Psixologiya» so’zi ikkita grek so’zlaridan - «psyche» - jon, ruh va «logos»- ta’limot, ilm so’zlaridan iborat bo’lib, an’anaviy ma’noda inson ruhiy dunyosiga aloqador barcha hodisalar va jarayonlar uning predmetini tashkil etadi. Boshqacha qilib aytganda, psixologiyaning predmeti har birimizning tashqi olamni va o’z-o’zimizni bilishimizning asosida yotgan jarayonlar, hodisalar, holatlar va shakllangan xislatlar tashkil etadi. Psixologiya bo’yicha adabiyotlarda uning predmetini qisqacha qilib, psixikadir, deb ta’rif berishadi. Psixika - bu inson ruhiyatining shunday holatiki, u tashqi olamni (ichki ruhiy olamni ham) ongli tarzda aks ettirishimizni, ya’ni bilishimiz, anglashimizni ta’minlaydi. Lekin bu qisqa ta’riflardan psixikaga aloqador jarayonlar ongning aks ettirish shakllari ekan, degan yuzaki xulosaga kelish noto’g’ri bo’ladi. Chunki inson psixikasi va uning ruhiy olamiga aloqador hodisalar va jarayonlar shu qadar murakkab va xilma - xilki, biz ba’zan o’z-o’zimizni ham tushunmay qolamiz.