XIII BOB. KORXONA TASHQI IQTISODIY FAOLIYATINING TAHLILI
13.1. Tashqi iqtisodiy faoliyat va uning asosiy yo‘nalishlari
Bozor munosabatlari sharoitida tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanish
va jahon bozorining aktiv ishtirokchisiga aylanish korxonalar moliyaviy-xo‘jalik
faoliyatini rivojlantirishning muhim va samarali yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shu sababli ham korxonaning tashqi iqtisodiy faoliyatini yo‘lga qo‘yish va uni
rivojlantirish istiqbollarini belgilashga asosiy e’tibor qaratiladi. Bu esa, yangi
bozorlar (tovarlar, xizmatlar, mehnat, axborot, moliya va boshqa bozorlar)ni
rivojlantirishga, xomashyoni olib kirishga, texnologiya va axborotlarni
ayirboshlashga, ilmiy, ilmiy-texnik, ishlab chiqarish, madaniy va boshqa tashqi
iqtisodiy aloqalarni rivojlanishiga imkoniyat yaratadi.
Bugungi kunda Respublikamizda ko‘plab korxona va birlashmalar,
korporasiya va kompaniyalar, firma va boshqa tashkilotlar xorijlik sheriklar bilan
tashqi savdo aloqalarini muvaffaqiyat bilan rivojlantirmoqdalar, xorijiy investorlar
ishtirokida yirik investisiyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda.
2000-yil 26 mayda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Tashqi
iqtisodiy faoliyat to‘g‘risida”gi Qonuni (yangi tahrirda)ning 3-moddasiga muvofiq
tashqi iqtisodiy faoliyat deganda O‘zbekiston Respublikasi yuridik va jismoniy
shaxslarining xorijiy davlatlarning yuridik va jismoniy shaxslari, shuningdek
xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro foydali iqtisodiy aloqalarni o‘rnatish va
rivojlantirishga qaratilgan faoliyati tushuniladi.
O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatga olingan yuridik shaxslar, shuningdek,
O‘zbekiston Respublikasining hududida doimiy yashash joyiga ega bo‘lgan va
yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatga olingan jismoniy shaxslar tashqi
iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanishga haqlidir. Bundan ko‘rinadiki, tashqi
iqtisodiy faoliyatning subyektlari tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirayotgan
O‘zbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari hisoblanishadi.
Tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda tashqi iqtisodiy faoliyat
subyektlarining ma’lum huquq va majburiyatlari mavjud.
294
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari quyidagi huquqlarga ega:
-
qonun hujjatlari doirasida tashqi iqtisodiy faoliyatda qatnashish shakllarini
mustaqil belgilash, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish uchun o‘z xohishiga
ko‘ra boshqa yuridik va jismoniy shaxslarni shartnoma asosida belgilangan tartibda
jalb qilish;
-
tashqi iqtisodiy faoliyat natijalariga, shu jumladan milliy va chet el
valyutasidagi daromadga mustaqil ravishda egalik qilish, undan foydalanish va uni
tasarruf etish.
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa
huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlariing majburiyatlari:
-
tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risidagi hisobotni belgilangan tartibda taqdim
etishi;
-
O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan tovarlarning
O‘zbekistonda belgilab qo‘yilgan texnikaviy, farmakologiya, sanitariya,
veterinariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya, ekologiya standartlari, talablari,
qoidalari va normalariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlarni belgilangan tartibda
taqdim etishi shart va h.k.
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq
boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari oldi-sotdi yoki ayirboshlash obyekti
bo‘lgan tovarlar, ishlar (xizmatlar), har qanday mol-mulkka, shu jumladan,
qimmatli qog‘ozlar, valyuta qimmatliklariga, elektr, issiqlik energiyasi va boshqa
turdagi energiyaga, transport vositalariga, intellektual mulk obyektlariga nisbatan
(tashqi iqtisodiy faoliyatda foydalanilishi qonun hujjatlari bilan taqiqlanganlari
mustasno) tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishlari mumkin.
Bugungi kunda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishning asosiy
yo‘nalishlari quyida keltirilgan (13.1-rasm).
|