15. Ishchi organ tomonidan talab qilingan ma’lumotlar axborot tizimiga o‘z vaqtida kiritilmasa
yoki to‘liq bo‘lmasa, kamchiliklarni bartaraf etish to‘g‘risidagi uchinchi xabarnomadan so‘ng
vakolatli organ cheklangan narxlarni qayd etish yoki qayta qayd etishni rad etadi va bu haqidagi
ma’lumotni darhol ariza beruvchiga yuboradi.
16. Ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar to‘g‘ri va to‘liq taqdim etilgandan
so‘ng vakolatli organ ishchi organning tavsiyasiga binoan uch ish kuni ichida taklif etilgan
cheklangan narxlarni qayd etadi yoki qayta qayd etadi hamda cheklangan narxlar reyestriga
kiritadi.
17. Import qilinadigan, shuningdek mahalliy ishlab chiqaruvchilardan sotib olinadigan dori
vositalarini ulgurji va chakana sotish ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan
qat’i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji
narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda cheklangan savdo ustamalarini qo‘llash orqali
amalga oshiriladi.
Import qilinadigan dori vositalarining sotib olingan qiymati quyidagi formula bo‘yicha
aniqlanadi:
SOQ = Shn + B + Bx, bunda:
SOQ — import qilingan dori vositalarining sotib olingan qiymati;
Shn — Inkoterms CIP shartlarida O‘zbekiston Respublikasi hududiga import qilingan dori
vositalarining bojxona yuk deklaratsiyasi to‘ldirilgan kunda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki
tomonidan belgilangan valyutalarning rasmiy ayirboshlash kursi bo‘yicha O‘zbekiston
Respublikasining milliy valyutasida belgilangan shartnomadagi narxi;
B — O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasida hisoblangan bojxona to‘lovlari;
Bx — boshqa xarajatlar (shartnomadagi Inkoterms CIP shartida ko‘rsatilgan narxning 1
foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda).
18. O‘zbekiston Respublikasi hududiga import qilingan dori vositalarining narxlari cheklangan
narxlardan yuqori bo‘lmasligi kerak.
Agarda shartnoma narxi cheklangan narx ko‘rsatilgan valyutada bo‘lmasa, unda
shartnomaning bojxona yuk deklaratsiyasi to‘ldirilgan kundagi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy
banki tomonidan belgilangan valyutalarning rasmiy ayirboshlash kursi bo‘yicha AQSh dollarida
qayta hisoblangan narxi cheklangan narxdan yuqori bo‘lmasligi kerak.
19. Cheklangan narxlar reyestri axborot tizimida qayd etilgan cheklangan narxlarni,
shuningdek ariza to‘ldirilgan kunga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan
belgilangan valyutalarning rasmiy ayirboshlash kursi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy
valyutasida mazkur Nizomning
17-bandiga
muvofiq cheklangan savdo ustamalarini qo‘llash yo‘li
bilan hisoblangan ulgurji va chakana narxlarni aks ettiradi.
20. Ariza beruvchi vakolatli organ tomonidan cheklangan narxlar qayd etilgan sanadan
e’tiboran uch oydan kam bo‘lmagan muddatda cheklangan narxlarni qayta qayd etish uchun ariza
topshirishga haqli.
Cheklangan narxlarni uch oydan kam bo‘lgan muddatda qayta qayd etish uchun quyidagilar
asos bo‘lishi mumkin:
cheklangan narxlarni qayta qayd etish uchun ariza topshirilgan sanada cheklangan narx qayd
etilgan sanaga nisbatan chet el valyutasining O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasiga
nisbatan kursining kamida 5 foizga o‘sishi;
dori vositalari ishlab chiqariladigan mamlakatda yengib bo‘lmaydigan kuch (fors-major)
holatlarining yuz berishi.
21. Ariza beruvchi tomonidan noto‘g‘ri yoki ishonchli bo‘lmagan ma’lumotlar taqdim
etilganligi aniqlansa, cheklangan narxlar reyestrida ko‘rsatilgan dori vositalarining narxlari darhol
ushbu reyestrdan chiqariladi.
22. Ishchi organ ariza beruvchi tomonidan cheklangan narxlarni qayd etish yoki qayta qayd
etish uchun taqdim etilgan ma’lumotlarni oshkor qilishi mumkin emas.
Dostları ilə paylaş: