qayta tiklanuvchi energiya manbalari atrof-muhitda tabiiy holda qayta tiklanuvchi quyosh, shamol energiyasi, yer harorati (geotermal), suv oqimlarining tabiiy harakati, biomassa energiyasi. Xullas, «yashil energiya»ning asosida Yer yuzidagi hayot manbayi bo‘lgan Quyosh yotibdi. Shamol ham, suvning tabiatda erkin aylanishi va boshqa iqlim sharoiti bilan bog‘liq jarayonlarning barchasi gallaktikamizning markaziy sayyorasi Quyoshning faolligi hisobiga amalga oshadi. U qayta ishlangani uchun «qayta tiklanuvchi» deb, ekologiyaga deyarli zarari bo‘lmagani uchun «yashil energiya» deb ta'riflanadi va, yuqorida ta'kidlanganidek, bugungi kunda Yer yuzida, shu jumladan O‘zbekistonda ham asosiy ishlab chiqarish neft mahsulotlari evaziga bo‘lgani uchun unga «muqobil» maqomi berilgan.
Yashil energetika”: Oʻzbekistonda ushbu yoʻnalishdagi ishlar rivojiga nima toʻsqinlik qilmoqda?
Qayta tiklanuvchi energetika sohasi rivoji mamlakatning geografik joylashuvi, tabiiy resurslar mavjudligi va moliyaviy imkoniyatlariga bogʻliq. Yaʼni mazkur yoʻnalishda hamma bir xil imkoniyatga ega emas. Masalan, Islandiya geotermik yer bagʻridagi issiqlikdan foydalanish borasida keng salohiyatga ega boʻlsa, Italiya va Ispaniyada quyosh energiyasi boʻyicha ustunlik mavjud. Daniya, Niderlandiya va Germaniya shamol energiyasidan foydalanish boʻyicha Yevropa Ittifoqida yetakchilik qiladi. AQSh, Xitoy, Yaponiya kabi davlatlar esa quyosh, shamol va suv energetikasini strategik yoʻnalish deb belgilagan. Maʼlumotlarga koʻra, 2018-yilga kelib dunyoda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining oʻrnatilgan umumiy quvvati 2006 GVt.ni tashkil etdi. Hozirgi kunda dunyoning 160 dan ortiq davlatlari qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirishga yoʻnaltirilgan maxsus qonunlar yoki sohani rivojlantirishning milliy strategiyalarini qabul qilgan. Ular strategiyalarida 2030-yilga qadar umumiy energetika tizimida qayta tiklanuvchi energetika salmogʻini 50 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Qayta tiklanuvchi energetika bugungi kunda yirik ish beruvchi sohaga aylangan boʻlib, tarmoqda 7,7 million ishchi va mutaxassis faoliyat yuritmoqda
Garchi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini xarid qilish va oʻrnatishga dastlab katta mablagʻ talab etilsa-da, ular keyinchalik iqtisodiy jihatdan oʻzini oqlaydi. Bunday qurilmalardan ishlab chiqariladigan energiya narxi yildan-yilga pasayib boradi. Anʼanaviy uglevodorod yoqilgʻi resurslarini qazib chiqarish va uni qayta ishlash xarajatlari, aksincha, koʻtarilib boradi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash usullari turlicha. Shu bilan birga, bunday energiya manbai asosida vujudga kelgan elektr energiyasini sotish uchun imtiyoz va preferensiyalar dunyoning deyarli barcha davlatida joriy etilgan. Maxsus yashil sertifikatlardan foydalanish, yaʼni qayta tiklanuvchi energiya manbai orqali hosil qilingan energiyani yuqori narxda oluvchi isteʼmolchilarga sotish mexanizmi Shvetsiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Belgiya, Polshada amal qiladi. Bu boradagi soliq imtiyozlari Malta, Finlyandiya, Kipr, Buyuk Britaniya, Chexiyada tatbiq etilgan.
Bundan tashqari, imtiyozli kreditlar, sohada ilmiy tadqiqotlar olib boruvchilarni hamda turli uskuna, qurilmalarni ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish, namunaviy loyihalarni namoyish etgan holda qayta tiklanuvchi energiya manbalari haqida jamoatchilik oʻrtasida keng targʻibot-tashviqot ishlarini olib borishni ragʻbatlantirish kabi jarayonlarga qaratilgan alohida yondashuvni jahon tajribasida koʻp kuzatish mumkin.
Mazkur sohaning huquqiy asoslariga keladigan boʻlsak, Germaniyada qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirishga qaratilgan 7 ta qonun mavjud. AQSH, Avstraliya, Avstriya, Belgiya, Braziliya, Kanada, Daniya, Fransiya, Irlandiya, Janubiy Koreya, Niderlandiya, Portugaliya, Singapur, Shvetsiya, Shveysariya, Hindiston kabi mamlakatlarda maxsus yaxlit qonunlar qabul qilingan.
Energetika iqtisodiyotning, umuman, taraqqiyotning “qon tomiri” hisoblanadi. Shu bois mazkur sohani rivojlantirish oʻta dolzarb. Mamlakatimizda bugungi kunda jami oʻrnatilgan quvvatlari 14 ming megavattga teng elektr stansiyalari mavjud boʻlib, bu talab 2030-yilga borib 20 ming megavattga yetadi. Yaʼni bugungi elektr energiyaga boʻlgan yillik ehtiyoj 59-60 mlrd. kVt/soat boʻlgan bir vaqtda, 2030-yilga borib ushbu koʻrsatkich 107 mlrd. kVt/soatni tashkil etadi.
Mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlari rivojlanishi va aholi ehtiyojlari oʻsishi natijasida elektr energiyaga boʻlgan ehtiyoj kun sayin ortib bormoqda. 2000-yilda bir nafar maishiy foydalanuvchi bir oyda 114 kVt/soat elektr energiyasi ishlatgan boʻlsa, oxirgi yillarga kelib bu koʻrsatkich 200 kVt/soatga yetdi. Bugungi kunda respublikamiz boʻyicha elektr energiyadan umumfoydalanishda aholi ulushi 26,5 foizga yetgan. Vaholanki, 1990-yilda ushbu koʻrsatkich 13,9 foizdan iborat edi.
Elektr energiyasi ishlab chiqarishga ketadigan xarajatlarning asosiy qismini tabiiy gaz, mazut, koʻmir tashkil etmoqda. Mazkur koʻrsatkich hozir 43 foizga teng va ularning narxi dunyo bozorida qimmatlashib borayotgani inobatga olinsa, uning ahamiyati yana-da oshadi. Mamlakatimizda elektr energiya ishlab chiqarishning 86 foizi issiqlik elektr stansiyalari hissasiga toʻgʻri keladi. Ushbu issiqlik elektr stansiyalarida yiliga 17 mlrd. m3 tabiiy gaz sarflanmoqda, vaholanki, shuncha gazni qoʻshimcha qiymat yaratish (sintetik yoqilgʻi, polipropilen olish) jarayonlariga yoʻnaltirish mumkin. Bu esa, oʻz navbatida, ijtimoiy muammolarni ham (aholi bandligi, atrof-muhit muhofazasi) hal etish imkoniyatlarini yaratadi.
Har qanday biznes uchun barqaror va uzluksiz energiya resurslari taʼminoti juda zarur. Elektr energiyasi taʼminoti mukammal holatga keltirilmas ekan, Oʻzbekistonning olis hududlari investorlar uchun moliyaviy jihatdan xatarli boʻlib qolaveradi. Bejiz elektr energiya taʼminoti Jahon banki tomonidan ishlab chiqilgan xalqaro “Ease of Doing Business” indeksini belgilovchi koʻrsatkichlardan biri etib tanlanmagan.
Mamlakatimizning amaldagi bir qator qonun hujjatlarida qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi ayrim normalar mavjud, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuni hayotga tatbiq etilgan.
Yuqorida keltirilgan huquqiy hujjatlarga asosan, sohani rivojlantirish boʻyicha davlat dasturlari, yirik investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi qoshidagi “Fizika-Quyosh” instituti hamda Quyosh energiyasi xalqaro institutining ilmiy ishlanmalari mazkur sohani rivojlantirishning ilmiy asoslarini ishlab chiqishda xizmat qilmoqda. Sohada 50 dan ortiq tadbirkorlik subyektlari faoliyat olib bormoqda. Biroq bugungi jadal taraqqiyot respublikamizda ushbu yoʻnalishda davlat siyosatini tizimli yuritishning huquqiy asoslarini belgilab beruvchi mukammal meʼyoriy-huquqiy bazani yaratish zaruriyatini keltirib chiqarmoqda. Sohaga davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektorni jalb qilish taqozo qilinyapti. Amaldagi normativ-huquqiy baza va texnik infratuzilmalar esaushbu jarayonga tayyor emas. Turkiyada 60 foiz, Koreyada 20 foiz elektr energiyasi xususiy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan bir vaqtda, bizda hanuzgacha xususiy korxonalarni tizimga qabul qilish masalasi hal etilmagan. Garchi, amaldagi qonunlarimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari ishlab chiqaruvchilari hamda joriy etuvchi jismoniy va yuridik shaxslar uchun imtiyoz hamda preferensiyalar koʻzda tutilgan boʻlsada, amalda ushbu imtiyozlar iqtisodiy jihatdan maqbul boʻlmaganligi tufayli ulardan foydalanilmaydi. Demak, mazkur imtiyoz va preferensiyalar xalqaro amaliyotga mos tarzda qayta koʻrib chiqilishi lozim boʻladi.
Bundan tashqari, subsidiya va grantlar hisobiga ilgʻor texnologiyalarni targʻib etish orqali ham sohani keskin rivojlantirish mumkin. “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari asosida namunaviy uylarga quyosh panellari, shamol generatorlari hamda biogaz qurilmalarini joriy etishda subsidiyalar ajratish maqsadga muvofiq.
Albatta, “yashil energiya”ni ishlab chiqarish qimmat katta mablagʻ talab qilinadi. Bu borada loyihalarni roʻyobga chiqarish uchun salohiyatli investorlarni jalb etish, elektr energiyasiga iqtisodiy jihatdan jozibador tariflarni joriy qilish lozim. Biroq mamlakatimizda jozibador tariflarni belgilashning mukammal huquqiy asoslari yaratilgan, deb boʻlmaydi. Qolaversa, elektr energiyasiga boʻlgan maqbul tariflar energiyadan samarali foydalanish imkoniyatini belgilab berishini ham inobatga olish lozim