O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI, DAVLAT VA NOMDOR STIPENDIYALARGA NOMZODLAR TAVSIYA QILISH TO‘G‘RISIDA
BAKALAVRIAT BOSQICHI TALABALARI UCHUN O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI VA NOMLI DAVLAT STIPENDIYALARI HAMDA ULARNI TAYINLASH TARTIBI TO‘G‘RISIDA NIZOM Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-oktabrdagi 226-son qaroriga 4-ILOVA
1. Mazkur Nizom oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari talabalari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalarini tayinlash tartibini belgilaydi.
2. Oliy ta’lim muassasalari bakalavriat bosqichi talabalari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari O‘zbekiston Respublikasidagi davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalari, shu jumladan, qo‘shma ta’lim dasturlarida butun o‘qishi davomida faqat a’lo baholarga o‘qiyotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan oxirgi kurs talabalariga tayinlanadi va to‘lanadi.
3. Kelgusi o‘quv yili uchun nomli davlat stipendiyalari soni joriy o‘quv yili oxirida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi taqdimnomasiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Bunda, O‘zbekiston Respublikasidagi davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ularning filiallari bo‘yicha davlat stipendiyalari soni O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan Oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga muvofiq har yili tasdiqlanadigan tanlov yo‘nalishlari va talabalar sonidan kelib chiqib taqsimlanadi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari tanlovlarida ishtirok etuvchi nomzodlarga quyidagi talablar belgilanadi:
a) nomli davlat stipendiyalari uchun:
a’lo o‘qish va ilmiy (ijodiy) ishlarda ishtirok etish;
yo‘nalishlar bo‘yicha konferensiya (tanlov)larda qatnashish;
O‘zbekiston tarixini bilish;
tillarni — davlat tilini va bitta xorijiy (Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari davlat tillaridan tashqari) tilni bilish, bakalavriatdagi ta’lim yo‘nalishi xorijiy til hisoblangan alohida hollarda qo‘shimcha ravishda yana bitta xorijiy tilni bilish. Bunda, talabgorlar ushbu tillar bo‘yicha o‘z bilimlari darajasini aniqlash uchun o‘qish joyidagi til kafedralarida maxsus suhbatdan o‘tadilar;
b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi uchun mazkur bandning “a” kichik bandida belgilangan talablarga qo‘shimcha ravishda o‘qiyotgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos mavzuda kamida ikkita e’lon qilingan ishlar (maqola, tezis yoki asarlar)ning mavjudligi talab etiladi.