Sovet davlatida ma’muriy buyruqbozlik tuzumining kuchayishi va inqirozi. O’zbekiston davlat mustaqilligining qo’lga kiritilishi. Demokratik,fuqarolik jamiyati asoslarining barpo etilishi.
Reja:
1. 50-80 yillarda O’zbekiston iqtisodiy-ma’naviy hayotidagi turg’unliklar.(“Paxta ishi”,”O’zbeklar ishi”).
2. Mustaqillikka erishish yo’lida .O’zbekiston Respublikasi Davlat ramzlari va Konstitutsiyasining qabul qilinishi.
3. O’zbekistonning o’ziga xos istiqlol va taraqqiyot yo’li. Siyosiy islohotlar .
4. Respublika demokratik fuqarolik jamiyati asoslarining yaratilishi.
Qatag’onlikning yangi to’lqinlari:
80-yillarning o’rtalariga kelib qatag’onlik va qonundan chekinishlar yana bo’y ko’rsata boshladi. Galdagi qatag’onlik to’lqiniga nafaqat ijod ahli, balki xo’jalik xodimlari va davlat arboblari ham tortildi.O’zbekistonning milliy ziyolilari hech qachon, hattoki mustabid tuzumning «gullab-yashnagan» davrida ham o’zbek xalqining milliy mustaqilligi g’oyalaridan voz kechmadilar. Ochiq kurash imkoni bo’lmaganda ham milliy mustaqillikni qo’lga kiritish uchun zimdan kurash olib bordilar.O’zbekistonda qonunchilik va huquqiy tartiblarni tiklash, partiya davlat organlarini kadrlar bilan mustahkamlash degan niqoblar bilan Markazdan katta vakolatga ega bo’lgan mas’ul xodimlarning «desant» guruhlari kela boshladi. Ularga partiya, sovet va sud organlaridan muhim ahamiyatga ega bo’lgan lavozimlar berildi. Uydirma, to’qib chiqarilgan «paxta ishi» va «o’zbeklar ishi» deb ishlarga siyosiy tus berildi. Oqibatda go’yoki butun O’zbekiston jinoyatchilar makoniga aylanib qolgandek tasavvur uyg’otishga harakat qilindi. Ittifoqning Gdlyan va Ivanov boshliq emissarlar guruhi respublikadagi turli sohalarda ishlayotgan bir necha minglab rahbar xodimlarni tergov jarayoniga tortdilar.Ularga poraxo’rlik, ko’zbo’yamachilik va jinoyatchilikning boshqa ko’rinishlaridagi aybnomalar qo’yildi. Mahbuslarni «o’z aybiga iqror qilish» uchun jismoniy zo’ravonliklar, ruhiy azoblar qo’llanildi. O’zbekiston Kompartiyasi MK ning sobiq birinchi kotibi SH.R. Rashidov nomiga ham nohaq tuhmatlar qilindi, o’zbek xalqining milliy g’ururi toptaldi. Bunda O’zbekiston SSRning o’sha davrdagi qo’g’irchoq rahbarlarining mash’um hissasi bo’ldi.Ommaviy qamoqqa olishlar avj oldi, qiynoqlarga ko’plab halol, sof vijdonli kishilar ham tortildi. Qo’shib yozishlar, ko’zbo’yamachilik va poraxo’rlik kabi illatlar sotsialistik jamiyatda tabiiy holat bo’lib, o’sha paytdagi barcha respublikalarda mavjud hodisa edi. O’zbekistonga nisbatan «paxta ishi» oldindan, maxsus tayyorlangan uzoqni mo’ljallab tashkil qilingan siyosiy fitnadan boshqa hech narsa emasdi.O’zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan so’ng «paxta ishi» qayta ko’rib chiqildi va minglab begunoh kishilar oqlandilar. O’z navbatida O’zbekistonning mohir, taniqli davlat va jamoat arbobi SH.R. Rashidovning pok nomi tiklandi. SHuningdek, mehnatkash o’zbek xalqining yuzi yorug’ ekanligi asoslandi.O’zbekiston Prezidenti I.A. Karimovning tashabbusi bilan 2000 yil 12 mayda Toshkent shahrida YUnusobod mavzesida mustabid sovet rejimi davrida qatag’on qilingan shahidlar xotirasiga bag’ishlab o’rnatilgan yodgorlik majmuining ochilishi bugungi minnatdor avlodning ajdodlarimiz oldidagi chuqur ehtiromi ramzidir
80-yillar oxiri 90-yillar boshlarida O’zbekistonda mustaqillikka intilish harakatlari kuchaya borib, uni qo’lga kiritish shart-sharoitlari vujudga keldi.
1989 yil oktyabrda davlat tili to’g’risidagi qonunning qabul qilinishi mustaqillik yo’lida muhim bosqich bo’ldi. Qonunni amalga oshirish maqsadida O’zbek tilini tekin o’qitish maxsus kurslari tashkil etildi, o’zbek tilidagi adabiyotlar, darsliklar nashr etilishiga va o’quv yurtlarida o’qitilishiga e’tibor kuchaydi. 1990 yili bahorda Markazning qattiq qarshiligiga qaramasdan Ittifoq Respublikalari orasida birinchi bo’lib O’zbekistonda Prezidentlik lavozimi ta’sis etildi. Bu o’zbek davlatchiligi va mustaqilligining prinsipial yangi bosqichi bo’ldi. O’zbekiston rahbariyati ba’zi yuqori rahbarlik lavozimlariga tavsiya qilingan shaxslarni Moskvada suhbatdan o’tkazish amaliyotini tugatdi.I.A. Karimov 1990 yil 24 martda O’zbekiston Oliy Kengashida O’zbekistonning birinchi Prezidenti qilib saylandi. 1990 yil 20 iyunda Mustaqillik to’g’risidagi deklaratsiyaning qabul qilinishi xalqning davlat mustaqilligiga intilishini huquqiy, iqtisodiy va siyosiy mazmun bilan to’ldirdi va g’oyat katta tarixiy ahamiyatga ega bo’ldi. O’zbekiston jamoat tashkilotlari va harakatlari orasida mustaqillik g’oyasi keng qo’llab-quvvatlandi.1991 yil 31 avgustda O’zbekiston Respublikasi Oliy Soveti XII chaqiriq navbatdan tashqari VI sessiyasi davlat mustaqilligi va mustaqil suveren O’zbekiston Respublikasi davlati tashkil topganligini e’lon qildi. Unda «O’zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini e’lon qilish to’g’risida» Oliy Kengash Qarori va «O’zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to’g’risida»gi qonun qabul qilindi hamda 1 sentyabr-Mustaqillik kuni, milliy bayram, deb belgilandi. Bu asosiy hujjatlar O’zbekiston oldida turgan maqsad va vazifalarini ko’rsatib berdi.Mustaqillikning e’lon qilinishi Respublika tarixida muhim voqea bo’lib, u nafaqat butun davlat uchun, balki O’zbekistonda yashaydigan har bir aholi uchun katta ahamiyat kasb etdi. Ko’pincha mustaqillikka qon to’kishlar yo’li bilan erishiladi. Lekin O’zbekiston bunday yo’ldan bormadi. XXI asr arafasida jahon xaritasida yana bir mustaqil, teng huquqli davlat O’zbekiston paydo bo’ldi. Jahon hamjamiyati uni tezda tan ola boshladi.
Mustaqil demokratik respublikaning tashkil topishi jahonshumul tarixiy ahamiyatga ega bo’ldi. Xalqning asrlar davomidagi mustaqillik uchun kurashi ro’yobga chiqib, mamlakatda huquqiy, demokratik jamiyat shakllanishiga shart-sharoit yaratildi. O’zbekistonning boy imkoniyatlaridan xalq turmushini yaxshilash uchun foydalanish mumkin bo’ldi.Mustaqil O’zbekiston bozor munosabatlariga o’tishda har xil salbiy holatlar tug’diradigan «falaj» yo’li bilan emas, asta-sekinlik bilan o’tish yo’lini tanladi. Istiqlolga erishgan xalqimiz jahon minbarida o’z manfaatlari haqida bor ovoz bilan gapirish, xalqaro tashkilotlar ishida faol qatnashish imkoniyatiga ega bo’ldi. Eng asosiy natijalardan yana biri-xalqning tarixiy merosini o’rganish, ma’naviy qadriyatlarini tiklash imkoni tug’ildi.O’zbekistonda mustaqillik sharoitida siyosiy va iqtisodiy qayta qurishlar amalga oshirila boshlandi, birinchi navbatda mustaqil davlatning huquqiy asoslari yaratildi.
1991 yil 18 noyabrda Respublika Oliy Kengashi VIII sessiyasi 1991 yil 29 dekabrda O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov va Mustaqillik g’oyasini butun xalqning muhokamasidan o’tkazish to’g’risida qaror qabul qildi. Saylov komissiyalari tashkil qilinib, ularga O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylovlar va referendum to’g’risidagi qonunning bajarilishini ta’minlash, O’zbekiston fuqarolariga o’z xohishlarini erkin bildirish, Prezidentlikka nomzodlar uchun teng shart-sharoitlar yaratish vazifalari yuklandi. 29 dekabr kuni muqobillik asosida o’tkazilgan saylovda Islom Abdug’aniyevich Karimov nomzodiga saylov qatnashchilarining 86 foizidan ko’prog’i o’z ovozini berdi.
Markaziy Saylov komissiyasi okrug komissiyalari bayonnomalarini ko’rib chiqib, O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov haqidagi qonunning 35-moddasiga asosan I.A. Karimov birinchi O’zbekiston Prezidenti etib saylanganligi to’g’risida qaror qabul qildi. I.A. Karimov 1991 yil 31 dekabrdan o’z vazifasini bajarishga kirishdi.
Prezidentlikka saylovlar bilan bir vaqtda «O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligini qo’llab-quvvatlaysizmi?» savoli bo’yicha referendum ham o’tkazildi. Ovoz berishda ro’yxatga olinganlarning 94,1 foizi qatnashdi. Qatnashganlarning 98,2 foizi mustaqillikni qo’llab ovoz berdi.Mustaqil O’zbekiston bozor munosabatlariga asoslangan demokratik jamiyat qurish uchun boy tabiiy resurslar va keng imkoniyatlarga egadir. O’zbekistonda foydali qazilma boyliklarning 2.700 dan ortiqroq o’rni aniqlangan. Har yili Respublika hududidan 5 mlrd. dollardan ortiqroq qimmatdagi foydali yer osti boyliklari qazib olinmoqda.Respublika oltin zahirasi bo’yicha jahonda to’rtinchi, qazib olish bo’yicha jahonda 7-8 o’rindadir. Rangli metallar, fosforitlar, tabiiy gaz, neft, ko’mir va boshqalarning zahira manbalari ham aniqlangan.O’zbekiston yeri juda ham hosildor bo’lib, bu yerda paxta, don, sabzavot va mevalardan yuqori hosil olish mumkin. Respublika energetikasi bugun 11 mln. kilovatt-quvvatdan ko’proq kuchga ega bo’lgan, 37 issiqlik va gidroelektrostansiyani o’z ichiga oladi. Transport yo’llari bo’yicha katta imkoniyatga ega. Respublikada sanoatning 100 dan ortiq sohasiga oid 2 ming atrofida zavod va fabrikalar ishlab turibdi. Mustaqil O’zbekiston moddiy boyliklar bilan birga katta ilmiy va ma’naviy imkoniyatlarga ham ega.Har bir mustaqillikka erishgan davlat o’z ramzlariga ega bo’lishi kerak. 1991 yil 18 noyabrda Respublika Oliy Kengashining VIII sessiyasida O’zbekiston davlat bayrog’i tasdiqlandi. Uning belgilari mamlakatimiz hududidagi qadimda mavjud bo’lgan yirik saltanatlarning tug’laridagi an’analarni davom ettiradi hamda xalqning milliy va madaniy o’ziga xosligini, Respublika tabiiy sharoitini aks ettiradi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992 yildagi X sessiyasida O’zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to’g’risidagi qonun, 1992 yil 10 dekabrdagi XI sessiyasida O’zbekiston Respublikasining madhiyasi to’g’risidagi qonun qabul qilindi. O’zbekiston Respublikasi davlat ramzlarining qabul qilinishi mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlashda katta ahamiyatga ega bo’ldi.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi:
Konstitutsiya davlatning asosiy qonuni bo’lib, buyuk kelajakning huquqiy kafolatidir. YAngi Konstitutsiyani tayyorlash g’oyasi 1990 yilning mart oyida ilgari surila boshlandi. Ko’p o’tmay, iyun oyida Oliy Kengashning ikkinchi sessiyasida I.A.Karimov boshchiligida Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi. Komissiya mustaqillikning huquqiy asoslarini ishlab chiqish jarayonida xalqaro huquq qoidalariga, Birlashgan Millatlar Tashkiloti hujjatlariga, Butunjahon inson huquqlari Deklaratsiyasiga tayandi. SHu bilan birga boy tariximizdagi davlat boshqaruvi va adolatli qonunshunoslik an’analari ham chuqur o’rganildi.Loyihaning dastlabki nusxasi 1991 yil noyabrida tayyorlanib, har tomonlama ko’rib chiqildi va 1992 yilning sentyabrida umumxalq muhokamasi uchun matbuotda e’lon qilindi.Tuzatishlar va aniqlashlar loyihaning 60 dan ortiq moddasiga kiritildi. 1992 yil 8 dekabrda O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining XII chaqiriq XI sessiyasida Mustaqillik Konstitutsiyasi qabul qilindi. Uning mohiyati Asosiy qoidalar bo’limida bayon etilgan. Bu qoidalar: davlat suvereniteti; xalq hokimiyati; fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilish; shaxs va davlat birgaligini ta’minlash; qonuniylik; hokimiyatni ajratish; mahalliy o’z-o’zini boshqarish; sud tizimi va odil sudlovni tashkil qilish va boshqalardan iborat. Konstitutsiya preambula, 6 bo’lim, 26 bob va 128 moddadan iborat. Mustaqil O’zbekiston Konstitutsiyasi fuqarolarning inson huquqlari demokratik partiyasi bo’lib, insonparvar huquqiy davlat shakllantirishning strategik dasturidir. Uning qabul qilinishi g’oyat katta siyosiy, huquqiy va xalqaro ahamiyatga ega bo’ldi. Mustaqillik Konstitutsiyasi barcha qonunlarning va boshqa davlat va jamoat tashkilotlari huquqiy hujjatlarining asosi bo’lib xizmat qiladi.
I.A. Karimov O’zbekiston mustaqilligining asoschisi va yo’lboshchisi:
Jahon sivilizatsiyasida alohida o’rin tutadigan, ko’p asrlik boy tarixga ega O’zbekiston diyorida butun dunyoga nomi ketgan olimlar, davlat arboblari voyaga yetgan. Buyuk zotlarni buyuk xalq, buyuk el yaratadi.
Xalqimizning ko’p yillar davomida olib borgan kurashi natijasida qaror topgan mustaqil O’zbekistonda bozor munosabatlariga asoslangan demokratik jamiyat qurish stixiyali (ko’r-ko’rona) ravishda emas, balki ilm-fan yutug’lariga, jahon taraqqiyotining, xususan, buyuk zaminimizda yaratilgan tarixiy tajribalarga asoslangan g’oyalarga amal qilib ro’yobga chiqadi.O’zbekiston mustaqillik tomon yo’l tutar ekan birinchi kunlardan boshlab, uning tepasida Islom Abdug’aniyevich Karimov turibdi. Asrlarga teng shu qisqa vaqtda erishilgan yutug’lar: mamlakatda o’rnatilgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy barqarorlik, tarixiy, diniy qadriyatlarimizning tiklanishi jamiyatda o’rnatilgan osoyishtalikni, mustaqil O’zbekiston Respublikasining xalqaro hamjamiyatda tutgan o’rnining ortib borishini butun xalqimiz, jahonning yirik davlat arboblari Islom Karimov nomi bilan bog’laydi.Dunyo mamlakatlarida yangi jamiyat qurishning «o’zbek modeli»ga (o’zbek yo’li) uning asoschisi va yo’lboshchisi I.A.Karimovning siyosiy chizmasiga qiziqish ortib bormoqda. 1996 yili Venada (Avstriya) «XX asr xalqlar dohiylari» nomida bosib chiqarilgan kitoblarning bir jildi O’zbekiston Prezidentiga bag’ishlangan. Kitob mualliflaridan biri, Garvard Universitetining professori Donald S.Karlayl «...Islom Karimov kommunizmdan keyingi O’rta Osiyo mintaqasidagi eng buyuk davlat arbobidir», deb tan beradi.SSSRda, chunonchi O’zbekistonda sotsialistik tizim, kommunistik mafkura har tomonlama inqirozga uchrab, ziddiyatlar bilan to’lib-toshib turgan bir paytda I.A.Karimovning, avvalo O’zbekiston kompartiyasi rahbarligiga (iyun, 1989 yil), keyin Prezidentlik lavozimiga (mart, 1990 y.) tayinlanishi bejiz emas edi. Vaqti, soati yetgan, lekin jon saqlash uchun o’zini har tomonga urayotgan, hech narsadan qaytmaydigan istibdod tizimidan jafokash xalqini, ezilgan el-yurtini mustaqillikka chiqarish uchun sovet tuzumining ikir-chikirigacha tushunib yetgan katta jur’at egasi, dovyurak Islom Karimovdek rahbar kerak edi.Islom Karimovning har bir asari, ma’ruza va maqolalari bozor munosabatlariga asoslangan demokratik jamiyat qurishning nazariy asoslarini, amaliy ishlarning kundalik dasturini tashkil qiladi.G’arb va SHarqning rivojlangan mamlakatlari ko’p yillik taraqqiyot yo’llarini, o’zbek davlatchiligini ming yillar davomidagi tarixiy tajribasini o’rgangan holda yaratilgan I.A.Karimov asarlarida mustaqil O’zbekiston Respublikasini ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy-madaniy taraqqiyotining muhim yo’nalishlari, butun dunyoda tan olingan bozor iqtisodiyoti va demokratik jamiyat qurishning asosiy tamoyillari to’g’risidagi ta’limot yaratildi. Istiqlolning, boshlang’ich bosqichida yorug’likka chiqqan «O’zbekistonning o’z istiqlol va taraqqiyot yo’li», «O’zbekiston bozor munosabatlariga o’tishning o’ziga xos yo’li» va boshqa bir qancha asarlarida bayon etilgan O’zbekiston mustaqilligining birinchi navbatdagi kechiktirilmas ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy vazifalari keyinchalik «O’zbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo’lida», «Demokratik islohotlarni chuqurlashtirish vazifalari» va boshqa asarlarida o’z rivojini topdi.
O’zbekistonning yaqin o’tmishda va XX asrning so’nggi o’n yilida o’tgan yo’llari, XXI asrda Respublika istiqlolini mustahkamlashning strategik vazifalarining asosiy yo’nalishlarini to’plagan kitoblari xorijiy mamlakatlarda chop etilgan I.A.Karimovning «O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida», «O’zbekiston XXI asrga intilmoqda» asarlarida bayon etib berildi.Islom Karimov donoligining yana bir ko’rinishi bozor munosabatlariga o’tish, demokratik jamiyat qurish jarayonida ma’naviy-ma’rifiy va mafkuraviy ishlarning yuksak ahamiyatini taqqoslab ko’rsatganligidadir.Parchalangan Ittifoq o’rnida vujudga kelgan Mustaqil davlatlarning hech birida ilgari surilmagan ma’naviy-ma’rifiy ishlarning vazifalari Prezidentning «Jamiyatimiz mafkurasi, xalqni xalq, millatni-millat qilishga xizmat etsin», «Donishmand xalqimizning mustahkam irodasiga ishonaman» asarlarida, «Istiqlol va ma’naviyat» (hujjatlar to’plami) kitobi va boshqa ko’plab maqolalarida bayon etilgan bo’lib, bu asarlarida ma’naviyat kelajagi buyuk O’zbekistonning mustahkam poydevori, milliy mustaqillik mafkurasi, 120 dan ortiq millatlar va elatlardan tashkil topgan O’zbekiston xalqini «O’zbekiston Vatanim manim» shiori ostida yagona, buyuk maqsad uchun birlashtiradigan bayroq sifatida tutgan o’rni ko’rsatib beriladi.Ma’naviy-ma’rifiy, mafkuraviy ishlarning yangi jamiyat qurishning zaruriy sharti sifatida qo’yilishi, o’ziga xos, o’zbek modelining ustivor tamoyillaridan biridir.I.A.Karimov yangi jamiyat qurishda milliy, diniy qadriyatlarimizni tiklash ishlariga, shu maqsadda Vatanimiz tarixini xolisona, yangicha yaratishga e’tiborni kuchaytirmoqda. Prezident Istiqlolning dastlabki kunlarida (1992 yil, yanvar): «Tarixga, merosimizga bo’lgan munosabat tubdan o’zgartirilishi lozim, yangi darsliklardan tortib oddiy kitoblargacha hammasiga haqiqat yozilishi shart», deb aniq vazifa qo’ydi.
Vatan tarixini o’rganish uning yangi avlodni tarbiyalashdagi tutgan o’rni, ahamiyati masalalari I.A.Karimovning «Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q» (1998 yil, avgust) nomli asarlarida keng bayon qilib berildi. YUrtboshimiz haqqoniy tarix millatning o’zligini anglashning zaruriy sharti, ma’naviy va mafkuraviy ishlarimizning haqiqiy manbai ekanligini qayta-qayta taqqoslab ko’rsatadi. I.A.Karimov har bir «siyosatchiman, arbobman degan odam, agar vijdoni bo’lsa, o’z xalqining tarixiy o’tmishini bilishi shart», deb vazifani keskin qo’yadi.O’tmish davrining murakkab vazifalari, qarama-qarshilik-lari davlat rahbaridan boshqaruvning har xil usullarini ishlatishini, kerak bo’lsa qattiqqo’llikni talab qiladi. Prezident I.A.Karimov shunday vaziyatda xalqqa ma’qul usullarni qo’llab ishlamoqda.1992 yil Moskvaning «Komsomolskaya pravda» gazetasi muxbiri: «Muxoliflaringiz sizni totalitarizmda ayblab tanqid qilmoqda», desa, unga javoban I.A.Karimov: «Ha, men buni yaxshi bilaman. Muxoliflarim meni diktator qilib ko’rsatishni juda xohlaydilar. Tan olaman; ehtimol mening harakatlarimda avtoritarizm nishonlari bordir. Ammo men buni faqat bir narsa bilan izohlayman: tarixning muayyan davrlarida, haqiqiy davlatchilik qaror topayotgan paytda, ayniqsa bir tizimdan ikkinchisiga o’tish davrida har holda kuchli hokimiyat zarur. Qon to’kilishiga va qarama-qarshilikka yo’l qo’ymaslik, mintaqada millatlararo va fuqarolarning totuvligi, tinchligi va barqarorligini saqlash uchun shunday bo’lishi zarur. Bu yo’lda men jonimni fido qilishga tayyorman», deb javob bergan edi.O’zbekiston xalqining istiqlol yillarida erishgan eng katta yutug’i-mamlakatda o’rnatilgan tinchlik, osoyishtalik, tartib-intizomdir. Respublika aholisining mutloq aksariyati (97,5 foizi) bunday sharoitga bevosita I.A.Karimovning yetakchiligida erishildi deb hisoblaydi.I.A.Karimov yangi davrning jahon miqyosidagi davlat arbobi. O’zbekiston xalqining buyuk yo’lboshchisi, mamlakatininggina emas, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning bir qancha nishonlari va unvonlari bilan taqdirlangan.
O’zbekistonda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati asoslarining barpo etilishi:
Mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab huquqiy davlatchilik asoslarini yaratish muhim vazifalardan biriga aylandi. Milliy davlatchilik rivojlanishining minglab yillik an’analari chorizm mustamlakasi davrida batamom inkor etilgan edi. Mustaqil O’zbekiston Prezidenti I.A.Karimov tarixiy an’analarga, dunyo tajribalariga, o’lkaning milliy-tarixiy rivojlanishiga hamda o’lkaning o’ziga xos tomonlariga tayangan holda jamiyatni tubdan isloh qilish yo’llarini ishlab chiqdi. Bu jarayonda ikkita vazifa:
1. Eski ma’muriy tizimni tugatish va hokimiyat boshqaruv organlarini qayta qurish;
2. YAngi davlatchilikning huquqiy-siyosiy asoslarini yaratish, davlatchilikda yangi markaziy va mahalliy boshqaruv tizimini shakllantirish masalalari hal qilindi.
O’zbekiston Respublikasida huquqiy davlat qurilishining kafolati O’zbekiston Konstitutsiyasidir. Davlat hokimiyati tashkil etishning muhim demokratik tamoyillari Konstitutsiyada qayd qilingan bo’lib, unda hokimiyat qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud organlaridan iborat deb ko’rsatilgan. Bu organlar faoliyati erkin, bir-biridan mustaqil bo’lib, ayni vaqtda bir-biri bilan chambarchas bog’liqdir.
1994 yil 24 dekabrda ko’p partiyaviylik va muqobillik asosida saylangan Respublika Oliy Majlisi qonun chiqaruvchi hokimiyat vazifasini bajaradi. Oliy Majlisga saylovlar demokratik rivojlanishning yangi bosqichga o’tganligidan dalolat berdi. Oliy Majlisga 250 deputat saylanib, ularning 120 nafari viloyatlar deputatlari kengashidan saylangan bo’lib, qolganlari har xil partiyalardan vakillar edi.Davlatni boshqarishning prezidentlik shakli mamlakat boshqaruv tizimini isloh qilishning boshlanishi bo’ldi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat hokimiyatining boshlig’i bo’lib, bir vaqtning o’zida Vazirlar Mahkamasining Raisi vazifasini ham bajaradi. Prezident fuqarolar erkinligi va huquqlarini himoya qilish, Konstitutsiya va O’zbekiston qonunlariga rioya qilinishini kafolatlaydi. Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi hokimiyat organi bo’lib, u ijtimoiy, iqtisodiy va ma’naviy jabhalardagi vazifalarning bajarilishini, qonunlar, Oliy Majlis qarorlari, mamlakat Prezidenti farmonlarining ijro etilishini ta’minlaydi.Ijro etuvchi hokimiyat organlari tizimi ilgarigi hokimiyatdan tubdan farq qilib, bu tizim jamiyat hayotida muvofiqlashtiruvchilik vazifasini bajaradi. O’zbekiston Respublikasida avval 28 ta ittifoq va 17 ta respublika vazirliklari va komitetlari ish ko’rgan bo’lsa, endilikda ular o’rniga bozor iqtisodi tizimiga mos keladigan vazirliklar va qo’mitalar tashkil etilgan.Respublikada hokimlar boshqaruvining joriy etilishi muhim ahamiyatga ega bo’lib, hokimlikka tajribali va malakali shaxslar Prezident tomonidan tayinlanadi va xalq deputatlari kengashlari tomonidan tasdiqlanadi. Xalq deputatlari Kengashlari hokimiyatning vakillik organlari bo’lib, ular davlat va fuqarolarning manfaatlarini ko’zlab o’z vazifalarini hal etadi. Mahalliy o’z-o’zini boshqarish organlarining asosini mahallalar tashkil etadi. Aholini huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy qo’llab-quvvatlash, ijtimoiy jamg’armalar tashkil etish, turli xayriya tadbirlari o’tkazishda mahallaning o’rni benihoya kattadir. Undan tashqari, mahalla yoshlarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mehr-oqibatli qilib voyaga yekazishda katta ishlarni amalga oshirmoqda. Fuqarolar yig’ini, Oqsoqollar Kengashiga 1998 yil noyabr-dekabr oylarida o’tgan saylovlarda mahalliy organlarga ko’pchiligi oliy ma’lumotli, ko’p tajribaga ega kadrlar ishga tortildi. Bular davlat organlari vazifalarini jamoat tashkilotlariga o’tkazish jarayonining faol qatnashchiliridir.YAngi davlat apparatining shaklanishi va faoliyatini davr talabiga mos keladigan kadrlar siyosatisiz tasavvur etib bo’lmaydi. SHu nuqtai nazardan O’zbekistonda ishni yuqori darajada olib borishga qodir bo’lgan ma’naviy yetuk kadrlarni tayyorlash va tarbiyalashga qaratilgan qator chora-tadbirlar o’tkazilmoqda. Xususan, davlat va jamoat tashkilotlari, huquqiy organlar uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlab beradigan bir qancha oliy o’quv yurtlari tashkil etildi.
O’zbekistonda fuqarolik jamiyatining shakllanishi
Fuqarolik jamiyati, bu insonning rivojlanishiga imkon yaratadigan, uning huquq va erkinliklarini to’la darajada ta’minlaydigan qonun ustuvor bo’lgan ijtimoiy jamiyatdir. Bunday jamiyat qurish davlat qonunlari va inson huquqlarini poymol etmaslikni, insondan qonunlarga qat’iyan rioya qilishni talab etadi. Har bir fuqaroning davlat boshqaruviga keng jalb etilishi, inson huquqlarini himoya qilishda faol qatnashishini ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratilishi zarur.
Huquqiy davlatda sud hokimiyati O’zbekiston Respublikasida odil sudlov va tarbiyalash vazifalarini bajarish bilan alohida ahamiyat kasb etadi. O’zbekiston Respublikasi sud hokimiyati tizimiga besh yil muddatga saylanadigan Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, Oliy xo’jalik sudi, G’arbiy sudlar tizimi, Qoraqalpog’iston Respublikasi oliy sudi, Qoraqalpog’iston Respublikasi xo’jalik sudi, viloyat, rayon va shahar sudlari kiradi. Sud hokimiyatining faoliyati to’g’risidagi qonun-qoidalar O’zbekiston Respublikasining 1993 yil 2 sentyabrida qabul qilingan «Sudlar to’g’risida»gi qonunda bayon etilgan.Jamiyat tizimini qayta tashkil etar ekan, respublika rahbariyati sud hokimiyati doirasida islohotlar o’tkazib, inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, ularning erkinligi va majburiyatlarini kafolatlovchi huquqiy mexanizmni shakllantirdilar. Bu jarayonda, respublikamizda demokratik jamiyat talablariga mos tushadigan saylov tizimining tashkil etilishi ham muhim ahamiyatga egadir. Bu o’zgarishlarning barchasi shaxsning davlat va jamiyat bilan munosabatlarini belgilashga qaratilgan. Davlat va shaxs o’tasidagi munosabat fuqarolikni namoyon etadi va ularning o’zaro huquq va majburiyatlaridan kelib chiqadi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1999 yil (dekabr) sessiyasi sud-huquqiy ishlaridagi islohotlarni chuqurlashtirish yo’lida advokatura tizimini kuchaytirish, sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash vazifalarini qo’ydi.O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va O’zbekiston Respublikasining 1993 yil 28 dekabrdagi, 1995 yil 5 maydagi Qonunlari negizida demokratik saylov tizimi asoslab berilgan. «Saylov tizimi» to’g’risidagi Qonunga asoslanib 1994 yilning 25 dekabrida vakillik organlariga birinchi marta hududiy bir mandatli saylov okruglari bo’yicha ko’p partiyaviylik asosida besh yil muddatga deputatlar saylandi. I.A.Karimov davlat va jamiyat hayotini erkinlashtirish yuzasidan muhim vazifani belgilab: «..hokimiyat vakolatlarini nodavlat va jamoat tashkilotlariga, fuqarolarni o’z-o’zini boshqarish organlariga bosqichma-bosqich o’tkaza borish, ularning haq-huquqlari va erkinliklarini muhofaza etishni kuchaytirishdan iborat» degan g’oyani ilgari surdi. Oliy Majlisning XIV sessiyasi «kuchli davlatdan-kuchli fuqarolik jamiyat sari» degan siyosiy qurilish dasturini belgiladi.
Ko’p partiyaviylik tizimi. Milliy siyosat Partiyalar va harakatlar demokratik jamiyat qurishning zaruriy sharti bo’lib, 80-yillarning oxirlaridan boshlab O’zbekistonda bir qator ijtimoiy harakatlar paydo bo’ldi. «Birlik» xalq harakati, «Erk» demokratik partiyasi, O’zbekiston erkin yoshlar uyushmasi kabi norasmiy tashkilotlar faoliyat ko’rsatib, jamiyatdagi muhim muammolarni ilgari sursa ham sovet rejimi ularni rasmiy tan olmadi. Faqat mustaqillik sharofati bilan 1991 noyabr oyida «Birlik» va «Erk» tashkilotlari O’zbekiston Adliya vazirligi tomonidan ro’yxatga olindi. Biroq bu harakat rahbarlarining so’l qarashlari va boshqa sabablar oqibatida oradan ko’p o’tmay ularning faoliyati to’xtatildi.
Mustaqillik yillari mamlakatimizda 5 ta siyosiy partiya tashkil topdi. O’zbekiston Xalq demokratik partiyasi 1991 yil noyabrdan faoliyat ko’rsatib, o’z safida 420 mingdan ziyod a’zoni birlashtirgan. Oliy Majlisning 69 ta deputati uning a’zolaridir. «Vatan taraqqiyoti» partiyasi 1992 yil may oyida tuzilgan bo’lib, uning saflarida 35 mingdan ortiq a’zo bor. Uning 14 a’zosi Oliy Majlis deputati. «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi 1995 yil fevralda tashkil topgan bo’lib, 30 mingdan ortiq a’zosi bor. Oliy Majlisda 47 deputatdan tashkil topgan o’z fraksiyasiga ega. «O’zbekiston Milliy Tiklanish demokratik partiyasi» 1995 yil iyunida tashkil topgan. Saflarida 6 mingga yaqin a’zosi bor. 1998 yil «Fidokorlar» milliy-demokratik partiyasi tashkil topdi. 2000 yilda maqsad va vazifalari mamlakatni har tomonlama rivojlantirishdan iborat bo’lgan «Vatan taraqqiyoti» va «Fidokorlar» yagona partiyasiga birlashdilar. SHuningdek, Respublikada 1995 yil iyun oyida ta’sis etilgan «Xalq birligi» harakati ham mavjud. Bu partiya va harakatlarning har biri jamiyat ma’lum qatlamlarining siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va ma’naviy qarashlarini ifodalaydi. Ular parlament shaklidagi partiyalar bo’lib, qonun chiqaruvchi va vakillik organlari saylovlarida ishtirok etadilar va qonun doirasida faoliyat ko’rsatadilar. SHuningdek, bu partiyalar saylangan deputatlari orqali qonun chiqarish jarayonida ishtirok etadilar. Mamlakatimizda partiya va harakatlardan tashqari 200 ga yaqin kasaba, tadbirkorlar, yoshlar, faxriylar kabi ijtimoiy uyushmalar ham mavjud. Bular orasida eng ommaviysi kasaba uyushmalari bo’lib, tarkibida 7,5 mln. a’zo bor.O’zbekiston hayotida yoshlarning o’rni beqiyosdir. 1991 yil oxirida O’zbekiston yoshlar ittifoqi tuzilgan. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997 yil 7 yanvar farmoni bilan iqtidorli yoshlarni xorijdagi ilg’or taraqqiy etgan oliygohlarda bilim olishlarini tayyorlash, tashkil etish uchun «Umid» jamg’armasi tuzildi. Hozirgi kunda 2300 jamoat birlashmalari va nodavlat tashkilotlari faoliyat ko’rsatmoqda. Prezident I.A.Karimov, «bu tashkilotlar faqat xayriya va muruvvat muassasalariga aylanib qolmasdan, demokratik qadriyatlarni, kishilarning qonuniy haq-huquqlarini va erkinliklarini himoya qilishlari kerak», degan vazifa qo’yadi.O’zbekiston Respublikasi 120 dan ortiq millatlar va elatlarni birlashtirgan ko’pmillatli davlat. Bugungi kunda respublikada yashovchi har bir fuqaro millati, kelib chiqishi, dini va irqidan qat’iy nazar teng huquq va imkoniyatlarga ega. Aynan mana shu tamoyil milliy siyosatimizning asosini tashkil etadi. Respublikadagi barcha millatlarning rivojlanishiga katta e’tibor qaratilib, ularning tili va dinini hurmat qilish, milliy va xalq an’analarini saqlash, erkin va har tomonlama taraqqiyotini ta’minlash maqsadida 80 ta milliy madaniyat markazlari tashkil etilgan. Bularning faoliyatini 1993 yil yanvarida tashkil etilgan Respublika Baynalmilal madaniy markazi boshqarib boradi. Respublikamizda millatlararo munosabatlarda barqarorlikka erishilgan, bu O’zbekistonda demokratik jamiyat qurishning garovidir. Millat va elatlarning o’zaro hurmatda bo’lishi jamiyat ma’naviy barkamolligining belgisidir. Bu holat davlatdagi milliy barqarorlikdan tashqari, uni yanada mustahkamlanishi uchun zamin yaratadi.Hozirgi bosqichda jamiyatning demokratlashuvida «to’rtinchi hokimiyat» matbuotning ahamiyati kattadir. 1997 yil Respublikamizda 8 tilda 495 ta gazeta, 1844,2 ming nusxada, 113 ta jurnal 820 ming nusxada nashr etilgan. Ommaviy axborot vositalarini demokratiyalashtirish va qo’llab-quvvatlash maqsadida ijtimoiy-siyosiy jamg’arma tashkil etilgan. Respublikamizda jurnalist kadrlarni, ayniqsa, xalqaro jurnalistlarni tayyorlashga katta e’tibor berilmoqda. Bu borada 1999 yil mart oyida Vazirlar Mahkamasining O’zbekistonda jurnalist kadrlarni tayyorlashni yanada takomillashtirish maqsadida O’zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakulteti va Jahon tillar universiteti xalqaro jurnalistika fakultetlari ishlarining markazlashtirilishi katta ahamiyat kasb etadi.
Tayanch tushunchalar
Huquqiy demokratik davlat, fuqarolik jamiyati, milliy davlatchilik rivojlanishi, ko’ppartiyaviylik, Oliy Majlis, Vazirlar Mahkamasi, mahalliy boshqaruv, sud hokimiyati, Milliy siyosat, «To’rtinchi hokimiyat».
Adabiyotlar
Karimov I.A. O’zbekiston – bozor munosabatlariga o’tishning o’ziga xos yo’li. Toshkent. «O’zbekiston», 1993.
Karimov I.A. O’zbekistonning o’z istiqlol va taraqqiyot yo’li. Asarlar. 1 jild. Toshkent. «O’zbekiston», 1996.
Karimov I.A. O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida... Toshkent. «O’zbekiston», 1997.
Karimov I.A. Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q. Toshkent. «O’zbekiston», 1998.
Karimov I.A. Barkamol avlod orzusi. Toshkent. «O’zbekiston», 1999.
Karimov I.A. O’zbekiston XXI asrga intilmoqda. Toshkent. «O’zbekiston», 1999.
Karimov I.A. O’zbekiston demokratik islohotlarni chuqurlashtirish yo’lida. O’z R 1 chaqiriq Oliy Kengashining VI-sessiyasida so’zlagan ma’ruzasi. T., 1996.
O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. Toshkent. «O’zbekiston», 1992.
N. Jo’rayev. Prezident Vatan va millat timsoli. «Muloqot», 1-son 2000 yil.
Vatan tuyg’usi. Toshkent. «O’zbekiston», 1996.
Davlat, jamiyat, oila va yoshlar tarbiyasi muammolari. Toshkent. «O’zbekiston», 1997.
Dostları ilə paylaş: |