Psixodiagnostik metodikalar ilmiyligining psixometrik mezonlari


 Psixodiagnostik metodikani va tekshiruv natijalarini standartlashtirish muammosi



Yüklə 24,93 Kb.
səhifə3/4
tarix16.08.2023
ölçüsü24,93 Kb.
#139558
1   2   3   4
PSIXODIAGNOSTIK METODIKALAR ILMIYLIGINING PSIXOMETRIK MEZONLARI

3. Psixodiagnostik metodikani va tekshiruv natijalarini standartlashtirish muammosi.
Psixodiagnostik natijalarga qo‘llanilgan metodikadan tashqari voqea hamda hodisalar ham ta'sir qiladi, ya'ni berilgan ko‘rsatmalarni sinaluvchining to‘g‘ri tushunmasligi va test vaqtida sinovchining xulqi va shaxs xususiyatlari o‘z ta'sirini ko‘rsatishi mumkin. Agar voqelikni sinaluvchi imtihon sifatida qabul qilsa, o‘zini shu voqelikka mos tarzda tutadi. Yuqori xavotirli odamni hamisha va hamma payt Yuqori «xavotirlik» holati qamrab oladi, har qanday hodisani xavf sifatida qabul qiladi. Kichik darajali xavotirli odam buning aksidir, ya'ni o‘zini erkin tutadi.
Sinaluvchilarning xulqi, xatti-harakati va ularning ko‘rsatgan natijalari ko‘rsatmalarni qanday tushunishi bilan bog‘liqdir. Shuning uchun ham psixologik tashxisda ko‘rsatmalarning aniq tuzilishi va ularning tez anglab olinishiga qat'iy talablar qo‘yiladi:
ko‘rsatma sodda va tushunarli bo‘lishi;
bir xil ma'nodagi so‘z va talaffuzlarni o‘ziga qamrab olmasligi;
ko‘rsatmaning iloji boricha yozma shaklda bo‘lishi (ko‘rsatma berayotgan shaxs, ko‘rsatmani har xil paralingvistik tarkibiy qismlar orqali ifodalashi mumkin: mimika, talaffuz, temp, pauza va xatti-harakatlar).
Ba'zan tadqiqot natijalariga sinovchining xulqi va xatti-harakati ham ta'sir qilishi mumkin. Masalan, eksperimentator haqida sinaluvchining fikri ijobiy bo‘lsa, uning xatti-harakatida, munosabatida imkoni boricha sinovchiga yaxshi natija berishga harakat qiladi. Buning aksi bo‘lsa, eksperimentatorga nisbatan sinaluvchida antipatiya bo‘ladi.
Asosiy ko‘rsatma: eksperimentator bosiq, muvozanatli, xatti-harakati sinaluvchilarga nisbatan yaxshi va do‘stona bo‘lishi kerak.
Tarbiyachi qancha ko‘p eksperimental psixologik tadqiqotlar o‘tkazsa, uning tajribasi shuncha ortib boradi. U quyidagilarni o‘z ichiga oladi: bola faoliyatining xususiyatlarini o‘yin va o‘quv vaziyatlarida tahlil qilish; maktab, maktabgacha ta'lim muassasasi, oila sharoitiga moslashish, moslasha olmaslik darajasini aniqlash; bolaning ichki dunyosini tushunib olish istagi; shaxsi xususiyatlarini har tomonlama rivojlantirishda unga har qanday yordam ko‘rsatish.
Psixolog-eksperimentator faoliyati tadqiqotda ta'sir qiladigan alohida xususiyatlarga ega. Shuning uchun M.P.Kononova (1963) ta'kidlaganidek, bo‘lajak tadqiqotchi o‘zida quyidagi sifatlarni shakllantirmog‘i lozim:
a) tadqiqot qarorlarini tez va aniq tuzish;
b) bola topshiriqni qanday bajarayotganligiga va uning xulq-atvorini kuzatishga diqqat qaratish;
v) bola bilan yaxshi aloqaga kirishish, uning hamma aytganini yozib, xulqidagi ba'zi reaktsiyalarni to‘g‘ri baholash qobiliyatini yo‘qotmaslik va boshqalar.
Bundan tashqari, tadqiqotchi eksperimental tekshiruvga turlicha munosabatda bo‘lishi kerak. Masalan, bog‘cha yoshidagi bolalarni shunga qiziqtirish kerakki, bolalar eksperimentator xonasida ko‘proq bo‘lib, uning hamma talablarini bajarishga intilsin. Bunga bolalarga qiziqarli rasmlarni ko‘rsatib, ularni hikoya qilib berish kubiklardan har xil narsalar yasash orqali erishish mumkin. Bolada qiziqish paydo bo‘lishi bilan birga uning xotirasi, diqqati, mantiqiy jarayonlari o‘rganiladi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari va o‘smirlar bilan tadqiqot o‘tkazgan paytda ular bilan shunday kirishib ketish kerakki, bolalarda tajribaga qiziqish, tadqiqotchiga ishonch va o‘z ichki dunyosini ochish istagi paydo bo‘lsin. Shuni ta'kidlash joizki, hamma bolalar ham tekshiruvga qiziqadilar. Lekin ba'zi hollarda, ular takroran tadqiqotda ishtirok etishdan bosh tortadilar. Ko‘pincha bu tengdoshlariga nisbatan yomon natijalar olganda eksperimentatordan ortiqcha so‘z eshitganda paydo bo‘lishi mumkin. Bunday bolalarga o‘zgacha munosabatda bo‘lish darkor. Ular arzimas sabab uchun ham maqtovga muhtojlar.
Eksperimental-psixologik tadqiqot natijalari ishonchli bo‘lishi uchun, tadqiqotchi uni o‘tkazishda ma'lum sxema (umumiy reja)ga amal qilishi kerak. Tadqiqotchi ishini bolaning hayoti, uning jismoniy va psixik taraqqiyotining xususiyatlari, oilada, maktabda, MTMda ta'lim va tarbiyaning ijtimoiy-madaniy sharoitlarini aks ettiradigan materiallar bilan tanishishdan boshlashi kerak. Tadqiqotchi uchun bola tug‘ilishi bilan bog‘liq(onasida homiladorlik toksikozlari bo‘lganligi, chala tug‘ilganligi va h.k.), 3 yoshgacha bo‘lgan davrdagi taraqqiyotining xususiyatlari haqidagi ma'lumot ham muhimdir (nevrologik xususiyatlar va tanasida kasallik mavjudligi – titrab-qaltiraydigan xuruj, kunduzgi va tungi enurez (siyib qo‘yish), duduqlanish, bosh miya va markaziy nerv sistemasi kasalliklari, bola qachondan boshlab Yura boshlagan, gapira boshlagan, bog‘chaga va maktabga kelishdan oldin qanday rivojlangan). Bu ma'lumotlarni ota-onalar bilan tanishganda, bolaning shaxsiy daftarini ko‘rib chiqqanda, u bilan bevosita suhbatlashganda olish mumkin.
MTMga, maktabga kelishi bilan tarbiyachi yangi ma'lumotlarni qo‘shib boradi. Bu unga bolaning jismoniy va psixik taraqqiyotini kuzatish imkonini beradi.
Bolaning individual-psixologik xususiyatlarini o‘yin faoliyatida, topshiriqlarni bajarish jarayonida, o‘quv faoliyatida, psixologik-pedagogik eksperiment sharoitlarida uning xulq-atvorini kuzatib ham o‘rganish mumkin. Kuzatishda olingan ma'lumotlar oldindan tayyorlangan tadqiqot qaroriga yoziladi.
Eksperimental-psixologik tadqiqotda kuzatish jarayoni ixtiyoriy bo‘lib, odatda hayotiy sharoitlarda pedagog ixtiyoriy ravishda kuzatadi. MTMda, boshlang‘ich sinflarda bo‘lajak tarbiyachining ishi ixtiyoriy va ixtiyorsiz kuzatish malakalarini bir xilda rivojlantirishni talab qiladi.
Eksperimental-psixologik tadqiqot o‘tkazishdan oldin pedagog-tadqiqotchi bola bilan suhbatlashadi. Bunda u bola bilan ijobiy - hissiy aloqa o‘rnatib, bajariladigan topshiriqning maqsad va vazifalarini tushuntirib beradi. Suhbat psixologik tadqiqot metodi sifatida bola haqida ma'lumot olish imkonini beradi. Suhbat oldindan tayyorlangan savollar asosida o‘tkazilishi stixiyali ravishda kechishi mumkin. Bunda tadqiqotchi suhbat jarayonida bolaning oilasiga tengqurlariga tegishli bo‘lgan, unga yoqmaydigan savollarni bermasligi kerak. Suhbatda bola shaxsining xususiyatlari, o‘zining jismoniy va psixik holatiga, ishchanligiga baho berishi aniqlanadi.
Tekshiriluvchining ijtimoiy-madaniy darajasi, ma'lumoti, qiziqishlari, ehtiyojlari, o‘zaro fikrlashuv qobiliyati aniqlanadi. Ba'zi hollarda suhbat psixoprofilaktik va psixoterapevtik maqsadlarda o‘tkaziladi, bunda bola boshidan kechirayotgan qo‘rqinch, xavotirlanish, o‘ziga ishonmaslik kabi holatlar yo‘qotiladi. Shunday qilib, tarbiyachi suhbat jarayonida tadqiqot oldiga qo‘ygan vazifaga bog‘liq ravishda bola hayoti haqida muhim ma'lumot olishi kerak. Eksperimental psixologik tadqiqot o‘zining quyidagi shartli sxemasiga ega. (1-sxemaga qarang).
Eksperimental vaziyatda bola beriladigan yo‘l-yo‘riq, ko‘rsatmani tushunishi muhim rol o‘ynaydi. Ko‘rsatma tushunarli, bolaning yoshi va aqliy rivojlanish darajasiga mos bo‘lishi kerak. Bola topshiriqni bajarishni boshlaganidan so‘ng ko‘rsatmani misollar yordamida qo‘llab-quvvatlash bilan mustahkamlash zarur, bu esa sinaluvchida faoliyatga ijobiy munosabatni shakllantiradi.
Tajriba jarayonida tadqiqotchi bola nimada qiynalayotganini aniqlaydi va unga yordamlashadi. Ko‘rsatmaga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar haqidagi barcha ma'lumotlar oldindan tayyorlangan tadqiqot qaroriga yozib qo‘yiladi.
Eksperiment jarayonida olingan natijalarni puxta yozib borish, keyingi sifat tahliliga asos bo‘ladi. A.Binening (1910) ta'kidlashicha, eksperimental-psixologik tadqiqotni o‘tkazish uchun ruchka, ozgina qog‘oz va ko‘p chidam zarur. Tadqiqotchi u yoki bu olingan ma'lumotni iloji boricha tezroq qarorga yozib olishi kerak. Har bir tajriba qarori alohida qog‘ozda bo‘lishi lozim (2-jadval)
Tekshiruv qog‘ozlari har xil bo‘lishi mumkin. Ular alohida psixodiagnostik tadqiqot natijalarini yozib olish uchun maxsus shaklga ega bo‘ladi.
Unda qator metodikalar majmui ham aks etishi mumkin. Tekshiruv qog‘ozlarini to‘g‘ri to‘ldirish, qarorlarini yozib borish turli metodikalar bo‘yicha olingan natijalarni umumlashtirish, tekshirilayotgan bolalarni bir yosh guruhida taqqoslash imkonini beradi. Tajriba davomida pedagog-psixolog bola faoliyatini iloji boricha tabiiy sharoitlarga yaqinlashtirishi kerak. Masalan, o‘rta guruh bolalari uchun shunday topshiriqlarni tanlash kerakki, ular o‘yin vaziyatida bajarilsin. Katta bog‘cha bolalari va boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bu topshiriqlar o‘quv faoliyati elementlari bilan birga qo‘shilishi mumkin.
Eksperimental psixologik tadqiqot bir necha bosqichda o‘tkazilishi zarur. Bu bolaning yangi sharoitga yaxshi moslashishiga, u bilan ijobiy aloqa o‘rnatishga imkon beradi. Birinchi bosqichda tadqiqotchi bola bilan aloqa o‘rnatadi, uning qiziqish va ehtiyojlarini aniqlaydi. Bola ba'zi topshiriqlarni tadqiqotchi oldida bajaradi. Ikkinchi bosqichda olingan ma'lumotlarga aniqlik kiritiladi, boshqa metodikalarda olingan natijalar bilan o‘zaro bog‘liqlik aniqlanadi. Uchinchi bosqichda tajribada olingan natijalar tahlil qilinadi, ular umumlashtirilib, xulosa chiqariladi.
Tadqiqotchi olingan ma'lumotlarni bir joyga to‘plab, sinaluvchi shaxsining xarakteri, aqli, xotirasi, hissiyoti, psixik buzilishlar mavjudligi yo‘qligi haqida xulosa chiqariladi.
Tadqiqotning so‘nggi qismidagi xulosalar shaxsga psixologik diagnoz qo‘yish, sinaluvchi psixikasidagi o‘zgarishlarni oldindan aytib berish, olingan ma'lumotlardan foydalanish imkoniyatlari bilan bog‘liq ravishda hamda pedagog amaliy faoliyatida tavsiyalar berish maqsadida qiziqarlidir. Shuni esda tutish zarurki, eksperimental vaziyat bola uchun odatdagidan boshqacha bo‘ladi. Shuning uchun olingan natijalar har doim ham haqiqiy ko‘rsatkichlarga mos tushmasligi mumkin.
Eksperimental tadqiqot xarakteriga bog‘liq ravishda undan olingan natijalardan o‘quv-tarbiya jarayonida foydalanish mumkin.
Quyidagi kuzatishni keltiramiz:
Tarbiyachi bog‘chada mashg‘ulotlar o‘tkazish jarayonida 6 yoshli Gulnora (K.) ismli qizcha xulq-atvoridagi boshqalarnikidan farq qiluvchi ayrim xususiyatlarni payqab qoladi. Qiz mashg‘ulotlarda tez-tez chalg‘ib ketadi, ko‘pincha parishonxotir. Tarbiyachi topshirig‘ini bir zumda bajarmaydi. Bir topshiriqni tashlab, ikkinchisiga tez o‘tib ketadi, hech bir ishni oxiriga etkazmaydi. O‘quv topshiriqlari bajarilmaydigan boshqa vaqtlarda u o‘zgalardan farq qilmaydi. Qizning diqqat, tafakkur hissiy jarayonlarini o‘rganish uchun bog‘chada tadqiqot o‘tkazildi. Tekshiruv natijalari qizning psixik jarayonlarida hech qanday psixik o‘zgarish yo‘qligini tasdiqlaydi. Topshiriqlarni bajarish vaqtida charchash, faol diqqat darajasining pastligi kuzatildi. Lekin bu xususiyatlar sinaluvchi diqqatini ishning boshqa shakllariga ko‘chirish bilan osonlikcha bartaraf etilgan. Shunday qilib, eksperimental psixologik tadqiqot qizning psixik taraqqiyoti normada ekanligini, psixik jarayonlarning o‘zgarib turishi esa ba'zi omillarning ta'siri oqibatida ro‘y berishini ko‘rsatdi.
Tarbiyachining vazifasi – bu omillarni to‘g‘ri aniqlash, keyinchalik bola bilan individual ish olib borib, ko‘rsatilgan xususiyatlarni yo‘qotishdan iborat. Yuqoridagi misolda ixtiyoriy diqqat darajasining pastligi, ish qobiliyatining sustligi o‘zining ob'ektiv sabablariga ega. Qizning 3 yoshgacha rivojlanish tarixidan ma'lum bo‘ladiki, u asfiksiya (kislorod etishmasligi sababli bo‘g‘ilish) bilan tug‘ilgan, tug‘ruqdan so‘ng bosh miyasi yallig‘langan. Uzoqroq davom etadigan ish faoliyatida bu narsa o‘z ta'sirini ko‘rsatib, qiz tez charchab qoladi. Tarbiyachi bola bilan individual ish olib borganda, albatta shuni hisobga olishi zarur.
Bolalarni eksperimental-psixologik o‘rganish natijalaridan o‘quv mashg‘ulotlari vaqtida psixik jarayonlarning ixtiyoriyligini rivojlantirishda ham foydalanish mumkin.
Psixologik tadqiqot natijalaridan bolalar bilan individual ish olib borishdagina emas, balki guruhiy o‘quv-tarbiya tadbirlarini o‘tkazishda ham foydalansa bo‘ladi. Bunda tarbiyachi o‘quv-tarbiya jarayonida har bir guruh a'zosining rolini to‘g‘ri aniqlashi mumkin. Shunga asosan ta'sirning u yoki bu shaklidan foydalaniladi.
Psixodiagnostik tadqiqotlar tarbiyachiga guruhning, har bir shaxsning u yoki bu psixik funktsiyalari rivojlanish printsiplarini hisobga olgan holda o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish imkonini beradi. 

Yüklə 24,93 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin