1. Vositasiz to‘ldiruvchi To‘ldiruvchi o‘z vazifasi va shakliga ko‘ra ikki turga ajratiladi: vositasiz to‘ldiruvchi va vositali to‘ldiruvchi.
Vositasiz to‘ldiruvchi harakatni o‘ziga qabul qilgan, harakat o‘ziga bevosita o‘tgan predmetni bildiradi. Shu bois u odatda o‘timli fe’l bilan ifodalangan bo‘lakka bog‘lanadi.
Vositasiz to‘ldiruvchi ko‘pincha tushum kelishigidagi birliklar bilan ifodalanib, kimni? nimani? qaerni? kabi so‘roqlardan biriga javob bo‘ladi: Bolani yoshdan asra, niholni boshdan asra. (Maqol). Aqlni beaqldan o‘rgan. (Maqol). U hamma qishloqlarni o‘zi aylanib chiqdi. (P.Qodirov). Vositasiz to‘ldiruvchi ba’zan chiqish kelishigidagi so‘z bilan ham ifodalanadi: Temirjon quymoqdan ko‘p yemadi. (J.Abdullaxonov). Vositasiz to‘ldiruvchi tushum kelishigi shaklidagi so‘z bilan ifodanganda, harakat butunlay predmetga o‘tadi, chiqish kelishigidagi so‘z bilan ifodalanganda esa, harakat qisman predmetga o‘tganligi anglashiladi.
Vositasiz to‘ldiruvchi ikki xil shaklda: belgili va belgisiz shaklda ishlatiladi. Belgili vositasiz to‘ldiruvchi tarkibida tushum kelishigi –ni affiksi saqlanadi: Bor borini yeydi, uyatsiz orini yeydi. (Maqol). Odamni po‘stin emas, ish qizdiradi. (Maqol). Belgisiz vositasiz to‘ldiruvchida –ni qo‘shimchasi qatnashmaydi, lekin uni tiklash mumkin bo‘ladi. Boshqacha qilib aytganda, bunday vositasiz to‘ldiruvchi belgisiz tushum kelishigi shaklidagi so‘z bilan ifodalanadi: Non emoqchi bo‘lsang, o‘tin tashishdan erinma (Maqol). Tekin boylik axtarguncha, o‘zingga bop hunar top (Maqol).
2. Vositali to‘ldiruvchi Vositali to‘ldiruvchi bosh, qaratqich, tushum kelishiklaridan boshqa kelishikdagi birliklar bilan hamda ko‘makchili ishlatilgan birliklar bilan ifodalanadi. Vositali to‘ldiruvchilarning ma’nolari va so‘roqlari turlichadir. Mazkur to‘ldiruvchilarni jo‘nalish, o‘rin-payt, chiqish kelishiklari affikslari hamda «bilan», «uchun», «to‘g‘risida», «haqida» kabi ko‘makchilar shakllantirib, ular kimga? nimaga? kimda? nimada? kimdan? nimadan? kim bilan? nima bilan? kim uchun? kim to‘g‘risida? nima xususida? kabi so‘roqlardan biriga javob bo‘ladi. Masalan: Inson