АLISHER NAVOIY NOMIDAGI TOSHKENT DAVLAT OʻZBEK TILI VA ADABIYOTI UNIVERSITETI МАVZU: ADABIY TIL TARIXI VA USLUBLAR TARIXI. O‘ZBEK XALQI VA TILINING NOMLANISH TARIXI. NAVOIYGACHA IJOD QILGAN TURKIY SHOIRLARNING XIZMATLARI
Reja:
Atoyi asarlarining lisoniy xususiyatlari
Gadoiy she’riyatining tili
Sakkokiy va o‘zbek adabiy tili
Lutfiy asarlarining tili va uslubi
Atoiy o‘zbek adabiyotining Navoiyga qadar yetishgan atoqli namoyandalaridandir. Yassaviy avlodidan. XIV asrda Samarqand, Buxoro va Balxda yashagan. Turkiy va fors tillarida ijod qilgan. Navoiy «Majolis un-nafois» asarida shoir hayoti va ijodi haqida to‘xtalib, shunday yozadi: «Mavlono Atoiy Balxda bo‘lur erdi. Ismoil ota farzandlaridindur, darveshvash va xushxulq, munbasit (ochiq chehrali) kishi erdi. O‘z zamonida she’ri atrok (turkiy tilda so‘zlovchilar) orasida ko‘p shuhrat tutti. Bu matla’ aningdurkim:
Ul sanamki suv yaqasïnda paritek olturur,
Ğāyat nāzuklükindin suv bilä yutsa bolur”.
Shoir devonining taxminan XVI asrda ko‘chirilgan, 260 g‘azalni o‘z ichiga olgan qo‘lyozma nusxasi Sankt-Peterburgda saqlanadi. Tanlangan asarlari 1958 va 1960-yillarda e’lon qilingan. Shoir devonining to‘liq va mukammal nashri 2008 yilda S.Rafiddinov tomonidan amalga oshirilgan.
Atoiy adabiy merosi bilan tanishar ekanmiz, uning xalq og‘zaki ijodini yaxshi bilganligi va ulardan ijodiy foydalanganini sezamiz. Shoir o‘zining 260 ta g‘azalidan 109 tasini xalq qo‘shiqlariga hamohang yaratgan. Bu narsa uning xalq tili boyliklaridan bahramand bo‘lib, ijod etganligini ko‘rsatadi. Atoiy xalq maqollariga katta e’tibor beradi. Ularning mazmunini she’riy misralarga singdiradi:
Boldï bağrïm suv ğamïŋdïn, yaxšïlïq, sal suğa,
Axir, ey gul, xirmānni, albatta, zar ekkän orar.
Bundan tashqari, shoir omonim so‘zlar va turli birikmalar vositasi bilan chiroyli so‘z o‘yinlari yasaydi va go‘zal mumtoz tuyuqlar namunasini yaratgan:
Yüziŋni, ey malāhat xani, bir ač,
Toya körsün seni bu mustahiq ač.
Atoiy asarlarining tili Oltin O‘rda yodgorliklarining tilidan farq qiladi. Chunki Atoiyda qipchoq unsurlari ustun darajada. Shoir g‘azallarida jo‘nalish kelishigining -a, ä, -ğa, -gä, -kä, -qa, -na, tushum kelishigining -ni, -in affikslari uchraydi: köŋlümä, yüzinä, maŋa, alamğa, bahrïna, qa’rïna, xirmānni, hamdamin.
O‘rin-payt va chiqish kelishigi qo‘shimchalaridan oldin bir n tovushi orttiriladi: lālazārïnda, yaqasïnda, nāzuklükindin. Sifatdosh yasovchi qo‘shimcha -ğan, -an shakllarida uchraydi. Masalan: qïlan, alan, qïlğan, alğan kabi. Buyruq fe’lining birinchi shaxs ko‘pligi fe’l negizlariga -alïŋ, -äliŋ affiksini qo‘shish orqali yasaladi: baralïŋ, keläliŋ, alaling va hokazo. Fe’lning buyruq maylining III shaxc birligi -sun bilan yasalgan: boyamasun, toya körsün. Fe’lining orttirma nisbati -dur, -dür, -tur, -tür bilan hosil bo‘lgan: öldür, uyaldur, keräktür, xalāyiqtur kabi.
Atoiy g‘azallarida leksik jihatdan quyidagi so‘zlarni uchratish mumkin: üküš - ko‘p, arïğ - toza, baqmaq, meŋ - xolning kattasi, qamuq -hamma, äsrük - mast, dudaq - lab, ajun - dunyo, neŋ - narsa, iydgāh - sayilgoh kabilar.
Shoir o‘xshatish va tashbehlardan unumli foydalangan:
Ey begim, ušbu yüz degül, šams bilä qamarmudur,
Ey begim, ušbu söz degül, šahd bilä šakarmudur.
Umuman, Atoiy g‘azallari tilida XV asr boshidagi o‘zbek adabiy tiliga xos xususiyatlar uchraydi.
XV asrdagi o‘zbek she’riyati namoyandalaridan biri shoir Gadoiydir. Navoiy «Majolisun nafois» tazkirasida yozadi: “Mavlono Gadoiy - turkigo‘ydur, balki mashohirindur. Bobir mirzo zamonida she’ri shuhrat tutti”. Tazkiradan ma’lum bo‘lishicha, Gadoiy hijriy 806 (1403-1404) yilda dunyoga kelgan. Uning XV asr 2-yarmi - XVI boshlarida noma’lum kotib tomonidan ko‘chirilgan «Devoni Gado» asariga 2974 misradan iborat 230 g‘azal, 1 musta- zod, 1 qasida, 5 qit’a, tuyuq kirgan. «Devon» qulyozmasi Parij Milliy kutubxonasida, mikrofilmi va fotonusxasi O‘zbekiston FA Sharqshunoslik institutida saqlanadi. Butun umri davomida Hirotda Gadoiy ijodi yuzasidan dastlab E.Rustamov tadqiqot ishlarini amalga oshirgan. E.Ahmadxo‘jayev ilmiy izlanish olib borish bilan birga shoir “Devon”ini 1975-yilda e’lon qilgan.
Gadoiy she’riyatida leksik jihatdan eski turkiy adabiy tilga doir so‘zlar ifodalangan: ilik, el, čerik, ev, körk, asru, dudaq. Ayni paytda, ko‘pgina arabiy va fors-tojikcha so‘zlar ham uchraydi: surat, rahm, kāfir, habib, raqib, balā, devāna, jahān, āšufta, xasta, šaydā, šādmān singari.
Izofali birikmalar ham ko‘zga tashlanadi: mulki latāfat, šāhi yagāna, baxti kamyāb, javru jafā. Gadoiy qofiya sifatida bir xil so‘zlar, undovlardan foydalanadi. Ular xalq qo‘shiqlaridagi kabi she’rning ohangini buzmaydi:
Ul jafāčï bizgä bir kün mubtalā bolğaymu, āh,
Vaslidin bu qayğuluq jān šādmān bolğaymu, āh.
Jo‘nalish kelishigi -a, ä, -ğa, -gä, -kä, -qa, -na, tushum kelishigi -ni, -nï, -n,-in, -ïn chiqish kelishigi -din qo‘shimchalari bilan berilgan: kimä, seŋä, jānğa, farqïna, otïna, nazarnï, qanïn, ilkidin, eviŋdin kabi. Sifatdoshning -miš, - gän, -ğān, -qan, ravishdoshning -b, shart maylining -sa, -sä kelasi zamonning -gäy, -ğay, buyruq fe’lining -sun affikslari qo‘llanishda bo‘lgan: bolmïš, etgän, qïlğan, čïqqan, yïğlab, tüšsä, yağmasa, bolğay, olturgay, čïqsun. Gadoiy xalq she’riyatining muxlisi sifatida o‘z davri adabiy tili rivojiga hissa qo‘shgan.