4-bob. Loyihalarning tasdiqlangan TIA/TIHKga o‘zgartirishlar (tuzatishlar) kiritish tartibi 25. Loyihalarning tasdiqlangan TIA/TIHKga o‘zgartirishlar (tuzatishlar) kiritish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
qo‘shimcha moliyalashtirish (qarzlar/kreditlar) jalb etish zarurati;
loyihaning qiymati, moliyalashtirish manbalari va shartlarida yuz bergan o‘zgarishlar, basharti bu o‘zgarishlar loyihaning moliyaviy samaradorligining yomonlashuviga olib kelsa;
loyihaning TIA/TIHK asosiy texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlariga ta’sir qiluvchi texnik-texnologik yechimlarida o‘zgarishlar yuz bersa (qiymat ko‘rsatkichlarining pasayish holatlari bundan mustasno);
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining alohida qarorlariga muvofiq loyihaning tuzatilgan TIA/TIHK ishlab chiqish ko‘zda tutilgan boshqa o‘zgartirishlar.
Loyihani amalga oshirishni yakunlash natijalari bo‘yicha TIA/TIHK loyihalariga o‘zgartirishlar (tuzatishlar) kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi.
26. Loyihalarning tasdiqlangan TIA/TIHKga o‘zgartirishlar (tuzatishlar) kiritish tashabbuskor (buyurtmachi) tomonidan loyihaning belgilangan tartibda tuzatilgan TIA/TIHK ishlab chiqilgan holda amalga oshiriladi.
Agar loyihaning avval tasdiqlangan TIA/TIHK bo‘yicha Markaz xulosasi berilgan bo‘lsa, loyihaning tuzatilgan TIA/TIHKni ekspertizadan o‘tkazish uchun to‘lov undirilmaydi.
27. Loyihaning tuzatilgan TIA/TIHKni ekspertizadan o‘tkazish va tasdiqlash ushbu Nizomda o‘rnatilgan tartibda bajariladi.
28. Loyihaning TIA/TIHKga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining alohida qarorlariga muvofiq loyiha qiymatini kamaytirish nuqtai nazaridan (loyihaning asosiy texnik-texnologik ko‘rsatkichlari saqlangan holda) o‘zgartirishlar kiritilgan taqdirda, loyiha TIA/TIHKga o‘zgartirishlar (tuzatishlar) kiritish talab etilmaydi.