PSIXIK HODISALAR VA ULARNING SHAKLLARI. Psixologiya fanining taraqqiyoti jarayonida uning o`rganish ob`ekti ham aniqlashib bordi. Hozirgi zamon psixologiya fani "jon, ruh"ni emas, balki insonning ichki dunyosini, ya`ni uning psixik olami va psixik xususiyatlarning yuzaga chiqishini o`rganadi. Inson psixikasining barcha shakllari umumiy qilib psixik hodisalar deb ataladi. Odatda psixik hodisalarning uchta katta guruhi farqlanadi: psixik jarayonlar, psixik xususiyatlar (sifatlar) va psixik holatlar.
Psixik jarayonlar - ob`ektiv voqelikning sub`ektiv aks ettirilishi shakllari. Psixik jarayonlar yordamida tashqi olam o`rganiladi, turli bilim, ko`nikma va malakalar shakllantiriladi. Psixik jarayonlarning quyidagi asosiy turlari farqlanadi: sezgi, idrok, xotira, tafakkur, xayol, tasavvur, emosiyalar, iroda. Ular quyidagi uch guruhga birlashtiriladi: bilish jarayonlari, emosional (hissiy) va irodaviy xususiyatlar.
Psixik xususiyatlar (sifatlar) - shaxsning individual-psixologik xususiyatlari bo`lib, ular bir kishini boshqalardan ajratib turuvchi, ular faoliyatining tipologiyasi, o`ziga xos xususiyatlarini belgilab beradi. Psixik xususiyatlar (sifatlar) kishining nisbatan turg`un xususiyatlardir. Ular individual hayot davomida asta sekinlik bilan va kam darajada o`zgaradi. Faqat juda katta ta`sirga ega bo`lgan, favkuloddagi ta`sirlar ostidagina psixik xususiyatlar keskin o`zgarishi mumkin. Psixik xususiyatlarga temperament, xarakter, qobiliyatlar kiradi.
Psixik holatlar - kishi psixikasining dinamikasini, vaqt davomidagi o`zgarishini aks ettiradi. Psixik holatlar turli tashqi yoki ichki omillar ta`siri ostida yuzaga keladi va faoliyatning (o`qish, mehnat, o`yin) samaradorligiga ta`sir qiladi. Shu bilan birga psixik holatlar ma`lum faoliyatning natijasiga munosabat oqibati shaklida ham yuzaga keladi. Psixik holatlarga holatlarga toliqish, bezovtalik, g`azab, stress, monotonlik, depressiya, affekt, kayfiyat va boshqalar kiradi.
YUqorida ko`rsatilgan barcha psixik hodisalar o`zaro chambarchas bog`liq va bir butun psixik faoliyatning tomonlari sifatida birgalikda yuzaga chiqadi.
Hozirgi davrda psixologiya fani bo`yicha o`quv qo`llanmalarda ko`rsatilmagan yana bir guruh psixik hodisalar mavjud. Bu guruh hodisalarni yuqorida tahlil kilingan uch guruhning birortasiga ham bevosita taalluqli deb bo`lmaydi. Bundan tashqari bu hodisalarning ko`pchiligining mohiyati, mexanizmlari to`liq o`rganilmaganligi uchun ular g`ayritabiiy, ilohiy, sirli hodisalar sifatida qarab kelinokda. Ularning barchasini parapsixologik hodisalar deb to`rtinchi guruhga birlashtirish mumkin. Parapsixologik hodisalarga tush ko`rish, gipnoz, telepatiya, telekinez, levitatsiya va boshqa turli-tuman ekstrasensor hodisalar kiradi. Bu hodisalarning ba`zilarining tabiati, mexanizmlari qisman o`rganilgan bo`lsa, boshqalari esa turli fan sohalari mutaxasisslarini qiziqtirib kelayotgan muammolar qatorida turibdi.