Fonetika – grekcha phone – tovush so’zidan olingan bo’lib, tilshunoslikning alohida bo’limi hisoblanadi va tilning tovush tomonini o’rganadi.
Fonetika keng ma’noda nutq tovushlarini hosil qilishda ishtirok etadigan nutq a’zolarining tuzilishini, fonetik birliklarning o’ziga xos xususiyatlarini va tovush o’zgarishi hodisalarini o’rganadi. Fonetik birliklarga nutq tovushlari, bo’g’in, fonetik so’z, takt, fraza, o’rg’u, ohang kabilar kiradi. SHuni ta’kidlash lozimki, fonetika, tabiatdagi har qanday tovushlarni emas, balki inson nutq apparatida hosil bo’luvchi, ijtimoiy qiymatga ega bo’lgan nutq tovushlarini o’rganadi. Tabiatdagi boshqa tovushlarni esa fizika fanining akustika bo’limi tekshiradi.
Fonetikaning maqsadi fonetik birliklarning akustik, anatomik-fiziologik va funksional asoslarini o’rganish va ularning til mexanizmidagi rolini aniqlashdan iborat.
Fonetika tovushlarning eshitilish tomonini o’rganishda akustikaga, talaffuz qilinishi, aytilishi, hosil bo’lish tomonlarini o’rganishda fiziologiyaga talqib ish ko’radi.
Fonetikaning bo’g’in, o’rg’u bilan shug’ullanuvchi tarmoqlari badiiy adabiyot, she’riyat bilan aloqador.
Fonetikani o’rganish orfografiya (to’g’ri yozish), orfoepiya (to’g’ri talaffuz qilish) me’yorlarini yaxshi o’zlashtirib olishga, adabiy talaffuz bilan shevalar o’rtasidagi farqni aniqlashga, boshlang’ich sinf o’quvchilarining nutqini to’g’ri shakllantirishga katta yordam beradi.
Hozirgi vaqtga kelib fonetika tilshunoslikning eng rivojlangan sohalaridan biri bo’lib, ikki mustaqil qism fonetika va fonologiyadan tarkib topgandir.
Fonetikada nutq tovushlari turli jihatdan o’rganiladi. SHunga asosan uning quyidagi bo’limlari mavjud:
1. Umumiy fonetika – fonetikaning barcha tillarga xos umumnazariy masalalari haqida ma’lumot beruvchi turi.
2. Xususiy fonetika – fonetikaning muayyan bir til tovushlarini, ularning turlari fizik-akustik va artikulyasion xususiyatlari xususida bahs yurituvchi turi. U quyidagi 2 qismdan iborat:
A) tavsifiy fonetika – muayyan tilning fonetik tizimini statik (o’zgarmas) holatda (til taraqqiyotining oldingi bosqichida yuz bergan hodisalar bilan bog’lamay) o’rganadi.
B) tarixiy fonetika – biror tilning tovush tizimini diaxron planda va dinamik holatda (tilning tarixiy taraqqiyoti bilan bog’lab) o’rganadi va shu asosda tilning fonetik-fonologik tizimida yuz bergan tarixiy o’zgarishlar aniqlanadi.
3. Qiyosiy fonetika – qardosh yoki noqardosh tillarning tovush tizimlarini qiyoslab o’rganadi.
4. Eksperemental fonetika – nutq tovushlari, o’rg’u kabi birliklarning fizik-akustik va artikulyasion xususiyatlarini maxsus asboblar vositasida o’rganadigan fonetikadir.
Inson nutqi makon va zamonda ketma-ket paydo bo’ladigan kichik va katta birliklardan tashkil topadi. Tilda uch asosiy qatlam – fonetika, leksika, grammatika farqlanib, ular o’z oldiga qo’ygan vazifasiga ko’ra nutqni tarkibiy qismlarga ajratadi. Nutqning eng kichik bo’linmas birligi tovush bo’lib, tildagi so’zlar, iboralar va umuman nutq tovushlar orqali shakllanadi. Nutq tovushlari nutqning bu birliklari uchun ifoda materiali bo’lib xizmat qiladi. Nutq tovushlarining quyidagi o’ziga xos uch jihati mavjud:
1. Ular nutq apparati vositasida hosil qilinadi.
2. Nutq tovushlari eshituv apparati yordamida eshitiladi.
3. Ular ijtimoiy qiymatga ega.
Demak, nutq tovushlarini talaffuz etmay, shuningdek, eshitmay turib tevarak olamdagi narsa-hodisalar haqida muayyan tushunchalarga ega bo’la olmaymiz. Zero, real predmetlar tovush yoki tovushlar shaklida ongimizda qayta gavdalanadi. Muhimi tovushlarning ketma-ketligi, o’ziga xos ma’no zanjiri vositasida bizga axborot etkaziladi. Insonlar nutq tovushlari yordamida fikr berib, fikr oladilar. Aynan mana shu xususiyatiga ko’ra nutq tovushlari tabiatdagi jonsiz jismlar va hayvonlarning tovushidan farq qiladi. Umuman, inson tili tovush tili bo’lib, ularning ishtirokisiz hech qanday nutq va muloqot amalga oshmaydi.
Tilning tovush tomoni murakkab hodisa bo’lib, uni (fonetik va fonologik) jihatdan quyidagi 4 aspektda o’rganiladi:
1. Fizik – akustik aspekt.
2. Anatomik – fiziologik aspekt.
3. Perseptiv (eshitib – xis etish) aspekt.
4. Lingvistik – funksional aspekt.
Fizik hodisa sifatida tovushning qanday akustik belgilari mavjud bo’lsa, nutq tovushlarining fizik-akustik xususiyatlari ham ana shulardan iborat. YA’ni nutq tovushlarining akustik xususiyatlari tovushning kuchi, balandligi, tembri, cho’ziq-qisqaligi bilan izohlanadi.
Nutq tovushlarini hosil qilishda qatnashuvchi odam a’zolari va ularning ishtiroki, harakat-holatini o’rganish anatomik-fiziologik aspektning tadqiqot doirasiga kiradi.
Fonetik birliklarning eshitish a’zolariga ta’sirini his etish orqali so’zning ma’nosini yoxud nutq va gap mazmunini idrok etish qonuniyatlarini perseptiv aspekt o’rganadi.
Lingvistik – funksional aspektda fonetik birliklarning ijtimoiy vazifa bajarishi ya’ni ma’no farqlash xususiyati e’tiborga olinadi. Tilshunoslikda bu aspekt fonologiya deb ataladi.
XIX asr oxirlariga kelib, nutq tovushlarini o’rganishda ularning 2 xil ko’rinishi – til tovushlari va nutq tovushlarini farqlay boshlandi. Til tovushlari haqidagi ilk g’oyalar rus va polyak tilshunosi I.A.Boduen de Kurtene tomonidan ilgari surildi. U (va shogirdi Krushevskiy) o’z tadqiqotlarida til tovushlarini ilk bor fonema deb nomladi. Fonema yoki til tovushlari mavhum – hodisa bo’lib, bevosita kuzatishda berilmaydi, faqat aql bilan idrok etiladi. Masalan, miyaning til xotirasi qismida o’zbek tilidagi har bir tovushning ramzi (belgisi) mavjuddir. Ana shu ramzda til tovushiga xos belgi – xususiyatlar haqidagi axborotlar mujassamlangan bo’ladi. Miyadan biror tovushni aytish haqida «ko’rsatma» berilsa, nutq a’zolari shu tovushning ramzida mujassamlangan axborotga binoan harakatga kelib, (masalan, «u» tovush uning ramzida «ovozdan iborat», «og’iz bo’shlig’t tor holatda, tovush hosil bo’lish oralig’i tilning orqa qismida», lablar aktiv qatnashadi degan axborotlar bor) ma’lum holat egallaydi va o’pkadan zarb bilan chiqariladigan havo oqimi nutq tovushi sifatida namoyon bo’ladi. Nutq tovush moddiy hodisa bo’lib, uning akustik va fiziologik xususiyatlarini maxsus asboblar yordamida tekshirish mumkin. Fonemaning kashf etilishi fonetikaning yanada ko’proq rivojlanishiga va uning keyingi bosqichi fanologiyaning tarkib topishiga olib keldi. Fonologiyada tilning tovush tomoni funksional jihatdan o’rganiladi. Muayyan tilning fonemalar tizimini, bu tizimdagi fonemalarning fonologik belgilarini («ramzdagi axborotlar» majmui) shu tilning konkret talaffuz xususiyatlarini o’rganmay turib tadqiq etib bo’lmaydi. SHu ma’noda, fonologiya fonetika bilan uzviy bog’langan bo’lib uni fonetikaning yuqori bosqichi deyish mumkin. (Fonetika – nutqdagi, fonologiya «ongdagi» holatni o’rganadi). SHuning uchun, fonetika fonologiya bilan tilning material – ifoda rejasini o’rganish borasida umumiylik tashkil qiladi.
Fonema – tildagi ma’nodor birliklar bo’lmish so’z va marfemalarni tashkil etuvchi va ularni farqlash uchun xizmat qiluvchi, tilning eng kichik, o’zi mustaqil ma’noga ega bo’lmagan (bir planli) birligidir. Masalan, qol, qul, qo’l; tor, tog’, tok, tol; boy, bor, bog’ so’zlarida o, u, o’, r, g’, k, l; y, r, g’ fonemalariga ko’ra ma’no farqlangan.
Fonemaning tovushga va tovushning fonemaga munosabati turlicha bo’ladi. Barcha fonemalar tovush hisoblanadi, ammo har bir nutq tovushini fonema deb bo’lmaydi. Jumladan, p va t undoshlari pol, tol so’zlarida alohida fonema sanaladi. SHu undoshlar kitop (kitob), ozot (ozod) so’zlarida talaffuz jihatidan alohida tovush bo’lsa ham, lekin fonema emas, ular jarangsiz tovush bilan yondosh holda yoki so’z oxirida jarangsizlashib, b, d fonemalarining varianti bo’lib kelgan. Jarangsizlashish nutq jarayonida yuz bergani uchun ham u tovushga (tovush o’zgarishi) tegishli holat hisoblanadi (fonemaga emas). Fonema varianti – fonema ottenkalari (L.V.SHcherba) deb ham yuritiladi. Fonema ottenkalari deganda til tovushlarining (fonemalarning) talaffuzdagi real ko’rinishi tushiniladi. Ular ikki xil bo’ladi: 1) kombinator ottenka – fonemaning so’z tarkibidagi boshqa tovushlar ta’sirida yuzaga kelgan ko’rinishi. Masalan, ketdi-ketti («t» ning ta’sirida «d» ham jarangsizlashdi). 2) pozision ottenka – fonemalarning so’zda tutgan o’rniga ko’ra moslashishi. Masalan, kitob-kitop («b» undoshi so’z oxirida kelgani uchun ham jarangsiz «p» variantini hosil qilyapti).
Har bir fonema o’zining turlicha o’rinda kelishi bilan bog’liq bo’lmagan doimiy belgilarga ega. Masalan, unli fonemalarning doimiy belgilariga tilning tik xarakatishga ko’ra ko’tarilish darajasi hamda lablanganlik va lablanmaganlik kiradi. CHunki, «u» fonemasi har qanday holatda so’z boshida ham, so’z o’rtasida ham, so’z oxirida ham yuqori tor lablangan unli sifatida namoyon bo’ladi. Tilning gorizontal harakatiga ko’ra bo’linishi fonemaning qayerda va qanday tovushlar bilan yondosh kelishiga bog’langan, shuning uchun bu unli fonemaning doimiy belgisiga kirmaydi. Masalan, «u» fonemasi qul so’zida orqa qator, gul so’zida old qator unli tarzida talaffuz etiladi.
Undosh fonemalarning doimiy artikulyatsion belgilari deb ovoz va shovqinning ishtiroki, hosil bo’lish o’rni va usuli kabilar hisobga olinadi. SHuningdek, undosh tovushlar o’zbek tilida unlilardan avval kelganda aksariyat o’z artikulyatsiyalari bilan talaffuz qilinadi. Masalan, zamon, somon so’zlaridagi z, e, m undoshlari aniq talaffuz qilinyapti, noz, nos so’zlarida esa so’z oxirida kelganligi va ulardan keyin unli tovush bo’lmagani uchun aniq farqlanmaydi. Jarangli va jarangsizlik undosh fonemalarning o’zgaruvchan belgisi hisoblanadi. Jarangli undoshlar so’z oxirida va jarangsiz undosh yonida kelganda doim jarangsiz variant bilan aytiladi.
Nutq tovushlari va harfni farqlash kerak. Harf tovushning yozuvdagi shartli belgisi hisoblanadi. Nutq tovushlarini talaffuz qilamiz va eshitamiz harflarni ko’ramiz va yozamiz. Tovushlarning hosil bo’lishida o’pkadan chiqayotgan havoning og’iz bo’shlig’ida to’siqqa uchrab yoki uchramasdan chiqishi muhim rol o’ynaydi. Harflar esa qo’l yoki turli texnik vositalar yordamida yoziladi. Harflar davriy ahamiyatga ega. Masalan, arab, lotin, kirill yozuvlarida «t» harfi har xil (T, ٺ) yoziladi, lekin t tovushi yagona artikulyasion bazaga ega.