Shakllantiruvchi eksperimentdamuayyan ruhiy faoliyat qanday shakllanishini aniqlash uchun tajriba o‘tkazilayotgan shaxs turli eksperimental sharoitlarga qo‘yiladi va unga ma’lum masalalarni hal qilish taklif etiladi. Bunda murakkab ruhiy jarayonlarni shakllantirish va ularning tuzilishini yanada chuqurroq tadqiq qilish mumkin. Mazkur yondashuv pedagogik psixologiyada qo‘llaniladi.
Ijtimoiy-gumanitar fanlarda falsafiy va umumilmiy vositalar, metod va amallardan tashqari, mazkur fanlarning predmeti bilan bog‘liq maxsus vositalar, metod va amallardan ham foydalaniladi. Ularning jumlasiga quyidagilar kiradi:
Ideografik metod–alohida tarixiy faktlar va hodisalarning o‘ziga xos xususiyatlarini tavsiflash.
Dialog «savol-javob metodi» ikki va undan ortiq kishilr orasidagi muloqot. Tushunish va oqilona (intensional) tushuntirish (bu haqda ushbu bobning keyingi paragrafida batafsil so‘z yuritiladi).
Hujjatlarni tahlil qilish–son va sifat jihatidan tahlil qilish (kontent-analiz). So‘rovlar o‘tkazish– maxsus tayyorlangan savollar yordamida u yoki bu masalaga oid ijtimoiy fikrni aniqlash. «Yuzma-yuz» so‘rov (intervyu) yoki sirtdan (so‘rovnoma yordamida, pochta, telefon orqali va sh.k.) so‘rov o‘tkazish, ommaviy va maxsus so‘rovlar farqlanadi. Maxsus so‘rovlarda professional ekspertlar axborot olishning bosh manbai hisoblanadi.
Proektiv metodlar (psixologiyaga xos)–insonning produktiv faoliyati natijalariga qarab, uning shaxsiy xususiyatlarini bilvosita o‘rganish usuli. Testlash (psixologiya va pedagogikada)–standartlashtirilgan topshiriqlar bo‘lib, ularni bajarish natijalari ayrim shaxsiy xususiyatlar (bilim, ko‘nikma, xotira, zehn va sh.k.)ni o‘lchash imkonini beradi. Testlarning ikki asosiy guruhi farqlanadi–intellekt testlari (mashhur Q koeffitsienti) va erishilgan (kasbda, sportda va h.k.) natijalar testlari. Testlar bilan ishlashda axloqiy jihat muhim ahamiyat kasb etadi. Zotan, layoqatsiz yoki g‘irrom tadqiqotchining qo‘lida testlar jiddiy zarar keltirishi mumkin.