Ta’lim olganlikni tashxis etish tamoyillari. Pedagogikada o'quvchilarning ta'lim olganligini tashxislash va nazorat qilish tamoyillarining tizimi ishlab chiqilgan. Ulardan eng muhimlari xolislik (obyektivlik), tizimlilik (sistemalilik), ko'rgazmalilik (oshkoralik) sanaladi. Xolislik (obyektivlik) tashxis testlari (topshiriqlari, savollari), tashxis jarayoni mazmunining ilmiy asoslanganligi, pedagogning barcha ta'lim oluvchilarga do'stona munosabati hamda bilim, malakalarni baholashning aniq ko'rinishda belgilangan mezonlaridan iborat. Amalda tashxisning xolisligi qo'yilgan baholar nazorat metodlari va vositalaridan, tashxis o'tkazgan o'qituvchidan qat'i nazar hamma vaqt mos kelishini anglatadi.
Tizimlilik (sistemalilik) tamoyilining talabi shundan iboratki, tashxislash nazoratini ta'lim jarayonining barcha bosqichlarida — bilimlarni boshlang'ich idrok etishdan to amalda qo'llashgacha bo'lgan bosqichlarida olib borish kerak.Tizimlilik barcha ta'lim oluvchilar o'quv muassasasida bo'lgan birinchi kundan boshlab oxirigacha muntazam tashxisga jalb etilishini anglatadi. Ta'lim oluvchining bilimi va egallashi lozim bo'lgan barcha jihatlarni ishonchli tekshirish uchun ta'lim nazoratini tez-tez o'tkazish kerak. Tizimlilik tamoyili tashxis o'tkazishga bir butun yondashuvni talab etadi-ki, bunda nazorat, tekshirish, baholashning turli shakllari, metodlari, vositalari uzviy o'zaro bog'liqlikda va birlikda qo’llaniladi, bir maqsadga xizmat qiladi. Bu kabi yondashuv tashxisning ayrim metodlari va vositalarini mutlaqlashtirishga yo'l qo'ymaydi.
Ko'rgazmalilik (oshkoralik)tamoyili avvalo, barcha ta'lim oluvchilarni aynan bir xil mezonlar bo'yicha ochiq sinovdan o'tkazishni anglatadi. Tashxis jarayonida belgilanadigan har bir o'quvchi reytingi ko'rgazmali, qiyosiy xarakterga ega. Oshkoralik tamoyili, shuningdek, baholarni e'lon qilish va motivatsiyalashni talab etadi. Baho mo'ljal (orientir) bo'lib, ta'lim oluvchilar unga muvofiq o'zlariga qo'yiladigan talablar va pedagogning xolisligi haqida fikr yuritadi. Tamoyilni amalga oshirishning zarur sharti tashxislash natijalarini e'lon qilish, ularni manfaatdor shaxslar ishtirokida muhokama va tahlil qilish, nuqsonlarni tugatishning istiqbolli rejalarini tuzish hisoblanadi.