harakatlanishining hisobini yuritish uchun kerakli ma’lumotlar yozilishi ham ta’minlanadi.
Har bir xo’jalik yurituvchi sub’ektda bitta kassa daftari to’tiladi. Bu daftar sahifalari raqamlangan, ipcha bilan tikilgan va uning uchi surg’uchli yoki mastikali muhr bilan tamg’alangan bo’lishi lozim. Kassa daftaridagi varaqlar soni mazkur xo’jalik yurituvchi sub’ekt yoki yuqori tashkilot rahbari va bosh buxgalterning imzolari bilan tasdiqlanadi.
Kassa daftariga yozuvlar kopirovka qog’ozi (qora qog’oz) orqali sharikli ruchkada 2 nusxada yoziladi. Sahifalarning ikkinchi nusxasi qirqib olinib hujjatlar ilova qilingan holda kassir hisoboti sifatida topshiriladi. Varaqning siyohda yozilgan asl nusxalari kassa daftarida qoladi.
Kassa daftaridagi yozuvlar o’chirilishi hamda tasdiqlanmagan o’zgartishlar kiritilishi man etiladi. Kiritilgan tuzatishlar kassir, shuningdek, xo’jalik yurituvchi sub’ekt bosh buxgalteri yoki uning vazifalarini bajarib turgan shaxs imzolari bilan tasdiqlanadi.
Kassir kassa daftariga yozuvlarni har bir order yoki uning o’rnini bosuvchi hujjat asosida pul olingan yoki berilgan zahoti yozadi. Ish kuni oxirida kun davomida bajarilgan muomalalar yakunini hisoblab, kassadagi pul qoldig’ini keyingi kunga o’tkazadi va hisoboti sifatida ikkinchi nusxa (kun davomida kassa daftariga kiritilgan yozuvlar nusxasi) ni kirim va chiqim kassa hujjatlari bilan birga buxgalterga topshirib, unga kassa daftariga imzo chektiradi.
Kassir moddiy javobgarlik to’g’risida tuzgan shartnomasiga muvofiq, o’zi qabul qilgan barcha boyliklarni but saqlashi, qilgan xatti-harakatlari natijasida, ya’ni o’z vazifalariga sovuqqonlik yoki nohalollik bilan qarash oqibatida xo’jalik yurituvchi sub’ektga etkazilgan har qanday moddiy zarar uchun javob beradi.
Kassada inventarizatsiyasi bir oyda bir marta o’tkazilib, uning natijasi akt-taqqoslash vedomostida tuziladi. Inventarizatsiya vaqtida pul kam chiqsa, u moddiy javobgar shaxsdan undirib olinadi, ortiqcha chiqsa, u holda davlat byudjetiga o’tkaziladi.
Tekshirishni amalga oshirish jarayonida buxgalter quyidagi tartibga rioya qilishi kerak:
Kassani tekshirish kassir ishtirokida amalga oshiriladi;
Kassani tekshirish paytida barcha kassa jarayonlari to’xtatiladi. Agar xo’jalik yurituvchi sub’ektda bir nechta kassa mavjud bo’lsa, o’tkazish holda buxgalter barcha kassalarni muhrlaydi. Kassa kaliti kassirda,muhr esa bosh buxgalterda qoladi;
Kassadagi naqd pullar va qimmatbaho qog’ozlar kassir va bosh buxgalter ishtirokida birma-bir sanab chiqiladi. Buxgalteriya tomonidan olingan kassa hisobotlari va hujjatlariga ishlov beriladi. Har bir yozuv mohiyatiga qarab tekshiriladi, birlamchi hujjat bilan solishtiriladi, shundan so’ng hisobotga 5000 - “Kassa” hisobvarag’i bilan analitik korrespondentsiyalanadigan jamlama schyot va schyotning shifri qo’yiladi. Kassir hisoboti bo’yicha kun boshidagi pul qoldig’ini buxgalter avvalgi hisobotda ko’rsatilgan kun oxiridagi pul qoldig’i bilan solishtiradi va chiqarilgan oborotlar hamda qoldiqning to’g’riligini tekshiradi.
Kassirning ishlov berilgan hisoboti asosida buxgalteriyada 5000-“Kassa” hisobvarag’ining krediti bo’yicha 1 - jurnal-orderda va 5000- “Kassa” schyot debeti bo’yicha 1- vedomostda kassa muomalalarining hisobi yuritiladi.
5000-“Kassa” schyot debet bo’yicha quyidagi schyotlar krediti bilan korrespondentsiyalanadi: 9010-“Mahsulot (ishlar, xizmatlar) sotilishidan daromadlar” – sotilgan mahsulotlar uchun kassaga kelib tushgan naqd pullarga; 9310-“Asosiy vositalarning sotilishi va tugatilishidan foyda” – asosiy vositalarni naqd pulga sotishdan olingan tushum summasiga; 9320–“Boshqa aktivlarni tugatishdan olingan foyda” – boshqa moddiy boyliklarni naqd pulga sotishdan kassaga kelib tushgan summaga; 5110–“Hisob- kitob schyoti” – bank muassasalaridan turli maqsadlar uchun olingan summaga; 9390 – “Boshqa operatsion daromadlar” – debitorlardan pul kelib tushishiga va boshqa bir qator schyotlar.