Trening ishtirokchilarining yoshi iloji boricha taxminan teng bo‘lishi, ya’ni ular orasidagi farq 4-5 yoshni tashkil etishi maqsadga muvofiq. Alohida qayd etish lozim, 45-50 yoshdan kattalar uchun trening juda katta va ahamiyatli ta’sirga ega bo‘lmasligi va ular kutganchalik natija bermasligi ham mumkin.
Trening mashg‘ulotlarining davomiyligi quyidagicha bo‘lishi maqsadga muvofiq:
1. Haftasiga 4-5 kun 8 soatdan (orada 1 soat, 30 minut tanaffus beriladi). Bu eng samarali natija beradi.
2. Haftasiga 2-3 kun har kuni 4-5 soat. Samarali natija beradi.
3. Haftasiga 1 kun 3-4 soatdan. Kamroq samara berishi kutiladi.
Har qanday trening trenerning qisqacha informatsiya berish bilan boshlanadi. Bunda u treningning maqsadi, vazifalari, shuningdek, ishtirokchilar egallashi mumkin bo‘lgan natijalar haqida gapiradi. Ya’ni ishtirokchilarga trening haqida tushuncha, uning qanday tashkil qilinishi, o‘tkazilishi va ishtirokchilar trening oxirida qanday natijalarga erishishi mumkinligi tushuntiriladi.
Trening mashg‘ulotlarini tashkil etishda yana quyidagi holatlarni ham hisobga olish lozim.
Psixologik trening mashg‘ulotlarida (nogironlar bilan o‘tkaziladigan maxsus treninglarni hisobga olmaganda) tashqi jismoniy kamchilikga ega bo‘lgan va psixik holatida buzilishlar bo‘lgan kishilar ishtirok etmasligi lozim. Negaki, bunday holatlarda aynan ana shunday kamchilikka ega bo‘lganlarda aks ta’sir bo‘lishi ehtimoli kuchliroqligi har qanday mutaxassis uchun tushunarli bo‘lsa kerak.
Treningda muammosi bir xil bo‘lgan odamlarni to‘plash kerak. Trening ishtirokchilari iloji boricha bir-biriga notanish bo‘lishlari lozim. Har bir ishtirokchi o‘zi uchun o‘zi pul to‘lashi shart. Bu esa ishtirokchilarning treningda qatnashishidagi tashkiliy jarayonlarda yordam beradi va ularning motivatsiyasini kuchaytiradi. Rasmiylashgan guruh bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Trenerdan auditoriya erkin bo‘lishini ta’minlash va auditoriyani yaxshi bilish talab etiladi.