Milliy g‘oya, ijtimoiy taraqqiyot va mafkuraviy jarayonlarning o‘zaro bog‘liqligi
Reja:
1.«G`oya» va «Mafkura» tushunchalari, ularning mohiyati va mazmuni 2.Inson va jamiyat hayotidagi g`oyalar, fikrlar xilma-xilligi. 3.Bunyodkor g`oyalar. Vayronkor g`oya va mafkuralarning jamiyat hayotiga salbiy ta`siri 4.. Milliy g‘oyada mentalitetning namoyon bo‘lishi.
«G`oya» tushunchasi haqida fikr yuritilganda, avvalo, inson hayotida, jamiyat taraqqiyotida g`oyalar qanchalik muhim rol o`ynashiga to`xtalib o`tish maqsadga muvofiqdir.
Ma`lumki, iymon-e`tiqodi va ijodiy mehnati bilan boshqa barcha tirik jonzotlardan farq qiladi. Inson-ongli mavjudot. Ongni shartli ravishda ikkita katta qismga bo`lish mumkin: Birinchisi-insonning ruhiy olami, ikkinchisi-fikriy olam, ya`ni tafakkur olamidir. Umuman, g`oya inson tafakkurida vujudga keladigan, ijtimoiy xarakterga ega bo`lgan, ruhiyatga kuchli ta`sir o`tkazib, jamiyat va odamlarni harakatga chorlaydigan, maqsad-muddao sari etaklaydigan kuchli, teran fikr demakdir.
2. Insoniyat tarixidan ma`lumki, barcha davrlarda har bir davlat va xalqning, jamiyatning o`ziga xos mafkurasi bo`lgan. Chunki jamiyatning, xalqning o`z oldiga qo`ygan maqsadi uni amalga oshirishda jamiyat ahlini birlashtiradigan, safarbarlikka undaydigan mafkurasi bo`lmasa muqarrar ravishda halokatga mahkum bo`ladi.
Inson tafakkurini maxsuli sifatida g`oya tevarak olamni o`rganish, bilish jarayonida vujudga keladi. Ijtimoiy ongning barcha shakllari ilm-fan, din, falsafa, san`at va adabiyot, axloq, siyosat va xuquq-muayyan bir g`oyalarni yaratadi, ularga tayanadi va ularni rivojlantiradi. Mazmuni va namoyon bo`lish shakliga qarab, g`oyalarni bir qancha turlarga ajratish mumkin:
Ilmiy g`oyalar;
Falsafiy g`oyalar;
Diniy g`oyalar;
Badiiy g`oyalar;
Ijtimoiy-siyosiy g`oyalar;
Milliy g`oyalar
Umuminsoniy g`oyalar;
G`oya va mafkura mazmun-mohiyatiga ko`ra bunyodkor yoki zararli bo`lib, bunyodkorlik g`oyalari insonni ulug`laydi. Uning ruhiga qanot bag`ishlaydi.
Ezgu g`oyalar insonni yuksak orzular bilan yashashga, olijanob maqsadlar yo`lida e`tiqod bilan kurashishga o`rgatadi. Buzg`unchi g`oyalar esa xalqlar boshiga katta kulfatlar keltiradi. Inson va jamiyat bor ekan, ezgulik g`oyalarining ziddi bo`lgan zulm va zo`ravonlik, qabohat va jaholat yangi-yangi shakllarda namoyon bo`lishga urinadi. Lekin ular insoniyatning adolat, tenglik, tinchlik, qardoshlik rivojlanish va farovonlik g`oyalariga tayanib, yuksak maqsadlar sari intilishlarini to`xtata olmaydi. ezgu va yuksak g`oyalar odamlarni hamisha olijanob maqsadlar sari etaklayveradi.
Bunyodkorlik g`oyalari yurtni obod, xalq hayotini farovon qilishdek olijanob maqsadlar bilan ajralib turadi. Ular insoniyat taraqqiyotga erishgan davrlardan buyon jamiyat hayotining eng ezgu g`oyalari sifatida yashab kelmoqda.
Har qanday nazariya yoki ta`limot bir tizimga solingan g`oyalar majmuidan iborat bo`ladi. Dunyoqarashning negizini va muayyan ishonch e`tiqodining asosini ham g`oya tashkil etadi.
Odamlar, ijtimoiy sinf va qatlamlarning millat va davlatlarning manfaatlari va maqsadlari ham g`oyalarda ifoda etiladi. O`z oldiga qo`ygan maqsadi, qanday jamiyat qurmoqchi ekani bunga qanday yo`llar bilan erishmoqchi bo`layotgani haqidagi g`oyalar tizimi har bir millat, xalq va jamiyatning milliy mafkurasining asosini tashkil etadi.
Mafkura-muayyan ijtimoiy guruh yoki qatlamning, millat yoki davlatning ehtiyojlarini, maqsad va intilishlarini, ijtimoiy-ma`naviy tamoyillarini ifoda etadigan g`oyalar, ularni amalga oshirish usul va vositalari tizimidir.
Jamiyatning, jamiyat ahlining mustahkam va ravshan mafkurasi bo`lmasa, o`z oldiga qo`yilgan aniq bir maqsad-muddaosi bo`lmasa, u muqarrar ravishda inqirozga yuz tutadi.
Maqsad esa-xalqni, millatni birlashtiruvchi, unga kuch-qudrat, ruhiy ozuqa beruvchi, istiqbolga boshlovchi bayroqdir. Prezidentimiz so`zlari bilan aytadigan bo`lsak: «Bu bayroq butun O`zbekiston xalqining ruhini, g`urur-iftixorini, kerak bo`lsa, qudratini, orzu-intilishlarini mujassamlashtiradigan ulug` kuchdir. Davlatimizning, xalqimizning, yurtimizning maqsadi o`zining ulug`vorligi, hayotiyligi va haqqoniyligi bilan hammamizni jalb etadigan bo`lmog`i lozim. Toki bu maqsad xalqni, millatni-millat qila bilsin, qo`limizda yengilmas bir kuchga aylansin». (I.A.Karimov. Jamiyatimiz mafkurasi xalqni-xalq, millatni millat qilishga xizmat etsin. T. «O`zbekiston, 1998 yil, 10-11 betlar»)
3. Insonlar, xalqlar, jamiyatlar hayotida mafkura muhim rol o`ynaydi. Yurtboshimiz so`zlari bilan aytadigan bo`lsak:-mafkura bo`lmasa odam, jamiyat, davlat o`z yo`lini yo`qotishi muqarrar. Mafkuraning hayotbaxsh kuchi, avvalo insonning jamiyatdagi o`rni va ahamiyatini qanday tushunish va uni qanday ijtimoiy maqomda tasavvur etishga bog`liq. Chunki insonni ijtimoiy harakat va faoliyatga undash va shu tariqa ko`zlangan muayyan maqsad-vazifalarga erishish dunyodagi barcha mafkuralarning ma`no-mohiyatini tashkil etadi.
Shu ma`noda, Milliy istiqlol g`oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillari tizimida insonning jamiyatdagi o`rni va maqomi aniq belgilanganligi diqqatga sazovordir. Ya`ni bu tizim insonni bunyodkor kuch sifatida ta`riflaydi va shunga da`vat etadi. Istiqlolning bosh g`oyasi ham, asosiy g`oya va tushunchalari ham bunyodkorlik falsafasi bilan yo`g`irilgan. Chunki bunyodkorlik xalqimizning eng olijanob fazilati. Yurtboshimiz ta`biri bilan aytganda, o`zbek tom ma`noda bunyodkordir, do`ppisida suv tashib bo`lsa ham daraxt ko`kartiradi.
4. Muhtaram talaba-endi Bunyodkor g`oya, haqida so`z yuritar ekanmiz, bunyodkor g`oya deb, insonni ulug`laydigan, uning kuch g`ayrati va salohiyatini oshirib xalqi, Vatani, butun insoniyat uchun foydali ishlar qilishga safarbar etadigan, o`zida taraqqiyot, ma`rifat, do`stlik, tinchlik, halollik, poklik kabi ezgu maqsadlarni mujassam etadigan g`oyaga aytiladi.
Bunyodkor g`oyalar bilan qurollangan kishilar farovon hayot, erkin jamiyat qurish uchun kurash olib borganligi tarixdan ma`lum. Bunyodkorlik g`oyalari yurtni obod, xalq hayotini farovon qilishdek olijanob maqsadlar bilan ajralib turadi. Ular insoniyat tsivilizatsiyasiga erishgan davrlardan buyon jamiyat hayotining eng ezgu g`oyalari sifatida yashab kelmoqda. Bunyodkorlik ota-bobolarimizdan merosdir. Insoniyat tarixida odamlar ongi va shuuriga adolat, haqiqat, ezgulik, mehnatsevarlik, kabi yuksak g`oyalar urug`ini sepgan zot, payg`ambar Zardusht yaratgan «Avesto» kitobida quyidagi satrlar majud: «Ezgu fikr, ezgu so`zlarga, ezgu ishlar amaliga baxshida qilaman, barcha yomon so`zu yomon ishlardan yuz o`giraman». Bu yuksak g`oyalar bundan 2700 yil muqaddam yashab o`tgan vatandoshimiz Zardushtning o`lmas mafkurasi edi.
Xitoy va hind mutafakkirlarining jamiyat rivoji haqidagi qarashlari va bunyodkorlik g`oyalari ham Osiyoning «Sharqona» ma`naviyatida o`ziga xos o`rin tutadi. Jumladan, buyuk Xitoy mutafakkiri Konfutsiy (mil. av. 551-479) g`oyalari hanuzgacha Xitoy xalqi mafkurasida etakchilik qilib kelmoqda. Bu g`oyaning asosi jamiyatni har qanday ijtimoiy larzalardan asrab qolishi va insonlar manfaatini yuqori qo`yishga qaratilgan. Allomaning maqsadi xalqni mavjud tartib qoidalarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash bo`lgan. Bu g`oyaga ko`ra insonlar jamiyatning tabiiy taraqqiyotiga qarshi chiqmasligi, ya`ni inqilobiy yo`lni tanlamasligi kerak. Konfutsiya insoniyat xaqida fikr yuritar ekan, odamlar ijtimoiy kelib chiqishi yoki jamiyatdagi mavqei orqali emas, balki odamiylik, adolatparvarlik, haqgo`ylik, samiymiyat, farzandlik izzat-hurmati kabi yuksak ma`naviy fazilatlarga erishishi tufayli kamolotga etishuvi mumkin deb, xisoblaydi.
Hind xalqining buyuk farzandi Mahatma Gandi (1869-1948) o`z ma`naviyati, g`oyalari bilan XX asrning buyuk shaxslaridan biriga aylandi. U mustamlakachilarga qarshi kurashning timsoli edi. U hindlar bilan musulmonlarning o`zaro do`stligini mustahkamlashga intildi. Gandi din bilan siyosatni bir-biriga bog`lashga harakat qildi. Fidoyilik va vatanparvarlik namunalarini ko`rsatdi.
Buyuk mutasavvuflar: Xoja Yusuf Hamadoniy, Ahmad Yassaviy, Abduholiq G`ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Najmiddin Kubro, Muhaddislar: Imom Buxoriy, Imom Termiziylarning ta`limotlarida aks etgan komil inson g`oyalari adolat haqidagi qarashlar jamiyatning sog`lom ma`naviy ahloqiy ruhini saqlash va mustahkamlashga xizmat qildi. Bu g`oyalar Vatan va halq manfaati yo`lida fidoyilik va insonparvarlikni ulug`laydi.
Ezgu g`oyalar Mahmud Qoshg`ariy, Yusuf Xos Xojib, Ahmad Yugnakiy, Lutfiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Jaloliddin Rumiy, Mirzo Abdulqodir Bedillar ijodida chuqur o`rin egalladi va o`zbek davlatchiligining rivojlanishida ham muhim omil bo`lib xizmat qildi. Amir Temurning «Temur tuzuklari»; Nizomulmulkning «Siyosatnoma» kitoblarida davlat idorasi va ahli fuqaroga munosabatda adolat, insof, diyonat, el-yurt tinchligi va obodligi bosh g`oya sifatida ilgari surildi. Bu g`oyalar Temuriylar davlati g`oyaviy tamoyillarining ustivor yo`nalishi edi. Ko`hna Turon o`z boshidan kechirgan buyuk tarixiy voqealar ichida Amir Temurning bunyodkorlik g`oyalari va amaliy faoliyati katta ahamiyatga ega.
Inson va jamiyat ijtimoiy taraqqiyotida bunyodkorlik g`oya va mafkuralari xilma-xil, ularning ahamiyati beqiyosdir. Shunday bunyodkor g`oyalardan biri Janubiy Quriya mamlakati rivojiga katta hissa qo`shgan fidoiy inson Yong Ki-Kimning faoliyati va bunyodkorlik ishlari diqqatga sazovor. 1930 yillarda «12 oila-qishloqda» degan harakatni boshlab giyoh ham ko`karmagan tashlandiq tepalikni sotib olib, obod qilishga kirishadi.
Keyinchalik fermerlar tayyorlanadigan «Kanaan» (Imkoniyatlar maktabi) ni ochadi. U hamisha faqat tashlandiq, giyoh o`sishi qiyin bo`lgan erlarni olib, obod qilib odamlarni o`z tashabbusi, g`oyasi bilan orqasidan ergashtirib mamlakat rivoji va obodonligiga o`z hissasini qo`shadi. Bugungi kunda «Kanaan» ta`lim dargohining bosh maqsadi-tinglovchilarda insoniy e`tiqod tuyg`ularini shakllantirish, ularga insoniy fazilatlar-komillik, o`zaro tenglik, birodarlik, vatanparvarlik hislarini singdirishdir.
Vatan va millat ravnaqi yo`lida fidokoroni mehnat qilish, tug`ilib o`sgan Vatanni jondan ortiq sevmoqlik shart ekanligi g`oyasi har bir tinglovchiga singdiriladi. Bitta fidoiy, vatanparvar insonning yuksak g`oyalarga asoslangan ishlari bugungi kunda keng tarqalib Janubiy Quriyaning obod bo`lishiga katta hissa bo`lib qo`shilmoqda.
5. Insoniyat tarixida ezgulik va bunyodkor g`oyalar bilan yovuzlik va buzg`unchilik g`oyalar o`rtasida hamisha kurash bo`lganligini bilamiz.
Insoniyatning, jumladan, O`zbekistonning bir necha yuz yillik tarixida ham turli bosqinchiliklar oqibatida zulm, zo`ravonlik, kulfat urug`larini sochish va qon to`kilishiga sabab bo`lgan buzg`unchi g`oyalar va mafkuralarning halokatli ta`siri bilan bog`liq qayg`uli sahifalar juda ko`p. Bu g`oyalar o`zlarida siyosiy bosqinchilik va mustabidlik intilshlarini goh yashirin, goh oshkora ifodalagan holda diniy, milliy, sifiy shiorlarni bayroq qilib chiqqan.
Jumladan, bol’shevizm bilan bir qatorda, XX asrning boshida mustabid g`oya va mafkuraning boshqa shakli-fashizm paydo bo`ldi.
Bol’shevizm mafkurasi bo`lgan kommunistik ta`limot xalqlarning milliy-etnik o`ziga xosliklarini yo`qotish, «proletar baynalminalligi» shiori bilan maydonga chiqqan bo`lsa, fashizm bir hukmron millatning «irqiy-etnik sofligi» ni mutloqlashtirshni targ`ib-tashviq etdi. U irqchilikning xomiysi hisoblanadi.
«Rasizm» so`zi «rasa» (irq) atamasidan kelib chiqqan. Bu atama XVII asrdan boshlab Yevropada «insoniyat nasli» ni turli irqiy guruhlar, jumladan, «oq» va «sariq» irqqa ajratish uchun qo`llana boshladi.
Irqchilik ta`limoti «oq tanli» larning afzalligi, ularning azaldan «oliy irq» etib tanlangani, boshqa irqlarning esa «oq» larga qaraganda nomukammal yaratilganligi va hamisha taraqqiyotning quyi pog`onalarida turishini asoslab beradi. Uning asosiy g`oyasi o`zining «ilohiy» tabiatiga ko`ra «oq» irqlarni «quyi» irqlar ustidan hukmron qilishga da`vat etishga qaratilgan edi. Irqchilik milliy mansubligi va terisining rangiga ko`ra turuvchi kishilarga tazyiq o`tkazish, ularni haqoratlash, urish va o`ldirish kabi harakat hodisalarda yaqqol namoyon bo`ldi.
Irqchilik-ko`p qiyofali Masalan o`zini oliy irq hisoblagan ingliz, ispan, frantsuz bosqinchilari o`rta asrlar va ayniqsa, XVIII-XIX asrlarda Amerika, Avstriya, Afrika va Osiyoda erli xalqlarni ko`plab qirib tashladilar.
Yana bir yovuz g`oya-terrorizm bugungi kunda ham insoniyatga katta tahdid solmoqda. Insoniyata doimiy qo`rquv, fitna, g`alamislik muhitini vujudga keltirish, zo`ravonlik yo`li bilan jamiyat barqarorligini buzish, gunohsiz kishilar, jumladan, bolalarning halok bo`lishiga olib keladigan siyosiy maqsaddagi o`ldirish va portlashlar bu mudhish g`oyaning asl mohiyatini tashkil etadi. (Beslan fojiasi)
Diniy ekstremizm - ma`lum syosiy maqsadlar yo`lida va din niqobi ostida mutaassiblar yoki ularning irodasiga ko`ra ish ko`ruvchi guruhlar tomonidan olib boriladigan o`ta ashaddiy harakatlar va qarashlar majmuini anglatadi.
Diniy aqidaparstlik - esa siyosiy mavjud ijtimoiy muammolarni ilk, ya`ni mazkur din paydo bo`lgan paytdagi arkonlar asosida hal etmoq niyatidagi harakat va qarashlardan iborat.
Dunyoning ba`zi mamlakatlarida bugungi kunda ham mavjud hukmlar dindan boshqa dinni targ`ib qilganlar jazolanadi. Jumladan, Afg`onistonda «Tolibon» harakati hukmronligi davrida ularning boshlig`i Mulla Muhammad Umarning ko`rsatmasiga binoan Afg`onistondagi buddizm diniga mansub madaniy yodgorliklar ham yo`q qilinishiga fatvo berildi. Natijada 15 asr ilgari bunyod etilgan Bamiyon shahrida dunyodagi eng yirik va balandligi 53 metrlik 2 ta budda yodgorliklari o`qqa tutilib buzib tashlandi. Bu hatti-harakatlar islom dinining boshqa dinlarga bag`rikenglik asosidagi munosabatlariga zid bo`lganligi uchun barcha taraqqiyparvar kuchlar tomonidan qoralandi. U insonni bir mute, qul,taqdirning o`yinchog`i deb qaraydi, inson qalbi, ma`naviy ehtiyojlari bilan mutlaqo hisoblashmaydi.
Islom dinining tasavuf ta`limoti ahli tarixda hayotga, jamiyat va inson masalalariga keng qaraganlar. Bu chin ma`nosi bilan insonparvarlik ta`limotidir. Chunki sufiylar, garchi chin musulmon sifatida shuhrat qozonib, islom dini tozaligi uchun kurashgan bo`lsalarda, ammo hech qachon o`zga dinlarni kamsitmaganlar. Shu sababli tasavvufni diniy bag`rikenglik ta`limoti, inson kamolotiga yo`l qidirgan hamda jaholatga qarshi kurashib kelgan ma`rifiy ta`limot, deb tushunamiz.
Hozirgi kunda bizning turmush tarzimizga, ruhiyatimizga nisbatan qilinayotgan ma`naviy-ma`rifiy hurujlarning usullari tobora noziklashib borayapti. Zararli g`oyalar turli kinofilmlar, televedenie ko`rsatuvlari va radio eshittirishlari shaklida, gazeta-juurnallar, internet tarmog`i va boshqa yo`nalishlarda uzluksiz ravishda tiqishtirilib, bizning milliy tushunchalarimizni barbod etishga, mafkuraviy immunitetimizni susaytirishga, yoshlarimizni durugaylashtirishga muntazam harakatlari sezilib turibdi. Bugungi kunda inson qalbini egallash uchun butun dunyoda to`xtovsiz kurash ketayapti. Bu zararli g`oyalarga qarshi xalqimizning or-nomusi, diniy va dunyoviy e`tiqodi, ma`naviy qadriyati, mafkuraviy immunitet vazifasini o`tashi zarur.
Alohida bir odamning ruhiyati jamoa ruhiyatiga teng emas, albatta. eng qizig`i shundaki, jamoa ruhiyatida ongsizlik darajasi balandroq. Ommaviy taassurotda Ommaviy Axborot Vositalari tomonidan aytilgan gaplarga birdan ishonish, vahimaga tushish, salbiy informatsiyaga ko`proq berilish kayfiyatlari ancha kuchli. Buni Karl Yung «jamoaviy ongsizlik» deb ta`riflagan va bugungi kunda ushbu psixologik kategoriyani topib, uni isbotlab berilgani Yungning buyuk kashfiyoti deb hisoblanadi. Karl Yung ta`limotining ahamiyati shundaki, mazkur «jamoaviy ongsizlik» holatining jamiyatda paydo bo`lishi mafkuraviy immunitetni shakllantirish ishiga salbiy ta`sir qiladi.
Yurtboshimizning «Bugungi kunda g`oyani taqiq bilan, ma`muriy chorlar bilan yengib bo`lmaydi. G`oyaga qarshi faqat g`oya, fikrga qarshi faqat fikr, jaholatga qarshi ma`rifat bilan bahsga kirishish, olishishi mumkin», degan fikrlari bugungi kunda har bir vatandoshimiz uchun dasturulamal bo`lishi kerak. (I. A. Karimov, Jamiyatimiz mafkurasi xalqni-xalq, millatni-millat qilishga xizmat etsin. T: O`zbekiston, 1998 yil10-bet)