II. Bozor infrastrukturasini hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish shart-sharoitlarini yaratish 1. Qishloqda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ishlab chiqarish infrastrukturasini ustuvor rivojlantirish amalga oshiriladi. Bunda asosiy e’tibor melioratsiya, gidrotexnika, elektr energiyasi inshootlari va tarmoqlarini rivojlantirishga, yerlarni sug‘orishga, eroziyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirishga, ko‘p yillik ko‘chatlar ekish, sanoatning qayta ishlovchi korxonalarini qurish va texnika bilan qayta uskunalashga qaratiladi. Qishloq joylarda kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan muhandislik va ishlab chiqarish infrastrukturasi obyektlari, vodoprovodlar, kanalizatsiya tizimi va inshootlari, gaz va elektr ta’minoti tarmoqlari, yo‘llar, telekommunikatsiya tizimlari ustuvor ko‘riladi. Qishloqda ishlab chiqarish infrastrukturasini shakllantirish davlat dasturi va mahalliy dasturlarga muvofiq amalga oshiriladi.
2. Qishloqda bozor infrastrukturasini tashkil etish va uni jadal yaratish jarayonlarini boshqarish, uni jahon iqtisodiyoti talablariga moslashtirish maqsadida respublika viloyatlarida bozor qayta o‘zgartirishlarini davlat yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlashni ta’minlashga, bozor infrastrukturasini rivojlantirishning samarali tizimini shakllantirishga, respublika ichki va tashqi iqtisodiy xo‘jalik aloqalarini muvofiqlashtirish va rivojlantirishga da’vat etilgan Tadbirkorlik departamentlari tashkil etiladi.
Xususiy tadbirkorlikni va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash fondi (Biznes-fond)ning xususiy tadbirkorlarga va kichik biznesga kreditlar berish, shu jumladan imtiyozli kreditlar berish asosida investitsiya loyihalarini mablag‘ bilan ta’minlashni, ularning ustav sarmoyalarida ishtirok etishni, maslahat va axborot xizmatlari shaklida texnik yordam ko‘rsatishni amalga oshiruvchi hududiy tarmoqlari rivojlanadi. Xususiy tadbirkorlikni va kichik biznesni sug‘urta yo‘li bilan himoya qilish bo‘yicha hududiy agentliklar tashkil etiladi. Bu agentliklar tadbirkorlik tavakkalchiliklarini imtiyozli shartlarda sug‘urta yo‘li bilan himoya qilgan, to‘lanmagan qarzlar uchun qarzdorlarning javobgarligini sug‘urta qilgan, xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirishga yo‘naltirilayotgan chet el investitsiyalari sug‘urta yo‘li bilan himoya qilinishini ta’minlagan holda kichik va xususiy korxonalarning kreditlar, shu jumladan imtiyozli kreditlar olishlari uchun investitsiya loyihalarini baholaydilar va ekspertizadan o‘tkazadilar. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlovchi boshqa fondlar, sug‘urta muassasalari tashkil etiladi.
Respublika mintaqalarida davlat organlarida tadbirkorlik tuzilmalari manfaatlarini ifodalaydigan, bozor konyunkturasini o‘rganishda, axborot-tahliliy materiallarni tayyorlash va tarqatishda, korxonalarni ro‘yxatga olishda, yangidan tashkil etilayotgan korxonalar ta’sis hujjatlarini tayyorlashda, yuridik va texnik maslahatlar berishda ko‘maklashadigan “Tadbirkorlar palatasi” tashkil etiladi.
Qishloqda qishloq joylardagi kichik va xususiy korxonalarga resurs ta’minotida, mahsulotni sotishda va transport xizmati ko‘rsatishda yordam beradigan, mahsulotni saqlash, qayta ishlash va sotishni amalga oshiradigan, aholiga kommunal, maishiy, tuzatish-qurilish xizmatlari ko‘rsatadigan, jamoa, dehqon xo‘jaliklari a’zolari, shaxsiy yordamchi xo‘jaliklar egalarini o‘qitadigan, axborot ta’minoti va yuridik maslahat xizmatlarini ko‘rsatadigan Biznes markazlar tashkil etilmoqda.
Xususiy qo‘yilmalarga asoslangan, ilg‘or texnologik asbob-uskunalar, xomashyo va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash uchun butlovchi buyumlarni sotib olish uchun mablag‘larni birinchi navbatda maqsadli ayirboshlash huquqiga ega bo‘lgan agroinvestitsiya firmalari tashkil etilmoqda, kontraktlar Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi organlarida ruxsat beruvchi tartiblarsiz ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda. Faoliyat turlari bo‘yicha mayda ishlab chiqaruvchilarning uyushmalarini tashkil etishga yordam berilmoqda, bu uyushmalar o‘z manfaatlarini jamoa yo‘li bilan himoya qilishi, xo‘jalik yuritishning ilg‘or usullarini yeyishi lozim.
Kredit muassasalarini rivojlantirish, ixtisoslashgan tijorat banklari tarmog‘ini, shu jumladan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida investitsiya faoliyatini amalga oshirish uchun xorijiy sarmoya ishtirok etgan tijorat banklari tarmog‘ini kengaytirish davom etmoqda. Savdo uylari, investitsiya kompaniyalari, investitsiya vositachilari, fond do‘konlari, kliring va agentlik tarmoqlari faoliyati kengaytirilmoqda. Kichik va xususiy korxonalarni axborot bilan ta’minlashda, bozor konyunkturasini o‘rganayotgan, bozor imkoniyatlariga axborot xizmati ko‘rsatishni taklif etayotgan xususiy korxonalar ishida, tarmoqlararo ma’lumotlar bankini yaratishda yordam berilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hosili nobudgarchiligiga yo‘l qo‘ymaslik, uning to‘siqsiz qabul qilinishi, saqlanishi va keyinchalik iste’mol tarmog‘ida tahsimlanishini ta’minlash maqsadida kichik va xususiy ulgurji-vositachilik tuzilmalari, ixtisoslashgan bozorlar, ulgurji do‘konlar, bazalar, saqlash joylari, omborxonalar jadallik bilan rivojlantirilmoqda. Dehqon (fermer) xo‘jaliklarini qishloq xo‘jaligi ekinlarining yuqori nav urug‘lari va ekish materiallari bilan o‘z vaqtida ta’minlash uchun qishloq joylarda urug‘ yetishtiradigan hamda ularni sotadigan urug‘chilik korxonalari tashkil etilmoqda. Qishloqdagi tadbirkorlarga tuzatish-tiklash, agrokimyo, zooveterinariya va xizmatlarning boshqa turlarini ko‘rsatadigan agroservis korxonalari tashkil etilmoqda.
3. Davlat migratsiya jarayonlarini qishloq foydasiga o‘zgartirishga demografiya siyosati o‘tkazilishini, oilani har tomonlama rivojlantirish uchun ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlar yaratilishini, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni ta’minlash va uni rag‘batlantirish yo‘li bilan aholini ish bilan ta’minlashni amalga oshiradi. Aholining qishloqda o‘rnashib qolish jarayonini rag‘batlantirish va uni kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlik sohasidagi ishga jalb qilish maqsadida qishloq joylarda shaharga nisbatan (aholi jon boshi hisobiga) turar joy, ta’lim, madaniyat va sport, sog‘liqni saqlash obyektlarini qurishda, gazlashtirish, suv va elektr ta’minotida, telefonlashtirishda, aloqada, kommunal obyektlarni qurishda, radio va televideniye xizmatlarida afzalliklar yaratish nazarda tutiladi.
Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish chog‘ida ijtimoiy sohani rivojlantirishga investitsiyalar ulushini, shu jumladan xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, ijtimoiy soha obyektlarini aholi ehtiyojlarini qondirish bo‘yicha faoliyatni tashkil etish uchun kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga berish yo‘li bilan ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlash tadbirlari amalga oshirilmoqda.