Ekstremistik va terrorchilik maqsadlarida Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishga qarshi kurashish O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda Internet foydalanuvchilari soni 23 milliondan ortib ketgan.
Qayd etish lozimki, bugungi kunda ekstremistik va terrorchilik tashkilotlari saflariga jalb qilishda Internet jahon axborot tarmog‘idan keng foydalanilmoqda, uning yordamida ekstremizm va terrorizm mafkurasi faol singdirilib, aholining dindor qismi o‘rtasida jamiyatga qarshi kayfiyat shakllantirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining vakolatli davlat organlari tomonidan ekstremistik va terroristik materiallarni tarqatuvchi veb-resurslar va ijtimoiy tarmoqlarning faoliyatini aniqlash va oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ekstremistik va terroristik tashkilotlarning Internet jahon axborot tarmog‘i orqali yollash harakatlarida kuzatilayotgan faollik sababli, ularni zararsizlantirish bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha choralar ko‘rilishi zarur:
a) Internet jahon axborot tarmog‘ida ekstremizm va terrorizm g‘oyalarini tarqatuvchilarni, shuningdek, respublikadagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirish niyatida bo‘lgan shaxslar va guruhlarni o‘z vaqtida aniqlash;
b) respublika aholisiga xos bo‘lgan bag‘rikenglik va diniy an’analarni o‘zida mujassam qilgan ilmiy asoslangan mafkuraga tayanib Internet tarmog‘ida ekstremizm va terrorizm g‘oyalariga qarshi tashviqot va targ‘ibot ishlarini tashkil etish;
v) buzg‘unchi kontentni aniqlash va yo‘q qilish maqsadida Internet jahon axborot tarmog‘ini tahlil qilish;
g) Internet jahon axborot tarmog‘ida ekstremizm va terrorizm g‘oyalariga axborot orqali qarshi kurashish sohasida malakali kadrlar tayyorlash;
d) huquqni muhofaza qiluvchi organlarning maxsus bo‘linmalarini zarur bo‘lgan ilg‘or dasturiy mahsulotlar hamda texnika bilan ta’minlash;
e) Internet jahon axborot tarmog‘idan ekstremistik va terrorchilik maqsadida foydalanishga qarshi kurashish masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni muntazam ravishda takomillashtirib borish.