Pul-kredit siyosatini amalga oshirish Konsepsiyasi I. Kirish


Shaffoflikni oshirish va komunikatsion kanalni takomillashtirish



Yüklə 442 Kb.
səhifə14/17
tarix20.04.2023
ölçüsü442 Kb.
#101146
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   17
9-savol. Pul kredit siyosati

Shaffoflikni oshirish va komunikatsion kanalni takomillashtirish
Inflyatsion targetlash rejimida pul-kredit sohasida amalga oshiriladigan choralar shaffofligini oshirishga va asossiz inflyatsion kutilmalarning oldini olishga qaratilgan kommunikatsion kanalining amal qilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Shundan kelib chiqqan holda, Markaziy bank qabul qilinayotgan qarorlar sabablari hamda mohiyatini elektron va bosma ommaviy axborot vositalari orqali aholi va biznes hamjamiyatiga tushuntirish bo‘yicha faol ish olib boradi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalqaro valyuta jamg‘armasining ma’lumotlarni tarqatish umumiy tizimiga (MTUT) qo‘shilishi hamda Markaziy bankning alohida mavzularga bag‘ishlangan nashrlari sonining ko‘paytirilishi shaffoflikni oshirish va komunikatsion kanalni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Pul-kredit siyosati sohasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar va kutilayotgan natijalarni keng jamoatchilikka yetkazish va ular tomonidan ma’lumotlarni to‘g‘ri qabul qilinishini ta’minlash maqsadida e’lon qilinadigan axborotlarda soha mutaxassisi bo‘lmaganlar uchun tushunarli bo‘lgan til va atamalardan foydalaniladi.
Shu bilan birga, aholining moliyaviy savodxonligini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar ko‘lami kengaytirib boriladi.
Tahlil va prognozlash salohiyatini mustahkamlash
O‘rta muddatli istiqbolda inflyatsion targetlashga o‘tish Markaziy bankning tahliliy va prognozlash salohiyatini mustahkamlashni hamda bosqichma-bosqich takomillashtirib borishni talab qiladi.
Pul-kredit siyosatini amalga oshirishning aniq strategiyasini ishlab chiqish va uning instrumentlaridan samarali foydalanish vazifasi ko‘p jihatdan Markaziy bank tomonidan amalga oshiriladigan tahlil va prognozlar sifatiga bog‘liq.
Puxta ishlab chiqilgan makroiqtisodiy prognozlarga asoslangan pul-kredit siyosati ichki moliya bozorlaridagi noaniqliklarni kamaytiradi, qabul qilinayotgan qarorlar mohiyatini tushuntirishni yengillashtiradi va uning yo‘nalishlarini oldindan aniqlash imkonini yaratadi.
Bugungi kunda Markaziy bank xalqaro amaliyotlar asosida prognozlash ishlarini tashkil etishning boshlang‘ich bosqichida turibdi. Bunda inflyatsiya darajasini prognozlashning dastlabki modellarini tuzish borasida ilk qadamlar tashlangan.
Xususan, ARIMA (avtoregressiya – suzuvchi o‘rtachaning integrallashgan modeli) modelida iste’mol narxlarining guruhlashtirilgan indeksini qo‘llash va sinovdan o‘tkazish boshlandi.
Shu bilan birga, OLS (eng kichkina kvadratlar usuli) i VAR (vektorli avtoregressiya) modellari ham qo‘llanmoqda.
Ushbu modellarni qo‘llash o‘tgan davrdagi ma’lumotlarga asoslanganligi bois oldingi yillardagi statistik ma’lumotlarning sifati ishonchli prognozlarni ishlab chiqishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shu sababli, prognozlashning zamonaviy tizimini shakllantirish bilan bir vaqtda statistik ma’lumotlarning ishonchli bazasini yaratish bo‘yicha ish olib borilmoqda.
2018-2021 yillarda inflyatsiya va bank tizimidagi likvidlilikni omillar bo‘yicha tahlil qilish, to‘lov balansi statistikasini zamonaviy usullar asosida tuzish, asosiy makroiqtisodiy hamda pul-kredit ko‘rsatkichlarini prognozlash va modellashtirish instrumentlarini takomillashtirish bo‘yicha ishlar yanada kuchaytiriladi.
Zaruriy ma’lumotlar bazasini shakllantirish bilan bir qatorda yarimtarkibiy va tarkibiy modellar asosida qo‘llaniladigan modellar ro‘yxatini kengaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Shu bilan birga, Markaziy bank tomonidan 2018 yildan boshlab iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalarni aniqlash borasida o‘tkazilayotgan so‘rovlar va kuzatuvlar inflyatsion xatarlarni chuqur o‘rganish, pul-kredit siyosatini ishlab chiqish va samarali amalga oshirishda ko‘mak beradi.
Narxlarning shakllanish jarayonini har tomonlama o‘rganish, shuningdek, nomonetar omillar ta’sirida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan inflyatsion xatarlarni oldindan aniqlash va ularning ichki narxlar barqarorligiga ta’sirini pasaytirish maqsadida Hukumat va tegishli vazirliklar bilan hamkorlik munosabatlari takomillashtirib boriladi.
Markaziy bank xalqaro moliya institutlari va xorijiy mamlakatlar markaziy banklari bilan ham hamkorlikni sifat jihatdan yangi darajada davom ettiradi.
Pul-kredit siyosatini takomillashtirish va uning instrumentlari rolini kuchaytirish, bank tizimi likvidligini tahlil qilish va prognozlash hamda pul bozoridagi operatsiyalar samaradorligini oshirish maqsadida 2018-2021 yillarda Xalqaro valyuta jamg‘armasining maxsus texnik missiyalarini jalb qilish, xorijiy mamlakatlar markaziy banklari ilg‘or tajribasini o‘rganish va o‘zaro tajriba almashish amaliyotini kengaytirish ko‘zda tutilmoqda.

Yüklə 442 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   17




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin