O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI AXBOROT TEXNOLOGIYALARI VA KOMMUNIKATSIYALARINI RIVOJLANTIRISH VAZIRLIGI Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filiali TELEKOMMUNIKATSIYA TEXNOLOGIYALARI VA KASIBIY TALIM FAKULTETI « Raqamli iqtisodiyot » yo’nalishi 1-kurs 303-22 guruh talabasi Nishanbayeva Nafisaning « Akademik yozuv » Fanidan MUSTAQIL ISHI
Tayyorlagan _________________ N.Nishanbayeva Qabul qilgan _________________ U.Jaksimova
Nukus-2022 yil Mavzu: Ustoz makatbi Agar shogird shayhulislom, agar qozidur,
Agar ustoz rozi – Tangri rozidur.
(Alisher Navoiy)
Rivoyat qilinishicha, imom Buxoriy (rahmatullohi alayh) xazratlari Makkai Mukarramada ta'lim berayotgan chog‘da bir ziyoratchi Buxoroi Sharifdagi ustozlardan salom va maktub keltiradi. Bu xabarni eshitgan Imom Buxoriy (r.a.) Buxoroi Sharif tomonga yuzlanib, salomiga alik olganlaricha hurmat bajo keltiradilar, so‘ngra maktubni ikki qo‘llab olib, tabarruk qilib, ehtirom bilan xatni o‘qigan ekanlar.
Ha, ustoz misli yonib turgan shamga qiyos. O‘zi yonib, atrofga nuru ziyo sochadi. Boshqalar ana shu nurdan bahramand bo‘ladi. Shu sabab, har bir inson yoshidan, mavqeidan, darajasidan qat'i nazar, saboq bergan ustoz-murabbiyi oldida mudom ta'zimda. Hazrat Navoiy aytganlaridek, Haq yo‘lida bizga ming ranju qiyinchilik bilan saboq bergan muallimlarning mashaqqatli mehnatlari haqini hech bir boylik yoki ganjina bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Ularning mehnatlari beqiyos va benazir.
Mamlakatimiz rahbari farmoni bilan 1997 yildan buyon 1 oktabrning “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” sifatida keng nishonlanayotgani millatimizning ustoz-murabbiylarga bo‘lgan hurmat-ehtiromining amaldagi yorqin ifodasi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Davlatimiz rahbari ustoz-murabbiylarga ta'rif berib, “Agarki, dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktab bo‘lsa, kasblar ichida eng sharaflisi o‘qituvchilik va murabbiylikdir. Chindan ham o‘qituvchi nainki, sinf xonasiga fayz va ziyo olib kiradigan, balki, ming-minglab murg‘ak qalblarga ezgulik yog‘dusini baxsh etadigan, o‘z o‘quvchilariga haqiqatdan ham hayot maktabini beradigan mo'tabar zotdir”, degan edi.
Chindan ham, ustozlar murg‘akligimizdanoq qalbimizga ezgulik urug‘larini sochadi, qo‘limizdan tutib, ma'rifat saboqlarini beradi, mehr-muhabbat ulashadi. Biz erishayotgan ulkan yutuqlarimiz, qo‘lga kiritayotgan g‘alabalarmizda ularning hissasi katta. Shu sabab, ularni mudom sharaflagimiz, ardoqlagimiz keladi.
Afsonalarga ko‘ra, mashhur sarkarda Iskandar Rumiydan (Aleksandr Makedonskiy) “Nechun Arastuni (Aristotel) otangizdan ortiq izzat qilasiz?”, deb so‘radilar. Iskandar Rumiy javob berdi: “Otam go‘yoki meni osmondan yerga tushirdi. Ammo ustozim Arastu meni yerdan osmonga ko‘tardi. Ya'ni, otam meni dunyoga kelmog‘imga sabab bo‘ldi. Ustozim ilm va odob o‘rgatib, martaba va izzatimning ortmog‘iga sabab bo‘ldi”.
Ko‘rinib turibdiki, dunyoni o‘z ilmu ma'rifati bilan lol qilgan insonlar ham doim ustozini yuksak qadrlagan, izzat-hurmatini joyiga qo‘ygan.
Muqaddas dinimizda ilm-ma'rifatli kishilarning maqomu martabalari Alloh tomonidan yuksaklarga ko‘tarib qo‘yilishi haqida shunday marhamat qilinadi: “Sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan kimsalarni Alloh baland darajalarga ko‘tarur”, dedi” (Mujodila surasi). Qator hadisi shariflarda muallimlarning hurmatini joyiga qo‘yish, ularga nisbatan tavoze'li bo‘lishga chaqiriladi. Jumladan,
Rasulullloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qilib, dedilar: “Ilm o‘rganing, ilm uchun sakinat va viqorni ham o‘rganing. Va sizlarga ilm o‘rgatayotganlarga tavoze' bilan o‘zingizni past tuting!” (Imom Tabaroniy “al-Avsat”da rivoyat qilgan).
Muallimga kibr qilish, uni mensimaslik tuban xulq hamda nifoq alomatlaridan hisoblanadi. Imom Tabaroniy “al-Kabir”da rivoyat qilgan hadisi sharifda bunday deyiladi: “uch toifa inson borki, ularni faqat munofiqqina xorlaydi: Islomda mo‘ysafid bo‘lgan qariya, ilm sohibi va odil rahbar”
Ustoz va muallimga o‘zni past tutib, xokisor bo‘lish najot eshigi, ilm tahsil qilishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Dinimiz shunga buyuradi, shunga o‘rgatadi. Bu ustozlarning shogirdlari ustidagi haqlaridandir. Ulamolar aytadilarki, ustoz va muallimlar faqat la'nati zamon va la'nati makondagina ehtirom qilinmaydilar. Chunki Nabiy alayhissalom olimlar hurmat qilinmaydigan zamonda yashashdan, shunday bir zamonga rizqlari qo‘shilgan bo‘lishidan Allohga sig‘ingan ekanlar. Payg‘ambar alayhissalom panoh so‘ragan zamon esa eng mash'um va mal'un zamon bo‘lishi shubhasizdir. Sahobalardan Sahl ibn Sa'd as-So'idiy (raziyallohu anhu) rivoyat qilishiga ko‘ra, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Allohga iltijo qilib: “Ey Alloh, alim (bilimdon)ga ergashilmaydigan, halim (oqil)dan esa hayo qilinmaydigan bir zamon ustimga kelib qolmasin!”, deya olim va muallimlar hurmat qilinmaydigan zamonda hayot kechirishdan panoh so‘rar edilar (Imom Ahmad rivoyati).
O‘zbekistonda 1 oktyabr - O‘qituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi. Orzusi faqatgina o‘quvchilarining kamolini ko‘rish bo‘lgan aziz va qadrli murabbiylarimizni dillarini hushnud etib, minnatdorchilik bildirish uchun aslida mahsus kunning hojati bo‘lmasa kerak. Shunday bo‘lsada 1 - oktyabr murabbiylar kuni sifatida nishonlanilishi ularga ko‘rsatilgan yuksak e’tibordan darak beradi.
Ustozlar haqida so‘z yuritilar ekan doimo Iskandar Zulqarnayn to‘g‘risidagi hikoya yodimga tushadi. U ishg‘ol qilgan yurtining taxtiga birinchi bo‘lib ustozini o‘tkazar ekan. Bir kuni undan: “Nima uchun bunday qilasiz?” deb so‘rashganda: “Ota-onam tug‘ilishimga, ustozim esa yuksalishimga sababchi bo‘lganlar”, degan ekan.
Poshshaxo‘ja ham ustozlarning mehnatisiz hech kim yuksala olmasligini aytib, Iskandarning o‘z ustoziga bo‘lgan hurmatini keltirib o‘tgan:
Hech kim ustozsiz topmas jahonda izzu joh,
Nechakim hashmat bila Iskandari davron erur.
Darhaqiqat, biz erishgan har bir yutuqda ustozlarimizning hissalari mavjud.
Ilm olish va uni tarqatish yuksak savobli ish ekani to‘g‘risida Qur’oni Karimda, hadisi sharifda ko‘plab oyat va hadislar kelgandir. Shulardan birida Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ilm tarqatuvchilarga ya’ni ustozlarga shunday ta’rif berib, ular erishadigan savoblarning juda katta ekani haqida quyidagicha bayon qilganlar.
Imom Bayhaqiy va Abu Ya’lolar Anas ibn Molik (r.a.) rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz (s.a.v.):
“Sizlarga sahiylar sahiysining xabarini beraymi? Sahiylarning sahiysi Allohdir. Men odam bolasining eng sahiysiman. Mendan keyin sizdan eng sahiyingiz, ilm o‘rganib, ilmini tarqatgan odamdir. U qiyomat kuni yolg‘iz o‘zi bir ummat bo‘lgan holida tiriltiriladi”, deganlar.
Albatta, ustozlar mana shunday yuksak mukofotlarga loyiq zotlardir.
Odamlarga xarf o‘rgatib savodini chiqarish bu ularga o‘rgatilgan eng yaxshi ta’lim desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki biz butun hayotimiz davomida shu ustozlarimiz o‘rgatgan xarflardan foydalanib o‘qiymiz, yozamiz va ilmimizni oshirishda davom etamiz.
Ali ibn Abu Tolibning shunday so‘zlari bor: “O‘qishni bilsangiz, har bir inson bir kitobdir”. Mana shu kitobning qulfiga kalit topib, ilk xarflarni o‘rgatuvchi zotlar albatta ustozlarimizdir. Ustoz o‘z kasbiga qalb qo‘ri bilan kirishmasa, murabbiylik yo‘lida xech qanday yutuqlarga erisha olmaydi. Axir o‘qishni, yozishni bilmaydigan murg‘akkina bolaga bir xarfni o‘rgatish oson bo‘lmasa kerak. Umrini shu sohaga bag‘ishlagan o‘qituvchilar xamma joyda bir xil — oddiy va kamtar.
To‘g‘ri, o‘quvchilik yillari sen uchun jon kuydirgan, o‘qib olim, yaxshi odam bo‘lsin deguvchi ustozlarning qadriga yetmaymiz. Ammo xayotning katta yo‘lida ularni ko‘proq sog‘inadi kishi.
Maktabga yo‘qlab borsangiz, ustoz yana ko‘zlari javdirab turgan, endigina maktabga qadam qo‘ygan bolakaylar bilan mashg‘ul ekanini ko‘rasiz. U kasbidan zerikmaydi. Aksincha, yillar o‘tgani sayin ko‘ngli xam boladek beg‘yg‘bor bo‘lib boraveradi.
Ertangi kunning kanday bo‘lishi maktab, bilim yurtlaridagi talim-tarbiyaga bog‘lik. Chunki farzandlarimizning ongi-tafakkuri shu joylarda shakllanadi.
Ustozlarni ulug‘lash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimizning azaliy qadriyatlaridandir. Bugun O‘zbekistonda ta’lim islohotlarining uzviy qismi bo‘lgan o‘qituvchilar mehnatini rag‘batlantirishga oid ibratli ishlar jahonning ko‘plab davlatlari tomonidan yuksak baholanib, mustaqillik yillarida to‘plangan boy va ilg‘or ma’rifiy tajriba sifatida o‘rganilayotur. O‘qituvchilarning kasb bayramlari arafasida yoshlarimizni vatanga muhabbat, sadoqat, milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalayotgan, ustozlik kasbida halol va samarali ish olib borayotgan ilg‘or pedagoglar Vatanimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanishlari ham buning amaldagi tasdig‘idir.
Yurtimizda “O‘zbekiston qahramoni”, “O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi hodimi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvonlariga sazovor bo‘lgan, Vatanimizning orden va medallari bilan taqdirlangan murabbiylar safi yildan-yilga kengaymoqda. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra hozirda ta’lim sohasida 423 ming nafardan ziyod o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning barchalariga yurtimiz kelajagi bo‘lgan navqiron avlod vakillariga ta’lim-tarbiya berish kabi mashaqqatli va sharafli ishlarida Yaratgandan kuch-g‘ayrat tilab qolamiz. Sizlar doimo ardog‘imizdasiz aziz ustozlar!