Reja: Ijtimoiy pedagogikani va ijtimoiy-pedagogik faoliyat rivojining metodologik asoslari



Yüklə 54,66 Kb.
səhifə1/2
tarix26.12.2023
ölçüsü54,66 Kb.
#197457
  1   2
Reja Ijtimoiy pedagogikani va ijtimoiy-pedagogik faoliyat rivoj-hozir.org


Reja: Ijtimoiy pedagogikani va ijtimoiy-pedagogik faoliyat rivojining metodologik asoslari

1-MA’RUZA IJTIMOIY PEDAGOGIKA RIVOJLANISHINING MADANIY- TARIXIY ASOSLARI.


Reja:

1.Ijtimoiy pedagogikani va ijtimoiy-pedagogik faoliyat rivojining metodologik asoslari.


2.O‘zbekistonda ommaviy maktabgacha ta’lim muassasalarining rivojlanishi va unda bolalarning ijtimoiylashuvi tarixidan.
Ijtimoiy pedagogikani va ijtimoiy-pedagogik faoliyat rivojining metodologik asoslari quyidagilar hisoblanadi:
Iqtisodning liberallashuvi turli ijtimoiy qiyinchiliklarni –ilmsizlar sonining ortishi, turli tengsizliklar paydo bo‘lishi, hayot tarzining buzilishini keltirib chiqardi. Shuning uchun O‘zbekiston taraqqiyotining o‘z yo‘li, asoslanadigan еtakchi tamoyillaridan biri kuchli ijtimoiy siyosat olib borish hisoblanadi. Bu siyosatning maqsadi quyidagilardir:
Bozor islohotlarining hamma bosqichlarida aholining ijtimoiy himoyasini ta’minlash;
Aholining turli qatlamlarini paydo qilmaslik orqali ijtimoiy kelishuvni ta’minlash.
Mustaqillik yillarida ko‘rsatilgan maqsadlarga aholining ijtimoiy himoyasining yangi mehanizmi shakllangan va u quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
ishlab chiqarishni barqarorlashtirish;
davlat mablag‘laridan tashqari, mehnat jamoalari, ijtimoiy va mehribonlik fond va tashkilotlarining mablag‘larini yo‘naltirish;
aholi daromadlarining yuqori tabaqalashuviga yo‘l qo‘ymaslik;
kambag‘allikka qarshi kurashish, nogiron, еtim va qariyalarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish.
Milliy mentalitet va hayot tarzining xususiyatlarini inobatga olib, eng kam ta’minlangan oilalarni aniqlash va ularga mahalla qo‘mitalari orqali yordam ko‘rsatish kabi ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash shakli tarqalmoqda. Bunday yondashuv bizning xalqimizda ko‘p asrli ildizlarga ega va amaliy ahamiyati esa mablag‘larning hayotda aniq tarqatilishini ta’minlaydi.
Respublikada olib borilayotgan ijtimoiy siyosatning huquqiy asosi bo‘lib quyidagi yo‘nalishlarga doir hujjatlar xizmat qilmoqda:
1. Xayriya – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 4 martdagi “Sog‘lom avlod uchun xalqaro nohukumat xayriya fondining faoliyatini ta’minlash choralari to‘g‘risida”gi farmoni. Unda fondning asosiy vazifalari belgilangan:
mablag‘larni “Sog‘lom avlod” davlat dasturiga qaratish;
oila va jamiyatda sog‘lom hayot tarzini targ‘ib qilish;
xorij va milliy homiylarning xayriya yordami vosita va mablag‘larini jalb qilish;
ko‘p farzandli oilalar, nogiron bolalar, bolalar uylari tarbiyalanuvchilariga insonparvarlik yordami ko‘rsatish.
2. Mehr-muruvvatga oid O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 27 yanvardagi “Mehr-muruvvat to‘g‘risida”gi farmoyishi. Uning maqsadi jamiyatda do‘stlik, bag‘rikenglik, xalqlararo totuvlik fuqarolar, ayniqsa yoshlarning yaxshi axloqiy hislatlarini rivojlantirishdir.
3. Sog‘lom avlod tarbiyasiga oid O‘zbekiston Respublikasining “fuqarolar sog‘ligini saqlash to‘g‘risida”gi qonuni haqida aholining malakali tibbiy yordam va ijtimoiy himoya olishdagi konstitutsiyaviy huquqlarni amalga oshirishi, sog‘liqni saqlash tizimini mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga moslashtirish maqsadida quyidagi farmon va farmoyishlar qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 1998 yil 10 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni, Vazirlar Mahkamasining 1993 yil 3 dekabrdagi “O‘sib kelayotgan avlodni sog‘lomlashtirish muammolarini kompleks hal qilish to‘g‘risida”gi farmoyishi, 2000 yil 15 fevraldagi “Sog‘lom avlod davlat dasturi to‘g‘risida”gi, 2002 yil 31 oktyabrdagi “O‘zbekiston bolalar sportini rivojlantirish fondi faoliyatini tashkil qilish to‘g‘risida”gi, 2002 yil 25 yanvardagi “Ayollar va o‘sib kelayotgan avlodning sog‘ligini mustahkamlash to‘g‘risida”gi farmoni.
4. Ayollarning ijtimoiy himoyasiga oid O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining “Ayollarga qo‘shimcha imtiyozlar to‘g‘risida”gi 1989 yil 14 apreldagi qonuni, O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidentining 1989 yil 17 martdagi “Ayollarning maxsus himoyasini kuchaytirish to‘g‘risida”gi farmoni, Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 17 martdagi “Zararli va sharoiti og‘ir ishlarda band ayollarning daromadlariga soliq solinayotganidagi imtiyozlar to‘g‘risida”gi farmoni.
5. Oilani qo‘llab-quvvatlashga oid O‘zbekiston Respublikasining birinchi prezidentining 1994 yil 16 iyundagi “Ko‘p bolali oilalarga ijtimoiy yordam tizimini mukammallashtirish to‘g‘risida”gi farmoni, Vazirlar Mahkamasining 1986 yil 10 dekabrdagi “Ko‘p bolali oilalarga yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi farmoyishi. “Voyaga еtmagan bolali oilalarga nafaqa to‘lash to‘g‘risida”gi Nizomida bu nafaqalarni olish huquqiga quyidagilar ega:
nogiron bolali oilalar;
ota-onasi yo‘q bo‘lgan va bolalarning tarbiyasi bilan qarindoshlari shug‘ullanuvchi oilalar;
ota-onadan biri yoki ikkalasi ham nogiron bo‘lgan oilalar;
ota-onadan biri yoki ikkalasi ham ishsiz bo‘lsa.
6. Nogironlarga yordam berishga oid 1991 yil 18 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida nogironlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”, Vazirlar Mahkamasining “Yoshligidan nogiron bo‘lganlarga, qariyalarga va mehnat qilishga layoqatsiz shaxslarga nafaqa to‘lash to‘g‘risida”gi 1994 yil 24 iyundagi № 319 farmoyishi. Ularda nazarda tutilgan choralar nogironlar uchun individual rivojlanishlari, ularning ta’limlari va ishlab chiqarishda qatnashishlari, sog‘liqni saqlash dasturini amalga oshirishga qaratilgan.
7. Aholining kam ta’minlangan qatlamlarini himoyalashga oid O‘zbekiston Respublikasining aholining kam ta’minlangan oilalarini himoyasi to‘g‘risidagi farmon, farmoyishlari. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini ishga joylashtirishda ish o‘rinlarining minimal soni o‘rnatiladi.
8. Mahallaning ijtimoiy maqomini mustahkamlashga oid Mahalla qo‘mitalariga fuqarolarni o‘z-o‘zini boshqarish organiga aylanishi munosabati bilan 1999 yil 14 apreldagi “Fuqarolarni o‘z-o‘zini boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonun, shuningdek 1999 yil 13 yanvardagi “Aholining ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlashda o‘z-o‘zini boshqarish organlari rolini oshirish to‘g‘risida”gi farmon qabul qilindi. Ular shahar, qishloq, mahalla oqsoqollari yig‘ilishlarining vakolatlarini belgilab berishadi. Ulardan asosiylari davlatning oilalarni ijtimoiy ta’minlash uchun ajratilgan mablag‘larini to‘g‘ri taqsimlash, ayollar manfaatlarini himoya qilish, oilada ma’naviy-axloqiy muhitni shakllantirish, ijtimoiy tartibni ta’minlashda ishtirok etish, huquqbuzarliklarning oldini olish, voyaga еtmaganlarning huquqlarini himoya qilish, aholi markazlarining tozalik va ekologik holatini nazorat qilish.
9. Zamonaviy sharoitlarda ijtimoiy siyosatni o‘tkazish hayotning barcha sohalarini ijtimoiylashtiruv ijtimoiy ishlarning aniq belgilangan yangi shakllarini joriy qilish zarurligini tug‘diradi. Bu borada quyidagi ishlar amalga oshirildi: 1996 yil 23 fevralda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekistonda tibbiy- ijtimoiy patronaj tizimini tuzish” haqidagi buyrug‘i chiqdi. Unda “Sog‘lom avlod” fondining taklifi bilan viloyatlar, Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 15 ta tez tibbiy yordam guruhilarini tuzilishiga mablag‘ ajratildi. Bu buyruq tibbiy- ijtimoiy yordam ko‘chma guruhlarini mutaxassislar bilan ta’minlash vazifasini amalga oshirishga qaratilgan. Unda shuningdek tibbiy- ijtimoiy patronaj ishchilarini tayyorlash tashkiloti zarurligi ham aytilgan. O‘zbekiston Respublikasi mehnat vazirligiga bir oy muddat ichida kasb-hunarlarni tasniflash Respublika markaziga yangi kasb-“tibbiy- ijtimoiy ishchi” kasbini kiritish vazifasi yuklatildi.
Tibbiy- ijtimoiy patronaj funksiyalari tarkibiga quyidagilar kiradi:
tibbiy- ijtimoiy patronaj ijtimoiy sohada faoliyat yurituvchi turli tashkilot, muassasalar intilishlarini birlashtiradi.
tibbiy- ijtimoiy patronaj o‘z faoliyatida O‘zbekistonda yashovchi xalqlarning asriy an’analariga, fan yutuqlariga asoslanadi va O‘zbekistonda yuritilayotgan samarali ijtimoiy siyosatni har bir oilaga еtkazishga majburdir;
tibbiy- ijtimoiy patronaj har bir oilaning tibbiy ijtimoiy holati monitoringini o‘tkazadi..
Tibbiy- ijtimoiy patronaj maqsadlari quyidagilardan iborat:
sog‘liqni saqlash vazirligi, Aholini ijtimoiy ta’minoti vazirligi va Sog‘lom avlod uchun fondi ko‘rsatkichlari yordamida mahalliy organlar bilan yaqin aloqada bo‘lib yashashning tozalik gigienik sharoitlarini, oilaning psixologik iqlimini, uning a’zolarining sog‘ligi holatini aniqlash
tibbiy, ijtimoiy va psixologik yordamga muhtoj ayollar va bolalarni o‘z vaqtida aniqlash;
oilada sog‘lom turmush tarzining shakllanishi.
ko‘rsatilgan maqsadlarga muvofiq tibbiy ijtimoiy patronajga quyidagilar yuklatiladi:
oilalarga tibbiy, ijtimoiy va huquqiy yordam ko‘rsatish;
ayol va bolalarni sog‘lomlashtirishda yordam ko‘rsatish, oilani rivojlantirish bo‘yicha keng tushuntirish ishlarini olib borish;
1998 yil 1 aprelda Vazirlar Mahkamasining “Ona va bola skiringi dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoyishi chiqdi. Bu dastur homilador ayollarda nogiron bolalarning tug‘ilishini oldini olish uchun tug‘ma va boshqa patalogiyasini aniqlashga qaratilgan. Bu farmoyishga binoan “Ona va bola skiringi” dasturini qo‘llab-quvvatlash mas’uliyati “Sog‘lom avlod uchun”, “Mahalla” fondi, O‘zbekiston Respublikasi xotin-qizlar qo‘mitasiga yuklatildi.
1998-2001 yillar orasidagi davrda “Sog‘lom avlod uchun” fondining “Villak” (Finlandiya) va Bristol Monteds Skvibb (AQSh) kompaniyalari bilan tuzilgan shartnomalariga muvofiq skrining markazlari agrotexnika va boshqa texnik jihozlari bilan ta’minlandilar.
1997 yil 31 dekabrda Vazirlar Mahkamasining “SOS-O‘zbekiston bolalar qishloqlari assotsiatsiyasini ta’sis etish to‘g‘risida”gi farmoyishi chop etildi. Bu assosatsiatsiya bolalar qishloqlarini tashkil qilish jamiyati- SOS-Kinderford xalqaro jamiyati (Avstriya) tomonidan ta’sis etildi.
Assosatsiya faoliyatining asosiy maqsad va yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
jamoatchilik va davlat tuzilmalarining еtim bolalarning jismoniy, aqliy va axloqiy jihatdan rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratishdagi harakatlarini tartibga solish;
еtim bolalarga yordam berishga qaratilgan loyiha va dasturlarni amalga oshirishda moliyaviy yordam berish;
falokatga uchragan barcha bolalarga yordam ko‘rsatish;
O‘zbekiston Respublikasida SOS-O‘zbekiston bolalar qishloqlarini tashkil qilish va ularni jihozlar bilan ta’minlash;
SOS-Kinderford interneyshnl bilan hamkorlik qilish;
assotsiatsiya faoliyatiga davlat, jamoat va xususiy xususiyatlarni jalb qiladimi;
yetim bolalar uchun insonparvarlik dasturlarini tarqatish va qo‘llab-quvvatlash uchun OAVlari bilan hamkorlik qilish, ko‘rgazma, seminarlar o‘tkazish, axborot materiallarini chop etish.
Yuqorida keltirilgan hujjatlardan ko‘rinib turibdiki, ijtimoiy muammolarga alohida e’tibor 1996 yildan qaratilgan. Bir yil avval 1995 yil O‘zbekistonda shaxsni shakllantirishning ijtimoiy pedagogik konsepsiyasi ishlab chiqildi. Uning tuzilishi Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, ta’lim tizimini to‘g‘ri isloh qilish bilan izohlanadi.
Konsepsiyaning asosiy qoidalari:
madaniy-axloqiy tarbiyaning ta’limdan ustuvorligi;
insonda ijtimoiy faollik, o‘z-o‘zini boshqarish ko‘nikmalari, muomala va axloq madaniyati, yuqori intizomga ega demokratik jamiyat fuqarosini tarbiyalash;
ijtimoiy faol shaxsni jamiyat ishlab chiqarishning asosiy sharti sifatida shakllantirish har bir fuqaro hayotining ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy sohalarida ishtirok etishi;
shaxsni ijtimoiylashtirish vositalari sifatida demokratiyalashtirish, insonparvarlik tamoyillarini amalga oshirish;
Ta’limni demokratiyalashtirish-faollik va tashabbusni, hamkorlik, birlik vositalarini rivojlantirishni nazarda tutsa insoniylashtirish-yosh avlodni milliy, ijtimoiy-madaniy qadriyatlar orqali umuminsoniy ma’naviy qadriyatlarga, inson huquqlarini ta’minlashga ko‘nikishlari demakdir.
Bu konsepsiya boy tarixiy, madaniy, ma’naviy, pedagogik, ijtimoiy an’analar bilan birgalikda ijtimoiy-pedagogika fanining amaliy faoliyat sohasi sifatidagi rivojida poydevor bo‘lishi mumkin.
o‘zbekistonda ijtimoiy pedagogikaning rivojlanishi tarixi
Ijtimoiy pedagogika fan sifatida respublikamiz mustaqillikni qo‘lga kiritgandan so‘ng o‘qitila boshlagan bo‘lsada, ijtimoiy tarbiya, ijtimoiy faoliyat, ijtimoiy himoya ko‘rinishida qadimiy ildizlarga ega. Ilk diniy-falsafiy (Avesto) va adabiy (Alpomish, Go‘ro‘g‘li) manbalarda biz insonning ijtimoiy kelib chiqishi nuqtai nazaridan pedagogik qarashlarning aks etganini ko‘ramiz. Keyinchalik VI-VII asrlarda Markaziy Osiyo hududida islom dinining tarqalishi yangi ma’naviy, axloqiy qadriyatlarni olib keldi. Ular mintaqada oila va jamiyat tarbiyasiga ta’sir ko‘rsatdi. Markaziy Osiyoning arab halifaligi tarkibiga kirishi madaniy almashinuv, fikr va qarashlarning erkin kurashi, o‘zaro munosabatlarning shakllanishiga olib keldi. Moddiy barqarorlik, ishlab chiqarish hamda savdo rivoji ehtiyojlariga asoslangan yangi ijtimoiy-iqtisodiy holat ma’naviy va madaniy hayotning yuksalishiga, dunyoviy ilm va fanlarning gullab-yashnashiga, fors, arab, qadimgi yunon madaniyati yutuqlarini o‘zlashtirishga yordam berdi.
O‘rta Osiyo qomusiy olimlarining ijtimoiy pedagogik g‘oyalari.
Ijtimoiy pedagogik g‘oyalar va nazariyalarning shakllanishida Sharq uyg‘onish davri olimlarining asarlari beqiyos o‘ringa ega. Ular faoliyatining mohiyati shuki, mavjud bo‘lgan o‘sha davrni ijtimoiylashtirish usullari ilmiy asarlarining asosiga singdirilganidadir. Yetuk olimlarning faoliyat xarakteri - ilm bilan mashg‘ul bo‘lishi ijtimoiy pedagogik qarashlarning mazmuniga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.
Buyuk olim Al-Xorazmiy (783-850 y.)ning asarlari yorqin didaktik xarakterga egadir. U savol-javob metodi orqali bilimlar qo‘lga kiritilishini, bu jarayonda shaxs boshqalar bilan munosabatlarga kirishishini va jamiyatning faol a’zosiga aylanishini ta’kidlagan.
Al-Xorazmiy, Farobiy, Beruniy, Ibn Sino, Ulug‘bek kabi olimlar o‘z ilmiy va pedagogik faoliyatlarida rivojlantiruvchi, tarbiyalovchi va ta’lim beruvchi ta’sir kuchlarini o‘sib kelayotgan avlodga qaratish g‘oyasini tushunishgan va buni tadbiq etishgan. Bu avvalambor ular ta’limning maqsadi hayotga tayyorlash, axloqiy norma va qoidalar, kasbiy malakalar va chuqur bilimlarga ega bo‘lishida deb bilganliklarida namoyon bo‘lgan.
Buyuk qomusiy olim Abu Rayxon Beruniy (973-1050 y.) ta’lim jarayonida qo‘llaniladigan ilmiy usullarni ishlab chiqqan. U shuningdek, ta’lim tamoyillarini ham tasniflagan. Uning pedagogik qarashlarining ijtimoiy yo‘naltirilishi u axloqni ijtimoiy xususiyatlar va hissiyotlarning ifodasi sifatida tushunganligida o‘z ifodasini topgan. Olimning tarbiya, shaxsning shakllanishida va jamiyatdagi amaliy faoliyat uchun ilm va mehnatning ahamiyati haqidagi g‘oyalari hozirgacha muhimligini saqlab qolgan.
Buyuq qomusiy olim Abu Ali ibn Sino (980-1037 y) o‘z davrining barcha bilim sohalarini qamrab oluvchi katta ilmiy meros qoldirgan. Uning barcha asarlarida pedagogik qarashlar mavjud. Uning bilim, iroda va insonning rivojlanish jarayonidagi maqsadga intiluvchanligi, atrof- muhit ta’siri, axloqiy va mehnat tarbiyasi, muomala san’ati, bolalarni jamoada o‘qitish haqidagi g‘oyalari muhim hisoblanadi.
Forobiy, Beruniy ta’lim muammolari bo‘yicha fikrlar bildirishgan va insonning jamiyatga sermahsul xizmat qilishi uchun o‘z aqliy, jismoniy, axloqiy, estetik va mehnat qobiliyatlaridan samarali foydalanish imkonini beruvchi ta’lim vazifasini ajratib ko‘rsatganlar. Ta’limning rivojlatiruvchi vazifasini amalga oshirish maqsadida ular quyidagi didaktik tamoyillardan foydalanishni maslahat berganlar:
asta-sekin tushunchalarning murakkablashuvi;
amaliyotni tajriba bilan bog‘lash;
qabul qila olishlilik;
ko‘rgazmalilik.
Ibn Sinoning fikricha, ijtimoiylashtirish ko‘nikmalari jamoa bo‘lib o‘qitish shaklida yaxshi shakllanadi. Buning uchun u quyidagilarga asoslanishi lozim:
Ta’lim oluvchilar, o‘qituvchi va o‘quvchilar orasida tajriba, bilim, ma’naviy va axloqiy qadriyatlar almashinuvini tashkil qilish.
Musobaqalashuv elementidan foydalanish.
O‘quvchining ijtimoiy axloqiy xususiyatlarini-muomala, o‘zaro tushunish, o‘zaro yordam, do‘stlik hissini rivojlantirish.
Buyuk olimlarning pedagogik qarashlari va faoliyatlarining ijtimoiy pedagogik yo‘naltirilganligi, ularning avvalambor hayotga har tomonlama tayyorlash hisoblangan ta’lim maqsadini sharhlashlarida o‘z ifodasini topgan. Shaxsning jamiyatda o‘z o‘rnini belgilab olishini ta’minlab beruvchi eng muhim xususiyatlar deb, ular mehribonlik, yaqinlarga yordam, g‘urur, vijdon, yaxshi niyatlilik, sabrni bilishgan. O‘quvchilarning har tomonlama intellektual va mehnat tayyorgarliklariga katta e’tibor qaratib, Forobiy va ibn Sino yoshlarning jamiyatga “kirish”larining eng muhim omillari sifatida, faollik, mustaqil tashabbuskorlik, intiluvchanlik, qiziquvchanlik, ijodiy qobiliyatni ko‘rsatib o‘tishgan.
Forobiy ijtimoiy tarbiyada o‘qituvchiga еtakchi o‘rin ajratib, uning faoliyatini - jamiyatning kelajagi unga bog‘liq bo‘lgan hukmdor faoliyatiga qiyoslaydi. Forobiy ham ibn Sino kabi ustoz va o‘qituvchilarning bilimlarini hayotga tadbiq etishlariga e’tibor berish lozimligiga ishora qilgan.
Qomusiy olimlar shaxsiy namunaga nihoyatda katta e’tibor berishgan hamda o‘zlari ham intiluvchanlik, yuqori ijtimoiy mavqega erishganlik namunasi bo‘lib xizmat qilishgan. Forobiy nihoyatda mehnatsevar, irodali, kamtar, sodda bo‘lgan va doim yordamga intilgan. Forobiyning o‘quvchilarning individual psixologik va aqliy xususiyatlariga mos tushuvchi ta’limning ustuvorligi, kasb tanlash muhimligi haqidagi fikrlari hozir ham katta ahamiyatga ega.
Tarbiyaning ijtimoiy xarakteri haqidagi g‘oyalar Alisher Navoiyning adabiy merosida nihoyatda aniq ifodasini topgan. Shoirning pedagogik qarashlari insonparvar xarakterga ega. Inson egallashi lozim bo‘lgan barcha bilim va kasb-hunarlar u tomonidan Vatan foydasi uchun qo‘llanilishi kerak.
XI-XII asr Markaziy Osiyo ma’rifatparvar olimlari turli fanlar, shu jumladan pedagogikaning rivojiga katta hissa qo‘shishdi. Yusuf Xos Hojib, Burxoniddin Zarnujiy va Ahmad Yugnakiylar bolalar jamiyatda o‘z o‘rnini topishida bilim, ota-ona, oilaning o‘rnini alohida ajratib ko‘rsatadilar. Ular tarbiyaning asosiy maqsadi deb, komil insonni tarbiyalash, unga еtishish vositasi deb esa qattiqqo‘llik, doimiy mehnatga o‘rgatish deb bilishgan. Zarnujiyning “Ta’limda o‘quvchiga pandlar” kitobi Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asari Markaziy Osiyoda pedagogikadan birinchi kitoblar hisoblanadi.

O‘rta Osiyo olimlari tomonidan tarbiya va ta’limning ijtimoiy o‘rnini tushunishlari shunda namoyon bo‘ldiki, ular ijtimoiylashuvning mikroomillar-muhit, oila, o‘quvchilar guruhiga e’tibor karatganlar va ota-onalar, pedagog va o‘quvchining harakatlarini mujassamlashtirish kerakligini ta’kidlaganlar.


Shunday qilib, o‘rta asr olimlari ijtimoiy pedagogika sohasida katta meros qoldirganlar. Ularning ilmiy pedagogik asarlari zamonaviy ijtimoiy pedagogika ilmini rivojlantirish uchun muhim manba hisoblanadi.
Alisher Navoiy, Forobiy, Ibn Sinolarning falsafiy va pedagogik konsepsiyalari keyingi davrlarning еtakchi ta’limotlarini rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan.
XIX-XX asr demokrat shoirlarining ijtimoiy pedagogik qarashlari
XVIII-XIX asrning ma’rifatparvar shoirlari Munis Xorazmiy (1778-1829), Muhammad Ogahiy (1809-1874), Ubaydulla Zavqiy (1853-1921) birinchi o‘ringa keng ommaning ma’rifatli kilish va ta’lim masalalarini qo‘yishgan. Ta’limning asosiy vazifasini ular axloqiy mukammallashuvda va mehnatga o‘rgatishda deb bilishgan.
Saidahmad Siddiqiyning (1864-1927) qarashlari uzoqni ko‘ra olishlik va zakovati bilan ajralib turgan. Dehqon oilasidan chiqqan pedagog, demokrat shoir o‘z qishlog‘i hovlisida dehqon va xunarmandlar uchun ilk maktabni ochgan, kattalar uchun maktab tuzgan, 1914 yil kitob, darslik va o‘quv qo‘llanmalari bilan savdo qiluvchi do‘kon ochgan. Keyinchalik Siddiqiy yana bir nechta qishloq maktablari ochgan va ularda o‘zbek, tojik, rus bolalariga ta’lim-tarbiya bergan. Tabiatshunoslik va geografiya darslari tabiat qo‘ynida o‘tkazilgan.
.
Ma’rifatparvarlik va demokratik g‘oyalar XIX asrning oxiri- XX asr boshlarida yuqori cho‘qqiga ko‘tarildi. O‘rta asr g‘oyalari: zohidlik, dogmatizm, sxolastikaga qarshi chiqib, o‘zbek ma’rifatparvarlari yangi ta’lim usullari va tamoyillarini ilgari surdilar: har tomonlama tarbiyalashga asoslangan (aqliy, axloqiy, jismoniy, mehnat) dunyoviy, o‘g‘il bolalar va qizlar uchun bir xil, insoniylik, demokratiya, vatanparvarlik ruhidagi tarbiyani ilgari surdilar va asoslab berdilar.

O‘zbekistondagi demokratik pedagogik g‘oyaning taraqqiyparvar yo‘nalishining yirik vakillaridan biri Abdulla Avloniydir (1878-1934) U Sharq tillari va adabiyotini yoshligida chuqur o‘rganib, mumtoz o‘zbek klassikasi ta’sirida she’rlar yozgan. Uzoq vaqt mobaynida Toshkent maktablarining birida bolalarga ta’lim bergan. Avloniyning o‘zbek pedagogikasiga qo‘shgan hissasi shuki, u ilk marta tarbiya oldiga ijtimoiy vazifalarni qo‘ya olgan. Bu shoir va pedagogning katta jasorati o‘z asarlarida shaxs rivojlanishida tarbiyaning hal qiluvchi rolining e’tirof etilishi bo‘ldi. Uning fikricha, tarbiya ijtimoiy maqsadlarni ko‘zlashi kerak. Avloniy “yangi kishi” tushunchasini shaxsiy emas, balki ijtimoiy manfaatlardan kelib chiquvchi jamoat arbobi sifatida ta’riflaydi. Tarbiyaning muvaffaqiyati Avloniy fikricha oila, ota-onalar va pedagoglarning shaxsiy namunaviy roli bilan belgilanadi. Eng muhim ijtimoiy xususiyat deb, u mustaqillik, tashabbuskorlik, amaliy tajribani e’tirof etgan.


O‘zbek ma’rifatparvarlarining yorqin vakili bo‘lgan Avloniy “to‘g‘ri” g‘oyalarni kengaytirib va “noto‘g‘ri” g‘oyalarni bartaraf qilibgina yovuzlikni yo‘qotish mumkinligiga ishongan. Shuning uchun tarbiya mavzusi ma’rifat gazetasi bo‘lmish “Shuhrat” gazetasida keng yoritilgan.
Mustamlakachilik sharoitlarida Turkistonda matbuot cheklangan o‘quvchilariga ega bo‘lgan. Bu holatda dramaturgiya ma’rifiy g‘oyalarni tatbiq qilishning eng samarali vositasi bo‘lgan. Teatr Abdulla Avloniy uchun odamlarni tarbiyalash, birlashtirish vositasi bo‘lgan. U 1913 yilda Toshkentda “Turon” nomli teatr truppasini tashkil etdi. Truppaning maqsad-vazifalarini Toshkentdagi “Turon” dramatik san’at jamiyatining nizomida aniqlangan “sahnaga nisbatan muhabbat va jiddiy munosabat tug‘dirish, xalq uchun spektakllar tashkil qilish” tashkil etar edi.
Bu maqsadga erishish uchun jamiyat kechalar, konsertlar, spektakllar va boshqa ommaviy chiqishlarni tashkil etishga, klub va musiqa kurslari, kutubxona va qiroatxona tashkil qilishga, boshlang‘ich maktablar ochishga, ta’limni o‘rta va oliy o‘quv yurtlarida davom ettirish uchun stipendiyalar ta’sis etish huquqiga ega bo‘lgan. Shuningdek, u mavjud hayriya va ta’lim muassasalariga moddiy yordam ko‘rsatishi mumkin edi1.
Avloniy ma’rifiy g‘oyalarini nafaqat ijodda ilgari surgan. U tomonidan 1908 yilda kambag‘allar uchun maktab ochilgan va u еrda ona tilini o‘qitishning yangi usullari qo‘llanilgan. Pedagogik faoliyat bilan sermahsul shug‘ullanishni kanda qilmay, u darslik va qo‘llanmalar yoza boshlagan. Ta’lim tarbiya tizimini kundalik hayotga yaqinlashtirish, ya’ni amaliyot eng kerakli va foydali vosita ekanligini uning “Birinchi muallim”, “Ikkinchi muallim”, “Turkiy guliston yoxud axloq” darsliklarida aks etdi.
Avloniydan so‘ng ma’rifat va dunyoviy bilimlarning faol targ‘ibotchisi Miskin edi. Miskinning ta’limiy va ma’rifiy qarashlari ijtimoiy-siyosiy mohiyatga ega bo‘lib, u o‘zbek ilg‘or pedagogik g‘oyalarining rivojiga katta hissa qo‘shgan. Insonni reallikdan ajratib oluvchi va uni shukronalik ruhida tarbiyalovchi musulmon pedagogikasiga qarshi Miskin ta’lim jarayonini yosh avlodni xalqqa xizmat qilish uchun tarbiyalash kerak deb tushungan va o‘z qarashini rivojlantirgan. Miskin va boshqa o‘zbek ma’rifatparvarlarining intilishlari tarbiyaning ijtimoiy jihatini oshirishga, ijtimoiy tarbiyani kengaytirishga, insonning turli ijtimoiy munosabatlarga kirishi, boshqa davlatlar va xalqlar hayotini o‘rganishga qaratilgan edi.
Biroq bu ijtimoiy xususiyatlar bilan birga o‘zbek ma’rifatparvarlari XIX asr ikkinchi yarmida o‘z qarashlarining tizimli emasligi, ularning feodal-mustamlaka tuzumga qarshi kurashdagi ojizliklarini kelib chiqishiga sabab bo‘lgan mustahkam dasturning yo‘qligi bilan ajralib turardilar. Biroq ularning dunyoqarashi cheklanganligi va qarama-qarshiliklarga uchraganiga qaramay, ular O‘zbekistonda ilg‘or g‘oyalarning rivojiga o‘z hissalarini qo‘shishdi.
XX asr boshidagi o‘zbek pedagogik g‘oyasida 3 asosiy yo‘nalishni ajratsa bo‘ladi:
ko‘proq hukmronlik qiluvchi o‘rta asr feodal klerikal yo‘nalishi;
paydo bo‘layotgan milliy burjua yo‘nalishi (jadidchilik). Uning vakillari bu davrda feodal klerikal maktabga qarshi chiqib, o‘zlarining “usuli jadid” maktablarining pedagogik talablarini ilgari surish;
demokratik taraqqiyparvar yo‘nalish. Demokratik pedagogika o‘rta asr maktabini va tarbiyasini tanqid qilgan va inkor etgan hamda unga qarshi yangi, ilg‘or g‘oyalarni ilgari surgan.
V.F.Lubensov tomonidan boshqariladigan K.Libxknet nomli mehnat maktabining tuzilishi respublika hayotida muhim voqea bo‘ldi. Maktab faoliyati ijtimoiy pedagogik tamoyillarga asoslandi. Karl Libxnet nomidagi tajriba kommuna - maktabi Toshkent yaqinidagi 600 ta еtim bolalar tarbiya topgan ilk maktablardandir. Turkiston ASR hukumati 1918 yilda maktabga Nikolskoe qishlog‘i yonidagi yangi binoni berdi. 1919-20 yillar qishi juda og‘ir keldi. Isitilmagan xonalarda yashashdi, na chiroq, na kerosin bor edi. Qiyinchiliklarga qaramay maktab pedagogik jamoasi ijod bilan mashg‘ul bo‘lishni davom ettirdi.. Maktab bayramlarida yosh iqtidorli bolalar chiqish qilishardi. O‘quvchilar aksariyat vaqtlarini toza havoda, sport bilan shug‘ullanishar, turli rasmlar chizish bilan o‘tkazishardi. O‘quvchilarning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olib maktab pedagoglari ta’lim-tarbiyani qattiqqo‘llik tamoyillari asosida olib borishardi. Maktabning o‘quv va mehnat faoliyati yorqin ijtimoiy yo‘nalishga ega bo‘lgan. Masalan, “Nihol” to‘garagi eng kambag‘al aholiga 6000 dona nihol hadya etdi, 30ta dehqonga qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasida ishtirok etishga ko‘maklashdi.
“Tozalik” to‘garagi ovqatlanish, suvdan foydalanish, maishiy va qishloqdagi sanitar-gigienik sharoitlarni nazorat qilardi. O‘qituvchilar o‘zlari turli fanlardan o‘quv qo‘llanmalari tuzishar edilar. Jismoniy, mehnat, o‘quv va fakultativ mashg‘ulotlari bilan bir vaqtda o‘tkazilardi. Bahor, yoz va kuzda mashg‘ulotlar dala va bog‘larda o‘tardi. Ular bug‘doy, paxta, guruch, jo‘xori, sabzavotlar еtishtirish bilan birga ipakchilik, asalarichilik bilan ham shug‘ullanishardi. Bunaqa turli xil mashg‘ulotlar o‘quvchilarda agrotexnik va zootexnik ko‘nikmalar paydo bo‘lishiga olib kelgan.
Bolalar mustaqilligi va mas’uliyatliligini rivojlantirishning yana bir metodi o‘z o‘zini boshqarish tizimi bo‘lib, u jamoada muomala qilish ko‘nikmalari shakllantirilar edi.
Maktab jamoasi barcha moddiy qiyinchiliklarni bartaraf etdi va 1921 yil bu muassasa tajriba maktabiga aylantirildi. Qisqa vaqt mobaynida iqtidorli va qiziquvchan pedagoglar jamoasining tashabbusi bilan ushbu maktab o‘qituvchi kadrlar malakasini oshirish bilan shug‘ullanuvchi, shahar va qishloq maktablari uchun metodik qo‘llanmalar, dasturlar chiqaruvchi respublika ilmiy-metodika markaziga aylantirildi.
Maktab jamoasi ilk marta “qishloq o‘qituvchisining kutubxonasi” nomli metodik darsliklar yaratdi. Shuningdek, 1925 yilda V.Lubensovning “Boshlang‘ich maktabda dars berish metodlari” (o‘zbek tilida) nomli kitobi, 1928 yilda V.F.Lubensov va N.P.Arxangelskiy taxriri ostida “Bilim” nomli o‘zbek maktabi boshlang‘ich sinflari uchun ilk xrestomatiya chop etildi.
Bu maktab tajribasi nihoyatda qiziqarli bo‘lgan va hozirgi ijtimoiy holatda ham qo‘llash uchun o‘rganishni talab qiladi. 1920-1930 yillarda ijtimoiy pedagogik tarbiyaning asosiy yo‘nalishlari quyidagilar bo‘lgan:
savodsizlikni bartaraf etish (ayniqsa ayollarda);
mehnat tarbiyasi va ta’limni yo‘lga qo‘yish;
maktab-internatlarni yaratish;
ta’limni ishlab chiqarish bilan birlashtirish.
XX asrning 30-yillarida maktabdan tashqari bolalar texnik va qishloq xo‘jaligi stansiyalari, klublari, kutubxona va teatrlari faoliyat yuritdi. Maktab to‘garaklari yoshlarning ijodini rivojlantirish vositasi sifatida bo‘sh vaqtlarini maroqli o‘tkazishi uchun tashkil qilindi. Aynan shu davrda pedagogik faoliyatini boshlagan o‘zbek shoiri G‘.G‘ulomni (1903-1966) tilga olmay iloj yo‘q. 1918 yildan G‘.G‘ulom ilk o‘zbek maktab-internatlarining ochilishida faol ishtirok etgan va 1943 yilgacha bu maktablarda dars bergan. Uning faoliyati bir qator ijtimoiy pedagogik vazifalardan-savodsizlikka qarshi kurash, kattalar uchun kechki kurslarni tashkil qilish, ta’lim berishning ilg‘or usullaridan foydalanish, o‘quvchilarning mustaqil badiiy faoliyatiga rahbarlik, o‘quvchilarda kasb, mehnatga qiziqish uyg‘otishdan iborat edi. G‘.G‘ulom oilaviy tarbiyaga katta e’tibor bergan va bolaning muvaffaqiyatli ijtimoiy rivojlanishi ota-ona shaxsiy namunasiga bog‘liq ekanligini dalillar bilan asoslagan.
Urush yillari (1941-1945)da aholiga ijtimoiy pedagogik yordam
ko‘rsatish chora - tadbirlari. 1941-1945 yillar urush oqibatida yuzaga kelgan ijtimoiy muammolar bolalarning ahvolini og‘irlashtirdi. Davlat va jamoatchilikning urush qurbonlari-bolalarga munosabati o‘zgardi. Davlat bu muammolarni ko‘chirib keltirilgan bolalar uchun maktab-internat, bolalar uylari sonini kuchaytirish orqali hal etishga harakat qildi. Bu harakat, ayniqsa harbiy urush o‘choqlaridan ko‘plab bolalar muassasalari ko‘chirib keltirilgan O‘zbekistonda yaqqol namoyon bo‘ldi.
Ko‘chirib keltirilgan bolalar va kattalarni joylashtirish va qabul qilish respublika hayotining urush yillaridagi asosiy faoliyatiga aylandi. 1941 yilda Toshkentda Zuev va Pastki Qrim bolalar uyining tarbiyalanuvchilari joylashtirildi. Popda tumanning eng zo‘r maktabini bolalar uyiga aylantirildi. Biroq kerakli jihozlar - krovat, ko‘rpa to‘shak, yostiq, kiyim-kechak yo‘q edi. Bularni mahalliy aholi olib kelishar edi. Shuningdek, Toshkentda №1,2,3,15,18 sonli bolalar uylari, 14,15sonli maktab bolalar uylari, Belorussiya bolalar uyi, Go‘daklar uyi ham faoliyat yuritardi.
Arxivlarda Toshkent Go‘daklar uyining 1941-1942 yillardagi qaydnoma kitoblari saqlanib qolgan. Unda kengash nomiga tushgan bolalikka olish haqidagi arizalar uchraydi. Go‘daklar uyida bunday arizalar 1941 yil yanvar-sentyabr oylarida 11ta, noyabr oyida 32ta, dekabrda 79ta, 1942 yil yanvar oyida 86taga еtgan. Toshkent shahrida voyaga еtmaganlarni qabul qilish va ularni bolalar uyiga joylashtirish markazi tashkil qilingan edi.
1942 yilda bunday markazlar Toshkent, Farg‘ona, Urganch, Namangan. Andijon, To‘rtko‘l shaharlarida ham tuziladi. Qishloq joylarida 2000 ta gacha bolalar uyi tarbiyalanuvchilarini qabul qilish uchun joylar tayyorlanadi. 100 ta o‘rinli nogiron bolalar uyi ham tashkil qilindi. Toshkent viloyatining Kalinin tumanidagi 2- sonli bolalar uyi Odessa va Lugansk shahrining ikkita bolalar uyi tarbiyalanuvchilarini qabul qildi. Moskva, Odessa va Voronejdan ko‘chirib keltirilgan 4 ta harbiy-musiqa maktabi ham bolalar uyida edilar. 1942 yil Yangiyo‘l tumanida yangi bolalar uyi tashkil qilindi. Shuningdek, Rishton, Vobkent, Qarshi tumanlarida ham bolalar uylari faoliyat yuritardi.
O‘zbekistonga jumladan Samarqandga Yevropa davlatlaridan 21-sonli Polsha bolalar uyi va ispan yoshlari ko‘chirib keltirildi.
“Front kundaligi” asari muallifi, mashhur rumin publitsisti va yozuvchisi Xarlamb Zinke ham urush yillarida O‘zbekistonga 18 yoshida evakuatsiya qilingan edi. U Samarqandda kolxozchi Abdurasul Jo‘raev oilasida yashagan.
1944 yil noyabr oyidan Toshkentda ko‘chirish markazi faoliyat yuritgan va unda bolalar uyi rahbarlarining eng yaxshilari navbatchilik qilishgan. Bolalarni ko‘chirish jarayoni ham havfsiz emas edi, chunki bolalar haftalab yo‘lda bo‘lishar, ular orasida dizenteriya, teri kasalliklari keng tarqalar edi. Shuning uchun bolalar ikki hafta mobaynida vrachlar nazorati ostida bo‘lishar va keyin turli bolalar uylariga jo‘natilar edilar. Bu yillarda ko‘chirib keltirilgan bolalarni tarbiya qilishga olish keng tarqaldi. Masalan, birinchilardan bo‘lib leningradlik qizaloq - Fainani Usmon Yusupov va uning xotini Yulya Stepanenko tomonidan tarbiyaga olingan. Barchaga toshkentlik temirchi Shoahmad Shomahmudov va uning xotini Bahri ayaning jasorati ma’lum. Ular turli millatdagi 14 bolani o‘z oilalariga qabul qilishgan.
Toshkentdagi 110-sonli maktabga to‘rtta ko‘chirib keltirilgan bolani qabul qilishdi va ularga alohida xona ajratishdi. Evakuatsiya qilingan bolalarni o‘qitish bo‘yicha ham choralar ko‘rila boshlandi.
1944-1945 yillarda ko‘r va kar bolalar uchun maxsus sinflar tashkil qilindi. 1942 yil avgustda “Pravda” gazetasida A.Tolstoyning O‘zbekistondagi taassurotlari haqidagi maqolasi e’lon qilindi.
Urush davri mobaynida bolalar uylari tarmog‘i va ulardagi tarbiyalanuvchilar soni muttasil oshib bordi. 1945 yil oxirida respublikada 267 ta bolalar uyi mavjud bo‘lib, ularda 30792 tarbiyalanuvchi bo‘lgan.
Urush davrida davlat va jamoat tuzilmalarining asosiy harakatlari bolalarning maktabda o‘qishlarini ta’minlashga qaratilgan edi. Xalq ta’limi bo‘limlari nafaqat o‘quv jarayonini boshqarishgan, balki frontdagilar, ularning oilalari, ko‘chirib keltirilgan bolalarga kerakli yordamlarni ham tashkil qilishgan. 1942 yildan boshlab shahar va qishloq maktablari oilalar va frontchilarga yordam ko‘rsatishgan. Ularga issiq ovqat, darsliklar, daftarlar, kiyim-kechak berishgan. Maktablarning o‘quvchilari kasal bo‘lgan sinfdoshlariga va ularning oila a’zolari-onalari, buvilariga uy ro‘zg‘or ishlarida yordam berishgan, oziq-ovqat va yoqilg‘i olib kelishgan, yosh go‘daklarga qarab turishgan.
Toshkentning 50- sonli maktabi yaxshi tashabbus bilan chiqdi. Ya’ni 1943 yildan boshlab 150 kishilik bolalar dam olish maskani tashkil qilindi. Bu maskanda boshlang‘ich sinf bolalari soat 19:00 gacha qolishardi. Bolalar bu еrda gigienik talablarga javob beruvchi xonalar, yuqori sifatli tushlik bilan ta’minlanishgan, o‘qituvchilar nazorati ostida dars tayyorlashgan, sayr qilishgan.
Ikkinchi jahon urushigacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonda maktabdan tashqari muassasalar, shuningdek to‘garak, ma’ruza, biror mavzuga oid kechalar keng tarqalgan. Badiiy ijod uylari va saroylarida badiiy, mehnat, vatanparvarlik, estetik va jismoniy tarbiya amalga oshirilgan. Maktabdan tashqari bolalar muassasalariga jiddiy qiyinchiliklarni еngishga to‘g‘ri keldi. Chunki ularning aksariyati o‘z binolarini ko‘chirib keltirilgan tashkilot, korxonalarga yotoqxona qilib bergan edi. Boshqa ba’zi maktablardan tashqari muassasalar yopilgan edi.
Agar urushgacha maktabdan tashqari muassasalarda ko‘proq bolalarning badiiy tarbiyasiga bog‘liq to‘garaklar ochilgan bo‘lsa, urush yillarida esa aviamodelchilar, yosh tabiatshunoslar, texniklar, fizik va ximiklar to‘garaklari soni ko‘paydi. Bunday to‘garaklarda ishlash bolalarning va o‘smirlarning texnik qobiliyatlarini oshirdi va ularda turli mehnat sohalari bo‘yicha ko‘nikmalar paydo qildi.
O‘zbekiston bolalarini badiiy tarbiyalash markaziy uyi 1942 yil bolalar rasmlarining ko‘rgazmasini tashkil qilish bo‘yicha tashabbusini ko‘tarib chiqishdi. Rasmlardan urush dahshatlari bilan to‘qnash kelgan bolalarning taassurotlari joy olgan edi. 400 ta eng yaxshi rasm katta muvaffaqiyat bilan Moskvada ham namoyish qilingan, keyinchalik esa Amerika rassomlarining iltimosiga ko‘ra Nyu-Yorkdagi ko‘rgazmada ham ishtirok etishgan.
Urush yakunlanganidan so‘ng ko‘pgina ko‘chirib keltirilgan bolalar va oilalar o‘z yurtlariga qaytishgan. Bu davrda bolalar uylari tarbiyalanuvchilari sonining kamayishi kuzatilgan, ammo ko‘pchilik bolalar va oilalar o‘z xohishlari bilan O‘zbekistonda qolganlar.
1956 yilda O‘zbekiston hukumati jamoatchilikning keng yordami bilan oltita internat-maktabni ochdi: ikkitasi Toshkentda, qolganlari Yangiyo‘l, Farg‘ona, Qo‘qon, Xivada edi. 1962 yilda maktab-internatlar soni 119 taga ko‘paydi, tarbiyalanuvchilar soni esa 38000taga еtdi. Maktab-internatlar yangi turdagi o‘quv-tarbiya muassasalari bo‘lib, unda bolalarning o‘qishi va rivojlanishi uchun juda yaxshi sharoitlar yaratilgan. Bunday muassasalar faoliyatining asosiy yo‘nalish turlari axloqiy, estetik, jismoniy tarbiya, mehnat ko‘nikmalarini paydo qilish, hayot bilan aloqani amalga oshirish bo‘lgan. Keyinroq respublikada yangi maxsus maktab-internatlar: Glier nomidagi musiqa maktabi, san’at maktabi, sport maktabi ochildi. Bundan tashqari aqliy va jismoniy nogiron bolalar uchun ham maktab-internatlar tashkil etildi. 60-yillar boshqa turdagi tarbiya muassasalari: bolalar bog‘chalarining rivojlanishi kuzatildi. Biroq, bu muassasalarning faoliyat yuritishiga qaramay, bunday maktablarning ilg‘or tajribasi matbuot va pedagogik nashrlarda yoritilmagan. Natijada respublika ijtimoiy pedagogika fani bugungi kunda nihoyatda qashshoq nazariy va amaliy bazaga asoslanadi.
XX asrning 70-yillari oxirida yoshlarning, ayniqsa o‘smirlarning axloqi keskinlashdi. XX asrning 80-yillarida alkogolizm, narkomaniya va taksokomaniyaga qarshi kurash va profilaktika muammolari haqida masala ko‘ndalang qo‘yildi. Bunday muammolarning paydo bo‘lishi va tarqalishi maktabning oila bilan munosabatida bir qator muammolarni keltirib chiqardi.
O‘quvchilarning ijtimoiy va kasbiy ko‘nikmalarini hosil qilish shakllaridan biri o‘quv-ishlab chiqarish korxonalarining tashkil qilinishi bo‘ldi. Unda bolalar turli kasblarga o‘qitilgan. Bunga misol qilib Toshkentdagi 210-TTZ ishlab chiqarish korxonasini keltirish mumkin. Maktab faoliyati va bolalarni himoyalashning ijtimoiy- pedagogik asoslari bilan birga, ta’lim yo‘nalishi ham rivojlanib kelgan.
2.O‘zbekistonda ommaviy maktabgacha ta’lim muassasalarining rivojlanishi va unda bolalarning ijtimoiylashuvi tarixidan.
O‘zbekistonda ommaviy maktabgacha tarbiyaning yuzaga kelishi o‘tgan asrning 1910-1920 yillariga to‘g‘ri keladi. Bu davrda Turkistonda bolalarni gimnaziyaga kirishga tayyorlovchi xususiy bolalar bog‘chalari mavjud edi. 1919 yilda respublikadagi siyosiy va iqtisodiy holat munosabati bilan o‘sib kelayotgan avlodning sog‘lig‘ini saqlash, oziq-ovqat bilan ta’minlash masalalari bilan shug‘ullanuvchi “Bog‘chalarni himoyalash Kengashi” tuzildi. Bolalarni davlatning yanada sermahsul mintaqalariga ko‘chirib o‘tkazish, shuningdek, ularni ovqat, kiyim-kechak, uy, yoqilg‘i, tibbiy yordam bilan ta’minlash masalalari o‘rganilgan. Bu masalalarni еchishning asosiy vositasi ommaviy oshxonalar, bolalar bog‘chalari va yaslilar tashkil etish bilan bir qatorda ayollarni respublikaning jamoat va siyosiy hayotida faol ishtirok etishga yordam berishga tayyorlash edi.
Ta’lim ishini rivojlantirish uchun 1918 yilda Toshkentning Eski shahar qismida o‘zbek bolalari uchun 4-bolalar bog‘chasi tashkil qilindi. 1919 yilda esa Samarqandda 2-bolalar bog‘chasi va 3-bolalar uyida maktabgacha guruhlar ochildi. 1926 yilga kelib maktabgacha ta’lim muassasalarida (jami 40 ta) 2000ga yaqin bolalar bo‘lgan.2 Maktabgacha tarbiya muassasi xodimlarining malakasini oshirishga qaratilgan ta’lim dasturi ishlab chiqildi. 1927 yilda boshlangan ayollarning “Hujum” harakati munosabati bilan bolalarning bolalar bog‘chasiga berish hollari yanada ko‘paydi. Kasaba uyushmalari va yirik fabrika-zavodlarda ishlayotgan ayollarga yordamchi tashkilot sifatida yozgi sog‘lomlashtirish maydonchalari tashkil etildi.
XX asrning 30-yillarida bolalar bog‘chalarining tozalik va metodik yordam holatini tekshirish keng tarqaldi. Bu tekshirishlar natijalariga ko‘ra xonalar va maydonchalarning jihozlanmaganligi, asbob-uskunalar bilan ta’minlanmaganligi, tozalik me’yorlariga amal qilinmasligi kabi kamchiliklarga qarshi kurash olib borilgan.
Qishloqlardagi bolalar bog‘chalari va maydonchalari ta’lim muassasalariga nisbatan bo‘lgan salbiy qarashlar tufayli katta qiyinchiliklarga duchor bo‘lgan.
1930 yilda O‘zbekistonda respublikaning barcha katta shaharlari va viloyatlarida o‘z bo‘linmalariga ega bo‘lgan pedagogik maslahatxonalar tashkil qilindi. Uning faoliyati doimiy ma’ruzalar, radiosuhbatlar, ayollar uchun ko‘rgazmalar tashkil qilishdan iborat edi. Ular uchun bolalarga eng yaxshi burchak qilish bo‘yicha musobaqa ham o‘tkazilgan. Pedagogik maslahat beruvchilar oilalarga borishgan, bolalar burchaklarini tashkil qilishgan va shu bilan bolalarni bog‘chalarga qabul qilish tartibi hamda oilalarga tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatlar berib borishgan.
1933-1934 yillarda O‘zbekistonda 3840ta kolxoz maydonchalari bo‘lib, unda 127 ming bolalar qatnashgan. 1933 yil bolalar bog‘chalari uchun ilk dastur loyihalarini ishlab chiqarish yili sifatida muhrlandi. Rusiy zabon bolalar bog‘chalari dasturlari asosida tuzilgan bu dasturlar keyinchalik mahalliy sharoitlarni inobatga olib qayta tuzildi.
Ta’lim birlashmalarining metodik faoliyati yagona markaz tomonidan rahbarlikni amalga oshirishga ehtiyoj sezgan. 1934 yil Toshkentda tuzilgan Respublika ta’lim metodik xonasi shunday markaz vazifasini bajardi.
Ommaviy ta’limning rivojlanishida eng katta to‘siqlardan biri malakali kadrlarning еtishmasligi bo‘lgan. Qishloq aholisidan kadrlar tayyorlash uchun qisqa muddatli uch oylik kurslar tashkil qilingan. Bundan tashqari XX asrning 30- yillaridan boshlab ta’lim mutaxassislarini tayyorlash vazifasi pedagogika o‘quv yurtlari zimmasiga qo‘yildi. 1930 yildan Toshkentda faoliyat yurituvchi pedagogika o‘quv yurti 1936 yilga 60 ta mutaxassis tayyorladi.
1938-1939 yillarda respublikada 927ta bolalar bog‘chasi ochilgan edi va ularda 36710 ta bola bor edi. Maydonchalar soni esa 4835 ta bo‘lib, ularda 152000 bola bor edi. Shu bilan birga bu vaqtda onalar uchun “Bolalar xonalari” ham tashkil etilgan.
Shu yillarda ta’limni yaxshilash maqsadida quyidagi choralar ko‘rilgan:
joylarda metodik ishlarni tashkil qilish;
mebel, o‘quv qo‘llanmalari, o‘yingohlarga qo‘yiladigan talablarni ishlab chiqish;
ta’lim masalalariga jamoatchilik va aholining e’tiborini qaratish (matbuotda nashr qilish, hujjatlarni tuzish) va sh.k.
Urush yillari O‘zbekistonda 200.000 bola ko‘chirib keltirilgan va natijada bolalar bog‘chalari tarmog‘ining kengayishi, ularda ish kunini uzaytirish zaruriyati paydo bo‘lgan. Urush yillari maktabgacha internatlar ham tashkil qilingan. Ulardagi tarbiyaning o‘ziga xosligi shundan iboratki, ularda o‘z oilasi, yaqinlaridan ajragan bolalar tarbiyalangan. Bu hol pedagoglarda har bir bola uchun yanada mas’uliyatli va e’tiborli bo‘lishni taqazo etgan.
Urushdan keyingi davrda oziq-ovqat muammolari tufayli kuchsizlangan bolalar uchun sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari kuchaytirildi. Bu maqsadda respublikaning bir qator shaharlarida sanatoriya tipidagi bog‘chalar tashkil qilindi. Qishloq hududida ta’lim ning rivojlanishiga katta ahamiyat berildi. Bu qishloq ho‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqishda ayollar mehnatidan foydalanish zaruriyati bilan bog‘liq edi. 1959 yildan ta’lim ning yagona tuzilishini tashkil qilish maqsadida ikki turdagi ta’lim muassasalari bitta bolalar bog‘chaga birlashtirildi. Bu esa bolalarni tarbiyalash jarayonining faollashuviga olib keldi.
O‘rta maxsus ma’lumotli mutaxassislar Toshkent va Marg‘ilon pedagogika bilim yurtlari tomonidan tayyorlangan. 1957-58 yillar ular 517 ta mutaxassis chiqarishgan. Metodik va tarbiya ishlarini yaxshilash maqsadida Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan, Farg‘ona, Chirchiq shaharlarida metod xonalari ochilgan. 1961 yil Qori-Niyoziy nomidagi pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot institutida O‘zbekistondagi ta’lim muammolari borasida tadqiqot olib boruvchi, bolalar bog‘chalari va metodika xonalariga yordam ko‘rsatuvchi markaz ochildi.
Toshkentda 1966 yil 26 aprelda bo‘lib o‘tgan zilzila natijasida 225 ta ta’lim muassasalari barbod bo‘ldi. Biroq qisqa vaqt mobaynida boshqa respublika quruvchilari yordami bilan bu muassasalar qayta tiklandi.
XX asrning 60-80-yillarida ommaviy ta’lim quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshirilgan:
xo‘jaliklararo ta’lim muassasalarining ish tajribasini o‘rganish uchun respublika miqyosida anjumanlar o‘tkazish;
kolxozlar orasida “Eng yaxshi ta’lim muassasasi” sovrinlari uchun musobaqalar o‘tkazish;
yuqumli kasalliklardan aziyat chekuvchi bolalar uchun maxsus muassasalar tashkil etish;
bolalar sog‘ligini saqlash bo‘yicha ta’lim muassasalarini tashkil qilish;
Bolalar bog‘chalari(MTM) va boshqa tarbiya muassasalari uchun mutaxassislar tayyorlash;
respublikaning pedagogik va musiqa o‘quv yurtlarini keng turdagi mutaxassislar tayyorlab berishga o‘tkazish;
maktabgacha yoshdagi bolalarni tarbiyalashning yagona dasturini ishlab chiqish;
bolalarning estetik tarbiyasiga katta ahamiyat berish, o‘zbek milliy san’ati asarlaridan foydalanish va boshqalar.
O‘zbekistonning mustaqil davlat maqomini qo‘lga kiritishi bilan jamiyatning ijtimoiy muammolari yanada ko‘paydi va keskinlashdi. Birinchidan, siyosiy, ma’naviy, iqtisodiy ustuvor yo‘nalishlarning almashishi, ikkinchidan, bu davrda ijtimoiy muammolarni yaxshi tushunmaslik oqibatida ro‘y berdi. Biroq, demokratiya va oshkoralik tamoyillari, xorij davlatlari tajribasi yordamida davlat muhtojlarga real ijtimoiy pedagogik yordam bermoqda, ijtimoiy pedagogik fanini rivojlantirish uchun chora-tadbirlar ko‘rmoqda.



Yüklə 54,66 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin