Davra stolining tuzilmasi Yozma davra suhbatida ham stol-stullar aylana shaklida joylashtirilib, har bir ta’lim oluvchiga konvert qog‘ozi beriladi. Har bir ta’lim oluvchi konvert ustiga ma’lum bir mavzu bo`yicha o`z savolini beradi va “Javob varaqasi”ning biriga o`z javobini yozib, konvert ichiga solib qo`yadi. Shundan so`ng konvertni soat yo`nalishi bo`yicha yonidagi ta’lim oluvchiga uzatadi.
Konvertni olgan ta’lim oluvchi o`z javobini “Javoblar varaqasi”ning biriga yozib, konvert ichiga solib qo`yadi va yonidagi ta’lim oluvchiga uzatadi. Barcha konvertlar aylana bo`ylab harakatlanadi. Yakuniy qismda barcha konvertlar yig‘ib olinib, tahlil qilinadi.
“Davra suhbati” metodining bosqichlari quyidagilardan iborat:
Mashg‘ulot mavzusi e’lon qilinadi.
Ta’lim beruvchi ta’lim oluvchilarni mashg‘ulotni o`tkazish tartibi bilan tanishtiradi.
Har bir ta’lim oluvchiga bittadan konvert va javoblar yozish uchun guruhda necha ta’lim oluvchi bo`lsa, shunchadan “Javoblar varaqalari”ni tarqatilib, har bir javobni yozish uchun ajratilgan vaqt belgilab qo`yiladi. Ta’lim oluvchi konvertga va “Javoblar varaqalari”ga o`z ismi-sharifini yozadi.
Ta’lim oluvchi konvert ustiga mavzu bo`yicha o`z savolini yozadi va “Javoblar varaqasi”ga o`z javobini yozib, konvert ichiga solib qo`yadi.
Konvertga savol yozgan ta’lim oluvchi konvertni soat yo`nalishi bo`yicha yonidagi ta’lim oluvchiga uzatadi.
Konvertni olgan ta’lim oluvchi konvert ustidagi savolga “Javoblar varaqalari”dan biriga javob yozadi va konvert ichiga solib qo`yadi hamda yonidagi ta’lim oluvchiga uzatadi.
Konvert davra stoli bo`ylab aylanib, yana savol yozgan ta’lim oluvchining o`ziga qaytib keladi. Savol yozgan ta’lim oluvchi konvertdagi “Javoblar varaqalari”ni baholaydi.
Barcha konvertlar yig‘ib olinadi va tahlil qilinadi.
Ushbu metod orqali ta’lim oluvchilar berilgan mavzu bo`yicha o`zlarining bilimlarini qisqa va aniq ifoda eta oladilar. Bundan tashqari ushbu metod orqali ta’lim oluvchilarni muayyan mavzu bo`yicha baholash imkoniyati yaratiladi.
Bunda ta’lim oluvchilar o`zlari bergan savollariga guruhdagi boshqa ta’lim oluvchilar bergan javoblarini baholashlari va ta’lim beruvchi ham ta’lim oluvchilarni obyektiv baholashi mumkin.
“ISHBOP O`YIN” METODI - berilgan topshiriqlarga ko`ra yoki o`yin ishtirokchilari tomonidan tayyorlangan har xil vaziyatdagi boshqaruvchilik qarorlarini qabul qilishni imitatsiya qilish (taqlid, aks ettirish) metodi hisoblanadi.
O`yin faoliyati biron bir tashkilot vakili sifatida ishtirok etayotgan ishtirokchining hulq-atvori va ijtimoiy vazifalarini imitatsiya qilish orqali beriladi. Bir tomondan o`yin nazorat qilinsa, ikkinchi tomondan oraliq natijalarga ko`ra ishtirokchilar o`z faoliyatlarini o`zgartirish imkoniyatiga ham ega bo`ladi. Ishbop o`yinda rollar va rollarning maqsadi aralashgan holda bo`ladi.
Ishtirokchilarning bir qismi qat’iy belgilangan va o`yin davomida o`zgarmas rolni ijro etishlari lozim. Bir qism ishtirokchilar rollarini shaxsiy tajribalari va bilimlari asosida o`z maqsadlarini belgilaydilar. Ishbop o`yinda har bir ishtirokchi alohida rolli maqsadni bajarishi kerak. Shuning uchun vazifani bajarish jarayoni individual-guruhli harakterga ega. Quyida “Ishbop o`yin” metodining tuzilmasi keltirilgan.
“Ishbop o`yin” metodining tuzilmasi
“Ishbop o`yin” metodining bosqichlari quyidagilardan iborat:
Ta’lim beruvchi mavzu tanlaydi, maqsad va natijalarni aniqlaydi.
Qatnashchilar uchun yo`riqnomalar va baholash mezonlarini ishlab chiqadi.
Ta’lim oluvchilarni o`yinning maqsadi, shartlari va natijalarni baholash mezonlari bilan tanishtiradi.
Ta’lim oluvchilarga vazifalarni taqsimlaydi, maslahatlar beradi.
Ta’lim oluvchilar o`z rollari bo`yicha tayyorgarlik ko`radilar.
Ta’lim oluvchilar tasdiqlangan shartlarga binoan o`yinni amalga oshiradilar.
Ta’lim beruvchi o`yin jarayoniga aralashmasdan kuzatadi.
O`yin yakunida ta’lim beruvchi muhokamani tashkil etadi. Ekspertlarning xulosalari tinglanadi, fikr-mulohazalar aytiladi.
Ishlab chiqilgan baholash mezonlari asosida natijalar baholanadi.
Har bir rolni ijro etuvchi o`z vazifasini to`g‘ri bajarishi, berilgan vaziyatda o`zini qanday tutishi kerakligini namoyish eta olishi, muammoli holatlardan chiqib ketish qobiliyatini ko`rsata olishi kerak.
“ROLLI O`YIN” METODI - ta’lim oluvchilar tomonidan hayotiy vaziyatning har xil shart-sharoitlarini sahnalashtirish orqali ko`rsatib beruvchi metoddir. Rolli o`yinlarning ishbop o`yinlardan farqli tomoni baholashning olib borilmasligidadir. Shu bilan birga “Rolli o`yin” metodida ta’lim oluvchilar ta’lim beruvchi tomonidan ishlab chiqilgan ssenariydagi rollarni ijro etish bilan kifoyalanishsa, “Ishbop o`yin” metodida rol ijro etuvchilar ma’lum vaziyatda qanday vazifalarni bajarish lozimligini mustaqil ravishda o`zlari hal etadilar.
Rolli o`yinda ham ishbop o`yin kabi muammoni echish bo`yicha ishtirokchilarning birgalikda faol ish olib borishlari yo`lga qo`yilgan. Rolli o`yinlar ta’lim oluvchilarda shaxslararo muomala malakasini shakllantiradi.
“Rolli o`yin” metodida ta’lim beruvchi ta’lim oluvchilar haqida oldindan ma’lumotga ega bo`lishi lozim. CHunki rollarni o`ynashda har bir ta’lim oluvchining individual xarakteri, xulq-atvori muhim ahamiyat kasb etadi.
Tanlangan mavzular ta’lim oluvchilarning o`zlashtirish darajasiga mos kelishi kerak. Rolli o`yinlar o`quv jarayonida ta’lim oluvchilarda motivatsiyani shakllantirishga yordam beradi. Quyida “Rolli o`yin” metodining tuzilmasi keltirilgan.
“Rolli o`yin” metodining tuzilmasi “Rolli o`yin” metodining bosqichlari quyidagilardan iborat:
1.Ta’lim beruvchi mavzu bo`yicha o`yinning maqsad va natijalarini belgilaydi hamda rolli o`yin ssenariysini ishlab chiqadi.
O`yinning maqsad va vazifalari tushuntiriladi.
Ta’lim oluvchilar o`z rollarini ijro etadilar. Boshqa ta’lim oluvchilar ularni kuzatib turadilar.
O`yin yakunida ta’lim oluvchilardan ular ijro etgan rolni yana qanday ijro etish mumkinligini izohlashga imkoniyat beriladi. Kuzatuvchi bo`lgan ta’lim oluvchilar o`z yakuniy mulohazalarini bildiradilar va o`yinga xulosa qilinadi.
“BAHS-MUNOZARA” METODI - biror mavzu bo`yicha ta’lim oluvchilar bilan o`zaro bahs, fikr almashinuv tarzida o`tkaziladigan o`qitish metodidir. Har qanday mavzu va muammolar mavjud bilimlar va tajribalar asosida muhokama qilinishi nazarda tutilgan holda ushbu metod qo`llaniladi.
Bahs-munozarani boshqarib borish vazifasini ta’lim oluvchilarning biriga topshirishi yoki ta’lim beruvchining o`zi olib borishi mumkin. Bahs-munozarani erkin holatda olib borish va har bir ta’lim oluvchini munozaraga jalb etishga harakat qilish lozim. Ushbu metod olib borilayotganda ta’lim oluvchilar orasida paydo bo`ladigan nizolarni darhol bartaraf etishga harakat qilish kerak. “Bahs-munozara” metodini o`tkazishda quyidagi qoidalarga amal qilish kerak:
barcha ta’lim oluvchilar ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratish;
“o`ng qo`l” qoidasi (qo`lini ko`tarib, ruhsat olgandan so`ng so`zlash)ga
rioya qilish;
fikr-g‘oyalarni tinglash madaniyati;
bildirilgan fikr-g‘oyalarning takrorlanmasligi; bir-birlariga o`zaro hurmat.
Quyida “Bahs-munozara” metodini o`tkazish tuzilmasi berilgan.