Egasining nomi (egasining nomi yoziladigan aksiyalar uchun).
Aksiyadorlik jamiyatining aksiyalar chiqarilgan kundagi ustav fondining miqdori.
Chiqarilayotgan aksiyalar soni.
Dividendlarni to‘lash muddati.
Aksiyadorlik jamiyati boshqaruvining raisi va bosh buxgalterining imzolari.
Ro‘yxatga olish idorasi tomonidan berilgan aksiya kodi va sana.
Aksiyadorlik ishining ikki asrdan ortiq tarixi aksiyalar turlarining juda keng to‘plamini ishlab chiqdi. Quyida aksiyalarning bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda tez-tez uchrab turadigan asosiy turlarini sanab o‘tamiz.
Fond birjasida muomalada bo‘lish xususiyataga ko‘ra, "ro‘yxatga olingan" va "ro‘yxatga olinmagan" aksiyalar mavjud. Dastlabkilari – bu birjada muomalaga chiqarilgan aksiyalardir. Keyingilari esa – faqat qimmatli qog‘ozlarning birjadan tashqari bozorlarida mavjud bo‘lgan aksiyalar.
Emitent tomonidan chiqarilish xususiyatiga ko‘ra, obuna aksiyalari mavjud (ularning joylashtirilishi uchun distribyuter firma tomonidan kafolatlar berilgan). Ular to‘liq yoki bir yilda to‘lanadigan va qismlarga bo‘lib to‘lanadigan turlarga bo‘linadi.
Muomala xususiyatiga ko‘ra, "muomaladagi aksiyalar", ya’ni emitentning qimmatli qog‘ozlar bozorida doimiy ravishda muomilada bo‘luvchi aksiyalarga "portfel aksiyalari", ya’ni ularni chiqargan kompaniyalar ixtiyorida bo‘lgan aksiyalar.
"Faol" deb nomlanuvchi aksiyalarning alohida toifasi mavjud. Bu birjalarda doimiy ravishda katta miqdorda muomalada bo‘ladigan aksiyalardir. Mazkur aksiyalar ular uchun maxsus indekslar belgilanish chog‘ida bozordagi vaziyatning indikatori hisoblanadi.
"Qayta baholanish huquqiga ega bo‘lgan" aksiyalar emitentga aksiyaning egasidan qo‘shimcha badalni talab qilish huquqini beradi. Aksariyat hollarda bunday aksiyalar inflatsiya sharoitlarida chiqariladi.
"Kafolatlangan aksiyalar" – kafolatlangan dividendlarni olish huquqini beradi.
"Vinkulirlangan aksiyalar" – ushbu aksiyalarning egasi ularni aksiyadorlik jamiyati ijroiya organining ruxsatisiz sotishi mumkin emas.
Imtiyozli (preferensial) aksiyalar alohida o‘rin tutadi, ularning har xil turlari mavjud.
Masalan, chaqirib olinish huquqiga ega bo‘lgan (chaqirib olinadigan) imtiyozli aksiyalar – mazkur aksiyalar emitentga ularning egasidan oldindan xabar qilingan holda sotib olish huquqini beradi.
"Oltin aksiya" – bu uning egasiga (ustav fondiga qo‘shgan ulushidan qat’i nazar) ma’lum bir vaqt mobaynida kompaniyani boshqarish huquqini beradi. Bunday aksiyalar ko‘pincha xususiylashtirish jarayonlari kechayotgan mamlakatlarda uchraydi. Bunda "oltin" aksiyaning egasi sifatida, odatda, qandaydir bir iqtisodiyotni boshqaruvchi idora orqali davlatning o‘zi ishtirok etadi.
"Kumulativ" aksiyalar. Ularni chiqarish shartlarida, odatda, ushbu aksiyalar bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan, lekin to‘lanmagan dividendlarning jamg‘arib borilishi va emitentning moliyaviy ahvoli yaxshilanib, dividendlarni to‘lash imkoniyati paydo bo‘lgan yilda to‘lanishi nazarda tutiladi.
Plyural – ko‘p ovozli aksiyalar. mazkur qimmatli qog‘ozlar fashistlar Germaniyasida keng qo‘llanildi. Ular millatchi "xukmron doira"ga keng huquqlar va aniq tarzda amalga oshirilgan investitsiyalardan qat’i nazar, sanoatning yetakchi tarmoqlarini o‘z nazorati ostida ushlab turish imkoniyatini berardi.
"Retrektiv" aksiyalar – bu o‘z egasiga ularni so‘ndirish uchun kompaniyaga taqdim etish huquqini beruvchi aksiyalardir. So‘ndirish shartlari, muddatlari to‘g‘risida bunday qimmatli qog‘ozlarning birlamchi emissiyasi yilida kelishib olinadi.
"Ayirboshlanadigan" aksiyalar ularni oldindan kelishilgan narxlar bo‘yicha muayyan bir oralig‘ida boshqa aksiyalarga (odatda, oddiy aksiyalarga) almashtirish mumkin.
"Kursi o‘zgarib turuvchi aksiyalar". Ushbu aksiyalar bo‘yicha dividend to‘lovlari foizning o‘zgarishi darajasiga qarab o‘zgarib turadi Agar foiz o‘ssa, aksiyalar bo‘yicha to‘lovlar ham o‘sadi va aksincha.
"Orderli aksiyalar" – ular o‘z egalariga oddiy aksiyalarning ma’lum bir miqdor-ini xarid qilish va bu bilan butun nashrning likvidligini oshirish huquqini beradi.
O‘zbekiston qonunchiligida aksiyalarning har xil turlari – oddiy va imtiyozli, egasining nomi yozilgan va "ko‘rsatuvchi egalik qiladigan", shuningdek, kumulativ aksiyalarning ta’rifini uchratish mumkin. Biroq mazkur bobda qayd etilgan aksiyalarning boshqa turlari amalda bo‘lish huquqiga ega emasligini anglatmaydi. Ularni chiqarish, muomalada bo‘lishi va so‘ndirish shartlari, shuningdek, alohida o‘ziga xos xususiyatlari aksiyadorlik jamiyatining tashkil etilishida uning ta’sis hujjatlarida ko‘rsatilishi mumkin.