Olamning universal aloqalari va rivojlanish. Falsafaning qonun va kategoriyalari
Zaruriyat - narsa, hodisa, jarayonlarning taraqqiyoti bilan aniqlanadigan, ichki muhim bog’lanishlar orqali qonuniy kelib chiqadigan va shuning uchun yuz berishi muqarar bo’lgan hodisadir.
Zaruriyatning asosiy xususiyatlari quyidagilardan iborat: 1) zaruriyatning sababi o’zida bo’lib, u mazkur hodisa yoki jarayonlarning ichki tabiatidan kelib chiqadi; 2) zaruriyat voqelikdagi narsa yoki hodisalarning chuqur, muhim, takrorlanib turadigan ichki bog’lanishlaridan kelib chiqadi; 3) zaruriyat oldingi taraqqiyot orqali konuniy tayyorlanadi; 4) zaruriyat muqarrarlik xususiyatiga ega bo’lib, sodir bo’ladigan jarayonlarni ma’lum yo’nalishga soladi; 5) zaruriyat umumiy xarakterga ega.
Tasodif hodisalar o’rtasidagi tashqi bog’lanishlardan hosil bo’ladi va shuning uchun u noaniqlik majburiy emasligi bilan farqlanadi. Tasodif yuz berishi, yoki yuz bermasligi mumkin bo’lgan jarayonlarga xosdir.
Tasodif zaruriyatdan quyidagi tomonlari bilan farq qiladi: 1)tasodifning sababi o’zida emas, balki boshqa narsa yoki hodisalardadir, u ichki emas, balki tashqi sabablardan kelib chiqadi; 2) u voqelikdagi muhim bo’lmagan ikkinchi darajali bog’lanishlardan kelib chiqadi; 3) tasodif hodisaning butun taraqqiyoti bo’lgan jarayonlarning ta’siri natijasida sodir bo’ladi; 4) tasodif narsalar rivojining yo’nalishini belgilab bermaydi va shuning uchun u muqarrar emas. Tasodif yuz berishi yoki yuz bermasligi ham mumkin; 5) tasodif tipik bo’lmagan, individual xarakterga ega.
Zaruriyat va tasodif bir-biri bilan chambarchas bog’langan bo’lib, biriikkinchisini taqozo etadi. Zaruriyatdan ajralgan tasodif bo’lmaganidek, tasodif bilan bog’liq bo’lmagan zaruriyat ham mavjud emas. Shuningdek, zaruriyat va tasodifning o’zaro bog’liqligi ularning ma’lum shart-sharoitlarda bir-biriga o’tishi orqali ifodalanadi.
Zaruriyat va tasodif kategoriyalarining metodologik ahamiyati shundaki, ularning mohiyatini bilish olamdagi narsa va hodisalar o’rtasidagi munosabatlarga ongli ravishda yondashish imkoniyatini beradi.