Mavzu: Gendar tenglikning asosiy tamoyillari
Reja:
1. Gender tenglikning asosiy tushunchasi
2. Taʼlim-tarbiya yo’nalishida gender tushunchasi
3. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida
Gender tengligini rivojlantirishni maqsad qilib olgan har bir jamiyat bir qator vazifalarni o‘z ichiga olgan gender rivojlanish strategiyasini ishlab chiqadi:
- xotin-qizlarning ehtiyojlarni hisobga olgan holda ularni birinchi o‘ringa qo‘yish va ularni hisobga olish;
- ayollarning jamiyatning barcha sohalardagi mavqeining erkaklar mavqeiga nisbatan holatini aniqlash;
- ayollarning o‘z mavqei, talablari va ehtiyojlarini anglashiga erishish;
- ayollar taraqqiyoti yo‘lidagi to‘siqlarni aniqlash;
- ayollar faoliyati ko‘lamini kengaytirish, ularning an’anaviy erkak kasblarini egallash imkoniyatlarini aniqlash;
- ayollarning kamsitilishi va xo‘rlanishining bevosita sabab va oqibatlarini bartaraf etish va hokazo. Ushbu talablar O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 2 sentyabrdagi O‘RQ-562- son “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga ham mos keladi. Xususan, mazkur qonunda Davlat xotin-qizlar va erkaklarga shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni amalga oshirish chog‘ida teng huquqlilikni kafolatlashi, davlat xotinqizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, saylov jarayonida teng ishtirok etishni, sog‘liqni saqlash, ta’lim, fan, madaniyat, mehnat va ijtimoiy himoya sohalarida, shuningdek davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarida teng huquq hamda imkoniyatlar ta’minlanishini kafolatlashi ta’kidlangan. So‘nggi o‘n yillikda jahon hamjamiyati gender tengligiga erishishni dunyodagi boshqa dolzarb global vazifalar, xususan, barqaror rivojlanish maqsadini amalga oshirishda muhim yo‘nalish sifatida ko‘rilmoqda. 2000 yil sentyabr oyida BMTga a’zo davlatlar sammitida qabul qilingan Ming yillik deklaratsiyasida gender tengligini ta’minlash nafaqat qashshoqlik va ochlikni kamaytirish va taraqqiyotning muhim sharti ekanligi aniq ta’kidlandi. Bu tamoyil O‘zbekiston tomonidan ham qo‘llab-quvvatlangan xalqaro hujjatlarda mustahkamlangan. Xususan, Mingyillik sammitida 147 davlat va hukumat rahbarlari tomonidan ma’qullangan yuqorida tilga olingan hujjat jahon hamjamiyatining hayotining kun tartibidagi muhim masalaga aylandi. Ushbu hujjatda rivojlanishning aniq yo‘nalishlari bo‘yicha 8 ta maqsad belgilangan bo‘lib, ularning uchinchisi - ayollarga nisbatan kamsitishlarga qarshi kurashish va gender tengligini targ‘ib qilishdir. Bundan tashqari gender tengligi 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibini tashkil etuvchi 17 ta global maqsadlardan biridir. Barqaror rivojlanish maqsadlari ayollar va qizlarga nisbatan kamsitishlarga to‘liq va umumbashariy barham berishni ta’minlash orqali ushbu yutuqlarni chuqurlashtirish va kengaytirishga qaratilgan. Hozirgi vaqtda ayrim hududlarda haq to‘lanadigan bandlik imkoniyatlarida gender tengsizligining sezilarli darajada saqlanib qolmoqda, shuningdek, mehnat bozorida erkaklar va ayollar o‘rtasidagi sezilarli tafovut saqlanib qolmoqda. Jinsiy zo‘ravonlik va ekspluatatsiya, haq to‘lanmaydigan parvarish va uy ishlarining teng taqsimlanmaganligi, ayrim qarorlarni qabul qilishda kamsitish elementlarining hali ham saqlanib qolayotgani rivojlanish uchun katta to‘siq bo‘lib qolmoqda.
Gender lotincha genus (inglizchada gender) soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, oʻzbek tilida jins maʼnosini beradi. Fanga genderlik tadqiqotlari tushunchasi XX asr oʻrtalarida kirib kela boshladi. Gender terminini 1952-yilda Yangi Zelandiyalik ruhshunos olim Jon Mani (5) o’z ilmiy tadqiqotlarida birinchi qo’llagan. Keyinchalik 1963-yilda Stokgolmda ruhshunoslarning xalqaro anjumanida AQShlik olim Robert Stoller (6) jamiyatda ijtimoiy jinsning oʻz-oʻzini anglash tushunchalari toʻgʻrisidagi maʼruzasi orqali gender terminini ilm ahliga taqdim etdi hamda jinsni biologik va madaniy turlarga boʻlib oʻrganishni taklif qildi. R.Stoller, biologik jinsni (inglizcha sex) biologiya va fiziologiya, madaniy jins (gender), yaʼni genderni ruhshunoslik va jamiyatshunoslik sohalari tadqiqot obʼekti sifatida oʻrganish maqsadga muvofiq deb hisoblagan. Shuningdek, 1972-yilda ingliz sotsiologi Enn Oukli (4) ham “Jins, gender va jamiyat” nomli ilmiy ishida bu terminni izohlab oʻtgan. Gender konsepsiyasi biologik jins bilan (inglizcha – sex) ijtimoiy jins (inglizcha – gender) farqlanishiga hamda jinslar orasidagi ijtimoiy munosabatlar faqat erkaklar va xotin-qizlarning biologik oʻziga xosligi bilan belgilanmasligi, ular oʻrtasidagi ijtimoiy rollar fiziologik farqlardan sezilarli ravishda kengligini anglashga qurilgan. Jins anatomik, fiziologik tushuncha, yaʼni individning biologik jinsga oidligini belgilovchi biologik xususiyatlar birligidir (6). Biroq odamlar oʻrtasida yana bir muhim – biologik farqlardan tashqari ijtimoiy rollar, har xil faoliyat turlari, xattiharakat va psixologik xarakteristika jihatidan ham boʻlinish mavjud. Jinsdan farqli oʻlaroq, gender – psixologik, madaniy va ijtimoiy vositalar bilan shakllanadi. Gender terminining fanga kiritilishi shuni anglashga yordam beradiki, “jamiyatdagi erkaklar va xotin-qizlar rollari ijtimoiy jihatdan tashkil topadi va belgilanadi”
Gender, avvalo erkak va ayol, oʻgʻil va qiz bolalar munosabatlarining ijtimoiypsixologik hamda pedagogik tomonlarini qamrab oladi. Bu tushuncha yangi ijtimoiy qarashlar va madaniyatga bogʻliq holda rivojlanib boradi. Tarixdagi matriarxat yoki patriarxat tushunchalari ham bunga yaqqol misoldir. Taʼlim-tarbiya yo’nalishida gender tushunchasi faqat qizlarga taalluqli emas, chunki u oʻz xususiyatiga koʻra oʻgʻil va qiz bolalar orasidagi munosabatlarni tavsiflab ta’riflaydi, yaʼni, ijtimoiy rollar, faoliyat shakllarining boʻlinganligi, xattiharakat va individlarning psixologik xarakteristkalarida o’ziga xosliklar mavjudligini o’rganadi. Ko’rinib turibdiki, olimlarning gender soʻzini termin sifatida oʻrganishni taklif qilishlari nafaqat psixoanalitika yoki jamiyatshunoslik, balki turli sohalar, jumladan pedagogika va tilshunoslikda ham keng qoʻllanishiga yoʻl ochib berdi. Bugungi kunda bu yoʻnalishlar tarkibida gender pedagogikasi va tilshunosligi shakllanib, gender munosabatlari, gendercha tahlil, gendercha tenglik kabi mavzularda tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Ma’lumki, biologik va ijtimoiy xususiyatlardan tashqari gender omillarga madaniy xususiyatlar ham taʼsir koʻrsatadi. Muayyan madaniyat insoniyat tomonidan dunyo haqidagi bilimlarni anglash va tartibga solish davomida vujudga kelgan narsapredmet, voqeliklar bo’lib, u milliy gender qarashlar shakllanishida muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Genderchilikda gender farqlarning tashkil topish jarayoni odatda ijtimoiylashtirish jarayoni bilan bogʻlanadi. Ijtimoiylashtirish – bu, individ tomonidan jamiyatning toʻlaqonli aʼzosi sifatida faoliyat yuritish imkonini beruvchi bilim, meʼyor va qadriyatlarni oʻzlashtirish jarayonidir. Ijtimoiylashtirish oʻz ichiga taʼsir etishning ijtimoiy nazorat qilish jarayonlarini qamrab oladi. Masalan, taʼlim-tarbiya, yoki uning shakllanishiga taʼsir qiluvchi tabiiy jarayonlar. Bugun ijtimoiylashtirishning muhim qismi bo’lgan gender munosabatlar psixologiya, sotsiologiya, pedagogika kabi fanlar tomonidan jadal oʻrganilayotganligi bu yo’nalishda qilinishi kerak bo’lgan ishlar ko’pligidan darak beradi.
Genderning sotsiumdagi rollaridan kelib chiqadigan ijtimoiy tabaqalanish, va ayni paytda nutq, uslub, kiyim va xatti-harakatlarda namoyon boʻluvchi jihatlar ham bu yoʻnalishning muhim sifatlarini tashkil etadi. Gender rollar erkaklar va ayollarning mehnati, vazifalariga doir qarashlarning boʻlinishida ham namoyon boʻladi. Psixologik rivojlanish va pedagogik qarashlarda sohalar mutaxassislari ‘differensial ijtimoiylashuv’ atamasidan gender rollarini oʻrganish maqsadida foydalanmoqdalar (9). Bunda differentsial ijtimoiylashuv jarayoni koʻpincha bola tugʻilishidan avval vujudga keladi. Har bir jamiyatda bola tarbiyasi bosqichlarida, keyinchalik butun umri davomida ‘erkaklarga xoslik’ va ‘ayollarga xoslik’ deb nomlangan tushunchalarga xos meʼyor va stereotiplar mustahkamlanib boradi. V.fon Humbold jinslararo farq toʻgʻrisida toʻxtalib, jumladan quyidagi fikrlarni aytgan: “Erkaklik qiyofasida chiroy va jozibaga qaraganda qatʼiylik koʻproq farqlanadi; erkaklik tushunchasi juda aniq va puxta, ular orasidagi munosabat esa oʻta oddiy; erkak xarakteri kuchli va barqaror, ammo baʼzan bir yoqlamalik va dagʻallikni ifodalaydi. Barcha erkaklikka xosliklar oydinlashtiruvchi, barcha ayolga xosliklar koʻngilni iydiruvchidir. Biri hayotga nur (roʻshnolik) olib kirsa, ikkinchisi muhabbat keltiradi. Аyolning tabiati ayolni mashaqqatlarga bardosh beruvchi qiladi, (jamiyat qonunqoidalariga binoan) erkaklik kuch-quvvati bilan hamnafas ayol shiddatkorlikdan ozod boʻladi, shunga koʻra ayol oʻz vafodorligi bilan koʻzlagan maqsadiga erishadi” (3). Demak, ijtimoiy hayotda ham erkak va ayol birgalikda harakat qilsa, muayyan jamiyat ko’zlagan maqsadiga tezroq erishishi mumkin. So’ngi yillarda O’zbekiston Respublikasida ham ayollarning boshqaruv organlariga tayinlanishiga bo’lgan e’tiborning o’sishi yuqorida ta’kidlangan sotsial tenglik balansini me’yorga keltirmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunining 13-moddasida xotinqizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha tadbirkorlik subyektlarining, shuningdek, fuqarolar o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarning va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarinig vakillari ishtirokida maslahat kengashlarini tuzish mumkinligi belgilangan. Mazkur normaga asoslanib, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida, shuningdek, barcha oliy ta’lim muassasalarida tuzilgan xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahat kengashi – gender tenglikni ta’minlashning samarali mexanizmlaridan biri hisoblanadi. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahat kengashi – gender tenglikni ta’minlash hamda jinsi bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitilishini bartaraf etish maqsadida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha tuzilgan kollegial maslahat organi hisoblanadi. Maslahat kengashining faoliyati qonuniylik, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi, jinsi bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymasligi, ochiqlik va shaffoflik tamoyilari asosida olib boriladi (8). Xususan, Oʻzbekistonda ijtimoiy hayotda gender masalalari, gender tenglik munosabatlari berilayotgan chuqur e’tiborni amalga oshirilayotgan qator loyihalarda ko’rish mumkin. Masalan, 2019-yil 2-sentabr, O‘RQ-562-sonli “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunning qabul qilindi, unga koʻra, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, onalik, otalik va bolalikni himoya qilish tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning erkaklar bilan teng ravishda ijtimoiy va ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish yuzasidan va hk. chora-tadbirlar olib borilmoqda. Shu qatorda, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanishning Beshinchi maqsadi – Gender tenglikni amalga oshirish doirasida Oʻzbekistonda gender tenglikni taʼminlash hamda barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga oid toʻqqizta vazifa ishlab chiqilgagini ham ta’kidlash mumkin. U 2030-yilga kelib barcha xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarning har qanday shakliga barham berish, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda qarorlar qabul qilishning barcha darajalarida ayollarning toʻliq va samarali ishtirokini ta’minlash va yetakchilik qilish uchun teng imkoniyatlarni yaratish zarurligini oʻz ichiga oladi. Gender munosabatlarda xalqaro standartlarga haqiqiy yaqinlashuvga erishish, eng muhimi, ayollarni jamiyatning barcha jabhalarida faol ishtirok etishi uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha qator oddiy, ammo samarali chora-tadbirlar mavjudligini ta’kidlash mumkin. Mamlakatimizda, kvota tizimining ayollarga yo’naltirilganligining ortib borayotganligini, ayniqsa, oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan voqeliklar, magistraturaga qabul qilingan xotin-qizlarga kontrakt to’lovlarini to’liq davlat tomonidan qoplanishi haqidagi amaliy chora-tadbirlarni yaqqol misol tariqasida keltirish mumkin. Shuningdek, xotin-qizlarning mahalliy darajada va ijroiya hokimiyatida vakilligining oshib borishi, ularning parlament faoliyatidagi faol ishtirokini ham ta’kidlash zarur.
XULOSA
Xulosa qilib aytganda, davlatimizda gender siyosatining muhim strategik maqsadi millat oilasida xotin-qizlarning o’rni, ularning moliyaviy ahvolini va ijtimoiy farovonligini yaxshilashga qaratilgan. Bunday strategiyani quyidagilardako’rish mumkin: ko’p bolali, yosh, kam ta’minlangan oilalar uchun ijtimoiy kafolatlarni ta’minlashni o’z ichiga olayotganligi; sog’liqni saqlash va ta’lim sohasida yagona ijtimoiy standartlar ishlab chiqilayotganligi; oiladagi zo‘ravonlikni bartaraf etish, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini yaratish muammolari kabilarga e’tibor qaratilmoqda. Oilada gender tengligiga erishish, ya’ni ayol kishini kamsitilishi kabi illatlarni yo’qotishga erishish turli ijtimoiy institutlar va sohalarga nisbatan ijobiy munosabatni shakllantirishga olib keladi. Ta’kidlash kerakki, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning kuchayishi kundalik hayot va mehnat faoliyati sohasidagi gender munosabatlariga yetarlicha e’tibor bermaslik bilan ham bog’liq. Zotan, suveren jamiyatda gender tengligi muammolari ustuvor ahamiyatga ega bo’lishi kerak. Bizning fikrimizcha, gender tengligi sohasidagi asosiy muammolarni yanada samarali hal etish uchun quyidagi ishlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq: gender masalalarini hal etishga qaratilgan institutlarning samarali faoliyat yuritishi uchun shart-sharoit yaratish; gender siyosatini amalga oshirishni barcha darajalarda, jumladan, hududiy, milliy va sektoral muvofiqlashtirishning aniq tizimini shakllantirish; ayollarning iqtisodiy qaramligini va zaifligini yumshatish uchun oilaviy yuklarni teng taqsimlashga intilish; davlat mehnat bozorini tartibga solishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada ko’paytirishga erishish, ya’ni kam haq to’lanadigan joylarda ayollar ulushini kamaytirish yoki ish haqini ko’paytirish; turmush darajasini oshirishga va tengsizliklarni bartaraf etishga, shu jumladan ta’lim, sog’liqni saqlash va kasbiy o’sishga yordam beradigan hayotiy ko’nikmalarni o’rganish imkonini beruvchi amaliy ta’lim tizimini kuchaytirish, qizlarni ta’lim olishiga past nazar bilan qarovchi oilalarda tushuntirish ishlarini olib borish zarur; hududiy gender kamsitish amaliyotini keskin cheklash, ushbu sohadagi muammolarni huquqiy tizim kontekstida hal qilish imkoniyatlarini kengaytirish, sohalarda gender tengligiga erishish kabilar shular jumlasidandir. Zero, gender tenglikka erishish nafaqat demokratik qadriyatlardan biri, balki ijtimoiy-iqtisodiy va maʼnaviy taraqqiyotning muhim omili hisoblanadi. Jahon miqyosida orttirilgan tajriba shundan dalolat beradiki, aynan erkaklar va ayollar uchun teng imkoniyatlar mavjud davlatlarda aholi turmush farovonligi va ijtimoiy-siyosiy faolligi yuqori darajada bo‘lib, islohotlar muvaffaqiyati taʼminlanadiUmuman olganda, O’zbekistonda gender sohasidagi o‘zgarishlarning huquqiy va institutsional asoslari yaratildi. Mamlakatda gender siyosatini har jihatdan amalga oshirishda davlat organlari va xotin-qizlar tashkilotlari birgalikda harakat qilib kelmoqda. Respublikamizda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishda rasmiyatchilikdan aniq sa’y-harakatlarga o‘tilgaligi, ya’ni xotin-qizlarning jamiyathayotida, ta’limda shaxsiy rivojlanish strategiyasi ishlab chiqilganligi, xotin-qizlar faoliyatlarini amalga oshirishida va jamiyat hayotini monitoring qilishning barcha bosqichlarida samarali ishtirok eta boshlaganligi fikrimizning yaqqol dalilidir.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuni. 2019-yil, 2-sentabr.
2. Gender i kultura. – Dushanbe: Аziya-plyus, 1999. – 96 s. 3. Gumboldt V. fon. Yazik i filosofiya kulturi. – Moskva, 1985. – S. 142-159.
4. http://www.gender-cent.ryazan.ru/lecturers.htm#blohina
5. Money, John. (1952). Hermaphroditism: An Inquiry into the Nature of a Human Paradox. Thesis (Ph.D.), Harvard University press.
6. Stoller R. J. Sex and Gender: The Development of Masculinity and Femininity. – United Kingdom: Routledge, 1994. – 400 p.
7. Zdravomislova Ye.А., Temkina А.А. Sotsialnoe konstruirovanie gendera. Sb. “Vozmojnosti ispolzovaniya kachestvennoy metodologii v gendernix issledovaniyax”. – Moskva, 2001. – S. 49.
8. Jamoldinova O.R. Ta’lim tizimida gender yondashuvni tatbiq etishning samarali mexanizmlari. Belarus-O‘zbek ILMIY-METODIK JURNALI. 2022-yil, 1-son. B. 17- 25. https://doicode.ru/doifile/regdoi/2022/06/doicode-2022.055.pdf.
9. Бахронова Д.К. ГЕНДЕР И ЦЕЛЕВЫЕ КОНЦЕПТУАЛЬНЫЕ ГЕНДЕРНЫЕ СТЕРЕОТИПЫ // Гендерные исследования в гуманитарных науках: сб. ст. по матер. III междунар. науч.-практ. конф. № 3. – Новосибирск: СибАК, 2015.
10. Жамолдинова О., Эгамбердиева Т., Солихўжаева Д. Олий таълим тизимида гендер ёндашув: бугун ва келажак тамойиллари. Услубий қўлланма – Тошкент,
Dostları ilə paylaş: |