O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV Toshkent sh.,
2020-yil 27-noyabr,
PF-6119-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-noyabrdagi PF-6119-son Farmoniga
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi qurilish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2021 — 2025-yillarga mo‘ljallangan STRATEGIYASI
1-bob. Umumiy qoidalar Inson yashash faoliyatining xavfsiz va qulay muhitini shakllantirish mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosi hisoblanadi.
Qurilish tarmog‘i iqtisodiyotning barcha sohalari moddiy-texnik bazasini yaratishda hamda aholining shinam uy, ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasi xizmatlari, shuningdek, madaniy xordiqqa bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishda muhim rol o‘ynaydi.
Qurilish sohasidagi davlat siyosati mamlakat, mintaqalar va tarmoqlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini muvaffaqiyatli amalga oshirishni ta’minlash maqsadida innovatsiyalar, investitsiyalar, mehnat va moddiy resurslardan samarali foydalanish orqali tarmoq salohiyatini oshirishga yo‘naltirilgan.
Shu bilan birga qurilish tarmog‘ining rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi quyidagi tizimli muammolar mavjud:
shaharsozlik faoliyatini texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar sezilarli darajada eskirib qoldi hamda arxitektura-qurilish ishlarini olib borishning zamonaviy uslublarini, energiya tejamkor texnologiyalar va materiallarni keng qo‘llash imkoniyatlarini inobatga olmaydi;
ko‘pchilik aholi punktlarida bosh rejalar mavjud emasligi yoki bino va inshootlarni qurishda ularga rioya qilinmasligi hududlarda kompleks ravishda qurilish olib borish, ishlab chiqarish va infrastruktura obyektlarini joylashtirish, tadbirkorlik, ishchanlik va investitsiya faolligini rivojlantirishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda;
loyiha-qidiruv ishlarining mavjud bozori tendensiyalari ko‘p hollarda loyiha ishining ilg‘or rivojlanishi, yuqori texnologiyali, zamonaviy va o‘ziga xos arxitektura loyihalarini yaratish uchun shart-sharoit tug‘dirmaydi;
shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillarining mukammal emasligi va oqibatda xodimlarni qurilish-montaj ishlariga noqonuniy asosda (kerakli hujjatlarni rasmiylashtirmasdan) jalb qilish, o‘zboshimchalik bilan qurilgan binolarning ko‘payishi, qurilish tashkilotlari xodimlarining zarur bilim va malakaga ega emasligi qurilish tarmog‘ining investitsiyaviy jozibadorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda hamda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishda, qurilgan bino va inshootlardan keyinchalik foydalanishda xavfsizlik talablarining buzilishiga olib kelmoqda;
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish darajasining pastligi investitsiya jarayonlari ishtirokchilari va shaharsozlik faoliyati subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatishning maksimal shaffofligi va tezkorligini ta’minlash imkonini bermaydi;
amaliy qurilish fanining rivojlanmaganligi, oliy ta’lim muassasalarining ilmiy va moddiy-texnik salohiyati zaifligi kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini rivojlantirish imkonini bermaydi.
Yuqorida ko‘rsatilgan muammolar qurilish tarmog‘ining jadal innovatsion rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda. Shu munosabat bilan qurilish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur Qurilish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2021 — 2025-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi (keyingi o‘rinlarda — Strategiya) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-martdagi PF-5963-sonli “O‘zbekiston Respublikasining qurilish sohasida islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan.
Strategiya xorijiy mamlakatlar qurilish sohasidagi strukturaviy o‘zgarishlarining eng yaxshi tajribalari va shaharsozlik faoliyati rivojlanishining jahon tendensiyalarini o‘rganish asosida 2021 — 2025-yillarda qurilish tarmog‘ini rivojlantirish maqsadlari va ustuvorliklari, isloh qilish yo‘nalishlarini belgilaydi.