Furqat Toshkentda. Shoir Furqatning 1889- 1891-yillar Toshkentdagi hayotining taqdirida ayricha rol o'ynaydi. Furqat sayohat orzusida Marg'ilondan o'z yurtiga qaytib, u yerda bir kun turgach, Xo'jandga yo'l oladi. Xo'jandda u shoir Toshxo'ja Asiriy bilan uchrashadi. Bu yerda biroz betob ham bo'lib qoladi. Shunday bo'lsa-da, safarni davom ettirib, 1889-yilning iyun oyida Toshkentga keladi. Bu yerda Hoji A'zam degan g'oyibona do'sti bilan topishadi, uning ko'magida "Ko'kaldosh" madrasasiga joylashadi. 9 oy shu madrasada yashaydi. Xo'janddan kasallanib kelgan shoir hali batamom tuzalmagan edi. Bu vaqt ichida Hoji A'zam uning issiq-sovug'idan xabar olibr mehribonchilik ko'rsatib turdi. Bu kishining yordami bilan Toshkentning ilg'or ziyolilari - Sattorxon Abdug'afforov, Saidrasul Saidazimov, Sharifxo'ja Poshshoxo'ja o'g'li, Muhiddinxo'ja Hakimxo'ja o'g'li kabilar bilan tanishadi. Hatto Sharifxo'ja suhbatlarning birida shoirga taxallusini o'zgartirish haqida maslahat beradi. Shoir Sharifxo'janing taklifiga ko'ra bir muddat "Furqat" ("ayriliq", " judolik") emas, "Farhat" ("shodlik", "xursandlik") taxallusi bilan she'rlar ham yozgan. Furqat Toshkentning madaniy hayoti bilan doimo qiziqib yashadi. Teatrlarga bordi, vistavkalarni tamosho qildi, gimnaziya darsxonalarini ko'zdan kechirdi va taassurotlarini "Gimnaziya", "Ilm xosiyati", "Vistavka xususida", "Suvorov haqida doston", "Nag'ma bazmi xususida" kabi asarlarida bayon qildi.
Furqatning "Turkiston viloyati gazeti" muharriri, Toshkent Erlar gimnaziyasining direktori N.P.Ostroumov bilan tanishuvi uni shu gazet bilan doimiy bog'ladi. Ma'lum muddat mazkur gazetaning tarjimoni bo'lib ham ishladi. Yuqoridagi she'rlari ham, keyingi yillardagi va safar taassurotlari ham "Turkiston viloyati gazeti"da batafsil berib borildi. Shuningdek, "Ho'qandlik Zokirjon Furqatning ahvoloti, o'zi yozg'onlari" deb atalgan tarjimai holi ham aynan shu gazetaning 1891-yildagi bir necha sonlarida bosilib chiqdi. Mutaxassislar esa uni "Furqatnoma" deb ataydilar.
Furqat chet ellarda. Shoir 1891-yilning mayida Toshkentdan chiqib, Samarqandga bordi. Bu yerda xat orqali tanishgan g'oyibona do'sti Mirzo Buxoriy bilan uchrashdi. Bir necha kun shu yerda yashadi, iyulning o'rtalarida Buxoroga yo'l oldi, oyning oxirlarida Buxoroning Kogon temir yo'l vokzalidan poezdga o'tirib, Marv, Ashxobod, Bokur Botum orqali ikki oycha yo'l bosib, sentyabrning oxirlarida Istanbulga yetib keldi. Kuz va qishni shu shaharda o'tkazdi. Bu yerda shoir toshkentlik qadrdonlarini sog'inib, ularga maktub tarzida 280 misrali "Sabog'a xitob" masnaviysini bitdi. She'rda shoirning Vatanidan chiqib ketganiga hali bir yil bo'lmasdan, yurtini, do'stlarini, ma'shuqasini sog'ingani, ularni qo'msayotgani, o'zini juda g'arib va musofir his qilayotgani aks etgan. Uning sog'inchlari samimiy. U Istanbul "mardum" (kishi)larining sayru sayohat qilib yurganini ko'rar ekan, o'zining yor-u do'stlari yodiga tushadi va ularni entikib sog'inadi. Shayxontohurlik do'sti Mahmudxo'jani orziqib sog'inar ekan, uni "oshno" emas, "ag'o"dek bo'lib qolganini, unga qilgan ko'p "mehr-u shafqat", "ehson-u muruvvat'larini bot-bot eslaydi:
Muhtbbatlik menga bir oshnodur, Na tanho oshno, balkim ag'odur. Manga ko'p aylagan ul mehru shafqat, Qilib haqqimda ehsonu muruvvat. Furqat Istanbuldan Yunoniston (Gretsiya)ga o'tdi, Bulg'oriya (Bolgariya)da bo'ldi. 1892-yilning mayiyun oylarida Arabistonga borib, haj ziyoratini o'tadi. Shu yilning 25-avgustida Hindistonda bo'ldi, 10-sentabrda Bombeyga yetib keldi. U Bombeydan Toshkentdagi qadrdonlariga yozgan she'riy nomalarida shahar taassurotlarini shunday bayon etadi:
Yer yuzuda ko'rmadim Bombay kabi shahri azim, Garchi kezdim, Misr ila Istambulu Bulg'orlar. Bu yerda 6 oy chamasi yashaydi. 1893-yilning 20-martida Kashmirga keladi, undan Tibet va Xo'tan orqali Yorkentga o'tadi va shu yerda umrining oxirigacha yashab qoladi. Shoirning ikki yarim yillik safari Yorkentda yakunlanadi. Shoir Qashqardagi Rusiya Musulmon idorasida kotib bo'lib ishlaydi, ilmi nujum (astronomiya) va tabobat bilan shug'ullanadi. Ra'noxon degan qizga uylanadi. Nozimjon va Hakimjon ismli farzandlar ko'radi. Zokirjon Furqat 1909-yili 50 yoshida Yorkentda vafot etdi.
Ko'rinib turibdiki, Furqat hayoti vatandan judolikda kechdi. Uning chet elga ketishi va qolib ketishi shoir ixtiyori bilan sodir bo'lmagan. Adabiyotshunos olim Sh.Yusupov "Furqat yo'llarida" monografiyasida Furqat yirik shaxs ekanligi, uni yurtda yashab, ijod qilishligi rus davlatining "qudratini" uzoq saqlanishligiga g'ovbo'lishi mumkin degan hadikda qolgan N.P. Ostroumovning tazyiqi va ta'qibiga ko'ra Vatandan chiqib ketishga majbur bo'lganligini arxiv hujjatlari hamda ishonchli manbalar asosida e'tiborli, ilmiy mulohazasini bayon qilgan. Yuqorida biz shoirning rus ilmi va madaniyati haqidagi she'rlarini keltirgan edik. Shoirning bu she'rlari rus davlatining obro'sini oshirish maqsadida emas, balki Yevropa va rus madaniyatini o'z foydamizga xizmat qildirish zarur degan xulosani targ'ib qilish niyatida yozilgan asarlar edi. Tabiiyki, N.Ostroumov Furqatning donish va yuqori saviyali shaxs ekanligini juda yaxshi bilgan, shuning uchun ham shoirni Turkistonda yashashligi unga "xavf" bo'lib tuyulgan.
Tayanch tushunchalar:
eti sizniki, ustoxoni meniki
sura
haftiyak
Qur’on
Chor kitob
Gimnaziya
Furqat
Farhat
Savol va topshiriqlar:
Furqatning yoshlik va balog'at yillari haqida gapiring.
Shoir hayotining murakkabligini nimalarda ko'rasiz? Nega u vataniga qayta olmadi?
Nega rusiya ilm-fanini ko'rdi-yu, istibdodini payqamadi?
Furqatning mumtoz shoirlarimiz ijodiga bo'lgan muhabbatini nimalarda ko'rasiz?
Furqatning Toshkentdagi hayoti uning shaxsiy taqdiridahamda ijodida qanday rol o'ynaydi?
Adabiyotlar:
S.Matjon, Sh.Sariyev. O’zbek adabiyoti. T., 2007
B.Qosimov, N.Jumaxo’ja. O’zbek adabiyoti. 10-sinf uchun darslik.T., 2001