Kommunikatsiyaga lingvo-kognitiv yondashish Kommunikatsiyaga lingvo-kognitiv yondashishda o‘z nomidan ko‘rinib turganidek muloqotning nafaqat lingvistik, balki kognitiv jihatlari ham tahlil qilinadi. Lingvo-kognitiv yondashishda kommunikatsiyaning ikki asosiy tomoni: 1)umumlisoniy jihat (muloqot amalga oshiriladigan har qanday til, har qanday kommunikatsiya, har qanday diskurs uchun muhim bo‘lgan); 2)milliy-determinantli komponent (milliy diskrus uchun muhim bo‘lgan) ajratib o‘rganiladi. Boshqacha qilib aytganda, mazkur yondashuv bir tomondan kommunikatsiyadagi umumiy tomonlarni, kommunikatsiyaga ta’sir qiladigan barcha omillarni kompleks tahlil qiladi. Boshqa tomondan kommunikatsiyani tashkil qilgan milliy mental-lisoniy majmuaning asosiy belgilarini tadqiq etish orqali uning milliy o‘ziga xos xususiyatlarini yoritib beradi31.
Kommunikatsiya ilmiy bilim tushunchasi sifatida uzoq tarixga ega bo‘lib, uning bir qancha talqinlari mavjud. Masalan, amerikalik psixolog Yu. Ryush (Jurgen Ruesch) kommunikatsiya tushunchasini antropologiya, sotsiologiya, siyosatshunoslik, psixologiya, tilshunoslik va h.k. sohalarda qirqdan ortiq talqini mavjud ekanligini qayd qilgan.
Turli sohalarda ilmiy izlanishlar olib borgan tadqiqotchilarning aksariyati (L.S.Vigotskiy,A.N.Leontev, A.A.Leontev, A.R.Luriya va h.k.) kommunikatsiyani o‘zaro munosabat, “intereaksiya” (o‘zaro ta’sir) sifatida talqin qilishgan va uning ijtimoiy xarakterini ta’kidlashgan.
Kommunikatsiya ikki yoki undan ortiq lisoniy shaxslarning xabarni uzatish, fikr va ma’lumotlar almashish, ya’ni suhbatdoshga u yoki bu shaklda ta’sir qilish maqsadida amalga oshirilgan muloqotdir. Kommunikatsiya ijtimoiy jarayon sifatida namoyon bo‘ladi. U jamiyatda aloqa o‘rnatuvchi vazifani bajaradi.
Kommunikatsiyaning subyekti so‘zlovchi inson bo‘lib, u o‘zining nutqiy faoliyatida 1) lisoniy, 2) nutqiy va 3) kommunikativ shaxs sifatida namoyon qiladi. Lisoniy shaxs – muayyan bilimlar va tasavvurlar majmuyiga ega bo‘lgan nutqiy faoliyatni namoyon qiluvchi shaxs. Nutqiy shaxs – kommunikatsiyada muloqotning u yoki bu strategiya va taktikasini tanlab amalga oshiradigan, u yoki bu lisoniy va nolisoniy vositalardan foydalanadigan shaxs. Kommunikativ shaxs – real kommunikatsiyada real harakat qiladigan aniq kommunikativ aktning aniq ishtirokchisidir.
Ma’lumki, psixolingvistikada har qanday so‘zlovchi shaxs individual kognitiv makon (IKM), o‘sha jamoaga taalluqli kollektiv kognitiv makon (KKM) majmuyi va o‘zi a’zo bo‘lgan milliy-lingvo-madaniy hamjimiyatning kognitiv bazasiga (KB) ega bo‘ladi. Kommunikatsiya jarayoniga (IKM), (KKM) va (KB) bevosita ta’sir ko‘rsatadi. (KM) va (KB) kodlash va informatsiyani saqlashning mazmuniy shakli sifatida tushuniladigan kognitiv strukturalar bilan shakllantiriladi. Kognitiv strukturalar o‘z navbatida fenomenologik (FKS) va lisoniy kognitiv strukturalar (LKS)ga ajraladi. Kognitiv strukturalar “vositachi” strukturalar orqali namoyon bo‘lgani uchun ularning o‘zini to‘laligicha o‘rganish qiyin. Kognitiv strukturalar so‘zlovchining qobiliyati asosida yotadi va kognitiv strukturalar bilan qobiliyat turlari o‘rtasidagi muayyan o‘zaro munosabatlarni aniqlash imkoniyati mavjud bo‘lib ko‘rinadi. Darhaqiqat, lisoniy va nutqiy qobiliyat shubhasiz, birinchi navbatda lisoniy kognitiv strukturalar, predmet qobiliyat – fenomenologik, madaniy va kommunikativ esa ham unisi, ham bunisi vositasida shakllanadi. LKS olamning lisoniy manzarasini shakllantirishda bevosita ishtirok etadi, olamning obrazli (konseptual) manzarasini shakllantirishda birinchi navbatda FKS “material” bo‘lib xizmat qiladi32.
Xullas kommunikativ modelning “qutblari” N. G. Komlev qayd qilganidek, so‘zlovchi tafakkuri (“kirish”da) va tinglovchi tafakkuri (“chiqish”da) orqali namoyon bo‘ladi. Tafakkur (lisoniy tafakkur) esa milliy bo‘lib, u fenomen sifatida har doim madaniyat bilan chambarchas bog‘liqdir.