Agar hayvonning miyachasi butunlay olib tashlansa, chuqur va jiddiy
o’zgarishlar ro’y beradi. Bunda hayvon dastlabki kunlarda o’rnidan tura olmaydi
va qanday bo’lmasin harakat qila olmaydi. Bir necha kundan keyin hayvon qisman
harakat qila boshlaydi.
Ammo hayvon o’rnidan turish uchun oyoqlarini keng yozadi, yurganda
ko’pgina ortiq va omonat harakatlarni qiladi.
Miyachani olib tashlash natijasida hayvonning harakatlarida kelib chiqadigan
o’zgarishlar quyidagi to’rt guruhga bo’linadi:
1.
Muskullar tonusining o’zgarishi (atoniya). Miyacha olib tashlangandan
keyin dastlab muskullar tonusi juda ham kamayadi, natijada muskullar ilvillab
qoladi. Miyacha faoliyati izdan chiqqanda muskullar tonusi shu tariqa buziladi.
Ammo bir necha kundan keyin yozuvchi muskullar tonusi oshadi, qo’l-oyoq
yoziladi, bosh orqaga qayriladi.
Miyacha olib tashlanganda muskullar tonusi yo’qolishdan ko’ra, tonus
taqsimotini idora etishning ko’proq buzilishi bir qancha tekshirishlarda isbot
etilgan.
Miyacha olib tashlangandan keyin ikki hafta o’tgach, tonus sekin-asta avvalgi
asliga keladi va hayvon birmuncha beo’xshov harakat qilsa ham, har qalay
anchagina harakatlarni bajaradigan bo’lib qoladi.
2.
Tez charchash (asteniya). Miyachasi olib tashlangan hayvon juda tez
charchaydi. Sog’lom it kichik harakatlarni bemalol ado eta olsa, miyachasi olib
tashlangan it shunday harakat qilish natijasida charchab qoladi. Hayvon arzimas
harakatdan keyin shu qadar charchaydiki, yotib dam oladi. Modda almashinuvi
juda ham kuchayib ketadi.
3.
Qo’l-oyoq va boshning titrashi (astaziya) Miyachasi olib tashlangan
hayvon titramasdan turolmaydi va boshini tutolmaydi. Itning miyachasi olib
tashlangandan keyin u oyog’ini darrov ko’tara olmaydi; u oyog’ini ko’tarishdan
oldin bir qancha tebranma harakatlar qiladi. Agar bunday it turg’azib qo’yilsa,
gavdasi va boshi hamisha tebranib turadi. Agar shunday itga ovqat berilsa, u
ovqatni yeya olmaydi, chunki boshini tebranishdan to’xtata olmaydi. It faqat
tasodifan boshining bir tebranishida ovqatdan bir luqmasini og’ziga oladi.
Miyachasi olib tashlangan itning birdaniga to’xtata olmaydigan va ko’p marta
takrorlaydigan bunday uzluksiz harakatlari ketma-ket keluvchi bir qancha
reflekslardan iborat. Bunday (ketma-ket keluvchi) reflekslarda har bir harakat
tamom bo’lishi bilan navbvatdagi harakat boshlanadi.
4.
Harakatlar koordinatsiyasining buzilishi (ataksiya). Miyachasi olib
tashlangan it aniq, chaqqon, uyg’un harakatlar qila olmaydi. U oyoqlarini kerib,
qoqilib-surilib va yiqilib turib yuradi. Yurganda oyoqlarini xuddi xo’rozga o’xshab
yuqori ko’tarib tashlaydi, shu sababli bunday yurish xo’roz yurish deb ataladi.
Odamning miyachasi zararlanganda ham shunday o’zgarishlar kelib chiqadi.
Miyachaning funksiyasi harakatlarni koordinatsiyalash (uyg’unlashtirish) va
muskullar tonusini mutadil ravishda taqsimlashdan iborat ekanligi ko’pgina
tekshirishlar bilan uzil-kesil aniqlangan. Miyacha harakatlar koordinatsiyasini
amalga oshirish bilangina qolmay, organizmdagi vegetativ jarayonlarga ham ta’sir
etadi.
Miyacha simpatik nerv tizimi orqali miyaning barcha bo’limlariga
adaptatsion-trofik ta’sir ko’rsatadi. Boshqacha aytganda, miyacha nerv tizimida
modda almashinuviga ta’sir etadi va uning o’zgarib turadigan sharoitlarga
moslashuviga imkon beradi.
Dostları ilə paylaş: